Moliyaviy ochiqlik xizmat ko‘rsatish madaniyati va bank tizimiga bo‘lgan ishonchni oshiradi

05.04.2018, 14:48

Moliyaviy ochiqlik xizmat ko‘rsatish madaniyati va bank tizimiga bo‘lgan ishonchni oshiradi

Xorijiy mamlakatlarda xizmat safarida bo‘lgan chog‘imizda u yerlardagi sarmoyadorlarning: “Biz banklarimizga ishonamiz, istalgan paytimizda bankdan xoh naqdsiz, xoh naqd pulni istalgan miqdorda olib ishlatishimiz mumkin”, degan kinoyali qochirimlarini ham eshitganmiz. Yarim ishonib, yarim ishonmasdan O‘zbekistonda ham shunday bank tizimi ishlab ketishi uchun yana nimalar qilishimiz, qanday takliflar ilgari surishimiz kerak, degan o‘ylar ichida qolganimiz ham rost.

Garchi bank sohasiga oid milliy qonunchilik bazasi to‘liq shakllangan bo‘lsa-da, ayrim masalalarda, xususan, banklarga ishi tushadigan mijozlarning murojaatlarini chuqur o‘rganar ekanmiz, yuridik shaxslar va fuqarolarimiz tomonidan ko‘tarilayotgan ko‘plab muammolar ildizi banklarga borib taqalayotganini, tizim faoliyatini yanada takomillashtirish uchun huquqiy jihatdan tartibga solishga muhtoj bo‘lgan va hali amalga oshirish lozim bo‘lgan muammolar batamom bartaraf etilmaganligini anglaymiz.

Shu yil 23 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev imzolagan “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror ana shu maqsadlarga xizmat qiladi. Hujjat bank xizmatlari iste’molchilarining huquq va qonuniy manfaatlariga, ayniqsa, hududlarda rioya etish hamda yanada oshirishdagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Hech ham yashiradigan joyi yo‘q, har gal ul-bul ehtiyoj bilan bankka borarkanmiz, qachon bankda to‘liq madaniy va ishonchli xizmat ko‘rsatilishiga erishamiz, bizning huquqlarimiz, iste’molchilarning, ayniqsa banklarning asosiy mijozi – O‘zLiDeP elektorati – tadbirkorlarning huquqlari himoyasini to‘la-to‘kis bankka ishonib topshirish mumkin bo‘larkan, degan fikr va umid bilan yashaymiz. Yaxshiki, umidlar ro‘yobga chiqayapti. Yaqindagina Markaziy bank tizimida Bank xizmatlari iste’molchilari huquqlarini himoya qilish xizmati tashkil etildi, endilikda esa yurtboshimiz qarori bilan bankdan rozi bo‘lish uchun aksariyat muammolar hal etilganini ko‘rib turibmiz.

Qaror bilan dastlabki ruxsatlar olishning sanoqsiz tartib-taomillari bartaraf etilishi, “bank”dek muassasaga mijozning hujjatsiz kirishi, undan tashqari maslahatlar xizmatlari ochiqligining ta’minlanayotganlini e’tiborga oladigan bo‘lsak, biz tom ma’noda “yangi bank madaniyati” shakllanishiga tamal toshi qo‘yilganining guvohi bo‘layapmiz.

Ikkinchi masala, bankka murojaat qilgan tadbirkor, biron bir hujjatga imzo qo‘yishidan oldin “chumoli” harflarda yozilgan shartnomada “qarzning haqiqiy to‘qmog‘i” bo‘lgan birorta band o‘tib ketib qolmasligi uchun foiz va “neustoyka”lardan o‘zini himoya qilishning mumkin bo‘lgan va mumkin bo‘lmagan yo‘llarini qidirib yurardi. Prezident qarori bunday illatga ham chek qo‘yayotganini – bank-mijoz munosabatlarining yangi milliy bosqichiga chiqqanidan dalolat beradi.

Biz bank sohasidagi inqilobiy islohotlarning ikkinchi va muhim bosqichiga chiqdik. Zero, 2017 yilda xorijiy sarmoyadorlar, xalqaro moliya institutlari va jahon bankining nufuzli mutasaddilari O‘zbekistonda bank tizimida olib borilayotgan islohotlarni “valyuta bozorini liberallashtirishning sentabr islohoti – Markaziy Osiyodagi misli ko‘rilmagan jasoratli qadam” deb baholagan edi.

Darhaqiqat, mamlakatimizda bank tizimida yurtboshimiz tashabbusi bilan xalq roziligini ta’minlash, uning nafaqat ertangi kunini, balki bugunini ham yorug‘ va baxtli qilish yo‘lida keskin choralar ko‘rildi va bu xayrli qadamlarning mevalarini xalqimiz o‘z ko‘zi bilan ko‘rmoqda.

Chunonchi, “2017 yil sentabr islohoti” tufayli mamlakatda tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishiga qulay sharoitlar yaratildi, chet el valyutasida ajratilgan kreditlarni banklarning kredit siyosati va o‘zaro kelishuv asosida istalgan valyutada qaytarish imkoniyati ochildi, valyuta bozorini liberallashtirish bo‘yicha davlat iqtisodiy siyosatining eng muhim yo‘nalishlarining to‘liq ijrosi ta’minlandi, tashqi savdoning barcha qatnashchilari ham huquqiy, ham iqtisodiy jihatdan tenglashtirildi, o‘z-o‘zidan bu – mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini jadallashtirishga, aholi bandligini ta’minlash va turmush darajasini oshirishga xizmat qilmoqda.

O‘zbekistonda “zamon zayli” deb ataladigan yana bir yirik loyihaga asos solindi – mahalliy va xalqaro bank kartalari bo‘yicha hisob-kitoblar ishtirokchilari o‘rtasida axborot va texnologik o‘zaro munosabatlarni bog‘laydigan Milliy bank protsessing markazini yaratish konsepsiyasi ishlab chiqiladigan bo‘ldi,  O‘zbekistonning so‘nggi ikki yillik odimlari yurtimizni 2030-2040 yillar marralariga yanada yaqinlashtirmoqda.

Tasavvur qiling, qarorning yettinchi bandida keltirilgan yangi mexanizmlar asosida aynan shunday amaliyotning mintaqada birinchi bo‘lib qo‘llanilishi, davlatimizni yaqin 5 yil ichida Markaziy Osiyodagi mintaqalararo xavfsiz tranzaksiyalarni ta’minlovchi “bank xab”iga aylantirishi mumkin. O‘ylaymizki, bunday muhim hujjatning tezkorlik bilan hayotga tatbiq etilishi yaqin istiqbolda yurtimizni mintaqada yetakchi bank-moliya tuzilmasiga aylantiribgina qolmasdan, balki o‘rta sinf vakillari, elektoratimiz – tadbirkorlarning, qolaversa, butun xalqimizning turmushini farovon qilishda muhim o‘rin tutadi.

Adham ShODMONOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi,

Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1652
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Хислат Зайниддинов2018-04-20 16:49:23

Банклардаги ижобий ўзгаришларни ҳар биримиз ҳис қилиб турибмиз. Ўтган йиллардаги каби нақд пул муаммоси, кредит ажратилишдаги муаммолар йўқ бўлмаган бўлсада анча камайган. Президентимизнинг сайи ҳаракатлари ва бизнинг қуллаб-қувватлашимиз билан бизнинг банкларимиздаги ҳолат ҳам чэт эл банкларидан қолишмаётган кунлар келади алббатда.


Fikringizni qoldiring

+