Manasda nima bo‘lyapti?

29.03.2018, 16:02

Manasda nima bo‘lyapti?

Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Obod qishloq” dasturi doirasida obodonlashtirish ishlari boshlab yuborilgan ilk manzil – Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi ­“Manas” QFY bugun chinakamiga obod qishloqqa aylanmoqda.

“Obod qishloq” dasturidan ko‘zlangan asosiy maqsad taraqqiyotdan ortda qolayotgan aholi maskanlari, ijtimoiy soha ob’ektlari, nochor ahvolda kun kechirayotgan oilalar, yurtimizning umumiy manzarasiga yarashmaydigan abgor ko‘rinishdagi uy-joylar, yo‘l hamda ko‘chalarni obod qilish, odamlarga munosib shart-sharoit yaratishdan iboratdir.

Avval xabar qilinganidek, O‘zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi Manasdagi Bahoriston ko‘chasida obodonlashtirish ishlarini o‘z zimmasiga olgan edi. Mazkur ko‘chada 46 ta uy mavjud bo‘lib, 68 ta oilada 294 nafar aholi yashaydi. Hovlilardagi tandirxona, tovuqxona, molxonalarning jami 2346 metr kvadrat maydoni, uylarning tashqi qismida 3594 metr kvadrat fasadi bir xil ko‘rinishda ta’mirlandi. Loyiha doirasida 64 nafar ishsizning 38 nafari ish bilan ta’minlandi. Iqtisodiy nochor oilalarga 6 bosh qoramol, 29 bosh qo‘y, 206 ta parranda homiylik asosida olib berildi. Targ‘ibot tadbirlarida deputatlar va partiya faollari tomonidan 26 oilaga jami 2 million 600 ming so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.

Partiyamiz a’zosi bo‘lgan faol tadbirkorlar homiyligi asosida uylar oralig‘i 164 kvadrat metr maydoni shlakoblok g‘isht bilan o‘raldi, 3 ta hovliga darvoza o‘rnatildi. Hovlilarga 2 million so‘mlik 100 tup mevali va 5 million 220 ming so‘mlik 87 tup manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. Ko‘chaning ikki tomoniga 16 million 800 ming so‘mlik 280 tup archa, 7 million 440 ming so‘mlik 186 tup mevali daraxt ko‘chatlari hamda 3 million so‘mlik 2000 ga yaqin gullar ekildi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O‘zLiDeP deputati, “Odil Farhod” xususiy korxonasi rahbari Farhod Odilov tomonidan ikki xonadonga jami 3 million 800 ming so‘mlik 4x12 hajmdagi 2 ta issiqxona homiylik asosida qurib berildi.

Partiya faollari uyma-uy yurib, har bir xonadon egalari bilan dildan suhbat qilishdi. Muloqot davomida fuqarolarning ijtimoiy ahvoli, yashash sharoitlari o‘rganildi. Bo‘sh turgan tomorqalardan daromad olish yo‘llari borasida tushunchalar berildi. Tajribali mirishkorlar jalb qilingan holda sabzavot va poliz ekinlarini ekishda yaqindan ko‘maklashildi. Sharof Rashidov tumanidagi “Xolmo‘minov Zohid” fermer xo‘jaligi rahbari Sharofat Noriyeva tomorqadan unumli foydalanish bo‘yicha uy bekalari uchun amaliy seminar o‘tkazdi. Fermer tomonidan Abdurashid Sulaymonovning xonadoniga 3x4 hajmdagi issiqxona qurilib, turli xildagi ko‘katlar va pomidor ko‘chatlari ekib berildi.

O‘zLiDeP nafaqat Do‘stlik tumanidagi Manas qishlog‘ida, balki boshqa hududlarda ham “Har bir inson baxtli yashashga haqli” shiori ostida amalga oshirilayotgan “Obod qishloq” dasturi doirasidagi ishlarda ham faol ishtirok etishni maqsad qilgan.

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1473
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+