Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida qonun loyihasini ishlab chiqish vaqti kelmadimi?

23.04.2018, 11:06

Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida qonun loyihasini ishlab chiqish vaqti kelmadimi?

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligida foydalanish uchun yaroqli deb hisoblangan yer maydonlarining kamligi tufayli mavjud yerdan foydalanishning samarali yo‘llarini izlashni davrning o‘zi taqozo qilmoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, yurtimiz hududining 85 foizi cho‘l hamda yarimcho‘l yerlardan tashkil topgan. Jami sug‘oriladigan yerlarning 49 foizi turli darajada sho‘rlangan bo‘lib, uning qariyb 18 foizi kuchli va o‘rta darajada sho‘rlangan yerlardir, 23 foizdan ortig‘i esa boniteti past yerlar toifasiga kiradi.

Bugungi kunda yurtimizda aholi ixtiyorida 480 ming gektardan ortiq tomorqa ekin maydonlari mavjud. Tasavvur qilyapsizmi, chuqurroq tahlil qilib ko‘radigan bo‘lsak, albatta, bu hazilakam raqam emas

Mutaxassislarning qayd etish­laricha, insonning normal ovqatlanishi uchun har bir kishiga o‘rtacha yillik 113 kilogramm sabzavot, 50,4 kilogramm kartoshka, 19,3 kilogramm poliz, 21,3 kilogramm meva va uzum, 40 kilogramm go‘sht, 140 litr sut, 121 dona tuxum, 0,8 kilogramm asal va boshqalar talab qilinar ekan. O‘ylab ko‘raylik, nomlari sanab o‘tilgan mahsulotlarning aksariyat qismi osmondan tushmaydi, sizu bizning ko‘z o‘ngimizda, ya’ni tomorqamizda yetishtiriladi. Demak, davlatimiz rahbari har gal takror va takror aytayotgan  dolzarb masalaning tub yechimi har bir oiladagi tomorqa bilan bevosita bog‘liq. Biz ana shu bebaho xazinadan unumli foydalana olsakkina dasturxonimiz to‘kin, turmushimiz farovon bo‘ladi.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: shunday ekan, bugungi kunda tomorqa yer egaligi, undan foydalanishga daxldor munosabatlarning huquqiy holati qanday? O‘zbekiston Respub­likasi Konstitutsiyasining 55-moddasida “Yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simliklar va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, undan oqilona foydalanish zarur, chunki ular davlat muhofazasidadir” deb belgilab qo‘yilgan. Demak, yerdan foydalanish va uni muhofaza qilish bosh qomusimiz asosida tartibga solinadi. O‘zbekiston Respublikasining “Yer kodeksi”, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”, “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”, “Davlat yer kadastri to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlari mamlakatimizda yer resurslaridan samarali va oqilona foydalanishning huquqiy poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda.

Lekin, Konstitutsiyamiz asosida qabul qilingan ushbu kodeks va qonunlarimiz tomorqa yer egaligidagi yerdan foydalanish borasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan to‘la qamrab olmaydi. Ushbu holatni davlatimiz rahbari tomonidan oxirgi 2017 yil oktabr va 2018 yil yanvar oylarida qabul qilingan fermer va dehqon xo‘jaliklari bilan bir qatorda tomorqa yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan 2 ta farmon va 2 ta qarorning qabul qilinishi ham ochiq-oydin izohlab beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017 yil 9 oktyabrdagi farmonida alohida qayd etilganidek,  aholi ixtiyoridagi 480 ming gektardan ortiq tomorqa ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligi past darajada. Uzoq yillar foydalanilmayotgan tomorqa yer egalarining yerga nisbatan munosabatini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha tizimli ish olib borilmayapti. Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini moddiy-texnika resurslari bilan ta’minlash va ularga xizmat ko‘rsatishda zarur infratuzilmalar yaratilmagan hamda sohada bozor mexanizmlari yetarli darajada shakllanmagan. 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar sterategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini yanada qo‘llab-quvvatlash, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligini ta’minlash, provard natijada yer egalarining daromadlarini ko‘paytirishga bo‘lgan munosabatlarni tubdan o‘zgartirish lozim. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 oktyabrdagi ”Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun berilgan yer uchastkalarining tomorqa qismida asossiz ravishda qish­loq xo‘jaligi ekinlari ekmagan yoki uni obodonlashtirmagan yer egalariga nisbatan belgilangan yer solig‘i stavkasining uch barobar oshirilgan miqdori qo‘llanishi belgilandi.

