Xalq roziligi - eng muhim mezon

26.04.2018, 17:54

Xalq roziligi - eng muhim mezon

Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, jumladan, parlamentdagi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari mamlakatimizning turli burchaklarida bo‘lib, aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazishmoqda. Prezidentimizning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida qabul qilingan muhim hujjatlari ijrosi o‘rganilmoqda. Deputatlar aniqlangan muammolarni joyida bartaraf qilish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash niyatidagilarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish va amaliy yordam berish, xalq manfaatini himoya qilishda ta’sirchan mexanizmlarni hayotga tatbiq etish, odamlarning turmush tarzi bilan tanishib, og‘irini yengil qilish yo‘lida chekka qishloqlarga borishmoqda.

* * *

Gulshana XUDOYOROVA, Qahramon ERGASHEV, parlament deputatlari, fraksiya a’zolari:

– Kasbi tumanida dehqonchilik bobida o‘ziga xos tajriba maktabi yaratilgan. Shu bois paxtachilik, g‘allachilik, sabzavotchilik, bog‘dorchilik borasida yuqori natijalarga erishilayapti. Qishloq xo‘jaligida olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Keyingi yillarda tumanda dehqon va fermer xo‘jaliklari, tomorqadan samarali foydalanishga e’tibor kuchaydi. Shuning ortidan mahsulot yetishtirish ko‘payib, oziq-ovqat mahsulotlari mo‘l-ko‘lligi ta’minlanayapti.

Qishloq aholisining ijtimoiy ahvolini o‘rganish maqsadida biz Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat guruh a’zolari Denov, Bog‘ariq, Oqtepa, Mustaqilobod, Do‘stlik, G‘alaba, Obod yurt, Xo‘jaqarliq, Xo‘jakasbi, Shakarjo‘y kabi qishloqlarda bo‘ldik. Tomorqadan foydalanish namunali tashkil etilgan mahallalarda aholining yashash tarzi ancha yaxshilanganini kuzatdik. Pomidor, bodring, karam, bulg‘or qalampiri, sarimsoqpiyozdan tashqari, subtropik mevalar – limon, apelsin, kivi, banan yetishtirilmoqda.

Maktab, maktabgacha ta’lim muassasalari, ijtimoiy soha ob’ektlarida ham har qarich yerdan unumli foydalanishga harakat qilinmoqda. Ayniqsa, 60 ta maktabning aksariyatida tajriba yer uchastkasidan daromad ko‘rilayotgani bizni xursand qildi.

O‘rni kelganda aytish kerakki, yutuqlar qatori aholini qiynab kelayotgan ayrim muammolar ham mavjud. Avvalo, qishloq aholisini toza ichimlik suvi, elektr-energiya ta’minotidagi uzilishlar qiynayotgani bor gap. Aholi elektr hisoblagichlarni sertifikatlashtirish uchun 50-60 kilometr yo‘l bosib Qarshi shahriga borishga majbur bo‘lmoqda. Ichki yo‘llarni tartibga keltirish, asfalt yotqizish bilan mutasaddi rahbarlar jiddiy bosh qotirishmayapti. Bu esa aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

***

Adham ShODMONOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, fraksiya a’zosi:

– Samarqand viloyati Paxtachi tumani aholisi bilan ochiq muloqotlar davomida odamlarni tashvishga solayotgan ko‘plab masalalar joyida hal etilishi choralarini ko‘rmoqdamiz. Ayniqsa, Prezidentimizning “2018 yilda aholi bandligiga ko‘maklashish davlat dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining Samarqand viloyatidagi ijrosini chuqurroq o‘rganish dolzarb bo‘lib turibdi.

– Aholi bandligini ta’minlash uchun hamjihatlikda ish olib borish zarur. Tuman markazida tashlandiq, ancha yillardan buyon e’tiborsiz qoldirilgan eski istirohat bog‘ini qayta tiklashni niyat qildik. Bu yangi bog‘ ichida kutubxona, yoshlar uchun “WiFi” hudud, badiiy mutolaa imkoniyatini beruvchi kafe, muzqaymoq paviloni, yangi 3 000 kishilik amfiteatr barpo etiladi, – deydi Paxtachi tumani birinchi sektoriga mas’ul, tuman hokimi Vohid Rahimov. – Shubhasiz, bu ishlar ortida ham odamlarning roziligiga erishish muddaosi yotibdi.

Ziyovuddin shaharchasidagi kitob do‘konida eng arzon kitob 2000 so‘m ekanini eshitdik. Albatta, har kim kitob­ga o‘ziga yarasha narx belgilaydi. Ammo ba’zan mablag‘ topiladi, ba’zan yo‘q. Shu bois yig‘ilishlar chog‘i ixtiyoriy to‘plangan turli kitoblar tuman Yoshlar ittifoqiga “tekin mutolaa” uchun hadya etildi. Bugun ushbu kitoblardan tumanning barcha o‘quvchilari o‘zlari uchun qulay joylarda foydalanishi, kitob o‘rniga o‘zida borini qoldirishi mumkin. Shu orqali ommaviy kitobxonlik muhiti yaratilmoqda. Masalan, Ziyovuddin shaharchasi Paxtachi pedagogika kollejida shunday javon ish boshladi, yoshlar xursand­chiligining cheki yo‘q. Sevimli yozuvchimiz Asqad Muxtor aytganidek, “Kitob – boylik, sotib olingani emas, o‘qilgani”.

* * *

To‘lqinjon KARIMOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, fraksiya a’zosi:

– Andijon tumani aholisidan ichki yo‘llarning uzoq yillardan beri qarovsiz yotgani, yog‘ingarchilik paytlari bolalar va keksalar ko‘cha-ko‘yga chiqishga qiynalayotgani haqida eshitdik. Aholi bandligini ta’minlash borasida ham qator muammolar borligi aniqlandi.  

Fuqarolar murojaatlarining birortasi e’tibordan chetda qolgani yo‘q. Imkon qadar shu joyning o‘zida, hamkorlikda hal etish choralarini ko‘rmoqdamiz. Jumladan, “Oyjamol” MFY Navbahor ko‘chasidagi o‘ydim-chuqur yo‘llar tekislanib, mutasaddi rahbarlar ko‘magida asfalt yotqizish ishlari boshlab yuborildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘zlarining har bir chiqishlarida odamlarga qulay shart-sharoit yaratib berish, ularning unumli mehnat qilishini ta’minlash, baxtli hayot kechirishi uchun imkoniyatlardan to‘liq foydalanish zarurligini bot-bot takrorlamoqda. Bunga bir kishining zimmasidagi vazifa deb qarash yaramaydi. Shunday ekan, shiddatli zamonda katta kuch-g‘ayrat bilan hamjihatlikda ishlashimiz kerak.

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolarining uchrashuvlari davom etmoqda.

Olimjon JUMABOYEV

tayyorladi

  • Ko'rildi
    1419
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

"Дўстлик" МФЙ БПТ2018-04-27 12:11:20

Президентимиз тамонидан оиб борилаётган сиёсатдан барчамиз миннатдормиз. депутатларимизга Халқни дардини тинглаш, уларнинг муаммоларига ечим топишдек ишларида куч қувват тилаймиз


Аброр Отабоев2018-04-26 17:54:44

Депутатларнинг бундай ташаббуслари ва фаолликлари натижасида фуқароларнинг турмуш фаровонлиги ошиб боради


Fikringizni qoldiring

+