Partiya Dasturi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar  harakati –
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining
VI S’ezdida (31.10.2014) kiritilgan o‘zgartish va
qo‘shimchalarni inobatga olgan holda
tasdiqlangan

TADBIRKORLAR VA IShBILARMONLAR  HARAKATI – O‘ZBEKISTON LIBERAL-DEMOKRATIK PARTIYaSINING

D A S T U R I

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Vatan 
taraqqiyoti, davlat va jamiyat tizimi rivoji hamda 
yangilanishining asosiy tayanchiga aylanishi, 
ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy islohotlarning jadal 
sur’atlar bilan amalga oshirilishi uchun 
mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi zarur.

XXI asr bo‘sag‘asida O‘zbekiston Respublikasi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ma’naviy sohalarni hamda jamiyat taraqqiyotining boshqa jabhalarini liberallashtirishga qaratilgan strategik yo‘lni belgilab oldi. 

O‘zbekistonning dunyoda tobora oshib borayotgan obro‘-e’tibori – bu nafaqat davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan har tomonlama o‘ylangan va asoslangan, qat’iy va mustaqil tashqi siyosatning, balki mamlakatda olib borilayotgan bozor iqtisodiyoti tamoyillariga tayangan islohotlarning jahon hamjamiyati tomonidan tan olinishi natijasidir.

Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan 2010 yil noyabrda qabul qilingan “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasi” bozor islohotlarini chuqurlashtirish, siyosiy tizimni demokratlashtirish, sud hokimiyati mustaqilligini, so‘z, axborot va saylov erkinligini ta’minlash hamda saylov qonunchiligini rivojlantirish, fuqarolik jamiyati institutlarini shakllantirish, inson huquqlari va erkinliklari, xususiy mulk va tadbirkorlar, ishbilarmonlar manfaatlarini himoya qilishning amaldagi uzoq muddatli dasturiga aylandi.

Konsepsiyaning qabul qilinishi o‘zaro bog‘liq siyosiy va iqtisodiy islohotlar, davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini demokratlashtirish va liberallashtirish, O‘zbekistonda ko‘ppartiyaviylik va siyosiy fikrlar xilma-xilligiga tayangan hamda shaklan va mohiyatan qabul qilingan demokratik mezonlarga javob beradigan vakillik demokratiyasining zamonaviy tizimini yaratish ishiga kuchli turtki berdi.

Davlat hokimiyatining ijroiya tizimi tarkibiy tuzilishini yanada takomillashtirish, uning faoliyatida ochiqlikni, qonun ustuvorligini ta’minlash borasidagi ishlar davom ettirilmoqda. Sud hokimiyatini mustahkamlash, uning mustaqilligini kuchaytirish, inson huquqlarini himoya qilish tizimini mukammallashtirish borasida qat’iy qadamlar qo‘yilmoqda.

Shu bilan birga, yangi jamiyatni shakllantirishda Amerika, Yevropa va Osiyodagi rivojlangan demokratik davlatlar erishgan hayot andazalariga erishish sari qat’iy harakatlarni amalga oshirishda O‘zbekiston endigina dastlabki bosqichni bosib o‘tdi.

Mamlakatni modernizatsiyalash, fuqarolik jamiyati asoslarini  shakllantirish, erkin iqtisodiyotni qaror toptirish, kishilarimizda o‘z qadr-qimmatini anglash tuyg‘usini uyg‘otish, ma’naviy qadriyatlarni qayta tiklash, kelajagi buyuk mamlakatni barpo etish kabi yo‘nalishlarda belgilab olingan dasturlarni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha oldimizda ulkan vazifalar turibdi.

Aynan mana shu jihatlar Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining ijtimoiy, siyosiy va parlament faoliyati sohasidagi ustuvor, strategik va taktik maqsad hamda vazifalarini belgilaydi.

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi umummilliy siyosiy tashkilot sifatida mulkdorlar qatlami, kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasi, fermerlik va dehqon xo‘jaliklari vakillari, ishlab chiqarishning yuqori malakali mutaxassislari va boshqaruv xodimlari, ishbilarmonlar, moddiy va intellektual mulk egalari manfaatlarini ifodalaydi va himoya qiladi.

Bular, avvalambor, o‘z mehnati, irodasi va kuch-g‘ayrati bilan farovonlikka erishadigan, o‘z kelajagini mana shu zamin bilan bog‘lagan, o‘z taqdiri, farzandlari taqdirini o‘z Vatani taqdiridan ayri holda tasavvur etolmaydigan, ijtimoiy-siyosiy muammolarni hal etish, jamiyatda barqarorlik va hamjihatlikni saqlash va mustahkamlash uchun mas’uliyatni his etadigan kishilardir. 

Haqiqiy mulkdorlar o‘rta sinfi - shakllanayotgan fuqarolik jamiyatining tayanchi va asosi, yangi iqtisodiy tizim rivojlanishi, jamiyat hayoti va davlat tizimi demokratik yangilanishining “katalizatori”, islohotchilik g‘oyalarini ilgari suruvchi va amalga oshiruvchisidir. Mamlakatda rivojlangan mulkdorlar sinfining mavjudligi jamiyatda barqarorlik va farovonlikning kafolatidir. 

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi mamlakatimizda tadbirkorligi, tashabbuskorligi, o‘z ishini tashkil qilish, g‘oya va loyihalarini amalga oshirish evaziga shaxsiy, oilaviy farovonlikka hamda umuman jamiyat farovonligiga intiluvchi barcha fuqarolarni birlashtiradi.

Partiya bugungi kunda O‘zbekistonning zamonaviy, rivojlangan, demokratik davlatlar qatoridan joy olishi, xalqimiz uchun munosib turmush sharoitlari va jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashini ta’minlashdan manfaatdor bo‘lgan keng ijtimoiy qatlam nomidan O‘zbekistondagi islohotlarning amalga oshirilishi, mamlakatning taraqqiyot va farovonlik sari intilishida uchrayotgan to‘siqlarni bartaraf etish ishida mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor ekanligini e’lon qiladi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:

Birinchi. Siyosiy kuch sifatida birlashgan holda tadbirkor va ishbilarmonlarning yanada kengroq faoliyat yuritishlari uchun yangi imkoniyatlar ochish, ularning istiqbolini ham nazariy, ham amaliy jihatdan asoslab berish, jamiyatning ushbu ijtimoiy qatlami manfaatlarini himoyalash barobarida uning ertangi kunini ta’minlash.

Ikkinchi. Partiyaning kuch va imkoniyatlarini boshqa siyosiy partiya va harakatlar bilan hamkorlikda mamlakatning milliy manfaatlari va taraqqiyotining strategik istiqbollariga javob beradigan bozor iqtisodiyotiga asoslangan demokratik, huquqiy davlat qurish, fuqarolik institutlarining rivojiga keng yo‘l ochib berish va demokratik qadriyatlarni xalqimiz, avvalo, yoshlar ongi va hayotiga singdirishga qaratilgan harakat dasturini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish.

