“O‘zbekiston faol tadbirkorlari anjumani” ishtirokchilarining mamlakatimiz barcha tadbirkorlariga MUROJAATI

14.02.2018, 20:24

“O‘zbekiston faol tadbirkorlari anjumani” ishtirokchilarining mamlakatimiz barcha tadbirkorlariga  MUROJAATI

Biz – O‘zbekiston tadbirkorlari respublika anjumani ishtirokchilari,

mamlakatimizni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli va tizimli islohotlar yagona olijanob maqsad – izchil va barqaror rivojlanayotgan, erkin va farovon, demokratik tamoyillarga asoslangan davlat va  adolatli jamiyatni barpo etish, inson manfaati va yana bir bor inson manfaati hamda uning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishga yo‘naltirilganligini ta’kidlab,

ushbu tarixiy o‘zgarishlarning qaysi jabhasiga qaramaylik, amaliy natijadorlik ustuvor vazifa sifatida belgilanganligi, «Xalq davlat organlariga emas, davlat o0rganlari xalqqa xizmat qilishi kerak» degan tamoyilning hayotga izchil tatbiq etilayotgani – xalq hokimiyatini so‘zda emas, amalda ta’minlash, har bir inson manfaatini himoya qilishga hamda halqimizni o‘ylantirayotgan muammolarni hal etishga xizmat qilayotganligini tasdiqlab,

muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan yurt ravnaqi uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan vazifalar qamrab olingan «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» Davlat dasturining qabul qilingani, tadbirkorlarni uzoq yillardan beri o‘ylantirib kelayotgan qator masalalarning samarali yechimi ta’minlayotgani, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka misli ko‘rilmagan darajada katta imtiyoz va imkoniyatlar yaratib berilayotganligini minnatdorlik bilan e’tirof etgan holda,

davlatimiz rahbarining «Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi», «Tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilish – davlat siyosatiga, Prezident siyosatiga to‘sqinlik qilish, deb baholanishi» kabi ezgu niyat va tamoyillarning ahamiyatini, tadbirkorlarga bildirayotgan katta ishonch hamda mamlakatimizning buguni va ertangi kuni uchun, xalqimizning farovon hayoti uchun mas’uliyatni teran his qilgan holda, endilikda eskicha ishlash va fikrlashga hech birimizning haqqimiz yo‘q ekanligini jiddiy anglab, MUROJAAT QILAMIZ:

Barcha tadbirkorlarni Prezidentimiz tashabbusi bilan Harakatlar strategiyasi hamda Davlat dasturida ilgari surilgan vazifalarni bajarishda jipslashishga, ularni faoliyatimiz dasturilamaliga aylantirishga, jonajon Vatanimizni rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga olib chiqish, xalqimizning farovon hayotini ta’minlashdek yuksak maqsad yo‘lida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarda nafaqat bevosita qatnashish, balki o‘zimizni ham islohotlarni amalga oshirishda asosiy kuch, ijtimoiy jihatdan eng faol qatlam sifatida namoyish etishga ChAQIRAMIZ.

Davlatimiz rahbarining hayotda hech narsa o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, degan purma’no o‘gitiga tayanib, faoliyatimizni innovatsion, ya’ni zamonaviy yondashuvlar, ilg‘or texnologiya va boshqaruv usullari asosida tashkil etadigan, biznes faoliyatini aql idroki va kuch-g‘ayratini O‘zbekiston taraqqiyotiga bag‘ishlaydigan, farzandlarining taqdirini shu jannatmonand zamin taqdiridan ayri tasavvur etolmaydigan, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarib, yangi ish o‘rinlari yaratib, butun jamiyatga naf keltiradigan faol tadbirkor bo‘laylik.

Aziz tadbirkorlar!

Fidokorona mehnatimiz bilan mamlakatimiz ravnaqiga katta hissa qo‘shish, davlatimiz rahbari va xalqimiz ishonchini oqlash yo‘lida vatanparvarlik, ishchanlik, tashabbuskorlik bilan oldimizda turgan ulkan marralarni birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan egallab, faol hayotiy pozitsiyamizni namoyon etaylik. Xususan,

Birinchi, yurtimizda olib borilayotgan islohotlar samarasi, avvalambor yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, Vatanimiz taqdiri va istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir, zamonaviy va faol tadbirkorlar safini kengaytirishga bevosita bog‘liq ekanligidan kelib chiqib:

yurtimizning barcha hududlarida faol tadbirkorlar safini kengaytirib borish, jamiyatimizda faol tadbirkorlik madaniyatini shakllantirishga hissa qo‘shishga chaqiramiz.

