Xatolar tahlil etildi, demak, yechim bor!

23.03.2018, 15:32

Xatolar tahlil etildi,  demak, yechim bor!

Boshlang‘ich tashkilotlar samarali faoliyat yuritgandagina, partiyaning mahalliy va hududiy kengashlari zimmasidagi vazifalarni bekamu ko‘st uddalashi mumkin. Shunday ekan, faoliyatimiz bugungi kun talablari darajasidami?

Qorako‘l tuman markaziy shifoxonasida tashkil qilingan quyi tashkilot hisobot-saylov yig‘ilishida mazkur masala asosiy mavzulardan biriga aylandi. Tadbirda mazkur BPTning 131 a’zosi, partiya tuman kengashi apparati xodimlari, deputatlar hamda elektorat vakillari ishtirok etdi.

–  Quyi bo‘g‘in faoliyati kamchiliklardan xoli emas, – deydi tuman kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi A’lojon Qo‘chchiyev. – Binobarin, hammamiz yig‘ilib, ochiqchasiga suhbatlashib, muammo va kamchiliklar yechimini birgalikda topishni asosiy maqsad qilib qo‘ydik.

To‘planganlar ushbu maqsadni dastlabki daqiqalardanoq his qilishdi, desak yanglishmaymiz. Maslakdoshlarimiz tayanch tuzilmaning o‘tgan yilgi faoliyatini tanqidiy yo‘sinda tahlil qilib bergan BPT yetakchisi  Gulchehra Saidovaning fikrlariga munosabat bildirar ekanlar, yo‘l qo‘yilgan xatolar sabablarini o‘z nuqtai nazarlaridan kelib chiqib talqin etib, izohlashga harakat qildilar va shu asosda aniq, asosli takliflar bildirishga, o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashishga intildilar. 

Tadbirda mavjud nuqsonlarni bartaraf etish, deputatlar, partiya yuqori organlari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash sharti bilan quyi tuzilma raisi qayta saylandi. So‘ngra 2017-2021 yillarda O‘zbekis­ton Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda Prezidentimizning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasidan kelib chiquvchi ustuvor vazifalar belgilandi. 

– Tadbirga partiyamiz safiga kirish uchun ariza topshirgan xodimlarni ham taklif qildik, – deydi quyi tuzilma raisi. – Chunki bunday yig‘ilishlar ular uchun o‘ziga xos tajriba maktabini o‘taydi. Qolaversa, a’zolik guvohnomasi va ko‘krak nishonining safdoshlarimiz, xayrixohlarimiz oldida tantanali tarzda topshirilishi yangi maslakdoshlarimizning ruhiyatini ko‘tarishi bilan birga, o‘z zimmalariga olgan mas’uliyatni yanada chuqurroq his qilishlariga yordam beradi.

Darhaqiqat, mazkur yig‘ilishda partiya safiga kirish uchun ariza bergan 46 nafar tibbiy xizmatchi o‘ziga xos dastlabki imtihondan o‘tishdi. Ya’ni, ular tadbir davomida nafaqat yig‘ilganlar tomonidan berilgan savollarga javob berishdi, balki tajribali safdoshlarining bahs-munozaralarida faol ishtirok etib, kun tartibidagi masalalar yuzasidan o‘z
fikr-mulohazalarini ham bildirish imkoniga ega bo‘lishdi. Shuningdek, yangi takliflar, g‘oyalarni ham o‘rtaga tashlashdi. Jumladan, partiya a’zolari uchun siyosiy o‘quvlarni yanada jonlantirish, targ‘ibot-tashviqot ishlarini o‘tkazishda interfaol usullardan foydalanish borasidagi mulohazalari ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Ayniqsa, BPTlarga biriktirilgan deputatlar bilan hamkorlik masalasiga alohida urg‘u berildi.

Ushbu hisobot-saylov yig‘ilishi ko‘pchilikda iliq taassurot qoldirib, partiyaviy ishni takomillashtirish uchun o‘ziga xos turtki vazifasini ham o‘tadi, deyish mumkin.

Hasan ARABOV,

O‘zLiDeP Qorako‘l tuman

Kengashi  apparati rahbari

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

Teglar
BPT
  • Ko'rildi
    1348
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+