Partiya Saylovoldi Dasturi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – 
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining
VI S’ezdida (2014 yil 31 oktabr kuni) tasdiqlangan

TADBIRKORLAR VA IShBILARMONLAR HARAKATI – O‘ZBEKISTON LIBERAL-DEMOKRATIK PARTIYaSINING 
SAYLOVOLDI DASTURI (platformasi) 

KUChLI O‘RTA SINF – MUSTAHKAM, RAQOBATDOSh IQTISODIYoT – MAMLAKAT RAVNAQI DEMAK

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi o‘tgan yillar davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarning faol qatnashchisiga aylangan holda navbatdagi saylovda ishtirok etmoqda. 

2009 yildagi saylovdan keyin O‘zLiDeP mulk egalari bo‘lgan o‘rta sinf vakillari – tadbirkorlar va ishbilarmonlar, fermerlar, kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari manfaatlarini ifoda etish va himoya qilish borasida sezilarli siyosiy tajriba to‘pladi. 

Partiya bundan buyon ham aynan ana shu ijtimoiy guruhlar manfaatlarini ifoda etadi. Chunki bu qatlam – mamlakatimizning moddiy va ma’naviy boyliklarini yaratish va ko‘paytirishda ulkan rol o‘ynaydigan, fuqarolik jamiyatining tayanchi va suyanchi, islohot g‘oyalarini targ‘ib etish va amalga oshirishda asosiy kuch bo‘lgan, ijtimoiy jihatdan eng faol, iqtisodiy mustaqil odamlar toifasini tashkil etadi. Ular – amaliy tashkilotchilik tajribasiga ega, har tomonlama chuqur o‘ylab qaror qabul qiladigan, o‘z ishining oqibati uchun javob beradigan insonlardir. Ular, avvalambor, o‘z mehnati, irodasi va kuch-g‘ayrati bilan farovonlikka erishadigan, o‘z kelajagini shu zamin bilan bog‘lagan, o‘zining hamda farzandlarining taqdirini Vatan taqdiridan ayri tasavvur etolmaydigan, ijtimoiy-siyosiy muammolarni hal etish, jamiyatda barqarorlik va hamjihatlikni saqlash va mustahkamlash uchun mas’uliyatni his etadigan kishilar. 

Partiya 2014 yildagi saylovoldi kampaniyasiga kirishar ekan, mustaqil, zamonaviy, huquqiy demokratik davlat barpo etish, liberal iqtisodiyot va erkin fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirish, mamlakatimizda tinchlik va barqarorlik, millatlararo va fuqarolararo hamjihatlik, xalq farovonligi, O‘zbekistonning rivojlangan davlatlar qatoridan joy egallab, jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin olishini ta’minlash borasidagi maqsadlarga sodiq ekanini bayon qiladi. 

Partiya ushbu maqsadlarga erishish uchun o‘z g‘oyalariga chin dildan ishonadigan nomzodlarni hokimiyatning vakillik organlariga ilgari suradi, ularning davlat boshqaruvida siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar sohalardagi islohotlarni amalga oshirishda samarali ishtirok etishini ta’minlashni ko‘zlaydi. Biz o‘zimizning sa’y-harakatlarimizni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga bo‘ladigan saylovda g‘alaba qozonishga qaratamiz. 

To‘plangan tajriba, mamlakatimizda yuz berayotgan ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarning chuqur tahlili bizga o‘z dasturiy ustuvor vazifalarimizni, tegishli saylovoldi siyosiy pozisiyamizni ishlab chiqish imkonini berdi. 

I. Partiyaning bozor islohotlarini chuqurlashtirish, iqtisodiyotni liberallashtirish va raqobatdoshligini oshirish borasidagi ustuvor vazifalari

Partiya mamlakatimiz iqtisodiyoti raqobatdoshligini yanada oshirish borasida quyidagilarni eng muhim, deb hisoblaydi: 

Birinchi. Makroiqtisodiy barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash va barqaror yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash maqsadida bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish.

Partiya quyidagi maqsadlarga qaratilgan makroiqtisodiy siyosatni davom ettirish uchun harakat qiladi:

- barqaror yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlari va makroiqtisodiy barqarorlikni quyidagi vositalar bilan ta’minlashga: Davlat byudjeti mutanosibligini ta’minlash; iqtisodiyot va xo‘jalik sub’ektlari uchun soliq yukini yanada kamaytirish, samarasiz soliq imtiyozlarini bekor qilish, soliq ma’muriy boshqaruvini yaxshilash, moliya bozori barqarorligini ta’minlashga qaratilgan mo‘’tadil qat’iy pul-kredit siyosatini amalga oshirish; 

- mahalliy byudjetlarning daromadlar qismini mustahkamlash, butun soliq tizimini soddalashtirish va uning aniq-ravshan, tushunarli bo‘lishini ta’minlash;

