O‘zLiDeP deputati ko‘magida Amudaryo qishlog‘idan tuman markazigacha bo‘lgan 11 km yo‘l ta’mirlanadi

22.02.2018, 17:07

O‘zLiDeP deputati ko‘magida Amudaryo qishlog‘idan tuman markazigacha bo‘lgan 11 km yo‘l ta’mirlanadi

Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari joylarga chiqib aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilmoqda, odamlarning dardu tashvishiga sherik bo‘lib, ularni o‘ylantirib kelayotgan muammolarni hal etishga ko‘maklashmoqda.  

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Klara Djumamuratova ham hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yuzaga kelgan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish va aholiga amaliy yordam berish maqsadida Xorazm viloyatining Xonqa tumanida bo‘ldi.  

Deputat tumandagi 250 dan ziyod aholi xonadonlari, ta’lim va tibbiyot muassasalari, tadbirkorlik sub’ektlarida bo‘lib, mavjud muammolarning ko‘pchiligiga o‘z vaqtida yechim topishga erishdi. Xalq bilan yuzma-yuz muloqot davomida Tomadurgadik qishlog‘i “Navro‘z” mahallasida yashovchi fuqaro Sherzod Xudoyberganovning nogironlik aravachasi va moddiy yordamga muhtoj ekanini bildirdi. O‘zLiDeP deputati ko‘magi bilan unga bir martalik moddiy yordam hamda nogironlik aravachasi berildi.

Tomadurgadik qishlog‘i aholisining suyultirilgan gaz ballonlari bo‘yicha qilgan murojaatlari ham deputat nazoratidan chetda qolmadi. Ushbu masalani “Shimolgazta’minot” unitar korxonasi Xonqa tumani filiali boshlig‘i X.Vaisov o‘z zimmasiga olib, oyda bir marta aholiga suyultirilgan gaz ballonlarini to‘ldirib berishini aytdi.

Amudaryo qishlog‘idan tuman markazigacha bo‘lgan 11 km uzunlikdagi avtomobil yo‘li aholi murojaatlari asosida ta’mirlanadigan bo‘ldi. Tuman yo‘l xo‘jaligi pudrat ta’minlash foydalanish korxonasi mutasaddilari yo‘lni kapital ta’mirlash joriy yilgi Davlat dasturiga kiritilgani va hozirdanoq ishlar boshlab yuborilganini ma’lim qilishdi.  

Muloqot davomida aholi tomonidan toza ichimlik suvi, ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatadigan shirkatlarga to‘lanadigan to‘lovlar miqdorini qayta hisob kitob qilish, qishloq vrachlik punkti, ta’lim muassasalari holatini yaxshilash bo‘yicha bildirilgan shikoyatlar ham shu yerning o‘zida bartaraf etildi.

                                                                          Nilufar DJABBAROVA,

O‘zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi

matbuot xizmati kotibi

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    2558
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+