Maqsad o‘zimizni ko‘z-ko‘z qilish emas, balki...

24.04.2018, 19:49

Maqsad o‘zimizni ko‘z-ko‘z qilish emas, balki...

Avval xabar berganimizdek, O‘zLiDeP tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi markazi bilan hamkorlikda kollej o‘quvchilari o‘rtasida “Yosh innovatsiyachi” ko‘rik-tanlovi e’lon qilingan edi.

Nokamtarlik bo‘lsada, shuni alohida aytib o‘tishim kerakki, tanlov haqidagi xabar partiyamiz veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilingandan so‘ng unga qiziquvchilar soni keskin ko‘payib ketdi. Tinimsiz qo‘ng‘iroqlar va yozishmalar orqali yoshlarimiz nafaqat tanlovga doir savollar bilan murojaat qilishayapti, balki bu boradagi takliflarini ham bildirishmoqda. Tabiiyki, ularning faoliyatimizga befarq emasligi bizni judayam quvontirmoqda.

Takror bo‘lsada, tanlovning asosiy shartlariga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Demak, tanlov nizomiga muvofiq, ishtirokchilar ishlab chiqarish va servis, turizm, qishloq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirish borasida ishlab chiqqan  innovatsion loyihalari ko‘rgazmasi asosida aniqlanadi. Ko‘rik-tanlov sovrindorligiga nomzodlarni tavsiya etish va g‘oliblarni aniqlashda asosiy e’tibor nomzodlarning o‘qishdagi muvaffaqiyatlari, ijtimoiy faolligi va iste’dodi, yetakchilik qobiliyati hamda innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalarini qay darajada o‘zlashtira olganligiga qaratiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan respublika bo‘yicha har bir yo‘nalishdan 6 nafardan g‘olib deb topilgan
(1 ta I-o‘rin, 2 ta II-o‘rin hamda 3 ta III-o‘rin) jami 18 nafar o‘quvchiga keyingi o‘quv yilida stipendiya beriladi. Shuningdek, g‘oliblarga O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi hamda Kasb-hunar ta’limi markazining “Yosh innovatsiyachi” Respublika ko‘rik-tanlovining g‘olibi diplomi topshiriladi.

Qolaversa,  ko‘rik-tanlovda faol ishtirok etgan ishtirokchilar “Eng yosh innovatsion g‘oya muallifi”, “Eng samarali innovatsion loyiha muallifi”, “Kichik biznes uchun eng istiqbolli innovatsion loyiha muallifi”, “Eng yaxshi innovatsion ishlanma muallifi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha rag‘batlantiruvchi mukofotlar ham joriy etilgan.

O‘rni kelganda, shuni alohida ta’kidlashni istardimki, kollej o‘quvchilariga stipendiya berib, shov-shuv ko‘tarib, o‘zimizni ko‘z-ko‘z qilishdan butunlay yiroqmiz. Mazkur ko‘rik-tanlov Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosini ta’minlash, innovatsion faoliyatni, eng avvalo, yosh avlodning ijodiy innovatsion g‘oyalari va ishlanmalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlarini joriy etish va yanada samarali qo‘llashga e’tiborni kuchaytirish maqsadida tashkil etilmoqda. Maqsadimiz 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida aholi farovonligini tubdan oshirish va turmush sifatini yaxshilash, jamiyat va davlatni har tomonlama jadal rivojlantirish, mamlakatni modernizatsiya qilish va hayotning barcha sohalarini liberallashtirish bo‘yicha belgilangan aniq maqsadlarni amalga oshirishga hissa qo‘shishdan iboratdir. Zero, rivojlanishning innovatsion modeliga to‘liq o‘tmasdan turib, mazkur maqsadlarga erishishning iloji yo‘q, albatta. Buning uchun esa intellektual salohiyatli, axborot-texnologiyalari sohasida puxta bilimlarni egallagan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni salohiyatiga tayanish lozim bo‘ladi.

Bu borada o‘ziga xos maktab yaratgan, davlatlar Singapur va Yaponiya tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, mazkur mamlakatlar iqtisodiyoti yosh olimlar va novatorlar intellekti asosida qurilganini ko‘rish mumkin. Mamlakat kichik bir g‘oyani ham e’tibordan chetda qoldirmaydi. Aksincha unga moddiy va man’naviy rag‘bat beradi.

Ana shundan kelib chiqib aytish mumkinki, ko‘rik-tanlovdan ko‘zlangan maqsad imkon qadar yoshlar orasidan iste’dodli, umidli novatorlarni aniqlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.