- sanoat sohasida iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlarni davom ettirish, uni diversifikatsiya qilish, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan, fan-texnika yutuqlariga asoslangan raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqaradigan, yuksak texnologiyalar bilan qurollangan korxonalar ulushini oshirishni nazarda tutadigan siyosatni olib borish;

- yanada qulay investision muhitni shakllantirish orqali iqtisodiyotga kiritiladigan xususiy investisiyalar hajmining jadal o‘sishini ta’minlash; 

- iqtisodiyot tarmoqlarining eksportga yo‘naltirilishini kuchaytirish, eksportni rag‘batlantirish, uning nomenklaturasi va geografik maydonini qulay moliyaviy-iqtisodiy va bojxona sharoitlarini qo‘llab-quvvatlash va yaratish, yangi transport yo‘laklarini shakllantirish orqali kengaytirish.

Partiya iqtisodiyotning raqobatdoshligini oshirishga, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish sohasidagi ma’muriy tartib-taomillarning ochiqligini ta’minlashga, yashirin iqtisodiyotga pul mablag‘larining bankdan tashqari aylanishiga barham berishga qaratilgan soliq-byudjet siyosatini amalga oshirish uchun harakat qiladi. 

Ikkinchi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, shaxsiy tashabbuslarni amalga oshirish uchun eng qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish.

Partiyaning fikricha, mulk – bu erkinlikning eng muhim kafolati, insonning boshqa barcha huquqlarining manbai, fuqarolar himoyalanganligining asosi. Siyosiy, ijtimoiy, madaniy erkinlikni iqtisodiy erkinliksiz  tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu bois partiya o‘zining kundalik va parlament faoliyatida xususiy mulkning daxlsizligi haqidagi konstitutsiyaviy tamoyilni himoya qiladi va hayotga izchil tatbiq etadi hamda iqtisodiyotni boshqarish tizimini yanada chuqurlashtirish, takomillashtirish va liberallashtirish, xususiy mulk huquqini mustahkamlash, uni ishonchli himoya qilish tizimini yaratish uchun harakat qiladi. 

Partiya xususiy mulkning rivojlanishi yo‘lidagi barcha g‘ovlarni bartaraf etish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni yo‘q qilish, iqtisodiyotning ochiqligini ta’minlash, mamlakatimiz iqtisodiyotida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning roli va ulushini oshirishni muhim, deb hisoblaydi hamda yurtimizda biznes yuritish bilan bog‘liq barcha tartib-taomillarni yanada liberallashtirish, soddalashtirish, arzonlashtirish va ularning ochiqligini ta’minlash uchun harakat qiladi.

Partiya davlat va nazorat idoralarining tadbirkorlik sub’ektlari moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga noqonuniy aralashuvi bilan bog‘liq faktlarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratadi.

O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlangan demokratik davlatlar qatoridan o‘rin egallashi mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti (YaIM)da kichik biznes ulushini izchil oshirish borasidagi strategik vazifa bilan bevosita bog‘liq. Biz O‘zbekistonning yetakchi va nufuzli xalqaro moliya institutlari tomonidan belgilanadigan reytinglardagi ko‘rsatkichlarini sezilarli darajada yaxshilashga qaratilgan mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilashning kompleks dasturini ishlab chiqish uchun harakat qilamiz. 

Partiya kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rag‘batlantirishni, ular faoliyati uchun yanada erkinlik berishni quyidagi yo‘llar bilan davom ettirish zarur, deb hisoblaydi:

- bozor islohotlarini chuqurlashtirish va tadbirkorlik erkinligi, xususiy mulk ustuvorligi va himoyasini ta’minlash, bozor instrumentlari va boshqaruv mexanizmlarini rivojlantirish, raqobat  muhitini yaratishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish; 

- kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka imtiyoz va preferensiyalar berish, tijorat banklari, lizing kompaniyalari va boshqa moliyaviy tashkilotlar tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining moliyalashtirilishini kengaytirish, garov ta’minotini rasmiylashtirish bilan bog‘liq bank kreditlari berish tartib-taomillarini soddalashtirish, garov aylanmasiga ko‘char mulkni jalb etish hisobidan moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish siyosatini davom ettirish;

- barcha tadbirkorlik sub’ektlariga, mulk shaklidan qat’i nazar, xomashyo manbalari va moddiy resurslardan foydalanish uchun teng sharoitlar yaratish, ular bo‘yicha bozor narxlarini shakllantirish mexanizmini takomillashtirish;

- kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining qurilish va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishga ruxsat olish muddatlari va narxini yanada qisqartirish, shuningdek, ushbu jarayonlarni soddalashtirish;

- rivojlangan va zamonaviy transport-kommunikatsiya va logistika tarmoqlarini tashkil etish, tashqi savdo yuklarini tashishni optimallashtirish, yangi transport yo‘nalishlarini sinovdan o‘tkazish, transport xarajatlarini qisqartirish va shunga mos ravishda eksport-import tartib-taomillarini yanada soddalashtirish;

- kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bo‘yicha davlat xaridlarini kengaytirish, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan tovarlar va taqdim etilayotgan xizmatlar eksportini rag‘batlantirish.

