Navbahor tuman qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i hisobot berdi

15.02.2018, 19:49

Navbahor tuman qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i hisobot berdi

Navoiy viloyatining Navbahor tumanida 2017 yilda paxta ekiladigan maydonlardan 162 gektari qisqartirilib, meva-sabzavot ekishga moslashtirilgan bo‘lsa, 2018 yilda ham aholining arzon va sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida yana 102 gektar paxta yerlari qisqartirildi.

Xalq deputatlari Navbahor tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishida ana shular haqida so‘z yuritilib, unda qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohatlarni chuqurlashtirish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Navbahor tuman qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i F.Rajabovning axboroti eshitildi.

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, makroiqtisodiy  barqarorlik va izchil o‘sish sur’atlarini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi sohasini yanada isloh qilish borasida ustuvor vazifalar belgilab olingan, - deydi F.Rajabov. – Xususan, 2017-2020 yillarga mo‘ljallangan “Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish dasturi” qabul qilinganligi ushbu sohada juda katta o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda.

Ushbu dastur doirasida tumanda ekin maydonlarini optimallashtirish va paxta ekishni bosqichma bosqich qisqartirish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, zamonaviy intensiv agrotexnologiyalarni joriy etish, mahsulotlarni saqlash va chuqur qayta ishlash infratuzilmalarini takomillashtirish, sabzavot, dukkakli va ozuqabop ekin maydonlarini kengaytirish, intensiv bog‘ va uzumzorlar barpo etish, eksportga yo‘naltirilgan meva-sabzavot, oziq-ovqat va chorva mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish, shuningdek, kichik sanoat tarmoqlarini  tashkil etish va agrar xizmatlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, 2018 yilda 6078 gektar g‘alladan bo‘shagan yerlarga takroriy ekin ekish rejalashtirilmoqda.

Tadbir davomida partiya deputatlik guruhlari tomonidan sohaga oid masalalar muhokama qilinib, bu borada tegishli qaror qabul qilindi.

A.Xoliqov,

O‘zLiDeP Navoiy viloyat Kengashi

Deputatlik guruhlari bilan

ishlash bo‘limi mudiri

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1996
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+