Sardor MARIPOV,

O‘zLiDeP yoshlar bilan ishlash

bo‘limi mudiri

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1201
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Jo'rabek Aslonov2018-04-30 16:22:35

Tanlovning tuman bosqichlari juda qizg'in bo'lib o'tmoqda. O'ylaymanki, viloyat bosqichi g'oliblarini aniqlab, ularni Respublika bosqichiga olib chiqish hakamlar hay'atining har bir a'zosi uchun qiyinchiliklar bildiradi


Ходжаев Бахром, Самарқанд вилояти Пастдарғом тумани 9-Мевали сайлов округи депутати2018-04-27 13:54:21

Дар ҳақиқат бундай кўрик танловлар ёшларимизнинг эртанги кунига ишончини орттиради


Равшанбек Абдураҳимов, СТМ2018-04-25 14:09:33

Танлов эълон қилинганидан буён кўзлари ёниб, ғайратлари ичига сиғмайдиган жуда кўплаб ёшларнинг мурожаатлари тинмай қолди. Бошқа ёшларимизнинг ҳам олимлик ва новаторлик рутбасини олишлари учун изланишлари бошланди.


Абдуллаев Эркин Эргашевич2018-04-25 13:46:53

Бу курик танловларда аникланган иннавацион гоялар келажакда юртимиз равнаки учун хизмат килади деган умиддаман


"Авлод келажаги" БПТ раиси, туман Кенгаши раисининг ёшлар масалалари бўйича ўринбосари Холиқбердиев Абдуфаттох2018-04-25 12:47:55

Бу лойиха доирасида иқтидорли ёшларимиз кўпайиб, ўзининг инновацион ғоялари билан юртимиз ривожига хисса қўшади деган умитдаман


Жобборкул Тошкулов2018-04-25 12:47:35

Кўрик-танлов совриндор номзодларни тавсия этиш ва ғолибларни аниқлашда асосий эътибор номзодларнинг ўқишдаги фаоллиги, билими, илими, одоби, маънавияти ҳамда маданиятига, истеъдодига, етакчилик ва инновацион яратувчанлик қобилиятига биринчи ўринда эътибор қаратишимиз лозим. Ушбу тадбирларни жонли бўлиши биринчи ўринда биз яшаб келаётган шахар ва туман худудларидаги ёш инновацион фикрловчи ҳамда ёш иқтидорли ёшларни купайтириш, рағбатлантириш хамда қизиқтириш мақсадга мувофиқ деб биламан.


Фарид Хасанов2018-04-25 12:29:27

Ҳақиқатдан ҳам ёшларни инновацион ғоялар ва ишланмаларини ҳар томонлама қўллаб-қувватлаш ҳамда рағбатлантириш борасида, қолаверса бугунги кун талабига мос ажойиб лойиҳа дейишимиз мумкин. Бугунги кунга қадар Самарқанд вилоятининг 8 та туман (шаҳар)ларида лойиҳанинг туман (шаҳар) саралаш босқичлари ташкил этилди. Кўрик-танлов ёшларда катта қизиқиш уйғотмоқда. Танловда вилоятнинг истеъдоли ёшлари ўзлари яратган инновацион лойиҳалар кўргазмалари билан фаол қатнашмоқдалар.


Ҳасан Ходжакулов2018-04-25 12:19:34

Ҳар бир болада қобилият бўлади. Уни ривожлантириш купроқ ташқи муҳитга боғлиқ. O‘zLiDeP ташаббуси билан ташкил этилган мазкур танлов, иштирокчи ёшларни ҳам моддий ҳам маънавий рағбатлантириш баробарида улар орасидан келажакда юртимиз тараққиёти учун янгилик яратувчи кучли ихтирочиларни кашф этиши билан ахамиятлидир.


O’zLiDeP Самарқанд вилоят Кенгаши Мафкуравий, ташвиқот - тарғибот ишлари бўлими мудири Мўминова Насиба Абдуҳалимовна 2018-04-25 12:14:06

Албатта бу танлов ёш авлоднинг ижодий инновацион ғояларини ривожлантиришда ҳар томонлама қўллаб-қувватлаш ҳамда рағбатлантириш, замонавий ахборот-коммуникация технологиялари имкониятларини жорий этишда ёшлар орасида катта туртки бўлди деб ўйлайман. Куни кеча Самарқанд вилояти Тойлоқ туман Кенгашида ташкил этилган тадбирда ўз исботини топди.


Фаргона Исиқлик манбаи БПТ 2018-04-25 12:13:33

«ФАОЛ ТАДБИРКОРЛИК, ИННОВАЦИОН ҒОЯЛАР ВА ТЕХНОЛОГИЯЛАРНИ ҚЎЛЛАБ-ҚУВВАТЛАШ ЙИЛИ»ДА айнан “Ёш инновациячи” кўрик-танлови эълон қилиниши ёшларни ҳар томонлама қўллаб-қувватлашга қаратилган деб биламан.


Fikringizni qoldiring

+