Sayyor qabulda chuqurko‘llik S.Boltayevning murojaati qanoatlantirildi

02.03.2018, 12:05

Sayyor qabulda  chuqurko‘llik  S.Boltayevning murojaati qanoatlantirildi

Bugun surxondaryoliklar O‘zLiDeP faollari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashidagi partiya deputatlik guruhi a’zolari bilan o‘tkazilayotgan muloqotlardan mamnun. Bu muloqotlarni o‘zlariga ko‘rsatilgan katta e’tibor va g‘amxo‘rlik timsoli sifatida qabul qilmoqda. Zero, muloqotlar davomida oylab, hatto yillab o‘z yechimini topolmay yotgan muammolarga qisqa fursatda yechim topilayapti. 

O‘zLiDeP Surxondaryo viloyat Kengashi tashabbusi bilan “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan ezgu tamoil asosida tashkil etilgan sayyor qabulning navbatdagisi Sherobod tumanidagi “Chuqurko‘l” MFYda bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda partiya viloyat va tuman Kengashi apparat xodimlari, mahalliy Kengash deputatlik guruhi vakillari ishtiroki ta’minlanganligi aholi tomonidan o‘rtaga tashlangan ko‘plab muammolarni bartaraf etish imkonini berdi. Qo‘shimcha o‘rganish va vaqt talab qiladigan murojaatlarni esa mutasaddi idora va tashkilotlar rahbarlari o‘z zimmasiga olishdi.

 Sherobodlik S.Boltayev tuman markazidan qatnovchi avtomashinalar maktab ko‘chasidan yuqori tezlik bilan harakatlanishi natijasida maktab o‘quvchilari yo‘ldan o‘tishga qiynalayotganligini aytib, tezlikni cheklash bo‘yicha yo‘l belgisi o‘rnatishda yordam so‘rab murojaat qildi. Bu muammoni tuman IIB boshqarmasi xodimlari o‘z zimmasiga olib, yaqin kunlarda hal etib berishga va’da berdi.

Shuningdek, “Chuqurko‘l” MFYda yashovchi G.Rozziqova mahallada maktabgacha ta’lim muassasasi qurilishida yordam so‘ragan bo‘lsa, O.Jo‘rayeva esa tumandagi “Gegirdak” va “Qishloqbozor” mahallalaridan kesib o‘tuvchi “Sherobod” daryosi ustidan ko‘prik qurilishida yordam so‘radi. Ushbu masalalar yuzasidan Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati A.Berdiyev tomonidan tuman hokimi va tuman yo‘l qurilish bo‘limi rahbariga deputatlik so‘rovi yuborilishi rejalashtirildi.

Eslatib o‘tamiz, bunday sayyor qabullar viloyatning barcha tumanlarida davom etmoqda.

Ziyoda QODIROVA,

O‘zLiDeP  Surxondaryo  viloyat

Kengashi  xodimi

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1496
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+