Uchinchi. Partiyaning davlat boshqaruvi, jamiyatda shakllanayotgan qarashlarga ta’sir o‘tkazish, siyosiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdagi ishtirokini ta’minlash. Davlatning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy taraqqiyoti bilan bog‘liq muammolarni hal qilish, O‘zbekistonning xalqaro obro‘yini oshirishda, yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlashda, millatlararo va fuqarolararo ahillik va totuvlikni mustahkamlash ishida faol qatnashish. Har tomonlama rivojlangan, sog‘lom barkamol avlodni shakllantirish, ularni Vatanga muhabbat va sadoqat, o‘z elim, o‘z yurtim, jon O‘zbekistonim, deya g‘ururlanib yashash ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shish, har qanday sharoitda mustaqillik yo‘limiz, qadriyatlarimiz, milliy va diniy an’analarimiz, urf-odatlarimizni qadrlash, shu bilan birga, barcha millat va elatlar qadriyatlarini kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, bunday xurujlarga qarshi izchil kurash olib borish.

To‘rtinchi. O‘zi uchun siyosiy platforma, deb tanlab olgan liberal-demokratik g‘oya va maqsadlarni o‘z faoliyati orqali keng omma ongiga singdirish, bu borada safini kengaytirishga yo‘naltirilgan har tomonlama chuqur o‘ylangan partiya siyosatini targ‘ib qilish ishlarini amalga oshirish. 

Shu g‘oyalarni hayotga tatbiq etishda fidoyilik ko‘rsatgan faollarni deputatlikka nomzod sifatida tavsiya etish va saylovchilar ishonchini qozongan deputatlar zimmasiga qonunchilik va ijro hokimiyatida vakillik vazifasini yuklash hamda ularning faoliyatini boshqarish. 

Partiya jamiyat va davlat qurilishining eng muhim ustuvor yo‘nalishi — mustaqil taraqqiyot, Vatanimiz suverenitetini mustahkamlash ishining izchil va og‘ishmasdan amalga oshirilishi uchun kurashadi.

Ushbu ustuvor yo‘nalish mohiyatiga ko‘ra mamlakatning o‘z taqdirini mustaqil belgilashi, kelajagini o‘zi qurishi, boyliklariga xalq manfaatlaridan kelib chiqib egalik qilishi, bunda xalqimizning muqaddas ma’naviy qadriyatlari va an’analariga tayanish, ularni asrab-avaylash, shu bilan birga, jahon hamjamiyati tan olgan xalqaro huquq normalari va zimmamizga olgan xalqaro majburiyatlarga rioya etishni taqozo etadi. 

Ushbu asosiy maqsadlardan kelib chiqqan holda partiya o‘zining strategik va taktik vazifalarini belgilaydi.

I. PARTIYaNING DAVLAT VA JAMIYaT QURILIShINI DEMOKRATLAShTIRISh VA LIBERALLAShTIRISh SOHASIDAGI VAZIFALARI

Partiya kuchli va ochiq fuqarolik jamiyati negizini tashkil etishi lozim bo‘lgan erkinlik, mas’uliyatlilik, bag‘rikenglik, ijtimoiy adolat va imkoniyatlar tengligi kabi liberal-demokratiyaning asosiy qadriyatlariga sodiqligini ifoda etadi. 

Partiya davlat hokimiyatini qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga ajratish, ularning mustaqilligi va erkinligini ta’minlash, ular o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va muvozanatning samarali mexanizmlarini shakllantirish tamoyili demokratik davlatning asosiy sharti, deb hisoblaydi. Mamlakatning siyosiy tizimi, davlat va jamiyat qurilishini liberallashtirishdagi asosiy yo‘nalish — qonun ustuvorligini ta’minlash, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatining vazifa, vakolat va huquqlarini aniq belgilash, har birining haqiqiy mustaqilligini ta’minlashdan iborat bo‘lishi lozim.

Partiya bunga hokimiyatning nafaqat markaziy organlarida, balki joylarda — viloyatlarda, tumanlarda va shaharlarda ham erishishga harakat qiladi. Shu bilan birga, partiya vakillik organlarining davlat va jamiyat qurilishi jarayonidagi rolini oshirish, ijro etuvchi hokimiyat, jumladan, harbiylashgan tuzilmalar faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishning samarali tizimini yaratish tarafdoridir.

Davlat hokimiyati xalq manfaatlariga xizmat qilishi, uning siyosiy irodasini ifoda etishi darkor. Shu bois hokimiyat organlarini shakllantirishning aniq mexanizmlarini hamda saylov tizimini takomillashtirish zarur.

Partiyaning davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish sohasidagi asosiy ustuvorliklari bu:

- hokimiyat bo‘g‘inlari bo‘linishining konstitutsiyaviy tamoyilini izchil amalga oshirish, ular o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatining samarali tizimini yaratish, parlamentarizmni har tomonlama rivojlantirish va kuchaytirish, mamlakatning siyosiy tuzilmasida vakillik deputatlik organlari roli va ahamiyatini oshirish, ko‘ppartiyaviylik tizimi va partiyalararo raqobatni mustahkamlash, sud tizimi mustaqilligi va erkinligini liberallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;

- markazda va joylarda qonun chiqaruvchi va vakillik hokimiyat roli, vakolatlari va nazorat funksiyalarini kuchaytirish, qonunlar ijrosi va ijro etuvchi hokimiyat, shu jumladan, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratining yaxlit tizimini yaratish.

Partiya markaziy davlat organlaridan mahalliy hokimiyat organlari, jamoat tuzilmalari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga qator vakolat vazifalarini izchil, bosqichma-bosqich o‘tkazish tarafdori.

Partiya davlat apparatining jamiyatdan uzilib qolish hollarini, uning faoliyatidagi to‘rachilik va boshqa salbiy ko‘rinishlarni bartaraf etish, xo‘jalik va iqtisodiy munosabatlar tizimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashuviga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan davlat boshqaruvi tizimini chuqur va izchil isloh qilishni amalga oshirish tarafdoridir. 

Partiya davlat organlari ustidan samarali jamoatchilik nazorati tizimini shakllantirish, ko‘psonli nazorat organlarini qisqartirish, mansabdor shaxslar orasida korrupsiya va lavozimni suiste’mol qilish hollariga qarshi izchil chora-tadbirlar ishlab chiqadi va amalga oshiradi.

Ushbu maqsadlarga erishish va salbiy holatlarni bartaraf etishning asosiy vositalari sifatida partiya ijro organlari vakolatlarining qonuniy jihatdan aniq belgilanishi, ular tomonidan majburiy tusdagi qonunosti hujjatlar sonining kamaytirilishiga erishish, davlat tuzilmalariga professional kadrlar sohasining yetuk bilimdonlari, yuqori malakali ish yurituvchilar kelishini ta’minlaydigan tizim yaratish kerak, deb hisoblaydi.

Shu maqsadda partiya davlat xizmatchilarining huquq va majburiyatlari, vakolat doirasi va faoliyati tamoyillarini, aniq belgilangan kadrlar siyosatini shakllantirish hamda amalga oshirish mezonlarini nazarda tutgan davlat xizmati haqidagi qonunchilikni takomillashtirishni taklif etadi.

II. PARTIYaNING QONUN USTUVORLIGINI TA’MINLASh,   SUD-HUQUQ TIZIMINI YaNADA LIBERALLAShTIRISh BORASIDAGI  VAZIFALARI

Partiya jamiyat hayotida qonun ustuvorligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish, inson huquq va erkinliklarini himoya etishning huquqiy kafolatlarini yaratishga har tomonlama ko‘maklashadi.

