Kelajakni bugun ko‘rayotgan ishbilarmon

24.05.2018, 13:32

Kelajakni bugun ko‘rayotgan ishbilarmon

Bek” brendi asoschisi,

O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi

raisi Ulug‘bek Sotiboldiyev

faoliyatiga ayrim chizgilar

30 ming gektarlik
“Bek cluster”

Sirdaryo viloyatining tabiiy iqlim sharoiti, yerlarning og‘ir meliorativ holati, shu bilan birga, o‘tgan asrda  ne-ne umidlar bilan o‘zlashtirilgan bu ulkan hududda salkam bir asrdan beri umrguzaronlik qilib kelayotgan zahmatkash odamlarning hayot va yashash darajasi, xullas, ulug‘ maqsadlar uyg‘unlashgan zaminda ishlash, tanilish oson emasligini hammamiz yaxshi bilamiz. Aynan mustaqillik yillaridagina bu viloyatda jiddiy o‘zgarishlar, ulkan bunyodkorlik ishlari boshlanib ketdi.

Endi tasavvur qiling: dastlab 25 gektarda ish boshlagan “Mirzaobod universal tred” fermer xo‘jaligi qisqa muddatda yer maydonlarini 700 gektarga kengaytirgani, paxta va g‘alla, chorva va bog‘dorchilikdan yaxshigina daromad olganini qisqagina ta’riflash oson. Lekin chekilgan zahmatlar, kunu tun qilingan betinim mehnat... bularning bari endi afsonaga o‘xshaydi.

O‘tgan yili esa mazkur xo‘jalik negizida “Bek cluster” tashkil etildi. Hukumat qaroriga ko‘ra, Mirzaobod tumanidan 13 ming, Xovosdan 5 ming, jami 18 ming gektarlik yer maydoni ajratib berildi. Yaylovlarni qo‘shib hisob­laganda, “Bek cluster” hududi 30 ming gektarni qamrab oladi. Klaster tizimining muvaffaqiyatini ta’minlash uchun Turkiya, Xitoy va Isroil tajribasi chuqur o‘rganilgan.

“Bek cluster”ning tashkil etilishida Prezidentimizning 2017 yil 17 may kuni Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida bildirgan fikrlari, ko‘rsatma va topshiriqlari muhim ahamiyat kasb etdi. Oradan bir yil o‘tib, bu boradagi ishlar qanday ketayotganini joyida ko‘rish maqsadida davlatimiz rahbarining yana bu viloyatga kelishi esa klasterchilarning kuchiga kuch, shijoatiga shijoat qo‘shdi. Ishtiyoq jo‘shgani sayin innovatsion yondashuvning mevasini kelajakda emas, shu mavsumning yakunida ko‘rish xohishi belni mahkam bog‘lab mehnat qilishga undayapti.

–  Tuproqshunoslik instituti mutaxassislari bilan hamkorlikda klasterimiz ixtiyoriga berilgan har bir dalaning tuproq tarkibi ikki metrgacha bo‘lgan chuqurlikda o‘rganib chiqildi, – deydi Ulug‘bek Sotiboldiyev. – Olingan ilmiy tahlillar natijasiga asosan ekin maydonlariga tegishli meliorativ-agrotexnika tadbirlari belgilandi. Yer tekislash ishlari lazerli uskunalar orqali bajarilayapti. Yaqin kunlarda Janubiy Koreya texnologiyasi asosida qurilayotgan 100 gektarlik zamonaviy issiqxonaning 40 gektari foydalanishga topshiriladi. 200 gektardan tokzor va anorzor yaratish ishlari avjida. Korxonaning yaqin kelajak uchun belgilangan 10 loyi­hasi amalga oshirilishi tufayli 10 ming kishi daromadli ish o‘rni bilan ta’minlanadi. Ya’ni, shuncha xonadonning qozoni hozirgidan yaxshiroq qaynaydi. Sa’y-harakatlarimiz amaliy ifodasi sifatida “Ekologik toza mahsulot – O‘zbekistonning eng asosiy brendi” bo‘lishiga ishonchim komil.