Ta’kidlash joiz, yuqorida nomi qayd etilgan farmonda yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligi xalq deputatlari tuman kengashlarida muhokama etilishiga alohida urg‘u berilgan. Belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tashabbusi bilan yerdan, xususan, tomorqadan unumli foydalanayotgan yer egalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tgan 2017 yildan beri “O‘zLiDeP boshlang‘ich tashkilotlari o‘z tomorqasida tadbirkorligini boshlaganlarga ko‘makdosh” loyihasi amalga oshirib kelinmoqda. Loyiha doirasida partiyaning eng quyi bo‘g‘ini mahalliy kengashlardagi deputatlik guruhlari va hududiy partiya tashkilotlari bilan hamkorlikda tomorqasida xususiy tadbirkorlikni boshlamoqchi bo‘lgan yoki faoliyatini boshlagan, lekin ayrim muammolarga duch kelayotgan oilalarga ko‘mak berib kelayotir. Shu kungacha quyi bo‘g‘inlar 18 mingdan ziyod xonadon egalari bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazishdi. Pirovardida 13 mingga yaqin xonadon egalari bu borada o‘z faoliyatini boshlab yuborishdi. Shuningdek, 9 mingdan ziyod oilaga bankdan kredit olish, urug‘lik va ko‘chatlar yetkazib berish, yerning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha taklif-tavsiyalar berildi.

Yuqorida bayon etilgan fikrlardan kelib chiqib, xulosa qilish mumkinki, avvalo, davlatimiz rahbari tomonidan tomorqa xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirish borasida qisqa muddatda qabul qilingan qator hujjatlar ijrosini ta’minlashning aniq huquqiy mexanizmini yaratish vaqti keldi. Qolaversa, “O‘zLiDeP boshlang‘ich tashkilotlari o‘z tomorqasida tadbirkorligini boshlaganlarga ko‘makdosh” loyihasi doirasidagi o‘rganishlar, ta’kidlanganidek, 18 mingdan ziyod tomorqa egalari bilan yuzma-yuz muloqot, partiya tashkilotlariga bu borada qilingan murojaatlar, O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda O‘zLiDePning Saylovoldi dasturi doirasida ko‘zda tutilgan qonunchilik tashabbuslarini tayyorlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish guruhining bu boradagi milliy va xorij  tajribasining tahlillari tomorqa xo‘jaligiga oid yaxlit huquqiy hujjatni ishlab chiqishni taqazo etmoqda.

Ayni shu asoslarga tayanib, O‘zLiDeP  “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasining konsepsiyasi va dastlabki tahriri loyihalarini ishlab chiqdi. Ushbu loyihalarni yaqin kunlarda partiya tashkilotlari va elektorati bilan muhokama qilish rejalashtirgan.

Qonun loyihasida, tomorqa tushunchasi, tomorqa yer egaligi sub’ektlari, ularning huquqiy maqomi, tomorqa yer egalari faoliyatini, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning samarali tizimi, yer egalarining ekin maydonlaridan samarali foydalanishdagi shaxsiy manfaatdorligi va mas’uliyatini oshirish, bu borada jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning huquqiy mexanizmiga oid normalar kiritish nazarda tutilmoqda. Sohada, davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining ekin yer maydonlaridan samarali foydalanishni ta’minlash bo‘yicha vazifalarini aniq belgilab qo‘yish maqsad qilingan. Shuningdek, loyihada tomorqa xo‘jaliklarini rivojlantirish uchun kulay shart-sharoitlar yaratish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, tomorqa yer egalarining moliyaviy-iqtisodiy barqarorligini ta’minlash, ularning tayyorlov, qayta ishlash, ta’minot va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlarini belgilab beruvchi normalar, yer egalarining bilim va tajribalarini oshirish, ularni zarur ma’lumot va axborotlar bilan ta’minlash, mehnat munosabatlarini tashkil etish borasida normalar ham kiritilmoqda.