Partiya kichik biznesning sanoat ishlab chiqarishidagi ulushini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish, yirik sanoat korxonalari va kichik biznes o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratadi.  Buning uchun partiya kooperatsiya, davlat mulkini va xususiylashtirish jarayonlarini boshqarish, shuningdek, xo‘jalik jamiyatlari ustav fondidagi davlat ulushini hamda davlat korxonalarining ko‘chmas mulk ob’ektlarini birja va birjadan tashqari savdolarda sotish mexanizmini soddalashtirishga oid qonunchilikni yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni taklif etadi. 

Partiya kichik biznes va fermer xo‘jaliklari uchun yagona ijtimoiy to‘lov stavkasini pasaytirish siyosatini davom ettirish zarur, deb hisoblaydi. Chunki bu - xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar ixtiyorida aylanma mablag‘larni to‘ldirish va investisiyalarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha mablag‘lar qoldirish imkonini beradi hamda o‘z daromadlarining haqiqiy darajasini kamaytirib ko‘rsatadigan korxonalar sonining qisqarishini ta’minlaydi.  

Partiya raqobatni har tomonlama rag‘batlantirish va rivojlantirish, iqtisodiyot va ijtimoiy hayotning turli sohalarida monopoliya vujudga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik va ular sonini maksimal darajada qisqartirish uchun harakat qiladi. Biz qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va bu sohadagi eng muhim vazifalarni hal etishga qaratilgan qonunlarning so‘zsiz ijrosi ustidan parlament, deputatlik va jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirishni istaymiz.

Uchinchi. Iqtisodiy o‘sish sur’atlar izchilligini ta’minlash, tarkibiy o‘zgarishlar jarayonini  chuqurlashtirish, iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, jahon bozorlarida uning raqobatdoshligini oshirishning eng muhim va zarur sharti sifatida O‘zbekiston iqtisodiyotiga investisiyalarni jalb qilish. 

Partiya iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga xususiy investorlarni jalb etish, real iqtisodiyot sohasida, birinchi navbatda, sanoatda va uning yetakchi tarmoqlarida xususiy mulkning yetakchi o‘rin egallashi uchun harakat qiladi.

Partiya amaliyotga tatbiq etilayotgan, shuningdek, yangi investisiyaviy loyihalarni ishlab chiqish, ularni amalga oshirish, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskunalar, materiallar va butlovchi qismlar importini soliq va bojxona tizimida yaratilgan imtiyozlar evaziga qo‘llab-quvvatlash hisobiga sanoatda ishlab chiqarish sur’ati jadal o‘sishini ta’minlashni bu sohadagi eng muhim vazifa, deb hisoblaydi. 

Shu maqsadda partiya amaldagi qonunchilikka quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalarni kiritishni taklif etadi:

- avvalo, O‘zbekiston Respublikasi bilan investision shartnoma imzolagan chet el investisiyasi ishtirokidagi korxonalar uchun soliq qonunchiligining ishonchli va barqaror bo‘lishini ta’minlash;

- to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investisiyalarini, ayniqsa, sanoatning yuqori texnologiyalarga asoslangan va qayta ishlaydigan tarmoqlariga jalb etishni rag‘batlantirish, xorijiy investisiyalar ishtirokidagi kompaniyalarning ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatini yengillashtirish, korxonalarning xorijlik ta’sischilari, rahbar va muhandislik tarkibi uchun viza olish shartlarini soddalashtirish;

- iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari, shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash bo‘yicha investision loyihalarni banklar tomonidan kreditlashni kengaytirish.

Biz investision muhitni yaxshilash (mintaqalarning investisiyaviy jozibadorligini oshirish) bo‘yicha hududiy dasturlar ishlab chiqish va joriy etish, mamlakatimizdagi yirik ishlab chiqarish korxonalarining faoliyatiga kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini faol jalb etishni taklif qilamiz. 

To‘rtinchi. Mamlakatimiz sanoatining barqaror, jadal va mutanosib rivojlanishini ta’minlash maqsadida uning asosiy tarmoqlarida tarkibiy o‘zgarishlarni chuqurlashtirish, mahsulot ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash, eksport salohiyatini oshirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash asosida korxonalar samaradorligi hamda raqobatdoshligini yanada oshirish.