“Bek cluster” 110 brigadaga bo‘lingan. Har bir brigadada 15 nafargacha doimiy ishchi bor. Ularning moddiy manfaatdorligini oshirish maqsadida bu yil barcha brigadalarda 2 gektardan achchiq qalampir ekilgan. Gektaridan 20 tonnagacha hosil beradigan achchiq qalampirdan olinadigan daromadning 50 foizi ishchilarning oylik maoshiga ustama sifatida qo‘shiladi. Xaridor esa tayyor. Klasterning o‘zi qalampirni qayta ishlaydi va eksport qiladi. Bundan tashqari, atrofdagi aholining jami 40 gektarlik tomorqasiga yetgulik qalampir ko‘chatlari xonadonlarga tarqatib berildi...

O‘tgan kunlar...
endi ertak

...Ikki yuz ellik chaqirim yo‘l. O‘tgan asrning saksoninchi yillaridagi jamoat transporti. Cakkiz yashar bola... Bir yonga va aksincha yo‘nalishda harakatlanish. Saratonda ham, qahratonda ham. Peshona-da. Taqdir chiziqlarining izmi. Yigitcha o‘sha paytda buni anglamagandir, balki. Tong yo‘lga chiqar joyida yetib borar manzilidan uch daqiqa oldin otishini, quyosh 180 soniya burun chiqishini tasavvur qilmagandir, ehtimol.

...Ikki yuz ellik chaqirim yo‘l – sakkiz yashar bolaning otasi va onasi orasidagi jug‘rofiy masofa. Sog‘inch zavqi va azobi undan-da uzunroq, uzoqroq. Avtobus kutish yoxud jo‘nashiga sanoqli daqiqaga kech qolgandagi alamli siqilishlar, tanish-bilishlarning bir xil savol-javoblari-chi: “Qayerga ketyapsan, qayerdan kelyapsan?”.

Besh yil o‘tdi. Yettinchi sinfligida Gulis­tonga butunlay ko‘chib kelishdi. U shahardagi 9-o‘rta maktabda o‘qiy boshladi. Tengdosh­lar bilan ko‘cha changitish, varrak uchirish, velosiped minish gashtini ayting. Lekin endi yangi mushkulot yuzaga chiqdi. Onasi ishlayotgan korxona tugatildi. Istiqlol arafasidagi “qayta qurish” sharofati edi bu.

Ko‘nglida bir dunyo orzular jo‘sh urayotgan bolakayni ayam endi uch farzandni qanday boqar ekan-a, degan og‘riqli savollar ezardi. Bilaks, kunduzi o‘zini tetik tutardi. To‘g‘ri-da, nolishdan ne naf? Qaytaga, opasi Ra’no, ukasi Oybekni qiyinchiliklar o‘tkinchiligiga ishontiradi, noumid bo‘lmaydi.

Muayyan fursatdan so‘ng onasi kafedan ish topdi. Ro‘zg‘orning kechiktirib bo‘lmas xarajatlarini qoplash kerak, axir. Biroq manzil olis – har kuni qatnash imkonsiz. Uyga ikki haftada bir kelishdan o‘zga chora yo‘q. Endi volida yo‘lda. Diydor tag‘in sog‘inchga aylandi. Navbatdagi ayriliq mulohazali o‘spirinning orzularini qat’iy maqsadga aylantirdi.

Biznesmenlik maktabi
bormi?