Partiyaning sud-huquq tizimini isloh qilish borasidagi asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

- huquqiy davlatni shakllantirish va jamiyatni demokratlashtirish, qonun ustuvorligiga, inson huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga erishishning eng muhim sharti sifatida amalda sudlar mustaqilligi va erkinligini ta’minlash. Haqiqatan mustaqil va ta’sirchan sud-huquq tizimisiz erkin fuqarolik jamiyatini barqaror rivojlantirib bo‘lmaydi;

- mulkdorlar, tadbirkorlar, fermer va ishbilarmonlar huquqlari va manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlovchi qonunchilik me’yorlari va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish, tadbirkorlik sub’ektlari yuridik javobgarlik tizimini liberallashtirish;

- sud jarayonida taraflar tengligi va ular o‘rtasidagi musobaqa ruhini ta’minlash, sudlar faoliyatida ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini qaror toptirish, sudyalarning odil sudlov jarayonida inson huquqlarini buzishga yo‘l qo‘yish hollariga nisbatan javobgarligini kuchaytirish, ular faoliyatiga elektron hujjat almashuvini keng joriy etish, sud tizimi faoliyati bilan bog‘liq axborotni olish mexanizmlarini aniq belgilash;

- fuqarolarning sudga murojaat qilish imkoniyatlarini, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga shikoyat yoki ariza bilan murojaat etish huquqini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy shartlari va kafolatlarini yanada rivojlantirish;

- xo‘jalik, ma’muriy va jinoyat qonunchiligini liberallashtirish, huquqiy nizolarni tartibga solishning muqobil, suddan tashqari shakllari, shu jumladan, yarashtiruv texnologiyalarini har tomonlama rivojlantirish, sudgacha tartibga solish majburiy bo‘lgan ishlar toifasini kengaytirish;

- surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshirishda sud nazoratini kuchaytirish, jinoyat jarayonida «xabeas korpus» institutini qo‘llash sohasini kengaytirish, fuqarolarning huquqlari va erkinliklari sohasida umume’tirof etilgan tamoyillari va me’yorlar amalga oshirilishini ta’minlash.

Partiya jazo tizimida qoralovchi, repressiv funksiyalarning qisqartirilishi hisobiga qonunchilikda adolat va insonparvarlik tamoyillarini yanada chuqurroq hayotga tatbiq etish, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tarafdoridir. Shaxs jinoiy va fuqarolik sud tizimida qonuniy manfaatlarini himoya qila olishi uchun yetarli darajada kafolatlangan huquqlarga ega bo‘lishi lozim.

Partiya sud-huquq tizimini isloh qilish doirasida jamoat tartibini saqlash va jinoyatchilikka qarshi kurashni ta’minlovchi, qonunni muhofaza qiluvchi idoralar uchun shunday vakolatlar miqdori saqlanib qolishi tarafdoriki, toki bunda fuqaroning huquqlari, manfaatlari va qadr-qimmati saqlanib qolishi, uning aybsizlik prezumpsiyasi tamoyilini amalda qo‘llash, shu bilan birga, jinoyat ham jazosiz qolmasligi zarur, deb hisoblaydi. 

Partiya fuqarolarning huquqiy bilimlari, huquqiy madaniyati va huquqiy ongini oshirish, ularning qonun loyihalari muhokamalarida va inson huquqlari monitoringini amalga oshirishda faol ishtirok etishini ta’minlashni ham muhim vazifalardan biri, deb hisoblaydi.

Partiya jamoat xavfsizligini ta’minlashga, huquqni muxofaza qilish idoralarini izchil isloh etishga, ularning jamoatchilik bilan aloqalarini mustahkamlashga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va aholining jinoyatchilikka, ma’naviyatsizlikka, turli ko‘rinishdagi ekstremizm va giyohvandlikka qarshi kurashga, mamlakatda barqarorlikni ta’minlash ishiga faol jalb qilinishiga har tomonlama ko‘mak beradi.

III. PARTIYaNING FUQAROLIK JAMIYaTINI ShAKLLANTIRISh VA RIVOJLANTIRISh SOHASIDAGI VAZIFALARI

Partiya “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyilini bosqichma-bosqich amalga oshirishga, fuqarolik jamiyatining turli xil  institutlarini shakllantirish va taraqqiy ettirishga, davlat hokimiyati va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar tizimini mustahkamlash hamda rivojlantirishga qat’iy harakat qiladi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini isloh qilish – fuqarolik jamiyati sharoitida bevosita demokratiyani amalga oshirishning asosiy yo‘lidir. Partiya mahallaning shaxs, davlat va jamiyatning ijtimoiy, iqtisodiy, gumanitar muammolarini samarali hal etishga qodir bo‘lgan fuqarolik jamiyatining yetuk tizimi ekanini hisobga olgan holda, uning huquqi, maqomi va moddiy asosini mustahkamlash tarafdoridir.

Partiya haqiqiy demokratiyaning oliy mazmuni – bu shaxslararo, millatlararo, davlat va ijtimoiy-siyosiy munosabatlar uyg‘unligi bo‘lib, unda inson va jamiyat, jamiyat va davlat hokimiyati tinchlik va hamjihatlikda yashash, deb hisoblaydi. Demokratik fuqarolik jamiyatini barpo etishda, avvalambor, jamiyatning o‘zi buning boshida bo‘lishi kerak.

Partiya fuqarolarga o‘z huquqlarini amalga oshirish bilan bog‘liq manfaatlariga mos keladigan, jamiyat hayoti va davlatni boshqarishda mas’uliyat bilan qatnashishga imkon beradigan nodavlat tashkilotlar keng tarmoqli tizimini yaratishni strategik vazifalaridan biri, deb hisoblaydi.

Partiya eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish, turli aholi qatlamlari huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilishda fuqarolik jamiyati institutlari va davlat tuzilmalari o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni yanada mustahkamlash, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratining samarali huquqiy mexanizmlarini yaratish borasidagi qonunchilikni, huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishni qo‘llab-quvvatlaydi.  

Partiya fuqarolik jamiyati institutlarining salohiyati va imkoniyatlarini, o‘rta sinf mulkdorlari manfaatlarini himoya qilish, hududlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga oid muhim muammolarni hal etish, qishloq hayoti sifati va qiyofasini tubdan yaxshilashga qaratilgan uzoq muddatli, o‘zaro bog‘liq dasturlar va loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga alohida ahamiyat beradi.

IV. PARTIYaNING AXBOROT SOHASINI LIBERALLAShTIRISh, AXBOROT VA SO‘Z ERKINLIGINI TA’MINLASh SOHASIDAGI VAZIFALARI

Partiya fuqarolarning axborot sohasidagi, shu jumladan, axborot olish, tarqatish va o‘z g‘oyalarini ilgari surish erkinligi va huquqini amalga oshirishga doir erkinliklari va huquqlarini ta’minlash fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning tamal toshi, deb hisoblaydi.  Demokratik jamiyatni matbuot erkinligi, o‘z hohish-irodasini erkin ifoda etmasdan turib tasavvur etib bo‘lmaydi. Axborot erkinligini ta’minlamasdan, OAVni odamlar o‘z fikr va g‘oyalarini, yuz berayotgan voqealarga munosabati va nuqtai nazarini erkin ifoda etadigan minbarga aylantirmasdan turib, demokratiyani aholi siyosiy faolligini chuqurlashtirish hamda uning mamlakatimiz siyosiy va ijtimoiy hayotidagi real ishtiroki haqida gapirib bo‘lmaydi.