Ta’kidlash kerakki, ushbu qonun loyihasini tayyorlash jarayonidagi tahlil va o‘rganishlar amaldagi O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksini, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”, “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”, “Davlat yer kadastri to‘g‘risida”, “Kooperatsiya to‘g‘risida”, “Qishloq xo‘jaligi kooperativi  to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini qayta ko‘rib chiqib, klaster tamoyillarini uyg‘unlashtirgan holda ushbu qonunlarni yangi tahrirda ishlab chiqishni kun tartibiga qo‘yishga asos borligini ko‘rsatmoqda.

Nuriddin MURODOV,

 O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi

Ijroiya qo‘mitasi guruh rahbari

O‘zLiDePning Facebook va Instagram’dagi rasmiy sahifasi hamda Telegram’dagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    2316
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Ma'ruf2020-04-23 03:50:23

Assalomu alaykum! Maqolani to'liq o'qib chiqib tushungan xolda shuni aytmoqchimanki yana bitta qonun ishlab chiqib nimani o'zgartiramiz? Janob Nuriddin Umarov sizni tomorqangiz bormi va o'zi bo'lganmi? Halqda 480000 gr. Tomorqa mavjud bo'lsa bu maydonlarga millionlab odamlar egalik qilishadi va xar birini ekin maydoni 50 sotix atrofida, lekin bitta oila fermer 100 gr. joyi bor qo'lida oshib borsa 10 ta odam ishlaydi. Agar siz va boshqa o'zingiznikiga o'xshagan kreativ fikrlamaydigan ura urachilardan iborat partiyadagilar o'ylab ko'rganda edi fermerlarni yerini odamlarga qayta oila boshiga 1 yoki 2 gektardan bo'lib berishni taklif qilgan bo'lardinglar. Yuqoridagi fikrlar hammasi bir xil .....


Гурлан туман Фермерлар Кенгаши БПТ2018-04-24 15:22:50

Ҳақиқатдан ҳам бизда томорқа ерларидан фойдаланиш даражаси паст. Агарда мева-сабзавот маҳсулотларини чет давлатлардан экспорт қилмасдан, ўзимизда томорқа ерларимизда етиштирадиган бўлсак, оиламизнинг иқтисодий аҳволи яхшиланишига, турмушимиз яхшиланишига эришган бўламиз.


AN 07-0352018-04-24 09:23:22

томорқа хўжаликлари маҳсулотларни ишлаб чиқаришни кўпайтириш, маҳсулотларни қайта ишлаш, заҳираларда сақлаш, оила аъзоларини иш билан банд қилиш, оила даромадларини ошириб бориш ва турмуш сифатини яхшилаб боришда муҳим роль ўйнайди ва иқтисодиётнинг истиқболига хизмат қилади. Давлатимиз томонидан шахсий томорқа ерлари унумдорлигини ошириш ва имкониятларини кенгайтириш бўйича кўрсатилаётган бундай ғамхўрлик шу йилнинг ўзидаёқ нафақат Булоқбошида, балки бутун вилоят миқёсида ўзининг салмоқли натижасини тўлиқ кўрсатишини таъкидлаб ўтиш лозим. Чунки, томорқа ҳар биримизнинг хонадонимизда шаклланган, пойдевори бор тизим. Унга фақат бугунгидек молиявий мадад ва эътибор зарур эди... Ҳа, бугун замон тадбиркорники! Буни йилнинг тўрт фаслида ҳам ишлайман, ўзимга ҳам, юртимга ҳам, одамларга ҳам фойда келтираман, деб меҳнат қилаётган Булоқбошилик тадбиркорлар ва дехқонлар яхши биладилар. Келинг, сиз ҳам шахсий томорқангиздан унумли фойдаланинг, оилангиз даромади, юртимиз равнақига ҳисса қўшинг!