Turfa sinovlarga ro‘para qilgan beboshlik davri poyoniga yetdi. Ulug‘bek maktabda yomon o‘qimadi. Ayniqsa, aniq fanlarni puxta o‘zlashtirdi. Hisob-kitobni yaxshi bilishi qandaydir ustunlik berishini ko‘ngli sezardi. Tadbirkorlik orqali bir-ikki so‘m pul topib, onasini zahmatdan qutqarish rejalarining ibtidosi edi. Shuning uchun ham muallimlari, yon-atrofdagi yoshi ulug‘roq insonlardan katta biznesmen bo‘lish uchun qayerda o‘qish kerakligini surishtirdi. Qo‘shnisi Barchinoy opaning maslahati mustaqil hayot yo‘liga yashil chiroq yoqqanday bo‘ldi: “Bilasanmi, falon institutning diplomini olgan tadbirkor bo‘ladi, degan alohida qoida yo‘q. Fik­ri ilg‘or, qalban shijoatli, dunyoqarashi keng har qanday kishi biznesning u yoki bu irmog‘idan suv ichishi, o‘zidan ortganini o‘zgalarga ilinishi mumkin. Avvalo, bilim olish darkor. Sen, yaxshisi, o‘zimizning Guliston davlat universitetiga hujjatlaringni topshir. Iqtisodchi-menejer yo‘nalishi ochilibdi. Yaxshi tayyorlansang, albatta kirasan, biznesmen ham bo‘lasan. Muhimi, hayot saboqlarini puxta o‘rgan”.

Ulug‘bek universitetda tahsil olish barobarida biznes yuritishning ilg‘or usullari bilan yaqindan tanishish harakatini kanda qilmasdi. O‘zini oqlagan xorijiy tajribalarni mahalliy sharoitga moslashtirish xususida bosh qotirardi. Chet ellardagi kreditlash tizimi o‘zimizda ham tezroq joriy etilishini kutardi. Katta sarmoyasiz ham tadbirkorlikni boshlashning biror yo‘li bo‘lishi kerak-ku, deya kuyunardi. Dastlabki kapitalga mablag‘ yig‘ish ilinjida mamlakatimizning mazali mayizini poyezdda o‘zga yurtlarga olib borib pulladi – daromad qurg‘ur xarajatdan ortmadi. Shu yo‘nalishdagi turli “ko‘cha”larga qayta-qayta kirib ko‘rdi – foydasi bo‘lmadi.

Diplom qo‘lga tekkach, konserva zavodiga iqtisodchi bo‘lib ishga kirdi. Baxtga qarshi, bu korxona allaqachon bankrotlik botqog‘iga botib bo‘lgan ekan, hademay yopildi. Taqdir o‘yinlarini qarang, xuddi onasi kabi  u ham ishsiz qoldi. Lekin tushkunlikka tushmadi. Buxgalteriya hisobi va hisobotini yaxshi bilgani uchun viloyat soliq inspeksiyasining eshigini taqillatdi. Arizasiga tegishli hujjatlarini ilova qildi. Suhbat chog‘ida ayrim takliflarini bayon etdi. Ming afsuski, ishga qabul qilishmadi...

Ilk qadamlar – katta yo‘l sari

Umidli, yosh mutaxassis tavakkal qildi: ehtiyot qismlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi Shuhrat ismli qarindoshining yoniga bordi. Do‘kon ishlariga yordam berish bahonasida kichik biznesda mablag‘ aylantirishning ayrim jihatlarini amaliy nuqtai nazardan o‘rgandi. Pul o‘tkazish yo‘li bilan xarid qilinadigan ehtiyot qismlarga Sirdaryoda ehtiyoj kattaligini tushunib yetdi. Va tadbirkorlik faoliyatini ayni yo‘nalishdan boshlashga qat’iy qaror qildi.

Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish jarayoni silliqqina kechmadi. Olg‘a intilishdan to‘xtamaslik uchun sun’iy to‘siqlardan sabr-bardosh bilan, irodani tob­lash orqali o‘tdi, desak balandparvozlikka yo‘ymang. Ruxsat berish tartib-taomillaridagi sansolorlikni aytmaysizmi? Zero, o‘tgan asrning so‘nggi yillarida yurtimizda na “yagona darcha”, na davlat xizmatlari markazlari bor edi.