Partiya quyidagi masalalarni sanoatni rivojlantirishning eng muhim ustuvor yo‘nalishlari, deb hisoblaydi:

- avvalambor, energetika, neft-gaz, kimyo, farmasevtika, to‘qimachilik va yengil sanoat, rangli metallurgiya, mashinasozlik va avtomobilsozlik, qurilish materiallari sanoatida qayta ishlaydigan va yuqori texnologiyalarga asoslangan korxonalar va ishlab chiqarishni jadal rivojlantirishga qaratilgan tarkibiy o‘zgarishlarni chuqurlashtirish, shuningdek, joylarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sifatli hamda chuqur qayta ishlashga qaratilgan sanoat ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yish;

- ishlab chiqarishni keng miqyosda modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, ularni zamonaviy, yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlash, mamlakatimizda yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish;  

- mahsulot ishlab chiqarishda xomashyo va energiya sarfini kamaytirish, noyob, qayta tiklanmaydigan resurslarni asrab-avaylash, muqobil energiya resurslarini izlash va joriy etish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqish va amalga oshirish.

Beshinchi. Tadbirkorlik, fermer va dehqon xo‘jaliklarini rivojlantirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, qishloqda real mulkdorlar sinfini shakllantirish asosida qishloq xo‘jaligini yanada diversifikatsiya qilish va rivojlantirish. 

Partiya qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi, chorva mahsuldorligini oshirish, qishloq joylarda qayta ishlash sanoatini jadal rivojlantirishga alohida ahamiyat beradi. Bu ichki bozorni maxsulotlar bilan to‘ldirish, agrar sektorning eksport salohiyati o‘sishiga xizmat qiladi, qishloq aholisining katta qismi bandligi va daromadlarining oshishiga olib keladi.

Partiya bu borada quyidagilarni nazarda tutadigan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishni taklif etadi: 

- ekin maydonlari tarkibini yanada yuqori daromad keltiradigan oziq-ovqat ekinlari maydonlarini kengaytirish hisobidan takomillashtirish,  hosildorligi past, rentabellikni ta’minlamaydigan yerlarda paxta ekinlarini bosqichma-bosqich kamaytirib borish; 

- aholining xarid qobiliyati yuqori bo‘lgan yirik va o‘rtacha shaharlar atrofida meva-sabzavot, poliz ekinlari yetishtiriladigan maydonlarni kengaytirish; 

- meva-sabzavot va go‘sht-sut mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash, saqlash va tashish sohasida xizmat ko‘rsatadigan fermerlar, qishloq xo‘jaligi korxonalari, marketing va boshqa infratuzilma tashkilotlari o‘rtasida kooperatsiyani rag‘batlantirishning iqtisodiy mexanizmlarini shakllantirish;

- qishloqda sanoatni yanada rivojlantirish, qishloq aholisining turmush darajasini keskin oshirish maqsadida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish.

Partiya fermer va dehqon xo‘jaliklarini moliyaviy resurs va xizmatlar bilan ta’minlashda foydalanilmayotgan va yangi yerlarni o‘zlashtirish hisobidan ularga yer maydonlari ajratish uchun teng sharoitlar yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar qabul qilishni taklif etadi.

Oltinchi. Hududlarning kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash.

Partiya mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini takomillashtirish va hududlarni kompleks rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish, hududlarni barqaror iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish istiqbollarini belgilashda ularning rolini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun harakat qiladi.

Partiya bu borada xalqaro standartlarga javob beradigan xizmat ko‘rsatish sohasini yanada rivojlantirish, uning mamlakatimiz YaIMdagi ulushini oshirish, aloqa va axborotlashtirish, (shu jumladan, kompyuter dasturlash, elektron ta’lim) asbob-uskunalarni ta’mirlash va ularga xizmat ko‘rsatish kabi yangi zamonaviy xizmatlarni jadal rivojlantirishni rag‘batlantirish o‘ta muhim, deb hisoblaydi. 

Yettinchi. Mamlakatimiz iqtisodiyoti raqobatdoshligini oshirishning eng muhim vazifasi sifatida energetika, yo‘l-transport va kommunikatsiya infratuzilmalarini jadal rivojlantirish. 

Partiya yangi energetika quvvatlari, elektr energiyasi o‘tkazuvchi tarmoqlarni yaratish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish, mamlakatimizning barcha mintaqalarini yagona transport tizimiga ulanishi, tashqi transport yo‘nalishlariga qulay tarzda chiqishni ta’minlaydigan avtomobil yo‘llari va temir yo‘l tarmoqlarini qurish, shuningdek, ularni rekonstruksiya qilish bo‘yicha tizimli va kompleks ishlarni davom ettirish uchun harakat qiladi. 

Sakkizinchi. An’anaviy bozorlarni saqlash va yangilarini o‘zlashtirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari, fermerlar va ishbilarmonlarning tashqi iqtisodiy faoliyatdagi ishtirokini kengaytirish, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni mintaqa va jahon bozorlariga chiqarishga qaratilgan oqilona va faol eksport siyosatini olib borish. 