Сафаров Фарруҳ2018-04-23 17:50:42

Мамлакатимиз иқтисодиётини барқарорлаштириш доирсаида Қишлоқ хўжалиги соҳасида кенг кўламли ислоҳотлар амалга оширилиб келинмоқда. Жумладан, Ўзбекистон Республикаси Президентининг 2017 йил 10 октябрдаги ”Фермер, деҳқон хўжаликлари ва томорқа ер эгалари фаолиятини янада ривожлантириш бўйича ташкилий чора-тадбирлар тўғрисида”ги қарори фуқароларимизнинг ўз томорқа ерларидан унумли фойдаланишлари учун хуқуқий асос бўлди десак муболаға бўлмайди. Серқуёш заминимизда тўрт фаслдан ҳам самарали фойдаланиш бугунги кунда иқтисодиётимизнинг барқарорлигига ижобий рол ўйнайди. Шу нуқтаи назардан келиб чиқиб томорқа хўжалиги тўғрисида қонун лойиҳасини ишлаб чиқиш давр талаби ҳисобланади.


Омонов Бахтиёр2018-04-23 17:42:38

Зафарободтумангаз корхонаси БПТ раисиман. - Хақиқатда қишлоқ хўжалигида фойда кам келтирадиган экинлар ўрнига полиз экинлари, сабзавот экинлари экилса мақсадга мувофиқ бўлади. - Хонадонларда томорқасидан тўғри мақсадда фойдаланиб рўзғорда керак бўладиган махсулотларни экилса ахир ўша хонадон эгалари манфаат кўришади бозордан харид қиладиган пули тежалади бу хам оила бюджетига қўшимча даромад деса бўлади.


Ахмедов Яшнар2018-04-23 17:35:07

Ўзбекистон Республикаси Президентининг 2017 йил 10 октябрдаги ”Фермер, деҳқон хўжаликлари ва томорқа ер эгалари фаолиятини янада ривожлантириш бўйича ташкилий чора-тадбирлар тўғрисида”ги қарорида якка тартибда уй-жой қуриш ва уй-жойни ободонлаштириш учун берилган ер участкаларининг томорқа қисмида асоссиз равишда қиш­лоқ хўжалиги экинлари экмаган ёки уни ободонлаштирмаган ер эгаларига нисбатан белгиланган ер солиғи ставкасининг уч баробар оширилган миқдори қўлланиши белгиланганлиги ахолини томоркага булган муносабатини ижобий томонга узгартирди


Шойимов Қодир Бойирович2018-04-23 15:22:14

“Томорқа хўжалиги тўғрисида”ги Ўзбекистон Республикаси Қонунининг қабул қилиниши, томорқа ер эгаларининг ҳуқуқлари ва қонуний манфаатларини тизимли ҳимоя қилиш, экин майдонларидан самарали фойдаланиш, бу борада жамоатчилик назоратини амалга оширишда муҳим аҳамият касб этади. Шунингдек, Қонун қабул қилиниши орқали томорқа хўжалигини ривожлантиришда қулай шарт-шароитлар яратилади, томорқа ер эгаларининг тайёрлов, қайта ишлаш, таъминот ва хизмат кўрсатувчи ташкилотлар билан ўзаро муносабатларини белгилаб беради. Натижада ўзи етиштирган маҳсулотларни ўзи белгилаган нарҳларда қайта ишлаш, сотиш ва экспорт қилиш учун ҳуқуқий асос яратилади. Энг муҳими “Томорқа ер эгаси” – деган ҳуқуқий мақам, субъект пайдо бўлади.


Fikringizni qoldiring

+