Hartugul, Guliston bozori hududidan ijaraga joy olishda ortiqcha muammo tug‘ilmadi. Bo‘sh turgan do‘kon bor ekan. Egasi oylik to‘lovni insof bilan belgiladi. Shu-shu, yig‘ib qo‘yganiga qarz olib qo‘shdi-da, ozgina mablag‘ bilan ish boshladi. Ko‘ngil istagidan kuch olgan harakatlar Yaratganning marhamati bilan asta-sekin samara berdi. Dastlab qarzidan qutuldi. Keyingi foydasidan biznesini xo‘jalik sovuni savdosi hisobiga kengaytirdi.

“Oyning o‘n beshi yorug‘”, deganlari rost ekan. XXI asrning dastlabki yillarida xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Sohada mavjud imkoniyatlar eshiklariga osilgan qulf-zanjirlar temir-tersak omborlariga ravona bo‘ldi. Bundan oqilona foydalangan Ulug‘bek “Bek” keng tarmoqli xususiy korxonasini tashkil qildi. Bugun milliy brend darajasiga ko‘tirilgan nomni tanlashda Erkin degan qadrdon kursdoshi ham hissa qo‘shganini faxrlanib eslaydi.

– Ochig‘ini aytaymi sizga,  soliq inspeksiyasiga ishga kirolmaganim yaxshi bo‘lgan ekan, aslida, – deydi Ulug‘bek Sotiboldiyev o‘tgan kunlarni kulib eslarkan. –  Balki o‘shanda ishga olishganida menga tadbirkorlik, “Bek” begona bo‘larmidi...

“Bek”ning besh ming
a’zosi

O‘z nomiga munosib bo‘lmish “Bek” ham mashaqqatli biznes dunyosida o‘z o‘rnini asta-sekin topa boshladi – dorixona tarmog‘i, tikuv fabrikasi. Mahalliy yoshlar uchun 200 ta yangi ish o‘rni. Eksportga yo‘naltirilgan dastlabki mahsulotlar...

Aytishga oson bu ishlar. O‘tgan yillar oralig‘ida ko‘rgan-kechirgan qiyinchiliklari, to‘sqinliklar, asabbuzarliklar, xullas, hammasi bugun qahramonimizning ko‘z oldidan kinotasmasidek birma-bir o‘taveradi. Valyuta tushumi, aylanma mablag‘lar hajmining ortishi, xarajatu daromadga hamohang ravishda foyda miqdorining ko‘payishi. Mustaqilligimizning 20 yilligiga bag‘ishlab bir vaqtning o‘zida 20 ta transport vositasiga gaz quyish shoxobchasining ochilishi. Yana 100 ta yangi ish o‘rni. Sezib turganingizdek, endi Ulug‘bekning bir o‘zi nufuzi oshib borayotgan korxonani boshqarishi mushkul bo‘lib qoldi. Iqtisodchi ukasi Oybekni hamkor sifatida yoniga oldi, yaqin do‘stlarini, ko‘zi chaqnab turgan yoshlarni chorladi.

Shprits zavodi, “Sarbonteks” tibbiy bog‘lamlar fabrikasi, “Sirdaryo sohili” qish­loq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va qadoqlash korxonasi faoliyatini talab darajasida yo‘lga qo‘yish uchun nafaqat poytaxtdan, balki rivojlangan xorijiy davlatlardan mutaxassislar taklif qilindi. “Bek” milliy brendi ostida birgina qovoq urug‘idan tayyorlanib, eksport qilinayotgan yuz foiz ekologik toza, shifobaxsh talqon dovrug‘i Yevropagacha taraldi. Qadim Sayxun qirg‘oqlarida faoliyat ko‘rsatayotgan “Bek” birlashmasi tarkibidagi kichik korxonalardan oylik olib, ro‘zg‘or tebratayotganlar soni 5 ming nafarga yetdi!

Ulug‘bek Norxo‘jayevich esa Alloh menga beryapti, men boshqalarga, degan tamoyilga amal qilyapti. Bolalikdagi orzusiga ko‘ra onasini zahmatlardan qutqaribgina qolmay,  volidai muhtaramasini muborak haj ziyoratiga olib borganining o‘zi uning hayotini butunlay o‘zgartirib yubordi. Yaxshi niyat – yarmi davlat deganlari shudir balki.