Partiya bu borada quyidagi masalalarga ustuvor ahamiyat beradi:

- mahalliy mahsulotlar eksportini kengaytirishga hissa qo‘shayotgan mamlakatimiz korxonalari faoliyatini rag‘batlantirish, O‘zbekistondagi eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng institusional chora-tadbirlarni amalga oshirish, eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun bu boradagi mavjud tuzilmalar faoliyatini takomillashtirish va yangilarini tashkil etish;

- xususiy kompaniyalar uchun eksport operatsiyalari va o‘z mahsulotini eksport qilish sohasidagi mavjud to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha ishlarni davom ettirish; 

- eksport qilish tartib-taomillarini yanada liberallashtirish orqali mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi fermerlar manfaatini himoya qilish.

II. Partiyaning ijtimoiy-siyosiy sohadagi ustuvor vazifalari

Partiyaning ijtimoiy-siyosiy sohadagi hamda O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan uzoq muddatli maqsadlarga – zamonaviy rivojlangan, demokratik davlatlar qatoridan joy olish, o‘z xalqiga munosib turmush sharoitlarini yaratish va jahon hamjamiyatidan mustahkam o‘rin egallashga erishishdagi eng muhim ustuvor vazifalari quyidagilardan iborat:

Birinchi. Parlamentarizmni yanada rivojlantirish, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning, mamlakatimizni modernizatsiya qilishning eng muhim masalalarini hal qilishda hokimiyat vakillik organlari rolini kuchaytirish, parlamentni demokratik va liberal islohotlarning haqiqiy yetakchi kuchiga aylantirish.

Partiya qator funksiya va vakolatlarni markaziy davlat organlaridan mahalliy hokimiyat organlari va jamoat tuzilmalariga izchil, bosqichma-bosqich o‘tkazib borish uchun harakat qiladi. Davlat boshqaruv organlari faoliyatini yanada demokratlashtirish, ularning samaradorligi va mas’uliyatini oshirish partiyaning ustuvor vazifasi bo‘lib qoladi. 

Partiya davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, iqtisodiyotni boshqarish tizimini liberallashtirish borasidagi islohotlarni amalga oshirishga qodir bo‘lgan malakali mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor beradi.

Ikkinchi. O‘zbekistonda davlat va jamiyat qurilishining asosiy tamoyili bo‘lgan “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” prinsipini amalga oshirishni davom ettirish.

Fuqarolik jamiyati institutlarining qarorlar qabul qilish jarayonida ishtirok etishi, ijro hokimiyati faoliyatining ochiqligi va uning fuqarolar oldida hisob berib borishini kuchaytirish dunyodagi rivojlangan demokratik mamlakatlar qatoriga kirish bo‘yicha qo‘yilgan maqsadga erishishning eng muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Shuning uchun ham fuqarolik institutlarining o‘rta sinf mulkdorlari manfaatlarini himoya qilish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim masalalarini hal etishga qaratilgan faoliyatini har tomonlama faollashtirish partiyaning strategik vazifasi bo‘lib qolmoqda. 

Partiya qabul qilinayotgan qonunlar va normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosi ustidan amalga oshirilayotgan nazoratning ta’sirchanligi va samaradorligini ta’minlash zarur, deb hisoblaydi.

Partiya, shuningdek, joylardagi Fermerlar kengashlarini davlat va jamoat tuzilmalari bilan barqaror amaliy aloqalar, aniq-ravshan belgilab olingan uzoq muddatli maqsad va vazifalarga ega bo‘lgan haqiqiy ijtimoiy kuchga aylantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun harakat qiladi. 

Uchinchi. Partiya demokratik jamiyatni matbuot erkinligisiz, o‘z xohish-irodasini erkin bildirish, saylov erkinligi huquqisiz tasavvur etib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi.

Bu sohadagi eng muhim vazifa – bu ommaviy axborot vositalarining iqtisodiy mustaqilligi, erkinligini mustahkamlash, ularning faoliyatiga raqamli texnologiyalarni yanada keng joriy etish, jurnalistlarning professional tayyorgarlik darajasini oshirishdan iborat. 

Partiya nodavlat bosma nashrlar, tele-radio kanallar faoliyatini kuchaytirish, ularning internet global tarmog‘iga kirishi uchun harakat qiladi. Bu mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar siyosatining ochiq va oshkoraligini yanada ta’minlashga, kuchli fuqarolik jamiyatini izchil shakllantirib borishga xizmat qiladi.

Partiya bosma OAV mahsulotlarini tarqatish sohasida raqobatni rivojlantirishga, davriy matbuot mahsulotlarining chakana savdo tarmoqlarini kengaytirishga alohida ahamiyat beradi. Bosma OAVni tarqatish jarayoniga chakana savdo, xizmat ko‘rsatish va umumiy ovqatlanish sohasi korxonalarini jalb etish, shu maqsadda soliq imtiyozlarlarni qo‘llash, bu masala bo‘yicha axborot kampaniyalarini o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.

