Tegishli qarorlar qabul qilindi

17.03.2017, 19:42

Tegishli qarorlar qabul qilindi

Kecha O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi

Unda dastlab partiyaning 2016 yilgi Davlat budjeti va boshqa manbalardan kelib tushadigan daromadlarining shakllanishi hamda ushbu mab­lag‘larning maqsadli sarflanishi yuzasidan Hisob palatasi tomonidan o‘tkazilgan taftish natijalari, shuningdek, 2017 yilga mo‘ljallangan budjeti loyihasi ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, partiya o‘zining moliyaviy faoliyatini “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi va “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari asosida amalga oshirib kelmoqda.

Partiyaning qonunda belgilangan tartibda Davlat budjetidan moliyalashtirilishi hamda partiya Ustaviga muvofiq hududiy partiya tashkilotlari hisob raqamlariga kelib tushgan a’zolik badallari, tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlar hamda amaldagi qonunlarga zid bo‘lmagan boshqa barcha tushumlar uning imkoniyatlarini yanada kengaytirib, samarali faoliyat olib borishiga xizmat qilayotir. Buning natijasida markaziy va hududiy partiya tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, tashkiliy-partiyaviy, mafkuraviy, targ‘ibot-tashviqot ishlari ko‘lamini yanada kengaytirish orqali partiya o‘z dasturiy maqsad va vazifalarini hayotga izchillik bilan tatbiq etib kelayotgani qayd etildi.

Yig‘ilishda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashining navbatdagi IX majlisini chaqirish to‘g‘risidagi masala ham atroflicha muhokama qilinib, bu borada tegishli qaror qabul qilindi. Unga binoan majlisni o‘tkazish sanasi, vaqti, joyi va boshqa masalalarga aniqlik kiritildi.

Shundan so‘ng partiya muassisligida chop etilayotgan “XXI asr” ijtimoiy-siyosiy gazetasi tahririyatining 2016 yildagi faoliyati yakunlari va 2017 yilga mo‘ljallangan vazifalari to‘g‘risidagi hisoboti ko‘rib chiqildi. Partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi a’zolari ushbu masala yuzasidan gazeta Bosh muharriri Norqobil Jalilovning axborotini ma’lumot uchun qabul qilib, partiyaning asosiy targ‘ibot vositasi bo‘lgan nashr faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha qator taklif va tavsiyalarini bildirdilar.

 Majlis yakunida muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Akbar Muzaffarov,

“XXI asr” muxbiri

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1096
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+