Milliarderlarga nima yetishmaydi?

Ulug‘bek Sotiboldiyev faoliyati misolida aytadigan bo‘lsak, bu – albatta VAQT! Ushbu maqolani tayyorlash istagida “Bek” brendi asoschisining yordamchilari bilan bog‘lanib, ozgina vaqt ajratishini aytganimizda, “O‘zi yo‘q narsani so‘rayapsiz-da”, deyilgani ham shu fikrning tasdig‘i bo‘lsa ne ajab?

Biz ham ayrimlarga o‘xshab xudbinlik qilib, bor-e, tadbirkor degani anqoning urug‘i emas-ku, deb qo‘l siltamadik. Bir necha kun zamonaviy ishbilarmonning ikkala ofisidan boxabar bo‘lib turdik, sim qoqishni to‘xtatmadik. Soat kapkiri qayta-qayta aylanaversa-da, qahramonimizning bo‘shashini kutdik. Nihoyat, oftob o‘rnini oyga bo‘shatgan damlarda ko‘rishdik. Qovoq urug‘i talqonining ta’mini totish bahonasida XXI asr tadbirkorining qalbiga quloq tutdik. Bu murakkab vazifani nechog‘lik eplaganimizni zukko o‘quvchi baholar.

Gurungimiz nihoyatda samimiy, chin dildan kechganini izohlashga o‘rin yo‘q. Boisi, Ulug‘bek Sotiboldiyev nafaqat bugungi kunning faol tadbirkori, balki Hayot atalmish ulkan Kitobning ham ko‘plab zarvaraqlarini allaqachon o‘qib, uqib olganiga amin bo‘ldik.

Shu o‘rinda yana bir oddiy haqiqatni ham tan olaylik: Prezidentimiz  Vatanimizning turli hududlarida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishayotganida, qolaversa, videoselektor yig‘ilishlaridagi chiqishlarida xalqning ko‘ngliga yo‘l topishning birdan bir yo‘li – eng avvalo, odamlarni rozi qilish, bugungi tarixiy o‘zgarishlarning albatta yuksak samara berishiga ishontirish hamda mamlakat istiqbolini belgilovchi asosiy omillardan biri tadbirkorlik ekanligini bejiz qayta-qayta ta’kidlamayotganiga amin bo‘lamiz. Demak, biz bugun faxr bilan hikoya qilayotgan sirdaryolik Ulug‘bek Sotiboldiyev timsolida yana yuzlab, ming­lab zamonaviy biznes ilmini egallab, jonajon yurtimiz va ulug‘ xalqimiz farovonligini yanada oshirishga munosib ulush qo‘shayotgan qalbi qaynoq faol tadbirkorlar safi kengayayotgani quvonarlidir.

Yana suhbatga qaytamiz. Gurungdan sezdikki, qahramonimizni vaqtdan tashqari yana ikki muhim omil – professionalizm va sadoqatni birlashtirgan malakali kadrlar ham yetishmayotgani qiynayotgan ekan. Ya’ni, o‘z ishining ustalarida oddiy fazilatlar, ishonchli xodimlarda esa kasbiy mahorat kamyob bo‘lib turibdi. Masalan, ayni paytda u shu talablarga javob beradigan agronomlarga barcha shart-sharoitlarni muhayyo qilishga tayyorligini ham qistirib o‘tdi.

Takliflar qog‘ozda
qolmaydi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yaqinda Sirdaryo viloyatiga tashrifi doirasida Sayxun­obod tumanida videoselektor yig‘ilishini o‘tkazgan edi. Ana shu tadbirda “Bek cluster” rahbari, O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi raisi Ulug‘bek Sotiboldiyev ham bevosita ishtirok etdi. Muhokamalar mohiyatini kuzatib o‘tirar ekan, siyosiy institutlarning islohotlar samarasini ta’minlashdagi ishtirokini kengaytirish, tadbirkor va fermerlarga soliq yukini kamaytirib ham umumiy tushum hajmini belgilangan ko‘rsatkichlarda saqlab qolish yo‘llari, mamlakatimizda keng muhokama qilinayotgan Soliq konsepsiyasi loyihasini takomillashtirish bo‘yicha o‘z takliflarini bayon etishni diliga tugdi.

