Harakatlar strategiyasi yoshlar nigohida

20.06.2017, 18:32

Harakatlar strategiyasi  yoshlar nigohida

Navqiron avlod o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, farzandlarimizni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish Harakatlar strategiyasidagi yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi qilib belgilangan. Zero, yoshlarning sog‘lom turmush omili bo‘lgan sportga nisbatan qiziqishini kuchaytirish orqali salomatligini mustahkamlash, ularda mardlik, jasurlik va vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirish hayotiy zaruratdir.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati –­ O‘zbekiston Liberal- demokratik partiyasi Qashqadaryo viloyati Kengashi Yoshlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan “Harakatlar strategiyasi va yoshlar” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.

E’tirof etilganidek, Harakatlar strategiyasi maqsadlari mamlakatning kelajak taraqqiyotini belgilab beradi. Ayniqsa, Strategiyada iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishga e’tibor qaratilayotgani, ta’lim sifatini oshirishga urg‘u berilayotgani, qonun ustuvorligini, millatlararo bag‘rikenglikni ta’minlash asosiy maqsad sifatida belgilangani diqqatga sazovor.

–­Yurtimizda yoshlarning huquq va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida ertangi kun egalariga ishonch bilan bir qatorda talablar bor, ­– deydi O‘zLiDeP Qamashi tuman Kengashi apparat rahbari A.Qulmurodov. – Bugun mamlakatimiz aholisining 63 foizini yoshlar qatlami tashkil etmoqda. Ayni globallashuv sharoitida esa ushbu qatlamning huquqiy bazasini shakllantirish, takomillashtirish juda muhimdir.

Haqiqatdan ham, davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi butun xalqimiz, ayniqsa, yoshlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. ­ Zero, Strategiyada barcha sohalarni rivojlantirish bo‘yicha qator vazifalar o‘z ifodasini topgan.

– Harakatlar strategiyasida aholi, xususan, yoshlar bandligini ta’minlash, ularni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka jalb qilish, yoshlar orasida jismoniy tarbiya hamda sportni ommalashtirish bilan bog‘liq dolzarb chora-tadbirlar ham qamrab olingan, – deydi tadbir ishtirokchisi Munisa Qudratova. - O‘z navbatida, biz, yoshlar Strategiyada ko‘zda tutilgan maqsad hamda vazifalarni aholi keng qatlamiga, xususan, tengdoshlarimizga yetkazishimiz, uning mazmun-mohiyatini atroflicha tushuntirishimiz zarur. Bu kabi tadbirlar esa yoshlarni mamlakatda olib borilayotgan izchil islohotlardan o‘z vaqtida xabardor etishda muhim ahamiyat kasb etadi.  

Tadbir so‘nggida O‘zLiDeP tomonidan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” hamda “O‘zbekiston Respublikasining 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha rivojlanish Harakat Strategiyasi” asosida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy faoliyat yo‘nalishlari yuzasidan aniq maqsadli vazifalar belgilab olindi.

 O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat  Kengashi 

Matbuot  xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    5012
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+