O‘zbekiston tadbirkorlari Murojaati hududlarda keng muhokama qilinmoqda

22.02.2018, 16:49

O‘zbekiston tadbirkorlari Murojaati hududlarda keng muhokama qilinmoqda

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston faol tadbirkorlari anjumani” yakunida ishtirokchilar yurtimizdagi barcha tadbirkorlarga murojaat qabul qilgan edi.

Ushbu murojaat partiya tuman va shahar Kengashlari tomonidan keng targ‘ib qilinmoqda, davra suhbatlari, ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri  Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanidagi 14 son bolalar musiqa va san’at maktabida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zLiDeP viloyat Kengashi xodimlari, Bog‘ot tumani hokimligi, Savdo-sanoat palatasi hududiy bo‘limi, tuman soliq inspeksiyasi, tijorat banklari vakillari, deputat va tadbirkorlar, partiya faollari ishtirok etdi.

– Bugungi kunda 45 nafar ishchi bilan faoliyatimizni olib bormoqdamiz, – deydi “Komplekt” xususiy korxonasi rahbari, Xalq deputatlari Urganch shahar Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi Farhod Xodjakov.  – Yaqinda qabul qilingan faol tadbirkorlar Murojaati biz, tadbirkorlarga keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Sababi Murojaatda tadbirkorlarning har bir muammosiga alohida e’tibor qaratilgan. Murojaatdan yanada ruhlanib, korxonamizda kelasi yilga qadar yangi ish o‘rinlari yaratib, ishlab chiqarish tarmog‘imizni yanada rivojlantirishni maqsad qilganmiz.  

– Bunday uchrashuvlar viloyatimizning barcha tumanlarida tashkil etilmoqda, – deydi O‘zLiDeP viloyat Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari, apparat rahbari J.Qurbanov. – Tadbirning ahamiyatli tomoni shundaki, joylarda partiyamiz faollari bilan 11 banddan iborat tadbirkorlar Murojaatidagi ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha galdagi vazifalarni belgilab oldik. Shu bilan birga, har bir uchrashuvda tumanlardagi mavjud tadbirkorlik subektlari holatini o‘rganib, kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qildik. Shu bilan birga yig‘ilganlarning taklif va tavsiyalarini o‘rganib, partiyamiz uchun muhim bo‘lgan yo‘nalishlarni belgilab oldik. 

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga soha mutaxassislari tomonidan atroflicha javob oldilar. 

Nilufar DJABBAROVA,

O‘zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi

matbuot kotibi

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1210
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+