III. Partiyaning qonun ustuvorligini ta’minlash, sud-huquq tizimini yanada liberallashtirish sohasidagi ustuvor vazifalari 

Birinchi. Huquqiy davlatni shakllantirish va jamiyatni demokratlashtirish, qonun ustuvorligiga erishish, tadbirkorlik sub’ektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishning eng muhim sharti bo‘lgan sudlarning mustaqilligi va erkinligini amalda ta’minlash. 

Sud tizimini yanada rivojlantirish va uning samarali faoliyat yuritishini ta’minlash maqsadida partiya quyidagilarni taklif etadi:

- protsessual harakatlarni maqbullashtirish, xo‘jalik nizosi tomonlarning huquqiy himoyasini mustahkamlash hamda sud qarorlarining barqarorligini ta’minlaydigan xo‘jalik protsessual qonunchiligini yanada takomillashtirish;

- xo‘jalik sudlari faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishni kengaytirish, xo‘jalik ishlarini ko‘rish jarayonini audio va video vositalar bilan qayd qilib borish, sud qarorlarini ularning rasmiy veb-saytlarida elektron shaklda e’lon qilish tizimini yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlik sub’ektlari uchun virtual info-kiosklar ochish.

Ikkinchi. Jinoyat, ma’muriy qonunchilikni liberallashtirish jarayonlarini davom ettirish, iqtisodiy jinoyatlarning ba’zi turlarini dekriminallashtirish.

Partiya jamiyat uchun xavfi katta bo‘lmagan va jiddiy oqibatlarga olib kelmaydigan ayrim iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha jinoiy javobgarlikni liberallashtirish zarur, deb hisoblaydi. Xususan, xavfsizlik talablariga javob bermaydigan, jumladan, muddati o‘tib ketgan tovarlarni saqlagani va sotgani uchun jinoiy javobgarlikni, agar ular iste’molchilarning hayoti va sog‘ligiga ziyon yetkazmagan bo‘lsa, dekriminallashtirish, o‘z navbatida bunday huquqbuzarlikni sodir etgani uchun ma’muriy javobgarlik belgilash taklif etiladi. 

Partiya, shuningdek, raqobatchini obro‘sizlantirish jinoyatini bekor qilib, mazkur sohada yuzaga keladigan nizolarni xo‘jalik sudlari yurisdiksiyasiga havola qilishni taklif etadi. 

Uchinchi. Mulkdorlar, tadbirkorlar, fermerlar va ishbilarmonlarning huquq va manfaatlarining ishonchli himoyasini ta’minlaydigan qonunchilik me’yorlari va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish.

Partiya hakamlik sudlari institutini mustahkamlash, xo‘jalik nizolarini hal qilishning muqobil, suddan tashqari shakllarini rivojlantirish, jumladan, yarashtiruv institutini yanada takomillashtirish, sudgacha talabnoma yuborish orqali nizoni hal qilish majburiy bo‘lgan ishlar toifasini kengaytirishni taklif etadi.

Korporativ nizolar bo‘yicha samarali odil sudlovni yuksak jahon standartlari darajasiga ko‘tarish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish partiyaning doimiy diqqat markazida bo‘ladi.

Partiya korrupsiyaga qarshi kurash masalalariga alohida e’tibor beradi. Partiya mansabdor shaxslar tomonidan iqtisodiy islohotlarni olib borish, davlat hokimiyati va boshqaruv tizimida qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini ta’minlash bo‘yicha qonunda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda qonunchilik talablari buzilgani uchun javobgarlikni oshirish hamda ularning faoliyatida byurokratizm, rasmiyatchilik va korrupsiya ko‘rinishlarining oldini olish uchun tegishli choralarni ko‘rish zarur, deb hisoblaydi.

IV. Partiyaning ijtimoiy, gumanitar, ma’naviy sohalardagi, jamiyatni intellektual rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalari

Partiyaning mazkur sohadagi ustuvor vazifalari quyidagilardir:

Birinchi. Fuqarolar, eng avvalo, yoshlar va ayollarning intellektual mehnat sohasida o‘z qobiliyat va iste’dodini namoyon etishlari uchun zarur sharoitlar yaratish, bu borada fuqarolik institutlari faoliyatini kuchaytirish.

Ikkinchi. O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini yanada rivojlantirish, zamonaviy tibbiyotning eng so‘nggi yutuqlarini amaliyotga tatbiq etish, mazkur sohaga xususiy kapitalni jalb qilgan holda aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish.

Uchinchi. Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida xotin-qizlarning rolini oshirish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish. 

To‘rtinchi. Partiya  uy-joy, kommunal xo‘jaligi va infratuzilmasini raqobat bozoriga, xususiy kapital uchun jozibali sohaga aylantirish; kommunal xo‘jalik sohasida innovatsiyalar va texnologiyalarning mahalliy klasterlarini (uskuna ixtirochilari, ishlab chiqaruvchilari, boshqaruv kompaniyalari) shakllantirish zarur, deb hisoblaydi.

