Tadbirkorlik haftaligi doirasida qoraqalpog‘istonlik yosh tadbirkorlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi

21.11.2017, 14:45

Tadbirkorlik haftaligi doirasida qoraqalpog‘istonlik yosh tadbirkorlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi

Global tadbirkorlik haftaligi doirasida qoraqalpog‘istonlik yosh tadbirkorlar, fermerlar, sohaga qiziqishi yuqori bo‘lgan oliy ta’lim muassasalarida ta’lim oluvchi talaba-yoshlar, ekspertlar hamda “Stroy vektor” MChJ ta’sischisi, “Panamilk” savdo belgisi ostida sut va sut mahsulotlarni qayta ishlab chiqarish korxonasi rahbari Islam Panayev va “Yevro stroy” MChJ rahbari Shimbergenov Azat ishtirokida ochiq muloqot va master-klass tashkil etildi.

Tadbirning asosiy maqsadi yoshlarning innovatsion tadbirkorligi va “Start up” loyihalarini amalga oshirish hamda mazkur sohadagi tashabbuslarini rag‘batlantirish, ularga mutaxassislar tomonidan tegishli maslahatlar berish, bugungi kunda ulkan muvaffaqiyatlarga erishgan ilg‘or tadbirkorlar tajribasini o‘rganish va amaliy tavsiyalar olish imkoniyatini yaratish, shuningdek, tadbirkorlik sub’ekti faoliyatining barcha bosqichlarida yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor hal etish, mazkur sohadagi zarur axborotlarni olish va amaliy masalalarni hal etishda huquqiy maslahatlar berishdan iborat.

Ochiq muloqotda tajribali tadbirkorlar yig‘ilganlarga o‘z tadbirkorlik faoliyatini qanday qilib boshlaganligi va faoliyati davomida uchragan to‘siqlar hamda ularni qay tarzda bartaraf etganliklari bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, ular mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlari uchun yaratilgan imkoniyatlar, sharoitlar va biznes muhiti dunyoning deyarli biron bir davlatida mavjud emasligini ta’kidladilar. Bunday imkoniyatlar va imtiyozlardan yoshlarimiz unumli foydalangan holda o‘z bizneslarini amalga oshirishlari uchun batafsil ma’lumotlar va tegishli tavsiyalarini berib o‘tdilar.

- Bugungi ochiq muloqot har qachongidan ham qiziqarli va bahs munozaralarga boy bo‘ldi, – deydi Nukus shahridagi yosh tadbirkor, “Rivoj Yulduzi” MChJ rahbari Karimbayev Zufar. Tadbirkorlik faoliyatimni dastlab bir nafar ishchi bilan boshlaganman. Hozirda 10 nafar yoshlar ish bilan ta’minlangan. Tadbirda davomida tajribali tadbirkorlar bilan o‘zaro tajriba almashganligimiz faoliyatimizni yanada rivojlantirishga katta turtki bo‘ldi. Kelajakda tadbirkorlik faoliyatimni kengaytirib, 40 nafar ish o‘rni yaratish orqali mamlakatimiz iqtisodiyotiga oz bo‘lsada o‘z hissamni qo‘shishni maqsad qilganman. 

Yosh tadbirkorlar tadbirdan so‘ng “Panamilk” sut va sut mahsulotlari ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

O‘zLiDePning Facebook’dagi rasmiy sahifasi va Telegram’dagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1769
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+