“Bolam maktabga metallolom tashimasin!”

12.03.2018, 20:01

“Bolam maktabga metallolom tashimasin!”

Sarlavhani o‘qib, bir seskanib tushganingiz aniq. Zotan, biz hali bunday sarlavha bilan maqola chop etmaganmiz. Ammo bugun zamon o‘zgardi, talablar yangicha. Xalqning ichiga kirib borganimiz sayin bu kabi muammolar ko‘zimizga tobora kattaroq bo‘lib ko‘rinayotgani ayni haqiqat. Muammolar ochiqchasiga aytilayotgan bir paytda uzlidep.uz sayti ham bu jarayondan chetda qolmoqchi emas. Sezganingizdek, maqolamiz sayyor qabullar va deputatlik yig‘ilishlarida muhokama etilgan jiddiy mulohazalarga, savol-javoblarga va taklif-tavsiyalarga bag‘ishlanadi.

Dastlab Romitan tumanida bo‘lgan sayyor qabulda Qahramon MFYda yashovchi Bayram Murodavaning murojaatiga quloq tutsak.

– O‘quvchilarning maktabga metallolom topshirayotgani kecha yoki bugun boshlangan emas, – deydi u. – Shu bois bu muammoni 2-3 kunda bartaraf etishning ham iloji yo‘q. Ammo biz bu muammo haqida ko‘proq gapirishimiz kerak. Mutasaddilar birida bo‘lmasa, boshqasida e’tibor qaratishadi.

Sayyor qabul davomida so‘zga chiqqan ota-onalar ham tumandagi 8 maktabda o‘qiyotgan farzandlari doimiy ravishda maktabga temir-tersak topshirayotgani haqida gapirdi. Maktab o‘qituvchisi Dilnoza Badalova esa temir-tersak yig‘ish topshirig‘i o‘quvchilarga emas, o‘qituvchilarga tegishli ekanini aytib, ular o‘z vazifalarini o‘quvchilar zimmasiga yuklayotganini ta’kidladi. Ammo bizda boshqa savol bor: yosh avlodga bilim berishdek sharafli vazifani bajarayotgan o‘qituvchiga metallolom yig‘ish topshirig‘ini kim beryapti?

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi va partiya Buxoro viloyat Kengashi xodimlaridan tuzilgan ishchi guruh tashabbusi bilan tashkil etilgan sayyor qabul va deputatlik yig‘ilishlarida tadbirkorlar tomonidan ham keskin va tanqidiy fikrlar bildirildi. Masalan, kogonlik yosh tadbirkor Gulshoda Murtazoyeva tuman soliq inspeksiyasi xodimlari faoliyatidan, shofirkonlik tadbirkorlar esa tuman elektr tarmoqlari korxonasi va tuman dehqon bozori ma’muriyati faoliyatidan keskin norozi ekanliklarini bildirishdi.

Sayyor qabullar davomida kelib tushgan barcha murojaatlarga mahalliy vakillik organlaridagi deputatlarimiz biriktirildi. Har bir murojaat yuzasidan partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasiga ma’lumot berib borishga kelishib olindi.

Hasan SALOMOV,

O‘zLiDeP matbuot xizmati xodimi

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1295
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+