Bir paytning o‘zida tadbirkorlar hamjamiyati nopok tadbirkorlarga nisbatan murosasiz bo‘lishi lozim deb bilamiz, va ularga nisbatan birinchi navbatda davlat emas, balki tadbirkorlarning o‘zlari xolisona munosabat bildiradigan va ushbu muhit sofligini ta’minlaydigan tizim yaratishga chaqiramiz. Bu borada, biz “Tadbirkorning odob-axloq kodeksi”ni qabul qilish zarur deb hisoblaymiz.

Ikkinchi, O‘zbekistonimizning innovatsion rivojlanish, informatsion jamiyatni shakllantirish yo‘liga o‘tishi – bu uzoq muddatga mo‘ljallangan mamlakatimiz raqobatbardoshligini va jamiyatimizning barqaror rivojlanishini ta’minlashning kafolati bo‘lgani uchun:

mamlakatimizda innovatsion taraqqiyot modellarini qo‘llagan holda, ishlab chiqarishga ilg‘or g‘oyalar, «nau-xau» va «aqlli» texnologiyalarni joriy etish, qolaversa, eksport qilish hisobidan mamlakatimizning tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan davlatlar qatoridan o‘rin olishiga hissa qo‘shish, innovatsiya va investitsiyalardan samarali foydalanadigan yangi avlod vakillarini, yangi sarmoyadorlar sinfini tayyorlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda;

innovatsion va ilmiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlashning xuquqiy asoslarini mustahkamlash, xususan, innovatsiyalar va ilm-fan to‘g‘risidagi qonunlar, yuqori texnologiyali tadbirkorlik loyihalari-startaplarni birgalikda moliyalashtirish uchun tashkil qilinadigan venchur fondlar hamda texnoparklar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini ishlab chiqishda aniq takliflar bilan ishtirok etishda faol bo‘lishga undaymiz.

Uchinchi, mamlakatimiz iqtisodiyoti raqobatdoshligini ta’minlash masalasi yurtimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, ayniqsa, iqtisodiyotning muhim sohasi – sanoat tarmoqlarini jadal rivojlantirish masalalari bilan chambarchas bog‘liq deb bilamiz. Shu maqsadda yurtimizda tashkil etilayotgan erkin iqtisodiy zonalar, kichik sanoat zonalari tizimi orqali yaratib berilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanishga chaqiramiz.

To‘rtinchi, hududlarni uzoq muddatli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini har bir tuman, mahalla kesimida ishlab chiqilishi va hayotga tatbiq etilishi va amalga oshirilishida alohida jonbozlik ko‘rsatishga chorlaymiz.

Beshinchi, aksariyati YuNYeSKO ro‘yxatiga kiritilgan 7 ming 300 dan ortiq madaniy meros ob’ektlari mavjud bo‘lgan Vatanimizni turizm sohasida ulkan salohiyatga ega davlat, deb hisoblaymiz.

Bu borada diyorimizning betakror tabiati, go‘zal dam olish zonalari, yangi turistik yo‘nalishlar ochish imkoniyatlaridan keng foydalanish, sohaga jahon brendlarini faol jalb etgan holda, ziyorat turizmi, ekologik, ma’rifiy, etnografik, ichki va gastronomik turizm hamda sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirishga o‘zimizning munosib hissamizni qo‘shishga chaqiramiz.

Oltinchi, qishloq xo‘jaligi tizimini yanada isloh qilish, fermer va dehqon xo‘jaliklari, tomorqachilarni qo‘llab-quvvatlash, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini  samarali ta’minlash, aholimizni sifatli qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlari bilan yetarlicha ta’minlash, ularni eksport qilish hajmini keskin oshirishning kafolati, deb bilamiz. Bu borada:

qishloq xo‘jalik mahsulotini yetishtirishdan tortib, undan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan bosqichlarni o‘z ichiga qamrab olgan klaster tuzilmalarni tashkillashtirish va ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari salmog‘ini oshirishda o‘z hissamizni qo‘shish;

har qarichi oltinga teng, xalqimizning bebaho boyligi hisoblanadigan yerdan unumli foydalanish, agrar sohaga zamonaviy ilm-fan yutuqlari, agrotexnologiyalarni keng joriy etish;

qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash va tashish bo‘yicha xalqaro logistika markazlari tizimini takomillashtirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratishga chaqiramiz.

Yettinchi, aholini ish bilan ta’minlash – nafaqat ijtimoiy yoki iqtisodiy, balki har bir oilaning mustahkamligini, jamiyatimiz barqaror rivojlanishi, yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashning asosiy va zaruriy sharti deb bilamiz.

