Deputatlar dolzarb muammolarga e’tibor qaratdilar

30.05.2018, 15:42

Deputatlar dolzarb muammolarga e’tibor qaratdilar

Bugun parlament faoliyati tubdan o‘zgarib, deputat va senatorlar ishi tobora izchillik kasb etib borayotganini hayotiy misollar orqali ko‘rib, amin bo‘lmoqdamiz. Ayniqsa, deputatlarning ijtimoiy tarmoqlarda, ommaviy axborot vositalarida muayyan muammoni dadil ko‘tarayotgani, uning kelib chiqish sabablarini chuqur o‘rganayotgani hamda tahlil qilayotgani mavjud kamchiliklarni uzil-kesil bartaraf etish, eng muhimi, jamiyatda adolat tamoyillarini keng qaror toptirishda muhim o‘rin tutayapti.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining Toshkent shahri, Yunusobod tumani aholisi bilan bevosita muloqotlarida, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida qabul qilingan hujjatlar ijrosini o‘rganishda ularga hamrohlik qilar ekanmiz, bu galgi uchrashuvlarda ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan masalalar o‘rtaga tashlangani diqqatimizni tortdi.

Tumanning “Bog‘ubo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 1-oilaviy yotoqxona, bir qarashdayoq, ta’mirtalab ekanini ko‘rish mumkin. Kiraverishdagi chiqindi uyumi esa anchadan buyon to‘planib qolgan. Tuman hokimiyati balansidagi to‘rt qavatli binoda istiqomat qilayotganlarning yashash shart-sharoiti bilan tanisharkanmiz, ahvol o‘ta og‘ir darajada ekaniga amin bo‘ldik. Umumiy oshxona, yuvinish xonalari achinarli holatda. Yanada ichkariroqqa kirib boramiz. Qop-qorong‘i yo‘lak, chirib ketgan pollar, sal nariroqda esa bekinmachoq o‘ynayotgan bolalar... Atrof pashshalarga to‘la. Ushbu holat yaqin vaqt mobaynida bu yerga mas’ul idoralar vakillari, shifokorlar, sanitariya-epidemiologiya stansiyasi xodimlari tashrif buyurmaganini tasdiqlaydi.

Mazkur mahalla raisi I. Jumaniyozov bu haqda izoh berar ekan, ayni paytda yotoqxonada 80 ga yaqin oilalar, ya’ni 200 nafarga yaqin aholi yashashini, ularning aksariyati ijtimoiy muhofazaga muhtoj ekanini qayd etdi. Tasavvur qiling, 200 ga yaqin taqdirlar nochorlikda umr kechirmoqda, kelajagimiz egalari tarbiyalanayapti. Deputatlar ushbu masalani xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdagi sessiyasida tegishli tartibda ko‘rib chiqish yuzasidan kelishib oldilar.

Aytish mumkinki, bugun tumanda barcha soha qatori tadbirkorlik ham izchil taraqqiy topmoqda. Biroq yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyati tugatilishi holati ortayotgani bu haqda jiddiy o‘ylashni taqozo qiladi.

— Hududda 2017 yilda 367 ta yakka tartibdagi tadbirkor faoliyatini tugatgan, 2018 yilning o‘tgan to‘rt oyi mobaynida esa bu ko‘rsatkich 119 tani tashkil etdi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev. — Qizig‘i shundaki, o‘tgan yilda 1008 ta tadbirkor faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan bo‘lsa, joriy yilning hozirgi vaqtida bu 516 taga yetdi.
Raqamlar keskin ortib borayotir. Tuman soliq inspeksiyasi bilan mazkur masalani o‘rganganimizda, bunga tegishli komissiyaning yaxshi ishlamayotgani hamda amaldagi mavjud tartib-qoidalarning murakkabligi sabab bo‘layotgani ayonlashdi.

