Qalbi qaynoqlik sururi

23.03.2018, 15:19

Qalbi qaynoqlik sururi

Necha kundirki, viloyatning shaharu qishloqlari, mahalla va xonadonlarida bayram shukuhi kezmoqda. To‘g‘ri-da, dalayu qirlarda sayillar, milliy o‘yinlar festivali, ko‘pkari-uloq musobaqalari... yosh-yalang laparu aytishuvlarni avjiga chiqarayotgan, savobtalab­lar doshqozon qo‘zg‘ashga chog‘lanayotgan, turli elatlar bahoriy taomlari bilan bir-birini siylayotgan bir paytda boshqacha bo‘lishi ham mumkinmi?..

Jizzaxda umumxalq hashari ko‘lami, ayniqsa, “Obod qishloq” dasturi asosida Do‘stlik tumani Manas qishlog‘ida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarida bo‘y ko‘rsatdi. Qisqa muddatda hashar ortidan ushbu qishloq zamonaviy va milliylikka burkandi: turarjoy binolari, ko‘chalar, ta’lim muassasalari, yo‘llar ta’mirlanmoqda.

– Diqqatga sazovor tomoni, Navro‘z arafasida 100 nafar tikuvchi qizlarni bag‘riga jamlagan “Manas chevarlari” korxonasi, non va non mahsulotlari ishlab chiqarish sexi ish boshladi, – deydi hasharchi, O‘zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari – apparat rahbari Sherzod Mamatqulov. – Odamlardagi ko‘tarinkilik, shukronalik esa bugunimizdan rozilik, ertamizga ishonch ifodasidir.

O‘zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi “Ayollar qanoti” va “Yoshlar qanoti” guruhi faollari, deputatlar, hamkor tashkilotlar vakillari Jizzax shahridagi 29-Mehribonlik uyida tadbir o‘tkazishdi. Fotosurat va san’at asarlari ko‘rgazmasi, mushoira, konsert dasturi,  bahoriy taomlar, kitob va o‘quv qurollari singari sovg‘alar tarbiyalanuvchilarga quvonch ulashdi. Ayniqsa, butunjahon sharq yakkakurashlari va jang san’atlari festivalining oltin medali sohibi, o‘zbek jang san’ati bo‘yicha sport ustasi Barno Qo‘shboqovaning Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi, boks bo‘yicha ikki karra res­publika chempioni Aleksey Parknovga o‘z medalini hadya qilgani bayramga yanada iliqlik bag‘ishladi.

– Bayramlarda deputatlarimiz ham faol, – deydi O‘zLiDeP Jizzax viloyat Kengashining deputatlik guruhlari bilan ishlash bo‘limi mudiri Akram Shaxarov. – Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Diyor Bozorov tashabbusi bilan G‘allaorol tumanidagi 90 nafar nuroniy, kam ta’minlangan oilalar vakillariga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Quvonarlisi, bunday xayriya tadbirlar barcha tumanlarda tashkil etildi. Qalbi qaynoq jizzaxliklar har daqiqadan unumli foydalanishga intilmoqda.

O‘zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1354
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+