Aholi bandligini ta’minlashda xususiy sektorning o‘rni (+Foto, video)

17.06.2017, 19:23

Aholi bandligini ta’minlashda xususiy sektorning o‘rni (+Foto, video)

Toshkent shahrida O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan bir qator vazirlik va idoralar vakillari hamkorligida “Mehnat bozori rivojida – davlat va xususiy sektor hamkorligi” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi.

Ta’kidlash o‘rinliki, tadbir Prezidentimizning “Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlandi.

Ochiq muloqotda tegishli vazirlik va idoralar, tijorat banklari vakillari, tajribali tadbirkorlar va  yoshlar ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, farmon bugun mamlakatimiz mehnat bozoridagi vaziyat, qolaversa dunyoda bandlikni ta’minlash borasida mavjud zamonaviy uslublarni chuqur tahlil qilish va ularni yurtimiz manfaatlaridan kelib chiqqan holda joriy etish nuqtai nazaridan ishlab chiqilgan. Shu bois, ham farmonda bandlik masalalarini hal qilishda, ish o‘rinlarini yaratishda mutlaqo yangi yondashuvlar o‘z aksini topganligi ta’kidlandi.

Tadbirda mamlakatimiz iqtisodiyotini isloh qilish va diversifikatsiyalash, faol investitsiya siyosati yuritish hisobiga iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiyalash va texnologik jihatdan qayta jihozlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirishni rag‘batlantirish asosida har yili minglab yangi ish o‘rinlari yaratilayotganligi, bu o‘z navbatida o‘ta dolzarb muammo hisoblangan aholi, avvalambor yoshlar bandligini ta’minlash imkonini berayotganligi alohida tilga olindi.

Bandlik masalasini hal qilishda, yangi ish o‘rinlarini tashkil etishda bundan keyin ham nodavlat, jumladan xususiy sektor yetakchi o‘rinni egallashi qayd etildi. Ushbu muhim masalaning yechimi bevosita mamlakatimizda tadbirkorlikka keng yo‘l ochilishi, investitsion va biznes muhitning rivojlanib borishi bilan bevosita bog‘liq ekanligiga urg‘u berildi. Zotan, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi mamlakatda bandlik masalasini hal etilishini doimiy ravishda aynan mamlakatimizda, xususan har bir hududda tadbirkorlikning rivoji, biznes-muhitning takomillashib borishini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Shu tufayli ham farmonda Bandlik masalasini hal qilishda davlat idoralari hamda xususiy sektor hamkorligi masalasiga alohida urg‘u qaratilganligi ochiq muloqotda ushbu hujjatning eng muhim jihati sifatida atroflicha muhokama qilindi.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan farmondan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri bu kollej hamda oliy o‘quv yurtlarini bitirib mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash masalasi ekanligi, ularning soni yiliga 500 mingdan ortiq kishini tashkil etishi hisobga olinsa masalaning qanchalik dolzarb ahamiyat kasb etishiga e’tibor qaratildi. 

                                         

– Haqiqatdan ham, bugun mamlakatimizda yoshlar bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada ko‘plab amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Abduqodir Toshqulov. – Biroq yutuqlarimiz bilan birga ayrim kamchiliklar, muammolar ham borki, bundan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Birgina misol. Xabaringiz bor, parlament quyi palatasi deputatlari va Senati a’zolari har oyning 1-10 kunlari davomida  joylarda bo‘lib, aholi bilan bevosita muloqotda bo‘lmoqda. O‘zaro muloqotlar davomida esa fuqarolar tomonidan berilayotgan savollarning aksariyatini aynan ishga joylashish bilan bog‘liq muammolar tashkil etayapti. Bugun Prezidentimiz tomonidan joylarda olib borilayotgan islohotlardan pirovard maqsad – xususiy sektorni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash, turmush darajasini yaxshilashdan iborat. Shu ma’noda davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan mazkur farmon sohada olib borilayotgan islohotlarni yanada tezlashtiradi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.  

Tadbir ishtirokchilari qabul qilingan Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi etib qayta tashkil qilinganligini alohida e’tirof etdilar.

                                         

  • O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi xususiy sektorni rivojlantirmasdan turib aholi bandiligini samarali ta’minlab bo‘lmaydi degan g‘oyani har doim ilgari surgan va sohada ko‘p yillardan beri ishlayotgan mutaxassis sifatida bizning O‘zbekistonimiz uchun bu haqiqatdan ham eng to‘g‘ri yo‘l deb ayta olaman, – deydi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi boshqarma boshlig‘i Botir Alimuhammedov. – Demak, bandlik masalasini hal qilishda albatta bir tomondan ish beruvchi, ya’ni tadbirkor manfaatini ham, ikkinchi tomondan ishga kirayotgan xodim manfaatini ham e’tiborda tutish lozim bo‘ladi. Aynan mana shu nuqtai-nazardan yondashilsa, ish beruvchi va ishchi munosabatga kirishishdan mehnat munosabatlari deb nomlanuvchi munosabatlar boshlanishini e’tiborga olsak vazirlikning Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi sifatida o‘zgarganligining asosida turgan muhim bir g‘oyani anglab olish qiyin bo‘lmaydi.

Bandlik va mehnat munosabatlari masalasiga yondashuvdagi mana shunday fundamental yondashuv ushbu yangi idoraning oldida turgan sifat jihatidan mutlaqo yangi vazifalarning mazmun-mohiyatini tushunishga yordam beradi.

Tadbirda sohani rivojlantirish borasida ilgari surilayotgan yangi vazifalar to‘g‘risida ham atroflicha to‘xtalib o‘tildi.