Partiya fuqarolar huquq va erkinliklari, so‘z va ommaviy axborot vositalari erkinligi, shuningdek, amalga oshirilayotgan islohotlar ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashga qaratilgan demokratik tamoyillarni hayotga yanada chuqurroq tatbiq etish faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Ommaviy axborot vositalari to‘rtinchi hokimiyat sifatida fuqarolik jamiyatining negiziga aylanmog‘i darkor. Partiya ular orqali ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotning muhim muammolarini ko‘tarib chiqishni, kishilarni o‘ylantirayotgan barcha muammolarni jamoatchilik muhokamasiga havola etishni, hokimiyat va boshqaruv tizimi faoliyati hamda qabul qilayotgan qarorlariga tanqidiy va xolisona baho berishni ko‘zda tutadi.

Partiya axborot maydonida shakli, adadi, ko‘lami, mavzu yo‘nalishidan qat’i nazar, barcha ishtirokchilar uchun bozor munosabatlari va adolatli raqobat muhitini yaratish tarafdoridir. Partiya media-sohada yirik, raqobatbardosh, moliyaviy barqaror media tuzilmalar hamda milliy darajada faoliyat yurituvchi nodavlat media guruhlar yuzaga kelishi uchun sharoitlarni yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar qabul qilinishida tashabbus ko‘rsatmoqda. Va buni jamiyatni haqiqiy demokratlashtirish garovi, deb biladi.

Bundan tashqari, partiya jamiyatning ma’naviy va axloqiy negizlariga putur yetkazish va o‘zbek xalqining avlodlararo azaliy tarixiy va madaniy aloqalarini uzish kabi maqsadlarga qaratilgan har qanday salbiy axborot ta’siridan jamiyatni, avvalambor, yoshlarni samarali himoyalash jarayonida ishtirok etishni o‘zining ustuvor yo‘nalishlaridan biri, deb hisoblaydi. 

V. PARTIYaNING IQTISODIYoTNI LIBERALLAShTIRISh VA BOZOR ISLOHOTLARINI ChUQURLAShTIRISh SOHASIDAGI VAZIFALARI

Partiyaning fikricha, mulk – bu erkinlikning eng muhim kafolati, insonning boshqa barcha huquqlarining manbai, fuqarolar himoyalanganligining asosi. Liberal, adolatli va erkin fuqarolik jamiyatini shakllantirish bevosita bozor iqtisodiyoti bilan bog‘liq. Siyosiy, ijtimoiy, madaniy erkinlik iqtisodiy erkinliksiz mavjud bo‘la olmaydi. 

Mulk va mulkiy munosabatlar haqidagi masala yangi ijtimoiy-iqtisodiy tizimni barpo etishda muhim ahamiyatga ega. Ushbu vazifani belgilash va uni hal etish oqibatda davlatning siyosiy, ijtimoiy tuzumiga ta’sir qiladi. Davlat xususiy mulkdorning qonuniy huquqlarini himoya qilishi, har bir inson o‘z mulkini ko‘paytirishi uchun ishlash sharoitlarini yaratishi kerak. 

Xususiy mulk himoya qilinishi, xususiy tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanishi, raqobat, g‘oyalar va yangiliklar bozori rivojlanishi, eng yaxshi yechim uchun kurash tufayli bozor iqtisodiyoti jadal taraqqiyotni, mustaqil hayot uchun eng maqbul imkoniyatni ta’minlamoqda.

Partiyaning ushbu sohasidagi ustuvor vazifasi — xususiy mulkchilik yetakchi o‘rin tutgan mamlakatning ko‘p qirrali iqtisodiyotini yanada rivojlantirish bo‘lib qolmoqda. 

Partiya tadbirkorlar erkinliklarini ta’minlash uchun iqtisodiy, tashkiliy, huquqiy sharoit va kafolatlar yaratilishi, mazkur qatlam faoliyatining har tomonlama rag‘batlantirilishi, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning iqtisodiy mustaqil bo‘lishi, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishdagi mavjud to‘siqlarning bartaraf etilishi tarafdoridir.

Mamlakat iqtisodiyoti raqobatbardoshligini ta’minlash partiyaning birinchi darajali vazifasi bo‘lib qolmoqda. Partiya mamlakatdagi keng qamrovli demokratik o‘zgarishlar mantig‘i va izchilligi, ularning eng zamonaviy bozor me’yorlariga mosligining bahosi iqtisodiyotni boshqarish tizimini yanada chuqurlashtirish, takomillashtirish va liberallashtirish zarurligini talab etadi, deb hisoblaydi. Davlatning boshqaruv funksiyalari va ruxsat beruvchi me’yorlarni yanada qisqartirish, bozor instrumentlari va mexanizmlarini joriy etish, tadbirkorlikka ko‘proq erkinlik berish, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, kichik biznes sub’ektlarining kredit-moliya va xomashyo resurslardan, o‘zlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlarga davlat buyurtmalaridan keng foydalanishni ta’minlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni davom ettirish zarur.  

Taqdim etilayotgan davlat xizmatlari sifatini oshirish, davlat organlarining maksimal qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish va aholining o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qondirish maqsadidagi faoliyatini takrorlashga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi ishlarni davom ettirish lozim.  Davlat xizmatlari iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qilishi, biznesni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratishi, mamlakat aholisining kundalik ehtiyojlarini hal etishga ko‘maklashishi kerak.

Partiya kuchli iqtisodiyot – bu aholi farovonligi o‘sishining asosi va milliy xavfsizlikning kafolati, deb hisoblaydi. Iqtisodiyot raqobatbardoshligini yanada oshirishning eng muhim vazifasi sifatida uni tuzilmaviy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash jarayonini davom ettirish zarur.

Iqtisodiyotda tugallangan texnologik ishlab chiqarish sikliga ega, tayyor mahsulot ishlab chiqaradigan, mineral va qishloq xo‘jaligi xomashyosini to‘liq qayta ishlaydigan korxonalar katta ulushga ega bo‘lishi kerak. Bunda asosiy e’tibor mahalliy xomashyoni qayta ishlash asosida hamda ilg‘or zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan holda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishga qaratilishi kerak.

Mazkur masala yechimini partiya raqobatni har tomonlama rag‘batlantirish va rivojlantirish, iqtisodiyot va ijtimoiy hayotning turli sohalarida monopoliya yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik va uni maksimal tarzda qisqartirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun maksimal qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, uni tegishli indikatorlar asosida kuzatish va uni yaxshilash borasida tizimli choralarni ko‘rish bilan bog‘laydi.  

Xususiy investorlarni jalb etish va xususiy mulkning iqtisodiyot real sektorida, avvalambor, sanoatda va uning yetakchi tarmoqlarida xomashyoni chuqur qayta ishlash hisobiga kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari ishlab chiqarishi qo‘shimcha qiymatini va sof foydasini maksimallashtirish maqsadida yetakchi rol egallashini rag‘batlantirish masalalari alohida e’tiborni talab etmoqda.  Hududlar investision jozibadorligini oshirish, yirik ishlab chiqarishlar atrofida sanoat-ishlab chiqarish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini faol jalb qilish bilan qo‘shimcha qiymat zanjirini shakllantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur.  

Tadbirkor va ishbilarmonlar faoliyati yalpi ichki mahsulotning yaratilishida yetakchi o‘rin egallashi hamda fuqarolar farovonligini oshirishda asosiy omil bo‘lishi kerak.

Mamlakat YaIMda kichik biznes ulushini izchil oshirish partiyaning eng muhim vazifasi bo‘lib qolmoqda. 

