Rekruting faoliyati hayotga tatbiq etilmoqda. U nima o’zi?

05.04.2018, 10:25

Rekruting faoliyati hayotga tatbiq etilmoqda. U nima o’zi?

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraktsiyasining navbatdagi yig’ilishi bo’lib o’tdi. Unda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor masalalar deputatlar tomonidan muhokama qilindi.

Dastlab Prezidentimizning joriy yil 23 martdagi “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarori mazmun-mohiyati hamda ahamiyati haqida so’z yuritildi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda bank sohasida ro’yobga chiqarilayotgan keng ko’lamli sa’y-harakatlar xorijiy sarmoyadorlar, xalqaro moliya institutlari va jahon bank tizimidagi ko’zga ko’ringan mutasaddilar tomonidan yuksak e’tirof etilmoqda. Chunonchi, o’tgan yilning sentyabr oyida amalga oshirilgan islohotlar natijasida mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishiga qulay sharoitlar yaratildi, chet el valyutasida ajratilgan kreditlarni banklarning kredit siyosati hamda o’zaro kelishuv asosida istalgan valyutada qaytarish imkoniyati ochildi, valyuta bozorini liberallashtirish bo’yicha davlat iqtisodiy siyosatining eng muhim yo’nalishlarining to’liq ijrosi ta’minlandi, tashqi savdoning barcha qatnashchisi ham huquqiy, ham iqtisodiy jihatdan tenglashtirildi. Bu yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini jadallashtirish, aholi bandligini ta’minlash va turmush darajasini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

— Amaliyotda bank sohasiga oid milliy qonunchilik bazasi to’liq shakllangan bo’lsa-da, yuridik shaxslar hamda fuqarolarimiz tomonidan ko’tarilayotgan ko’plab masalalarning ildizi banklarga borib taqalayotganini, tizim faoliyatini yanada takomillashtirish, huquqiy jihatdan tartibga solishda ayrim muammolar mavjudligini ko’rsatayotgan edi, — deydi O’zLiDeP fraktsiyasi a’zosi Adham Nazirqulov. — Qaror bilan dastlabki ruxsatlar olishning sanoqsiz tartib-taomillari bartaraf qilinishi, bank muassasasiga mijozning hujjatsiz kirishi, ayniqsa, maslahatlar xizmatlari ochiqligi ta’minlanayotganini e’tiborga oladigan bo’lsak, biz tom ma’noda “yangi bank madaniyati”ning shakllanishiga tamal toshi qo’yilganiga guvoh bo’lib turibmiz. Aytish mumkinki, mazkur hujjat bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashda dolzarb ahamiyatga ega.

Fraktsiya a’zolarining fikricha, ushbu qarorning tezkorlik bilan ijro etilishi tadbirkorlar, qolaversa, butun xalqimizning bank tizimiga bo’lgan ishonchini yanada oshirishda to’siq bo’layotgan bir qator muammo hamda kamchiliklarni bartaraf qilishga erishilishini kafolatlaydi.

Yig’ilishda “Rekruting faoliyati to’g’risida”gi qonun loyihasi yuzasidan qizg’in fikr almashildi.

Ta’kidlanganidek, unda bandlikka ko’maklashish bo’yicha xizmatlar bozorida raqobatdosh muhitni yaratish masalalari ilgari surilgan bo’lib, O’zbekistonda rekruting agentliklari faoliyati bilan bog’liq munosabatlar qonunchilik bilan tartibga solinmoqda.

— Mazkur qonun loyihasi Xalqaro mehnat tashkilotining Xususiy bandlik agentliklari to’g’risidagi konventsiyasining xalqaro standartlarini va rekruting faoliyatini tashkil etish hamda rivojlantirishning xorij tajribasini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan, — deydi O’zLiDeP fraktsiyasi a’zosi Oybek Egamov. — Qonunning qabul qilinishi fuqarolarni mamlakatimiz korxonalari hamda chet elda ish bilan ta’minlash imkoniyatlarini jiddiy ravishda ko’paytirish va kengaytirish, davlat xizmati hamda xususiy sektor tomonidan aholi bandligiga ko’maklashish mexanizmlarini aniq tartibga solish, ishga joylashtirish bo’yicha ko’rsatilayotgan xizmatlar tartibi va shartlarini, rekruting agentliklari, korxonalar hamda ish qidirayotgan shaxslarning huquq va majburiyatlarini aniqlash imkonini beradi.

Muhokamalarda kun tartibidan o’rin olgan bir qator qonun loyihalari, shu jumladan, fraktsiya vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham muhokama etilib, ular yuzasidan fraktsiyaning nuqtai nazari belgilab olindi, tegishli qarorlar qabul qilindi.

  • Ko'rildi
    1450
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+