Prezidentimizning Afg‘onistonda ta’limni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus xalqaro fond tuzish haqidagi taklifi – qo‘shni mamlakat taraqqiyoti uchun g‘oyat muhim

28.03.2018, 12:19

Prezidentimizning Afg‘onistonda ta’limni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus xalqaro fond tuzish haqidagi taklifi – qo‘shni mamlakat taraqqiyoti uchun g‘oyat muhim

Jafokash afg‘on xalqi necha yildirki, urush alangasidan aziyat chekadi. Kuni-kecha poytaxtimizda ushbu mamlakatda tinchlik o‘rnatish masalalarini muhokama etishga bag‘ishlangan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ham ana shu fikr bot-bot takrorlandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerini, BMTning Afg‘onistondagi maxsus vakili Tadamiti Yamamoto, shuningdek, AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Fransiya, Turkiya, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Eron, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari tashqi siyosiy mahkamalari rahbarlari, 25 davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. 

Davlatimiz rahbari mazkur konferensiyadagi nutqida ta’kidlaganidek, “urush olovi” afg‘on xalqiga chetdan tiqishtirilgan. Dunyo hamjamiyati esa bu jafokash mamlakatdagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etishga ko‘maklashishda muhim rol o‘ynaydi. Buning uchun birinchi navbatda mamlakat iqtisodiyotini tiklash Afg‘onistonga madaniy gumanitar yordam qo‘lini cho‘zish va ayniqsa, yoshlarni jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish g‘oyasi asosida tarbiyalash lozim. Jumladan, Afg‘onistonda ta’limni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus xalqaro fond tashkil etish va ushbu fond mablag‘larini mamlakatda talab katta bo‘lgan sohalar bo‘yicha milliy kadrlar tayyorlash, iste’dodli talabalar va yosh olimlar uchun stipendiya va grantlar ajratish borasida afg‘on hukumatiga ko‘maklashish zarur. Mazkur fond yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, afg‘on yoshlarini turli buzg‘unchi mafkura va g‘oyalardan xoli bo‘lib kamol topishiga xizmat qiladi, ularda Afg‘onistonning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi uchun munosib hissa qo‘shib yashashga undaydi.

Ta’kidlash kerak, Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ham Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani ishlab chiqish va qabul qilish taklifini ilgari surgan edi. Bu xorijlik mutaxassislarning ham e’tiborini tortgandi. Afg‘oniston ta’lim tizimini qo‘llab-quvvatlash haqidagi taklif ana shu konvensiyaning uzviy bo‘lagidir. Zotan, sifatli ta’limni yo‘lga qo‘ymay turib, mamlakatni rivojlantirishning imkoni yo‘q. Yurtboshimizning g‘oyat donolik bilan ilgari surgan bu takliflari yon qo‘shnimiz bo‘lgan – Afg‘oniston taraqqiyoti uchun muhim omildir.   

Zebiniso SAPAROVA

O`zLiDeP Surxondaryo viloyat Kengashi

 yoshlar bilan ishlash bo‘limi mudiri

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1656
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+