Partiya davlatning agrar sohadagi munosabatlarni takomillashtirish, fermer va dehqon xo‘jaliklarining rivojlantirilishini qo‘llab-quvvatlaydi va bu islohotlarni amalga oshirishda faol ishtirok etadi. Partiya qishloq xo‘jaligidagi muammolarni hal etmasdan turib, iqtisodiy islohotlarni muvaffaqiyatli davom ettirib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi.

Qishloq xo‘jaligida iqtisodiy munosabatlar tizimini o‘zgartirish – agrar islohotlar amalga oshirilishi, mamlakatning oziq-ovqat mustaqilligi va xavfsizligini ta’minlash ustuvor yo‘nalishdir. Qishloqda ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish; chuqur qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarish; qishloq xo‘jaligiga zamonaviy agrotexnologiyalar, seleksiya va urug‘chilik usullarini joriy etish; yer, suv va boshqa tabiiy resurslardan oqilona va samarali foydalanish sohalarida rivojlangan mamlakatlar darajasiga izchil erishish muhim ahamiyatga ega. Bu quyidagilarni nazarda tutadi: xo‘jalik yuritish amaliyotida ma’muriy-buyruqbozlik usuliga to‘liq barham berish; yerdan foydalanish tizimini o‘zgartirish va takomillashtirish; qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash yirik korxonalarini izchil aksionerlashtirish; dehqon va fermerlarning o‘z mehnatlari natijalariga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish maqsadida ular uchun zarur moddiy
-texnikaviy sharoit yaratish va iqtisodiy manfaatdorligini oshirish.

Partiya uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish, ishsizlikka qarshi kurashish, avvalambor, yoshlarni ish bilan ta’minlash nihoyatda zarur va kechiktirib bo‘lmaydigan vazifadir. Bu masalani yechishning asosiy yo‘nalishlari sifatida partiya investision muhitni yaxshilash orqali sanoatning ko‘p mehnat talab qilinadigan qayta ishlovchi tarmoqlariga investisiyalar kiritish, aholining tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish, ijtimoiy ahamiyatga ega sohalarda mehnatga bo‘lgan iqtisodiy manfaatdorlikni oshirish, o‘zgaruvchan bozor kon’yukturasiga moslashtirilgan malaka oshirish va professional kadrlar tayyorlash tizimini yaratish, shuningdek qo‘shimcha ta’lim olish va kasb o‘rganish sohasini tubdan yaxshilash kerak, deb hisoblaydi.

Partiya O‘zbekistonning jahon mehnat bozoriga tartibli (sivilizatsiyalashgan) tarzda kirishi hal etilishi lozim bo‘lgan dolzarb muammolardan, deb biladi.

Partiyaning ustuvor vazifasi – amalda aholi daromadlarini oshirish, shuningdek, fuqaro va korxonalarni soliqqa tortish tizimini takomillashtirishdan iboratdir. Mehnatga haq to‘lashning rag‘batlantiruvchi usullarini kengroq joriy etish orqali yollanma ishchilarning  mehnat samaradorligini oshirishga bo‘lgan manfaatlarini yanada kuchaytirish kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb vazifadir.

Partiya yangi ish o‘rinlarini, avvalambor, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini jadal rivojlantirish, shaxsiy tashabbuslarni amalga oshirish  uchun qulay biznes muhitni shakllantirish hisobiga yaratish tarafdori.

Partiya aholining bank tizimiga ishonchini oshirish va omonatlarni rag‘batlantirish va ularni investisiyalarni transformatsiyalash uchun bank sektorida islohotlarni chuqurlashtirish muhimligini ta’kidlaydi.

Partiya banklarning investision jarayondagi asosiy bo‘g‘ini bo‘lishi,  korxonalar va tadbirkorlik tuzilmalari rivojlanishidan manfaatdor bo‘lgan sodiq hamkorga aylanishiga jiddiy e’tibor qaratadi. Mahalliy tijorat banklari investisiyaviy imkoniyatlarini mustahkamlash, ularning investision loyihalarga mablag‘ kiritishlariga qiziqishini kuchaytirishning ta’sirchan mexanizmlarini amaliyotga joriy etishni davom ettirish zarur.

Banklar qatorida tadbirkorlikka xizmat qiluvchi va u bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan bozor iqtisodiyoti infratuzilmasini tashkil etuvchi konsalting, marketing, injiniring, lizing, sug‘urta va boshqa institutlar ham tezda rivojlanishi kerak.

Innovatsiyalar modernizatsiyaning bosh omilidir. XXI asrda jamiyatning iqtisodiy taraqqiyoti asosan innovatsiyalar asosida ta’minlanadi. Bugun barchaga ayon bo‘lishi kerakki, kim texnologiyalarga ega bo‘lsa, u raqobat kurashida g‘olib bo‘ladi. Partiya yuqori texnologiyalarni o‘zlashtirish zonalarini yaratish orqali iqtisodiyotning innovasion turiga o‘tish uchun asoslarni shakllantirish, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini, ilmiy-tadqiqot va innovasion ishlarni rag‘batlantirishni davom ettirish tarafdori. 

Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlarini joriy etish va yanada samarali qo‘llashga e’tiborni kuchaytirish zarur.

Partiya xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishga va uning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirishga alohida e’tibor beradi. Bu soha faqat ish o‘rinlari yaratibgina qolmay, ayniqsa qishloq joylarda aholi daromadlarining o‘sishi va turmush darajasining yaxshilanishiga xizmat qilmog‘i lozim.

Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida partiya xalqaro iqtisodiy integratsiyalashuv va jahon bozorlarida mahalliy mahsulotlar ulushini  kengaytirish uchun maqbul sharoitlarni yaratishga intiladi. Eksportni oshirish va milliy iqtisodiyotimiz raqobatbardoshligini ta’minlash iqtisodiy sohadagi dasturimizning eng muhim qismi hisoblanadi.

Partiya an’anaviy bozorlarni saqlash va yangilarini o‘zlashtirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari, fermerlar va ishbilarmonlarning tashqi iqtisodiy faoliyatdagi ishtirokini kengaytirish, ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni mintaqaviy va jahon bozorlariga olib chiqishga qaratilgan har tomonlama o‘ylangan va faol eksport siyosatini yuritish tarafdori. Iqtisodiy siyosatning ustuvor vazifasi — milliy ishlab chiqaruvchilar eksport salohiyatini mustahkamlash, ularning xalqaro transport yo‘laklari, zamonaviy texnika va texnologiyalar bozorlariga chiqishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini ishlab chiqish va amalga oshirishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy, iqtisodiy mexanizmlarni yanada rivojlantirish bo‘lishi kerak. 

Partiya savdo-iqtisodiy aloqalar va eksportni diversifikatsiyalash, tegishli eksport infratuzilmasini rivojlantirish, eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun mavjud tuzilmalarni takomillashtirish va yangilarini, shu jumladan, moliyaviy, axborot, transport, kommunikatsiyaga doirlarni yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratadi. 

Faol investision siyosat yuritish, soliq yukini yengillashtirish, yuqori texnologik tarmoqlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yanada qulay sharoitlarni yaratish masalalari kelgusida ham partiya diqqat markazida turadi.

