Prezidentimiz tashrifi samarqandlik tadbirkor va ishbilarmonlarni yangi marralar sari ruhlantirdi

18.03.2018, 15:32

Prezidentimiz tashrifi samarqandlik tadbirkor va ishbilarmonlarni yangi marralar sari ruhlantirdi

Gulbeka  QUChQOROVA,

Pastdarg‘om tumanidagi “Beka-charos” xususiy korxonasi rahbari:

Prezidentimizning viloyatimizga tashrifi viloyat hayotining har jabhasida inson manfaatlari ustunligini, mamlakat taraqqiyotiga barcha sohalarda viloyatning qo‘shayotgan hissasini, yutuqlar bilan bir qatorda mavjud kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish zarurligini ko‘rsatib berdi. Qolaversa, barcha samarqandliklar ko‘nglidagi ezgu istaklarga qanot, ertangi yorug‘ kunlarga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamladi.

Davlatimiz rahbari 2017 yilda viloyatga tashriflari chog‘ida Samarqand shahri va boshqa tuman, shaharlarda qurilish-bunyodkorlik ishlarini keng ko‘lamda davom ettirish, turizm, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini jadal rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish yuzasidan vazifalarni belgilab bergan edi. Shu bois yurtboshimiz tashrif davomida mazkur topshiriqlar ijrosi bilan tanishib, yangi sanoat korxonalari va tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etish, aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha taklif va tavsiyalar, ko‘rsatmalar berdi.

Ko‘p yillardan beri Pastdarg‘om tumanidagi “Beka-charos” xususiy korxonasini boshqarib kelaman. To‘g‘risi, ilgari mamlakatda tadbirkorlarga bu darajada katta e’tibor ko‘rsatilganini eslolmayman. Bugun davlatimiz rahbarining o‘zi viloyatimizda bo‘lib viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, qurilish-bunyodkorlik ishlari ko‘lamini kengaytirish, tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, aholi turmush darajasini yanada oshirish, xotin-qizlar va yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha zarur ko‘rsatma va topshiriqlar bermoqda. Ochig‘i, bunday yuksak e’tibor va bizga bildirilayotgan katta ishonch biz tadbirkorlarga alohida ruhiyat va ikki karra mas’uliyat yukladi. Endi belni mahkam bog‘lab, belgilangan vazifalar ijrosini imkon qadar tezroq bajarishga kirishamiz.

Ta’kidlash kerak, Yurtboshimizning tashrifi davomida hech bir soha yoki yo‘nalish chetda qolmadi. Masalan, Pastdarg‘om tumani hokimligida viloyat faollari bilan uchrashuvi davomida ham aholini elektr energiyasi, tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash, 11 ta qishloqlararo va tumanlararo yangi avtobus yo‘nalishlari ochish, Samarqand viloyatida qo‘shimcha 642 namunaviy loyihadagi arzon uylar qurish, ayollar va yoshlar jinoyatchiligini kamaytirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdilar.     

Davlatimiz rahbari doimo tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlab kelayotganligiga Samarqandga qilgan tashrifida yana bir bor amin bo‘ldim. Tashrif chog‘ida viloyat faollari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda belgilangan vazifa va topshiriqlar biz tadbirkorlar zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi.

Baxtiyor XO‘JAYoROV,

Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashidagi O’zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi:

Samarqand viloyati mamlakatimizning iqtisodiy salohiyati yuqori, boy tarix va madaniyatga ega hududlaridan biri hisoblanadi. Respublikamizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar viloyat ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, shahar va qishloqlarining kun sayin o‘zgarib, obod bo‘lib borayotgani, aholi turmush farovonligi yuksalayotganida ham o‘z aksini topmoqda. Bu haqida yurtboshimiz kuni-kecha Samarqand viloyatiga tashriflari chog‘ida ham ta’kidlab o‘tdilar. 

Ta’kidlash joiz, davlatimiz rahbari 2017 yilda viloyatimizga tashriflari chog‘ida ham Samarqand shahri va boshqa tuman, shaharlarda qurilish-bunyodkorlik ishlarini keng ko‘lamda davom ettirish, turizm, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini jadal rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish yuzasidan vazifalarni belgilab bergan edi. Xususan, viloyatimizda turizmni rivojlantirish, Islom olamining buyuk namoyondasi, bobokalonimiz Imom al-Buxoriy majmuasini qayta ta’mirlashga alohida e’tibor qaratgan edilar. Shu asosda majmuani rekonstruksiya qilish hamda ushbu maskanga ziyorat turizmi bo‘yicha keluvchi sayyohlar uchun barcha xizmat turlarini qamrab oluvchi mehmonxona va infratuzilma ob’ektlari qurish bo‘yicha loyiha-takliflar tayyorlandi.

Loyihaga ko‘ra, ta’mirlash ishlarini majmua hududini uch qismga ajratgan holda bosqichma-bosqich amalga oshirish mo‘ljallangan. Avvalo, yodgorlikning old qismini ikki qavat qilib ko‘tarish, masjidni kengaytirish, 250 o‘rinli zal, yuqori martabali mehmonlarni kutish xonalarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.  Majmua ro‘parasida esa  mehmonxonalar, bozor, gipermarket, savdo va maishiy xizmat majmualari, kafe va choyxonalar, milliy hunarmandlik ustaxonalari, sport maydoni qurish rejalashtirilgan. Ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida majmua yaqinida mahalliy va viloyatlararo yo‘nalishlarda qatnovchi avtobuslar uchun avtovokzal hamda 700 o‘rinli avtomobillar to‘xtash joyi quriladi, majmuaga olib boruvchi yo‘l bo‘yida qishloq aholisi uchun ikki qavatli turar joylar bunyod etish belgilangan. 

So‘zimiz oxirida bir fikrni ta’kidlamoqchimiz: davlatimiz rahbari tashabbusi bilan kapital rekonstruksiya qilinayotgan majmua nafaqat viloyatimiz sayyohlik salohiyatini oshiradi, balki ma’naviy dunyomizning boyishiga va viloyatimizni yanada obod bo‘lishiga xizmat qiladi. Majmuaga hamohang ravishda qurilayotgan savdo va xizmat ko‘rsatish shahobchalari esa  elektoratimiz vakillari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishi shubhasiz.

 
  • Ko'rildi
    1282
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+