Ayniqsa, Toshkentda shu yilning fevral oyi­da O‘zLiDeP tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Faol tadbirkorlar anjumani”da qatnashib qaytgach, mamlakat taraqqiyotining “lokomotiv”iga aylanayotgan tadbirkorlik, ishbilarmonlik sohasida hali qilinishi kerak bo‘lgan ko‘p ishlar oldinda turganini anglab yetdi.

Jo‘yali mulohazalar, asosli takliflarni obdon qog‘ozga tushirib, xususiy sektor manfaatlarini himoya qilish uchun maydonga chiqqan partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasiga yubordi.

E’tiborli tomoni, chin ma’noda faol tadbirkor desak arziydigan Ulug‘bek Sotiboldiyev partiya Sirdaryo viloyat Kengashi raisligiga saylangach, tashkiliy-partiyaviy ishlar ham ancha jonlandi. Endi rasmiyatchilik uchun o‘tadigan yig‘ilishlar, bo‘lar-bo‘lmas hisobotlar tayyorlash keskin kamaydi, partiyadan saylangan deputatlar, faollarimiz bilan tashkil etilayotgan yuzma-yuz muloqotlar jonli o‘tayapti. Tabiiyki, joylarda odamlarni qiynayotgan, yillar davomida yechim topilmayotgan muammolar kam emas. Imkoni boricha bu kabi masalalarga shu joyning o‘zida yechim izlanyapti.

– Davlatimiz rahbarining o‘tgan yil 12 iyulda Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar, O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari ishtirokidagi videoselektor yig‘ilishida hamda 22 dekabrdagi parlamentga Murojaatnomasida bevosita siyosiy partiyalar, xalqimiz ishonib saylagan deputatlar faoliyatidan ko‘ngli to‘lmayotganini alohida ta’kidlagan edi. Albatta, oshkora aytilgan tanqidiy-tahliliy munosabatdan biz o‘zimizga tegishli xulosalar chiqarishimiz kerakligini xalqimiz kutyapti. Demak, endi har qanday kattami-kichikmi, og‘riqli muammoga kabinetda o‘tirib yechim izlanmaydi. Oddiy odamlar, jamoatchilik orasiga borib, yuzma-yuz, dildan dardlashib, ko‘ngliga yo‘l topolsakkina, partiyamizga ishonch ortadi.

Yana bir jihati, mahalliy kengashlardagi deputatlik guruhlari, xalq vakillari o‘z ustlarida jiddiyroq ishlashlari kerak. O‘zibo‘larchilik, haybarakallachilik zamonlari o‘tib ketdi, bugungi odamlar kechagi odamlar emas, zamon o‘zgardi, jamiyatda katta yangilanish jarayoni ketyapti. Endi tomoshabinlik qilib o‘tiradigan, tepsa tebranmas to‘ralar, arzimas masalada odamlarni ovorai sarson   qiladigan rahbarlar uyg‘onishi kerak.

Yana bir quvonarli jihati shuki, Ulug‘bek Sotiboldiyev partiyaning viloyat Kengashi rai­si bo‘lganidan so‘ng apparat xodimlariga mashhur firmalarning ofisidagi singari qulay sharoitlar yaratilibdi. Oylik maoshlariga “Bek”ning hisobidan yuz foizlik ustama qo‘shilibdi. Tushlik ham bepul. Yo‘g‘-e, deyapsizmi? Ochig‘i, yaratilgan bunday sharoitlarni Gulistonga borib, o‘z ko‘zim bilan ko‘rmaguncha men ham ishonmagandim.