Mamlakat iqtisodiyotining tez orada modernizatsiyalashuvi hamda sifat jihatdan yangilanishini amalga oshirish uchun xorijiy investisiya va ilg‘or texnologiyalar jalb qilinishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash partiyaning eng muhim vazifasi bo‘lib qolmoqda. Partiya investisiyalar oqimini ta’minlovchi, ularning oqilona taqsimoti va foydalanilishini amalga oshiruvchi samarali iqtisodiy tizim yaratilishiga ko‘maklashadi.

Investisiyalarni jalb etish siyosati yuqori texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish sohalari rivojiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi loyihalarni moliyalashtirish, davlatning eksport salohiyatini mustahkamlash, ichki bozorni aholi uchun arzon, mahalliy, raqobatbardosh mahsulot va xizmatlar bilan to‘ldirish kabi yo‘nalishlardan tarkib topgan bo‘lishi lozim.

Partiya mamlakat iqtisodiyoti raqobatbardoshligini oshirishning eng muhim vazifasi bu — yo‘l-transport va kommunikatsiyaviy infratuzilmani jadal rivojlantirish, deb hisoblaydi. Yangi energetika quvvatlari, elektrenergiyani uzatish tarmoqlarini barpo etish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish; muqobil energiya manbalaridan foydalanish; respublika barcha hududlarini yagona transport tarmog‘ini va tashqi transport yo‘llariga maqbul chiqishni ta’minlovchi avtomobil yo‘llar va temir yo‘llarni barpo etish va rekonstruksiya qilish borasidagi tizimli va kompleks ishlarni davom ettirish zarur.  

VI. PARTIYaNING  IJTIMOIY,  GUMANITAR,  MA’NAVIY SOHALAR  VA  JAMIYaT  AQLIY  SALOHIYaTINI RIVOJLANTIRISh  BORASIDAGI  VAZIFALARI

Inson O‘zbekistonda demokratik o‘zgarishlarning bosh maqsadi va harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi. Partiya uning uyg‘un rivojlanishi, manfaatlarini ro‘yobga chiqarishning amaliy tizimini yaratish, jamiyatning o‘zagi bo‘lgan oilani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bir qolipdagi eskirgan fikrlash tarzi va ijtimoiy fe’l-atvorni o‘zgartirish tarafdoridir.

Partiya davlatning ijtimoiy sohaga oid siyosatidagi strategik ustuvor yo‘nalish — insonga bo‘lgan e’tibor tashkil etishi lozim, deb hisoblaydi. Partiya islohotlarning barcha bosqichlarida erishilgan natijalarni aholi farovonligining o‘sishi bilan baholaydi.

Partiya jamiyatning ziyolilashuvi tarafdori, zero, davlatning iqtisodiy taraqqiyoti faqat fan va texnikaning yangi yutuqlariga tayanishi mumkin. 

XXI asr – bu intellektual qadriyatlar hukm suradigan asrdir. Partiya fuqarolar, ayniqsa, yoshlar va ayollarning intellektual kapitalga intilishini qo‘llab-quvvatlash, yosh ayollar va qizlarning o‘z salohiyatini namoyon etishi va mehnatini yengillashtirish uchun zarur sharoitlarni yaratish, fuqarolik institutlarining ular tomonidan yangi bilimlarni o‘zlashtirish hamda ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish borasidagi faoliyatini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratadi.  

Mamlakatni modernizatsiya qilish va zamonaviy jamiyatni barpo etish bilan bog‘liq murakkab vazifalarni hal etishga qodir bo‘lgan kadrlarning yangi avlodini tayyorlash masalasi kelgusida ham partiya faoliyatining eng muhim yo‘nalishi bo‘lib qoladi.

Partiya ta’lim tizimida islohotlarni chuqurlashtirish, uning yuqori xalqaro mezonlar va standartlarga mosligini ta’minlash, iqtisodiyot, fan va ta’lim ehtiyojlarining yaqin aloqasini ta’minlashni ko‘zda tutuvchi zamonaviy ilmiy bilimlar bilan qurollangan va barkamol insonni shakllantirishga xizmat qiladigan milliy ta’lim modelini yanada rivojlantirish tarafdori. Chunki yuksak ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan kishilar, davlat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgan taraqqiyparvar va obro‘li ilmiy maktablargina jamiyatning gullab-yashnashini ta’minlashi mumkin.

Partiya inson ma’naviy salohiyatining uzluksiz o‘sishini ta’minlashga intiladi. Farzandlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlarni davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqish, ularni milliy mentalitetimizga yot bo‘lgan zararli ta’sir va oqimlardan himoya qilish, jamiyatimiz hayotida o‘zining munosib o‘rnini egallashga qodir bo‘lgan zamonaviy bilimlarga ega, mustaqil fikrlovchi fuqarolarni tayyorlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Ushbu yo‘nalishda partiya asosiy e’tiborni o‘rta ta’lim sohasidagi muammolarga, birinchi galda, o‘qitish sifati, kutubxonalar, innovasion g‘oya va bilimlar markazlari tizimi rivoji, o‘quvchilarning zamonaviy adabiyotlar bilan ta’minlanishi, maktablarning asbob-uskuna, kompyuter texnikasi, anjomlar bilan jihozlanishi va mazkur sohada xususiy sektorni rivojlantirishga qaratadi. Iqtisodiy imkoniyatlar ortib borishi bilan partiya akademik litsey va kollej o‘quvchilari uchun stipendiyalar joriy etishga harakat qiladi.

Partiya inson salomatligi, hozirgi davr tibbiyotining yangi yutuqlariga tayangan holda dunyoda ilg‘or o‘rinlarga intilayotgan O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash rivoji va xususiy kapitalni jalb qilgan holda aholiga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish sohasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish, umr uzoqligini ta’minlash yo‘lida kurashadi.

Partiya, shuningdek tibbiyot sifatini davlat va xususiy hamkorlik tamoyillari asosida tubdan yaxshilash tarafdori, xususiy tibbiyotni sifatli tibbiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, sog‘liqni saqlash sohasida yanada samarali va zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy etishning garovi sifatida qabul qiladi.

Partiya ayollarning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida va tadbirkorlik faoliyatidagi o‘rnini oshirishga alohida e’tiborni qaratadi. Onalik va bolalikni muhofaza qilish, oilalarda sog‘lom muhitni kuchaytirish, ularning iqtisodiy va ma’naviy-ahloqiy asoslarini mustahkamlash hamda bolalarda, ayniqsa qizlarda jismoniy tarbiya va sportga mehr uyg‘otish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish partiyaning ustuvor vazifalari qatorida qolmoqda. Partiya «Farzandlari sog‘lom yurt qudratli bo‘lur, qudratli elning farzandlari sog‘lom bo‘lur» tamoyilini hayotga tadbiq etish tarafdori.

Partiya aholining ehtiyojmand qatlamlarini, nafaqaxo‘rlar, ayniqsa nogironlarni aniq yo‘naltirilgan himoya va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning amaliy tizimini shakllantirishni siyosiy faoliyatining bosh vazifalaridan biri, deb hisoblaydi. Partiya nogironlar o‘zlarini jamiyatning to‘laqonli fuqarolari, deb hisoblaydigan zarur shart-sharoitlar yaratishga intiladi.