Beshinchi. Yangi, barcha qulayliklarga, zarur infratuzilmalarga ega bo‘lgan turar-joy massivlarini, ayniqsa, qishloq joylarda barpo etish, aholini suv bilan ta’minlashni yaxshilash bo‘yicha loyihalarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash, yo‘l bo‘ylaridagi infratuzilmalarni rivojlantirish partiyaning ustuvor vazifalari bo‘lib qoladi.

Oltinchi. Ta’lim tizimida islohotlarni chuqurlashtirish va shu orqali ushbu sohaning yuqori xalqaro mezon va standartlarga mosligini ta’minlash. Bu maqsadda partiya quyidagilarni qo‘llab-quvvatlaydi:

- maktabgacha va oliy ta’lim tizimida raqobat muhitini shakllantirishga ko‘maklashish;

- milliy diplomlarimizning xorijda tan olinishini ta’minlovchi modul tizimini o‘quv jarayoniga kiritishni jadallashtirish;

- oliy o‘quv yurtlarining mustaqilligini (tashkiliy, institusional va moliyaviy muxtoriyatini) oshirish bo‘yicha zarur choralarni amalga oshirish;

- oliy o‘quv yurtlarining tijorat asosida pullik ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha huquq va vakolatlarini kengaytirish hisobidan ularning davlat tomonidan moliyalashtirishni bosqichma-bosqich kamaytirish siyosatini qo‘llab-quvvatlash;

- masofadan turib ta’lim berishning zamonaviy shakllarini jadal sur’atlar bilan rivojlantirish choralarini ko‘rish.

V. Partiyaning tashqi siyosat sohasidagi ustuvor vazifalari

Partiya mamlakatimizning quyidagi fundamental prinsiplarga asoslangan tashqi siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi:

- umume’tirof etilgan xalqaro me’yor va tamoyillarga, tinchlik va barqarorlikni saqlash prinsiplariga sodiqlik, harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmaslik;

- teng huquqlilik va o‘zaro manfaatdorlik, davlatlarning suvereniteti, hududiy yaxlitligi, chegaralari daxlsizligini hurmat qilish va ularning ichki ishlariga aralashmaslik, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid solmaslik va boshqalar.

Partiya xalqaro liberal-demokratik harakatning quyidagi prinsiplarini qo‘llab-quvvatlaydi: 

- tinch-osoyishta insoniy hamkorlikning qadri va ahamiyatini e’tirof etish; 

- mamlakatlarning siyosiy suvereniteti va ularning chegaralari daxlsizligiga qaratilgan tahdidlarga, kuch ishlatish yoki kuch bilan tahdid qilishga yo‘l qo‘ymaslik. Dunyoning ayrim mintaqalarida qon to‘kilayotgani, nizo va adovatlar kuchayib borayotgani, millatchilik va shovinizm avj olayotganini, tinchlik va barqarorlikka nisbatan tahdid va xavf-xatarlar yanada keskinlashayotganini afsus bilan ta’kidlagan holda, biz BMT Ustavi, xalqaro huquqiy me’yorlarda mustahkamlab qo‘yilgan asosiy tamoyillar so‘zsiz ijro etilishi uchun harakat qilamiz. 

Dunyoda haqiqiy taraqqiyotga faqat tinchlik va tartib hukmron bo‘lgan sharoitda erishiladi. Shuning uchun «kelajak uchun bugungi hayotni qurbon qiladigan» har qanday inqilobiy g‘oyani rad etamiz. O‘tmishga yopishib, taraqqiyotga to‘sqinlik qilayotgan g‘oya va mafkuralarga qarshi chiqamiz. Partiya doimo ogoh va hushyor bo‘lishga, O‘zbekistondagi tinch va osuda hayotni ko‘z qorachig‘idek asrash, tinchlik va osoyishta hayot uchun hamisha kurashib yashashga chaqiradi. 

Partiya milliy manfaatlarimizni ilgari surish va himoya qilish, O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish uchun parlament va deputatlik korpusi, boshqa mexanizmlar imkoniyatlaridan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratadi. 

Biz mamlakatimizning xalqaro maydondagi mas’uliyatli siyosiy va savdo-iqtisodiy sherik sifatidagi nufuzi, obro‘-e’tiborini mustahkamlash, xorijda uning investision jozibadorligini kuchaytirish, milliy iqtisodiyotimizning ustuvor tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investisiyalari va ilg‘or texnologiyalarni jalb etish jarayonlarini kuchaytirish uchun ikki tomonlama va ko‘p tomonlama o‘zaro hamkorlik mexanizmlaridan foydalanishda faol ishtirok etamiz.

Partiya mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning samarasini oshirish uchun qulay tashqi siyosiy sharoitlar yaratish, iqtisodiyotning yuqori o‘sish sur’atlari, mutanosib va barqaror rivojlanishini saqlash uchun harakat qiladi. 