Shu maqsadda har bir tadbirkorni, fermerlarimizning ushbu ezgu vazifani amalga oshirishga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishga chaqiramiz.

Sakkizinchi, ijtimoiy sohaning jadal rivojlanishi – mamlakatimiz inson kapitalining mustahkamlanishi, halqimiz farovonligi, yurtimizning barqaror rivojlanishi borasida:

ijtimoiy uy-joylar qurilishini kengaytirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini va nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama manzilli qo‘llab-quvvatlash;

aholi uchun qulay bo‘lgan, sifatli va zamonaviy tibbiy yordam ko‘rsatish, kasalliklarni barvaqt aniqlash, masofadan turib profilaktika qilishni ta’minlash, «Aqlli tibbiyot» konsepsiyasini hayotga tatbiq etish, xususiy tibbiy maskanlar va aholini sifatli va arzon dori-darmonlar bilan ta’minlash tizimini rivojlantirish;

nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, mamlakatimizda nodavlat ta’lim sektorining umumiy o‘rta ta’limdagi ulushini bosqichma-bosqich rivojlangan xorijiy mamlakatlar darajasiga ko‘tarishga qaratilgan aniq dasturlarni amaliyotga tatbiq etishda faol ishtirok etishga undaymiz.

To‘qqizinchi, barcha tadbirkorlarni mamlakatimizning eksport salohiyatini mustahkamlash, tashqi bozorga sifatli va sertifikatlangan mahsulotlarni «o‘zbek brendi» ostida olib chiqish, iqtisodiyotimizga tashqi investitsiyalarni jalb etish hamda raqobatdosh mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarish tizimini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida bajarilishida yanada faolroq bo‘lishga chaqiramiz. Bu borada, ayniqsa:

– dunyo mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishda xususiy sektor roli va mavqeini yanada oshirish;

– rivojlangan mamlakatlar biznes tuzilmalari va davlatimiz xususiy sektor vakillari orasidagi hamkorlikni har tomonlama kuchaytirish;

– O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni xorijiy davlatlar bozorlariga eksport qilish, mamlakatimizga xorijiy investitsiyalar, ilg‘or zamonaviy texnologiyalar va ilm-fan yutuqlarini faol jalb etish;

– savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish borasida xususiy sektorning roli va ahamiyatini oshirish, «biznes va xalq diplomatiyasi» institutlaridan keng foydalanishni taklif etamiz.

O‘ninchi, hozirda tadbirkorlik sohasi ko‘plab qonun hujjatlari bilan tartibga solinayotgani, bu esa soha vakillari uchun ma’lum qiyinchiliklarni yuzaga keltirib chiqarayotganini hisobga olgan holda,  xalqaro tajriba va bugungi kun talablaridan kelib chiqib, tadbirkorlar va investorlar uchun tushunarli bo‘lgan yagona “Tadbirkorlik kodeksi”ni ishlab chiqilishi taklifini ilgari suramiz.

O‘n birinchi, yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va baquvvat, barkamol etib tarbiyalash borasidagi ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish,  «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi qonunni, sohada qabul qilingan boshqa qonun hujjatlarini hayotga tatbiq etish – davr talabi deb bilamiz.

Yoshlarimiz – kelajak bunyodkorlarining intellektual salohiyatini oshirish, ularning innovatsion g‘oya va tashabbuslarini ro‘yobga chiqishi va baland marralar sari olg‘a intilishiga keng imkoniyatlar yaratib berishda faol ishtirok etishga chaqiramiz.

 Aziz tadbirkorlar, qadrli vatandoshlar!

Prezidentimizning parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasi, Davlat dasturida bayon etilgan maqsad va vazifalarni izchil amalga oshirish, ona yurtimizning taqdiri va kelajagi, farzandlarimiz baxti va kamolini ta’minlashda hal qiluvchi bosqich bo‘ladigan 2018 yil barchamizni bir yoqadan bosh chiqarib ishlashga, umumiy maqsadlar yo‘lida birlashishga chorlaydi.

Muhtaram yurtboshimiz «Tadbirkor – bu taraqqiyot lokomotivi, yurt tayanchi», deb bizga katta ishonch bildirar ekan, biz ham ushbu ishonchni to‘la oqlab, jonajon O‘zbekistonimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol tadbirkor sifatida ishtirok etaylik. Vatan taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashash va ishlash asosiy vazifamiz va hayotimiz mezoniga aylansin. Ana shundagina xalqimiz farovonligi va yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘sha olamiz.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “O‘zbekiston faol tadbirkorlar anjumani”da qabul qilindi, 13-fevral, 2018 yil.

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1460
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+