Ijtimoiy-gumanitar sohaning muhim vazifalaridan biri – bu kommunal va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish, ishlab chiqarish infratuzilmasi ommabopligi va ishonchliligini ta’minlash, aholining ijtimoiy-maishiy yashash sharoitlarini yaxshilash. Shu munosabat bilan, partiya quyidagi zarur choralarni amalga oshiradi:

- uy-joy, kommunal xo‘jaligi va infratuzilmasini raqobat bozori, xususiy kapital uchun jozibali sohaga aylantirish; 

- kommunal xo‘jalik sohasida innovatsiyalar va texnologiyalar mahalliy klasterlarini (uskuna ixtirochilari, ishlab chiqaruvchilari, boshqaruv kompaniyalari) shakllantirish;

- aholini ichimlik suv va tabiiy gaz bilan ta’minlashni yaxshilashga qaratilgan davlat qarorlarining bajarilishi uchun zarur bo‘lgan chora-tadbirlarni amalga oshirish.

Yangi, barcha qulayliklarga, zarur infratuzilmalarga ega bo‘lgan turar-joy massivlarini, ayniqsa, qishloq joylarda barpo etish, uy-joy bozorini kengaytirish, aholi, shu jumladan, yosh oilalar ehtiyojlarini hisobga olgan holda uy-joy olish imkoniyatini ta’minlash uchun ushbu sohada raqobatni oshirish partiyaning ustuvor vazifalari bo‘lib qoladi. 

Uy-joy taklifini kengaytirish va uning narxi (shu jumladan, ijara)ni pasaytirish, boshqa tarafdan – uy-joy qurilishi bilan bog‘liq tadbirkorlik sub’ektlari hamda zamonaviy bozorni shakllantirish uchun rieltorlik agentliklari faoliyatini rag‘batlantirish  maqsadida uy-joy sohasida shartnoma va huquqiy munosabatlar tizimini liberallashtirish zarur.

Partiya jamiyatning haddan tashqari ijtimoiy va iqtisodiy qutblashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun kurashadi.

Partiya eng kam oylik ish haqi va pensiyalar miqdorini keskin ko‘tarishga hamda aholining kam ta’minlangan qatlamini himoyalashning samarali mexanizmini yaratishga intiladi. Partiya ushbu masalani hal etishga qaratilgan maqsadli davlat dasturlari loyihalarini taklif qiladi, shuningdek nodavlat jamg‘armalarni yo‘naltirish va keng jamoatchilik e’tiborini jalb etishda faol qatnashadi.

Partiya davlatning yaxlit va talabga javob beradigan yoshlar siyosatini amalga oshirishga alohida ahamiyat qaratadi. Partiyaning sa’y-harakatlari har tomonlama rivojlangan va sog‘lom yosh avlodni, Vatanga sodiq, rivojlangan bozor munosabatlari va fuqarolik jamiyati shakllanishi jarayonlarida faol ishtirok etishga tayyor yigit va qizlarni tarbiyalashga yo‘naltiriladi. Partiya yoshlar uchun sabot bilan, bosqichma-bosqich ijtimoiy ko‘tarinkilik muhitini yaratishga va ularning ijtimoiy-siyosiy istiqbolini belgilab berishga o‘z kuchini sarf etadi.

Aholining siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirmasdan turib fuqarolik jamiyatini qurib bo‘lmaydi. Ongli va faol insongina barcha qiyinchiliklarni yengib, mustaqil O‘zbekistonning gullab-yashnashiga va xalqaro hamjamiyatning to‘laqonli a’zosi bo‘lishiga o‘z hissasini qo‘shishi mumkin.

Partiya o‘z faoliyatidagi muhim yo‘nalishlardan birini O‘zbekistonda yashovchi millat va xalqlarning tili, madaniyati, urf-odati va an’analari rivojiga ko‘maklashish, jamiyatda fuqaroviy, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash, e’tiqod erkinligini himoya qilishda, deb hisoblaydi. Partiya diniy ekstremizm va fanatizmni keskin qoralaydi va ularning barcha ko‘rinishlariga qarshi kurash olib boradi. Xalqning ma’naviy-axloqiy yuksalishiga intilgan holda partiya taraqqiyparvar milliy an’analarni rivojlantirish bilan birga jahon madaniyatining yaratuvchan salohiyatidan, umuminsoniy qadriyatlardan foydalanish tarafdoridir.

Partiya o‘zining ekologik siyosatini inson hayoti xavfsizligini ta’minlash, ma’nan va jismonan sog‘lom avlodni shakllantirish hamda millat genofondini asrash maqsadida zarur bo‘lgan barcha shart-sharoitni yaratish asosida faoliyat yuritadi. Partiya tabiiy zaxiralardan oqilona foydalanish va atrof muhitni himoyalashda iqtisodiy manfaatdorlik tizimini yaratishga, ekologik muammolarni hal etish uchun respublikaning xalqaro tizimlarga uzviy kirishishini ta’minlashga intiladi.

VII. PARTIYaNING TAShQI SIYoSAT VA MILLIY XAVFSIZLIKNI TA’MINLASh  SOHASIDAGI VAZIFALARI

Partiya demokratik va ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar, xalqimizning ma’naviy taraqqiyoti, shuningdek O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatga integratsiyalashuvini mamlakat xavfsizligi, jamiyatimizda tinchlik va barqarorlik, millatlararo va fuqaroviy totuvlikni ta’minlashdek fundamental vazifalarni hal qilmasdan tasavvur etib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi.

Partiya davlatning milliy manfaatlarini himoya qilishga, uning mamlakat xavfsizligi, mintaqada va umuman jahonda barqarorlik, O‘zbekistonning xalqaro munosabatlar va jahon xo‘jaligi aloqalari tizimiga jadal integratsiyalashuvini ta’minlashga qaratilgan tashqi siyosatini amalga oshirishda har tomonlama ko‘mak beradi.

Partiya milliy xavfsizlikni mustahkamlash iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirish, ochiq demokratik davlatni barpo etish, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish vazifalarini hal etish, tegishli maksimal maqbul tashqi sharoitlarni ta’minlash, shuningdek, O‘zbekiston atrofida xavfsizlik, barqarorlik va do‘stona qo‘shnichilik hududini yaratish masalalari bilan chambarchas bog‘liq, deb hisoblaydi. 

U quyidagi fundamental tamoyillarga asoslangan mamlakatning tashqi siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi: 

- umume’tirof etilgan xalqaro me’yorlar va tamoyillarga sodiqlik, tinchlik va xavfsizlikni saqlash, harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmaslik;

- teng huquqlilik va o‘zaro manfaat, davlatlar suvereniteti, hududiy yaxlitligi, chegaralari daxlsizligini hurmat qilish, ularning ichki ishlariga aralashmaslik, nizolarni tinchlik yo‘li bilan hal etish, kuch ishlatmaslik yoki kuch ishlatish tahdidiga yo‘l qo‘ymaslik.

