Afg‘onistonda tinchlik jarayoniga erishish yo‘lida

28.03.2018, 15:21

Afg‘onistonda tinchlik jarayoniga erishish yo‘lida

Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi va Afg‘oniston Islom Respublikasi o‘zaro tashabbusi bilan «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi, u xalqaro hamjamiyat tomonidan amalga oshirilayotgan Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash borasida sa’y-harakatlarning mantiqiy davomidir. Afg‘oniston Islom Respublikasi Markaziy Osiyoning bir qismi hisoblanadi, shuning uchun undagi nizoli vaziyat, xalqaro terroristik guruhlar mavjudligi, to‘xtamayotgan zo‘ravonlik va qon to‘kilishlari, narkobiznes mintaqamizning barcha mamlakatlarini xavotirga solmoqda.

Ammo Afg‘oniston xalqi tinchlikni istaydi. Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyovning xalqaro konferensiyadagi ma’ruzasidan tezis keltirish o‘rinli: “afg‘on xalqida o‘z farzandlari va kelajak avlodlarning baxt-saodati yo‘lida yangi, tinch hayotni boshlash va barpo etish uchun kuch-g‘ayrat, donishmandlik, mardlik va matonat yetarli”.

Bu borada ta’kidlash joizki, O‘zbekiston va Afg‘oniston xalqlari asrlar davomida yagona madaniy-tsivilizatsion makonda rivojlangan. Shu bois biz, qo‘shni davlat sifatida ushbu mamlakat bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlashdan manfaatdormiz. O‘z navbatida, O’zLiDeP Afg‘onistonni savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar aloqalar tizimiga jalb qilishning qat’iy tarafdori. Zero bu mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirishga xizmat qiladi. Bugungi kunda O‘zbekiston Afg‘onistonni ijtimoiy-iqtisodiy tiklashga o‘z hissasini qo‘shmoqda, masalan, elektroenergiya yetkazilmoqda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo-iqtisodiy aloqalar kengaymoqda.

Umuman olganda, Afg‘oniston xavfsizligi – bu O‘zbekiston xavfsizligi, butun bepoyon Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasi barqarorligi hamda taraqqiyotining garovidir. Xavfsizlik yagona va bo‘linmasdir va uni faqat birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan ta’minlash mumkin. Xavf-xatarlarning ba’zi birlarini “o‘zimizniki”, boshqasini esa “birovniki”, deb qabul qilmaslik zarur.

Partiyamiz qat’iy fikricha, Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi tinchlik yo‘li bilan tartibga solishga doir asosiy prinsiplarni ishlab chiqish va ular bo‘yicha xalqaro konsensusga erishish, afg‘on hukumati va qurollangan muxolifat o‘rtasida muzokaralarni boshlash mexanizmini ishlab chiqish, Afg‘onistonda milliy yarashish jarayoniga xalqaro hamjamiyat ko‘maklashuvi bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish borasida amaliy qadam bo‘ldi. O‘ylaymizki, O‘zbekiston bo‘lib o‘tgan konferensiya yakunlari bo‘yicha mamlakatimiz hududida Afg‘oniston va “Tolibon” harakati o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni tashkil etish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga qodir ekanligini namoyon etdi.

Dilorom FAYZIYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1351
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+