Ochiq muloqot davomida tegishli vazirlik va idoralar vakillari tomonidan tadbirkor va yoshlarga mazkur huquqiy hujjatning mazmun-mohiyati va unda belgilangan ustuvor vazifalar haqida batafsil ma’lumotlar, keng tushunchalar berildi.

O‘z navbatida tadbir ishtirokchilari ham o‘zlarini qiziqtirgan savollari va takliflari bilan soha vakillariga murojaat qildilar, fikrlar bildirildi.

 

Ushbu savol-javoblarning ayrimlariga to‘xtalamiz:

 

                                     

Furqat Qalandarov, xususiy tadbirkor:

Bizning korxonamizda yuzdan ortiq ishchi doimiy mehnat qilib kelmoqda. Ba’zida qisqa muddatli qo‘shimcha shartnomalar tuzilishi tufayli 1-2 oyga qo‘shimcha ishchi kuchi olishga  ehtiyoj seziladi. Lekin qisqa muddatga ishchilarni jalb qilish jarayoni ham doimiy ishga olinadiganlarnikidek murakkab. O‘zi qisqa muddatga olinayotgan ishchi bo‘lsa, unining qog‘ozlarini rasmiylashtirishga bir necha kun, ba’zida bir haftagacha vaqt ketib qoladi. Bilaman, ayrim korxonalar aynan shunday murakkabliklar tufayli bunday hollarda ishchilarni hujjatini rasmiylashtirmasdan ishga jalb qiladi. Bu noto‘g‘ri deb o‘ylayman. Farmon bilan shunday holatlarni bartaraf qilish borasida ham biror yangilik ko‘zda tutilganmi? 

                                     

Feruz Sultonov, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi bosh boshqarmasi mas’ul xodimi:

– Farmonda bir qator yo‘nalishlar kabi xodimlarni qisqa muddatli ishga qabul qilish masalalariga alohida urg‘u berilgan. Siz ko‘targan masala yuzasidan ham aytib o‘tish kerakki, aynan ushbu farmon qabul qilingandan keyin bir qator vazirliklar undan kelib chiqadigan vazifalar borasida tegishli ishlarni boshlab yuborgan. Qisqa muddatga ishga qabul qilinadigan xodimlarni ishga rasmiylashtirish bo‘yicha bugungi kunda Adliya vazirligi tomonidan soddalashtirilgan tartib ishlab chiqilmoqda. Bu tartib yaqin vaqtda kuchga kiradi va qisqa muddatga qabul qilinayotgan shaxslarni rasmiylashtirish tartibini keskin soddalashtirishga xizmat qiladi. 

                                      

Hayotxon Qosimov, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti magistranti:

– Ayni chog‘da yoshlar xususan, kollej va oliy o‘quv yurti bitiruvchilari orasida ish izlab yurgan yigit-qizlarimizning aksariyati ko‘p hollarda turli saytlardan o‘zlari uchun ish izlashadi. To‘g‘ri bu saytlar orqali o‘ziga mos ish topayotganlar ham bor. Lekin, ochig‘i har doim ham bunday saytlarda uchrayotgan takliflarni ishonarli deb bo‘lmaydi. Shu o‘rinda albatta, informatsion texnologiyalar bugungi kunning talabi ekan, aynan shu yo‘l bilan ish izlayotgan yoshlar uchun biror ishonchli internet resurslarni keltira olasizmi?

                                       

Botir Alimuhammedov, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi boshqarma boshlig‘i:

– Haqiqatdan bugun yoshlar orasida ish izlab yurganlarni ko‘p uchratamiz. Ularni bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka jalb qilish borasida vazirligimiz tomonidan ham qator ishlar olib borilmoqda. Agarda bugun yoshlarimiz ishsizlik bo‘yicha turli muammolarga duch kelayotgan bo‘lsalar vazirligimiz qoshida tashkil etilgan mehnat.uz saytidan batafsil ma’lumotlar olishlari mumkin. Masalan bu ish o‘rni qaysi korxona, qanaqa sharoitlari bor va ish haqi to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlar oladilar. Shu bilan birga sayt orqali “shaxsiy yordamchi” degan xizmat joriy qilinyapti.

Tadbirda ishtirok etgan boshqa tadbirkorlar va yoshlar tomonidan ko‘tarilgan savollarga tegishli vazirlik va idoralar vakillari tomonidan javoblar qaytarildi.

Tadbir so‘ngida Farmonning mazmun-mohiyatini tadbirkorlar, oliy o‘quv yurti va kollej bitiruvchilari o‘rtasida kengroq tushuntirish borasida O‘zLiDePning hududlarda amalga oshiradigan ishlari yuzasidan kelishib olindi. Farmondan kelib chiqqan holda mavjud mehnat qonunchiligiga o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritish borasida tadbirkorlar tomonidan tushayotgan takliflarni umumlashtirish va partiyaning parlamentdagi fraksiyasiga kiritish borasida qaror qabul qilindi.

 

Download video

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    3398
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

"Баркамол" БПТ раиси Султонов Аббос2018-05-16 13:42:07

Президентимиз томонидан олиб борилаётган ислохотлар замирида биринчи галда инсонларнинг маанфатлари кўзда тутилмоқда. Бу эса барчамизни кувонтирмасдан қўймайди. Юрбошимизга мана шундай улкан ишларида зафарлар тилаймиз ва доимио бирга ёнларида бўламиз.


Хасанова Дилфуза Рахимовна Учкуприк Коракул КВП БПТ раиси2018-05-16 10:37:49

Бу карорнинг чикиши биз тадбиркорларнинг муоммоларимизни хал этишни ва камчиликларимизни бартараф этилишининг асоси хисобланади.


Fikringizni qoldiring

+