Partiya:

- mamlakatning milliy manfaatlari va mustaqil rivojlanishi ustuvorliklaridan kelib chiqib, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy va boshqa sohalarda xalqaro hamkorlikni izchil rivojlantirish;

- dunyo hamjamiyati bilan xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, narkotrafik, noqonuniy qurol savdosi, uyushgan jinoyatchilik va boshqa turdagi transmilliy tahdidlarga qarshi yaqindan hamkorlik qilish;

- jahonning yetakchi davlatlari (AQSh, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Yaponiya, Rossiya, Xitoy, Hindiston va boshqalar) bilan, eng avvalo, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash borasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish;

- xalqaro hamjamiyatning Afg‘onistondagi urushdan keyingi hayotni izga solish, bu mamlakatni mintaqaviy loyihalarga jalb etish borasidagi sa’y-harakatlariga ko‘maklashish;

- Markaziy Osiyo mintaqasida, eng avvalo, tabiiy resurslardan foydalanish, energetika, transchegaraviy daryolar suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish va ekologiya sohalarida, transport-kommunikatsiya  infratuzilmalarini, jumladan, gaz va neft quvurlarini qurish borasida o‘zaro foydali iqtisodiy hamkorlikni har tomonlama kengaytirish;

- mamlakatning ishonchli, mas’uliyatli siyosiy va savdo-iqtisodiy hamkor sifatidagi xalqaro mavqeini mustahkamlash, mamlakatning xorijdagi investision, turistik, madaniy-tarixiy jozibadorligini kuchaytirish, milliy iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investisiyalari va ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish jarayonini jadallashtirish uchun ikki tomonlama va ko‘p tomonlama o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini ishga solish;

- hududlar geografik cheklanganligini bartaraf etish, yirik jahon bozorlariga chiqishni ta’minlovchi ko‘p variantli transport-kommunikatsiya yo‘laklari tizimini shakllantirish uchun istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

- mamlakatimiz fuqarolari va yuridik shaxslarining xorijda huquqlari va manfaatlari har tomonlama himoya qilinishini ta’minlash tarafdori.

Mintaqada va umuman dunyoda yuzaga kelgan vaziyat chegaralarimizning daxlsizligini, mamlakatimiz yaxlitligini ta’minlaydigan, O‘zbekistonning barqaror taraqqiyotini kafolatlaydigan milliy xavfsizlik tizimining shakllantirilishini taqozo etadi.

Shu munosabat bilan, Qurolli Kuchlarimizni isloh qilish borasida boshlangan ishlar nihoyasiga yetkazilishi zarur. Davlatimizning Qurolli Kuchlari zamonaviy talablarga javob berishi, mamlakat xavfsizligiga tahdidlarni inobatga olgan holda tuzilgan bo‘lishi lozim.

Partiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining professional, har tomonlama ta’minlangan, harakatchan, har qanday tashqi tajovuzni qaytarishga tayyor va mamlakat mudofaasini samarali himoya qilishga qodir bo‘lgan armiyani tuzishga qaratilgan siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi va uni amalga oshirishda faol ishtirok etadi.

Qurolli Kuchlar davlat va jamiyatning doimiy e’tiborida, harbiy xizmat esa yetarli darajada moddiy jihatdan ta’minlanishi hamda xalq orasida alohida hurmatga sazovor bo‘lishi lozim. Partiya harbiy qurilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy mazmuni va mohiyatini shunda, deb biladi.

Partiya ushbu vazifalarning amalga oshirilishini har bir fuqaroning, qolaversa, butun jamiyatning ishi, deb biladi.

 Harbiy xizmatga chaqiruv, harbiy ta’lim, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini takomillashtirish jarayonida ishtirok etish partiyaning mudofaa siyosati yo‘nalishidagi ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qoladi.

Armiyada xizmat qilish har bir yigit uchun, mamlakatimizning har bir fuqarosi uchun obro‘li faoliyatga, jamiyat va hayotdagi o‘rnini ongli ravishda tanlash, jasorat va vatanparvarlik maktabiga aylanishi lozim.

Partiya o‘z sa’y-harakatlarini harbiy xizmatchining aqliy va ijtimoiy-ma’naviy jihatdan kamolga yetgan, jamiyatdagi o‘rni va mavqeini anglaydigan, jamiyat oldida javobgarlikni his etadigan shaxs sifatida shakllanishi uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, psixologik va boshqa shart-sharoitlarni ta’minlashga qaratilgan dasturlarni amalga oshirishga safarbar etadi.

***

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi mamlakatda ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini, demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirish haqida bayonot berib, yuqorida zikr etilgan siyosiy platformaga tayangan holda mamlakatimiz ijtimoiy hayotining barcha sohalarini erkinlashtirishga qaratilgan keng siyosiy va fuqarolik harakati partiyasi bo‘lishga intiladi.

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining muhim vazifasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va davlat hokimiyatining joylardagi vakillik organlariga ko‘ppartiyaviylik tamoyiliga  asoslangan demokratik parlament saylovlarida siyosiy platformasida aks ettirilgan asosiy yo‘nalishlarni amalga oshirish imkoniyatini yaratadigan qonunlar va davlat qarorlarini qabul qilishda yetarli ta’sirga ega bo‘ladigan o‘rinlarni qo‘lga kiritish hisoblanadi.

Shu maqsadda partiya O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari doirasida faoliyat yuritib, quyidagi asosiy masalalar yechimiga o‘z diqqatini qaratadi:

partiya siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini targ‘ib qilish;

aholining huquqiy va siyosiy madaniyatini shakllantirishda hamda saylovchilarda ko‘ppartiyaviylik asosida o‘tkaziladigan demokratik saylovlarda ovoz berish huquqidan ongli va mas’uliyatni his qilgan holda foydalanishga intilish ko‘nikmalarini tarbiyalashda ishtirok etish;      muhim ijtimoiy muammolarga jamiyat e’tiborini jalb etish hamda ularning partiya siyosiy platformasida ilgari surilgan hal etish yo‘llari haqida ijobiy ijtimoiy fikrni shakllantirish;

partiya kelgusida navbatdagi parlament saylovlarida davlatning qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatining barcha bo‘g‘inlariga deputatlikka nomzod sifatida ko‘rsatiladigan yuqori malakali, huquqiy ma’lumotga ega hamda siyosiy faol a’zolar va partiya tarafdorlari siymosida siyosiy elitani (arboblarni) shakllantirish va tarbiyalash;

demokratik ko‘ppartiyaviylikka asoslangan saylovlarda — xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlaridan tortib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasigacha tuziladigan barcha darajadagi saylov okruglari bo‘yicha partiya nomzodlarini ilgari surish orqali o‘zining to‘laqonli ishtirokini ta’minlash;

tegishli vakolatli hokimiyat organlari faoliyatiga partiyaning belgilangan ta’sirini imkoniyat darajasida ta’minlash maqsadida partiya tomonidan ilgari surilgan nomzodlarning faol saylovoldi targ‘ibotini olib borish hamda saylovchilar bilan ishlashda qonunda belgilangan tartibda harakat qilish;

saylov natijalari asosida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va davlat xokimiyatining joylardagi vakillik organlarida partiya fraksiyalarini shakllantirish hamda ular orqali qonunda belgilangan tartibda partiyaning ijtimoiy tayanchi bo‘lmish mulkdorlar qatlami va partiyani qo‘llab-quvvatlovchi saylovchilar manfaatlarini ifoda etuvchi qonunlar va hukumat qarorlarini qabul qilishga qaratilgan siyosiy tashabbuslar bilan chiqish.

Hokimiyatning vakillik organlarida ko‘pchilikka ega bo‘lish O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining asosiy maqsadi emas, balki amaliy ustuvor yo‘nalishlari, dasturi hamda siyosiy platformasida aks ettirilgan strategik va taktik maqsadlariga erishish vositasidir.

Partiya jamiyat diqqat-e’tiborida turgan muammolarni aholining aksariyat qismi, birinchi navbatda, tadbirkorlar va ishbilarmonlar manfaatlarini himoya etadigan, mustaqil O‘zbekistonning gullab-yashnashi, qadimiy diyorimizda istiqomat qiladigan har bir inson farovonligining muttasil o‘sib borishiga qaratilgan qarorlar qabul qilish jarayonida izchil faoliyat yuritadi.