O‘zLiDePning viloyat, tuman va shahar kengashlari raislari, ularning o‘rinbosarlari, qolaversa, deputatlarning partiya faoliyatidagi faolligini oshirish, BPTlarni jonlantirish bo‘yicha Ulug‘bek Sotiboldiyevning shaxsan o‘zi alohida reja ishlab chiqqan. Qog‘ozdaginamas – harakatdagi reja, partiyaviy “yo‘l xaritasi”. Ilgari umumiy ko‘rsatkichlarda o‘rtachadan pastroq natija qayd etadigan Sirdaryodan oxirgi paytlarda samarali loyihalar, ta’sirchan tadbirlar xususida tez-tez xushxabarlar kelayotganiga endi ajablanmay qo‘yishdi. Faqat bitta gap aytilyapti: rais ishlayapti. Biz esa “Rais ishlatyapti, ruhlantir­yapti, rag‘batlantiryapti”, degimiz keldi...

***

...Ushbu maqola qog‘ozga tushayotganda Ulug‘bek Norxo‘jayevich bilan yana bir bor uchrashdik. Bu gal Toshkentda. Uning o‘zi tahririyatga keldi. Bugungi kun tadbirkorining kamtarlik fazilatini kashf qilganday bo‘ldim. Qisqa muloqotimiz davlatimiz rahbarining AQShga rasmiy tashrifining uchinchi kuniga to‘g‘ri keldi. Tabiiyki, tadbirkor 4,8 milliard AQSh dollarilik kelishuvlarning iqtisodiy ahamiyati haqida so‘z ochdi. Men esa uning okeanortidagi tarixiy voqealarga siyosiy nuqtai nazardan shaxsiy fikrlari bilan qiziqdim:

– Yaqindagina Turkiya Prezidenti yurtimizga kelib, islohotlarga yuqori baho bergan va ulug‘ shoirimiz Erkin Vohidovning mashhur “O‘zbegim” she’rini yoddan o‘qib hammamizni hayratlantirgan edi. Turkiya kichkina davlat emas. Iqtisodiy taraqqiyot bo‘yicha dunyoda kuchli yigirmatalikka kiradi. Endi esa ana shu ro‘yxatda dastlabki pog‘onani band etgan AQSh bilan strategik sheriklikning yangi davriga qadam qo‘yildi.

“Bek” brendi asoschisining kun tartibi haqiqatda juda tig‘iz ekan. Mahalliy yoshlar uchun yangi ish joylari ochishim kerak, import o‘rnini bosuvchi eksportbop mahsulot chiqarishim zarur, qishloq xo‘jaligiga innovatsiyalarni kiritishim lozim... Eh-he, o‘y-xayolida bunday olamshumul maqsadlaru yorug‘ niyatlar, rejalashtirilgan tadbirlarga tadoriklar talaygina. Muddao esa, yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, odamlarni rozi qilish, ona yurtimiz obodligi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatish...

Ozod RAJABOV,

“XXI asr” maxsus muxbiri

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1788
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Жобборкул Тошкулов O'zLiDeP Ширин2018-07-13 12:09:59

Сотиболдиев Улуғбек Норхўжаевичнинг олиб бораётган Ёш тадбиркорлик иш фаолиятини ҳамда сиёсатини қуллаб-қўватлайман. Биз оиламиз билан “Bek cluster” раҳбари, O‘zLiDeP Сирдарё вилоят Кенгаши раиси Улуғбек Сотиболдиевга хавас билан қараймиз ва фарзандларимни келажакда У.Сотиболдиевга ухшаган тадбиркор, ишбилармон, маданиятли, маънавияти юксак доно инсон бўлиб ўз ватанига юртига, келажагига ва халқига хизмат қиладиган оқ кўнгил фидойи бўлиб етишишларида омад тилайман. У.Сотиболдиев “Bek cluster”нинг ташкил этишда Президентимизнинг 2017 йил 17 май куни Сирдарё вилоятига ташрифи давомида билдирган фикрлари, кўрсатма ва топшириқлари тадбиркоримизни янада рухлантирди. Биз оиламиз билан У.Сотиболдиевнинг келгуси ишларига омад тилаймиз. Оллохимиз доимо ушбу камтарин соховотпеша рахбар тадбиркорни хамиша қуллаб-қуватласин. Хамиша юртимиз учун, элимиз ҳамда халқимиз учун хеч қачон чарчаманг,


Ширин шаҳар Кенгаши ходими М.Каюмова2018-05-28 10:23:38

Шундай инсон бизнинг раисимиз бўлганидан жуда хурсандмиз. Буни Ширин шаҳрига бўлган ташрифларидан ҳам билса бўлади. Тадбиркор ва ишбилармонларимизнинг сафлари янада кўпайсин.


