O‘zLiDeP ko‘magi bilan xorazmlik 2 tadbirkor “Niva Grinxauzis” bilan shartnoma tuzadi

20.04.2018, 17:13

O‘zLiDeP ko‘magi bilan xorazmlik 2 tadbirkor   “Niva Grinxauzis” bilan shartnoma tuzadi

O‘zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi “O‘zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligining “Kichik tadbirkorlik sub’ektlarini milliy valyutada kreditlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom ijrosiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etdi.

Tadbirda soha mutaxassislari tomonidan viloyatda faoliyat yuritayotgan ishbilarmonlarga kichik tadbirkorlik sub’ektlarini milliy valyutada kreditlash tartibi, xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklariga hujjatlarni taqdim qilish tartiblari haqida tushunchalar berildi.

Amaliy muloqot davomida viloyatda eksport salohiyatini oshirish, import aylanmasini kamaytirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, eksportbop mahsulotlar turi va hajmini kengaytirishda tadbirkorlarga to‘siq bo‘layotgan muammolar o‘rganildi.

– Bunday muloqotlar tadbirkorlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi, – deydi O‘zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi raisi Sh.Safarbayev. – Chunki muloqotda hamkorimiz, Rossiya Federatsiyasining “Niva Grinxauzis” OOO kompaniyasining O‘zbekistondagi vakili X.Ibragimov zamonaviy issiqxonalar qurish texnologiyasi haqida zarur ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, yuqori sifatli va eksportbop pomidor turlarini yetirishtirish, qadoqlash, rivojlangan mamlakatlarga shartnoma asosida eksport qilish yo‘llari haqida kerakli tavsiyalarni berib o‘tdi. E’tiborli jihati shundaki, tadbir davomida 2 nafar tadbirkorimiz ushbu kompaniya bilan shartnoma tuzishga kelishib oldi.

Tadbirda Davlat Bojxona qo‘mitasi Xorazm viloyat boshqarmasi mutaxassislari bojxona bojlari, imtiyozli eksport qilinuvchi mahsulot turlari haqida ma’lumot berishdi.

Nilufar DJABBAROVA,

O‘zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi

matbuot xizmati kotibi

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    2416
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+