Prezidentimizning viloyatimizga tashrifi navoiylik fermer va tadbirkorlarga, viloyatimiz ahliga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi

09.03.2018, 18:55

Prezidentimizning viloyatimizga tashrifi navoiylik fermer va tadbirkorlarga, viloyatimiz ahliga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning viloyatimizga tashrifi biz, navoiylik fermer va tadbirkorlarga, viloyatimiz ahliga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Negaki, bugun yurtimizda ishbilarmon va tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Yangidan yangi zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari, sanoat, maishiy xizmat va servis sohalari jadal rivojlanyapti. Natijada yangi ish o‘rinlari ochilib, aholi farovonligi ta’minlanmoqda.  

Ancha yillardan beri Karmana tumanidagi “Obod turmush kelajagi” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligini boshqarib kelaman. Faoliyatim davomida shartnomaviy rejalarni ortig‘i bilan bajarib, daromadimizni yildan-yilga oshirib borayapmiz. Yangi xarid qilgan zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalarimiz ish unumdorligi, mahsulotlar sifatini yaxshilashga xizmat qilyapti. Erishgan yutuqlarimiz tufayli mehnat jamoamiz bilan respublikamizda o‘tkazib kelinayotgan nufuzli tanlovlarda ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdik.

Davlatimiz rahbari Xatirchi tumanida o‘tkazgan yig‘ilishida qatnashish mendik yosh fermer uchun unitilmas voqea bo‘ldi. Boisi, davlatimiz rahbari uchrashuvda viloyat tabiati, iqlimidan kelib chiqqan holda ekinlarni ekish, ishlab chiqarish sohasini rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalarini bildirdi.

Haqiqatdan, Navoiy viloyatida cho‘l va tog‘li hudud ko‘p bo‘lib, suv tanqisligi kuzatiladi. Ekinlarni sug‘orishda zamonaviy tejamkor texnologiyalardan foydalanish zarur. Yurtboshimiz bog‘ va zamonaviy issiqxonalarni ko‘paytirish orqali meva-sabzavotlarni eksport qilish, mahalliy xomashyodan foydalanib, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish xajmini ko‘paytirish, qorako‘lchilik markazini tashkil etish, echkichilikni kengaytirish va boshqa ko‘plab loyihalarni ishga tushirish muddatini tezlashtirish va quvvatini oshirish bo‘yicha aniq tavsiya, yo‘l-yo‘riqlar belgilab berdi.  

Bugungi davr har bir fermerdan ishbilarmon, tadbirkor bo‘lishni talab etmoqda. Uning ishbilarmonligi shundaki, yetishtirgan mahsulotini xom-ashyo emas, qayta ishlab tayyor mahsulot sifatida iste’molchiga yetkazib berishi zarur.

O‘zim yashaydigan Karmana tumanidagi “Shibzon” mahallasida meva-sabzavotlarni qurish sexi va 100 tonna sig‘imga ega muzlatkich qurish loyihasini ishlab chiqqanmiz. Loyihani ishga tushirishga mablag‘ masalasida biroz qiynalib turgandik. Yig‘ilishda so‘z olib, Prezidentimizdan faoliyatimni kengaytirish uchun zarur bo‘lgan kredit mablag‘i ta’minotida muammolarni hal etish bo‘yicha yordam so‘radim. U kishi bu loyihani qo‘llab-quvvatladi. Karmana tumani “Agrobanki”dan 2 milliard so‘m miqdorida kredit olish to‘g‘risida shartnoma imzoladik. Tez kunlarda sex va muzlatgichni ishga tushirib, 15 ta yangi ish o‘rni yaratamiz. 

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, davlatimiz rahbari doimo tadbirkorlarni, xususan, yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlab kelayotganligiga Navoiyga qilgan tashrifida yana bir amin bo‘ldim. Chunki, u kishi menga o‘xshagan o‘nlab yosh tadbirkorlar bilan dildan suhbatlashdilar. Ularni qiynab kelayotgan muammolari joyida hal etildi. Ishonch har birimizga katta mas’uliyat yukladi.

Nargiza MAMANOVA,

“Obod turmush kelajagi” ko‘p tarmoqli

fermer xo‘jaligi rahbari,

Xalq deputatlari Karmana tuman

 kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    911
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+