O‘zlidep Кумкургон туман депутати Б.Джураев2018-05-25 21:48:24

“Bek cluster”нинг ташкил этилишида Президентимизнинг 2017 йил 17 май куни Сирдарё вилоятига ташрифи давомида билдирган фикрлари, кўрсатма ва топшириқлари муҳим аҳамият касб этди. Орадан бир йил ўтиб, бу борадаги ишлар қандай кетаётганини жойида кўриш мақсадида давлатимиз раҳбарининг яна бу вилоятга келиши эса кластерчиларнинг кучига куч, шижоатига шижоат қўшди. Иштиёқ жўшгани сайин инновацион ёндашувнинг мевасини келажакда эмас, шу мавсумнинг якунида кўриш хоҳиши белни маҳкам боғлаб меҳнат қилишга ундаяпти.


Yangibozor tuman kengashi deputati Sh. Boymurodov2018-05-25 16:49:31

''Kuchli'' tadbirkor fermerlarimizning borligi yosh fermerlarning havas bilan oldinga yurishlariga sabab böladi. Tadbirkor, fermerlarga omad.


O‘zLiDeP Самарқанд вилоят Каттақўрғон туман Кенгаши ижрочи котиби Шобеков .А2018-05-25 12:18:12

Юртимиз ривожига ўзининг тадбиркорлик фаолияти орқали хисса қўшаётган Улуғбек Сотиболдиев тадбиркор акамизни ишларига омад, бундай тадбиркорлар кўпайиши давлатимизнинг иқтисоди юксалиши гаровидир.


Вохидова Азиза Хасановна Навоий вилояти"Кармана туман Фермерлар кенгаши" номли БПТ раиси 2018-05-25 12:04:33

O‘zLiDeP Сирдарё вилоят Кенгаши раиси Улуғбек Сотиболдиев фаолиятида омад тилайман. Юртимизда имкониятлар эшиги кенг очилган бундан унумли фойдалана олсакгина кифоя.


Тошкент ш ЁШЛИК Т.Ш .Кенгаши "Этикод" БПТ 2018-05-24 20:23:26

Тадбиркор канча уз устида ишласа мехнатини аямаса махсулоти жахон талабига мос булади .Бу эса нафакат узига колаверса Юртимизга катта фойда беради.Демак Юртбошимизнинг олиб бораётган сиёсатлари тадбиркорларни куллаб кувватлашлари Узбекистонни равнаки ва юксалиши учундир.


Тошкент ш ЁШЛИК Т.Ш .Кенгаши Тадбиркорлар муаммосини урганиш грухи аъзоси Тулкунов Бахтиёр2018-05-24 20:18:22

Биз бундай тадбиркорларни куллаб кувватлаймиз.Мехнат ,мехнатни таги рохат дейишади демак тадбиркор уз мехнати натижасини куриши аник.


Тошкент ш ЁШЛИК Т.Ш .Кенгаши аъзоси Шухратов Фаррух2018-05-24 20:14:53

Шундай ишларни амалга оширишда Президентимиз курсатган эътиборлари биз ёшларни катта ишларни бошлашга чорлайди.Биламизки биз бошлаган хайирли ишларда доимо бизни куллаб кувватлайдилар.


М.Умаров O‘zLiDeP Навоий вилоят Кармана туман аппарат раҳбари2018-05-24 20:06:09

Мана шундай узоқ йўлни босиб ўтган тадбиркоримиз ҳаётда кўп нарсани қадрига етади.Тадбиркоримизни келгуси ишларида омад тилаб қоламан.


Fikringizni qoldiring

+