Biz mamlakatimizning geografik jihatdan xalqaro kommunikatsiya tarmoqlaridan uzoq, yopiq mintaqada joylashgani bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda hamda jahondagi yirik bozorlarga ishonchli tarzda chiqishni ta’minlaydigan transport-kommunikatsiya yo‘laklarining ko‘p variantli tizimini shakllantirishda faol ishtirok etamiz. 

Partiya xorijda O‘zbekistonning yetakchi milliy kompaniyalari va boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarining savdo vakolatxonalarini ochish, iqtisodiy uyushmalarda, xalqaro korporatsiya va konsorsiumlarda ishtirok etishga faol ko‘maklashadi. 

Partiya davlatimizning mintaqada, butun dunyoda siyosiy, iqtisodiy, ekologik, gumanitar xavfsizlikni saqlash, xususan, afg‘on muammosini hal qilish borasidagi siyosatini to‘la qo‘llab-quvvatlaydi va bu mamlakatda harbiy yo‘l bilan tinchlikka erishib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi. Ushbu muammoni yechishda ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali Afg‘oniston xalqining milliy urf-odatlari, madaniyati va diniy qadriyatlarini hurmat qilishga erishish zarur. 

* * *

Qayd etilgan vazifalarni amalga oshirish partiyaning barcha a’zolari, uning maqsad va vazifalarini qo‘llab-quvvatlaydigan insonlar, barchamizdan samarali hamda fidokorona mehnat qilishni talab etadi.  

O‘z maqsadlarimizga erishishning samarali yo‘llarini izlash va amalga oshirishda biz g‘oya va dasturlarning konstruktiv, raqobatli kurashiga tayyormiz. 

Vakillik hokimiyati organlarida ko‘pchilik o‘rinlarni egallash O‘zLiDeP  uchun birdan-bir maqsad emas, balki xalqimizga samarali xizmat qilish, partiyamiz dasturi va siyosiy platformasining strategik va taktik maqsadlarini amalga oshirish vositasidir.

Hurmatli saylovchilar!

Bizning partiyamiz jamoatchiligimizning diqqat markazida turgan hayotiy muammolarni ko‘pchilik xalqimiz, avvalambor, tadbirkorlar va ishbilarmonlar manfaatini ko‘zlab hal etish, mustaqil O‘zbekistonimiz ravnaqi, mana shu muqaddas zaminda yashaydigan har bir insonning farovonlik darajasi izchil o‘sib borishi uchun xizmat qiladigan qarorlar qabul qilishda faol ishtirok etadi.

O‘zLiDeP siyosiy kuch sifatida keng ko‘lamli islohotlar taqdiri uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish, o‘z siyosiy platformasi qoidalarini hayotga tatbiq etish hamda o‘z elektorati manfaatlarini samarali himoya qilishga amaliy jihatdan tayyordir.

O‘zLiDeP islohotlar yo‘lidagi g‘ov va to‘siqlarni qat’iyat bilan yengib o‘tadi, biz yashayotgan zamonning o‘zi oldimizga qo‘yayotgan vazifalarni sidqidildan va mas’uliyat bilan ado etadi. 

O‘zLiDeP o‘z kuchiga ishonadi va bunyodkorlar partiyasi ekanini amaliy ishlari bilan isbotlashga qodirdir!

Siz, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi nomzodlari uchun ovoz berar ekansiz, har bir fuqaroning farovonligini oshirish va mustaqil O‘zbekistonimizni taraqqiy toptirish yo‘lidagi aniq vazifalarni hal etishga qodir bo‘lgan partiyani qo‘llab-quvvatlagan bo‘lasiz!

Bugungi to‘g‘ri tanlov bizning farovonligimiz, farzandlarimiz va jamiyatimizning buyuk kelajagini ta’minlaydi! 


O‘zLiDePning saylovlar davridagi shiorlari:

Bizning maqsadimiz – mulkning daxlsizligi, inson erkinligiga erishish, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish!

***

Mulk egasi bo‘lgan o‘rta sinf – jamiyatimizdagi tinchlik va barqarorlikdan eng ko‘p manfaatdor bo‘lgan sinf!

***

Tadbirkorlikka keng yo‘l ochib berish – eng muhim vazifamiz!

***

Mulkdorlar manfaatini himoya qilish uchun mas’ulmiz!

***

Tadbirkorlik, kichik biznes va fermerlik harakati rivojiga ko‘maklashish – bosh maqsadimiz!

***

Biz qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish tarafdorimiz!

***

Iqtisodiy islohotlar izchilligi uchun mas’ulmiz!

***

Mamlakatimiz iqtisodiy qudratini yuksaltirish – asosiy maqsadimiz!

***

Kuchli o‘rta sinf – mamlakatimiz ravnaqining garovi!

***

Biz O‘zbekistonning eksport salohiyatini oshirish tarafdorimiz!

***

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik – iqtisodiy taraqqiyot omili!

***

Iqtisodiyot taraqqiyoti – xalq farovonligining asosi!

***

Tadbirkorlik – aholi bandligi garovi!