Partiyaga qanday a'zo bo'lish mumkin?

Sana: 15.04.2014 19:05

 O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasida chegaralangan a’zolik tartibi o‘rnatiladi. Partiyaga 18 yoshga tulgan, partiya Dasturini tan oladigan va uning Ustavi talablarini bajaradigan, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, jamiyatda egallagan mavkeidan qatiy nazar, O‘zbekistonning har bir layoqatli fuqarosi a’zo bo‘lishi mumkin.

1.2. O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasiga a’zolik yakka tartibda bo‘ladi. Partiyaga qabul qilish yashash yoki ish joyidagi partiya tashkilotiga yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) Kengashiga ariza berish asosida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasiga a’zo bo‘lgan shaxslarga ularning turar joyi yoki ish joyidagi partiya tashkiloti tomonidan o‘rnatilgan namunadagi partiya a’zosi guvohnomasi beriladi.

1.3. O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi a’zolari hisoblangan shaxslar boshlang‘ich partiya tashkilotiga yozma ravishda ma’lum qilish orqali partiyadan ixtiyoriy ravishda chiqishlari mumkin.

1.4. Partiya a’zosi partiya Ustavini buzgani, Ustav talablarini bajarmagani, partiya sha’niga dog‘ tushirgani yoki unga ziyon yetkazadigan xatti-harakatlari uchun intizomiy javobgarlikka tortilishi yoki partiya safidan chiqarilishi mumkin. Partiya safidan chiqarish haqidagi qaror partiyaning tuman(shahar) bo‘limi tomonidan qabul qilinadi va hududiy partiya tashkiloti tomoniga tasdiq uchun taqdim etiladi.
Hududiy partiya tashkiloti va partiyaning tuman(shahar) bo‘limlari Kengashlari a’zolarini partiyadan chiqarish to‘g‘risidagi qaror tegishli hududiy partiya tashkiloti tomonidan qabul qilinadi va O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining Ijroiya qo‘mitasida tasdiqlanadi.

1.5. Partiya safidan chiqarish haqidagi qaror ustidan partiyaning yuqori turuvchi organlariga shikoyat qilinishi mumkin.

1.6. O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi a’zosi bir vaqtning o‘zida o‘zga partiyalarga yoki siyosiy maqsadlarga erishish yo‘lida tuzilgan jamoat birlashmalariga (harakatlariga) a’zo bo‘lishga hakli emas.

1.7. Partiya a’zoligi qonunda belgilangan tartibda to‘xtatib turilishi yoki umuman to‘xtatilishi mumkin. Qonunga binoan a’zoligi to‘xtatib turilgan shaxs Partiya tarafdori maqomiga tenglashtiriladi. O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tarafdorlari uning a’zolari hisoblanmaydilar.

1.8. Partiya Dasturi, Ustavi va amaliy harakatlarini qo‘llab-quvvatlovchi O‘zbekiston Respublikasining 18 yoshga to‘lgan har bir layoqatli fuqarosi Partiya tarafdori bo‘lishi mumkin.


II. O‘ZBEKISTON LIBERAL-DEMOKRATIK PARTIYASI A’ZOSINING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI

2.1. O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi a’zosi quyidagi huquqlarga ega:

– partiyaning turli bo‘g‘indagi tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish, o‘z qarashlarini erkin bayon etish va partiya faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish;

– partiyaning rahbar organlariga saylash va saylanish, ularga ariza va takliflar bilan murojaat etish;

– davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi organlariga partiya nomidan nomzod sifatida tavsiya etilish;

– O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq faoliyat yuritayotgan jamoat birlashmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va jamg‘armalarga O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi vakili sifatida tavsiya etilish.

 2.2. O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi a’zosining majburiyatlari:

- O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari, axloq tamoyillari va jamiyatning ma’naviy mezonlariga rioya qilish;

- partiya Dasturi va Ustavi talablarini bajarish, partiyaviy intizomga qat’iy rioya qilish;

- partiya rahbar organlari qarorlarini bajarish;

- o‘z faoliyati bilan partiyaning dasturiy maqsad va vazifalariga erishishda ko‘maklashish;

- partiya manfaatlarini himoya etish, uning g‘oya, maqsad va vazifalarini targ‘ib qilish hamda ularni hayotga tatbiq etishda faol qatnashish;

- a’zolik badallarini o‘z vaqtida to‘lab borish.

2720