Deputat e’tiborimizni tumandagi yana bir holatga qaratdi. Uning aytishicha, hududda jami 63 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lib, shulardan 39 tasida yakka tartibdagi uy-joylar joylashgan. Hozirgi kunda aholining yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlari uchrab turibdi. Bunday egallab olingan turarjoylar soni 2253 tani, o‘zboshimchalik bilan kurilgan qurilmalar soni esa 333 tani tashkil qilayapti. Eng qizig‘i, bundan mahalla faollari, kadastr xizmati inspektorlari xabardor, ammo ijobiy natija yo‘q. Ushbu masala ham tuman Kengashi sessiyasiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi.

Ta’lim — har bir insonni komillikka yetaklovchi muhim omil. Deputatlar tumandagi maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar, kasb-hunar kollejlari faoliyatini o‘rganib, bu borada ham yechimini kutayotgan muammolarni birin-ketin qog‘ozga tushirishdi.
— Bu galgi o‘rganishlarimizning o‘ziga xos jihati shundaki, unda asosiy e’tibor ta’lim muassasalaridagi bo‘sh ish o‘rinlariga qaratildi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdurashid Abduqodirov. — Masalan, hududdagi mavjud 55 ga yaqin maktabgacha ta’lim muassasalarida jami 3 mingga yaqin ish birliklari bor. Ularda ishlayotganlar soni 2500 dan ortiq, qolgan 400 ga yaqin shtat birliklari esa ishlayotganlarga yuklama sifatida berilgan. 150 dan ortiq tarbiyachilar ish o‘rinlariga, 100 ga yaqin yordamchi tarbiyachilarga ehtiyoj bor. Xuddi shuningdek, umumta’lim maktablarida 500 dan ortiq o‘qituvchilar ta’lim beradi. Maktablardagi rus guruhlari uchun fan o‘qituvchilari yetishmasligi muammoligicha qolayapti.
Bundan tashqari, maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining oziq-ovqat bilan ta’minlanishi bo‘yicha nazorat olib borganimizda, ayrim kamchiliklar ko‘zga tashlandi. Prezidentimiz o‘tgan yildagi videoselektor yig‘ilishida tarbiyalanuvchilarga sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetkazilishini ta’minlash, mahsulotlarning amaldagi rejalarga mosligi, sifatini tekshirishda jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, bunda har bir tuman, shahar hokimlari rahbarligida ishchi guruh tuzilib, ular bog‘chalarni to‘satdan tekshirib, o‘rganish natijalarini muhokama qilishlarini qat’iy belgilagan edi. Lekin o‘rganishlarda hozirgacha bu bo‘yicha to‘liq ma’lumot ololmadik.

Muammolar talaygina, ammo ularni hal etishda, eng avvalo, nimalarga ahamiyat qaratish kerak, degan tabiiy savol tug‘iladi. Ayniqsa, ichki yo‘llarni, uylarni ta’mirlash, elektr ta’minotidagi uzilishlarga barham berish, tibbiy xizmat sifatini yaxshilash, ta’lim muassasalarini kapital rekonstruksiya qilish kabi aholi murojaatlari xususida gap ketganda, mablag‘ni taqsimlash masalasi dolzarbligini ko‘rsatadi.

Manba: Xalq so‘zi 

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1284
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Сурхондарё вилоят Кенгаши Тадбиркорлар ва фермерлар билан ишлаш бўлими мудири Абдулллаев Турсунали2018-06-01 16:54:35

Олий Мажлис Қ онунчилик палатаси депутатларининг жойларда бўлиб, аҳолини қийнаб келаётган муаммоларни ўрганиб, мақбул ечимларини топаётганликлари яхши. Ўтган даврда вилоятимизда юзга яқин шундай муаммолар бартараф этилди. Биз шундай фаоллик ва амалий ишларни маҳаллий кенгашлар депутатларидан ҳам кутиб қоламиз.


Жиззах филоят Мустақиллик МФЙ БПТ раиси Қ.Абдурахимов2018-05-31 19:03:22

Депутатларимиз халқнинг муаммолари билан ишлаш ва қийнаётган муаммога жавоб топи натижасида Партияларга бўлган ишоч ва этибор кучаяди.


Музработ туман Кенгаши O`zLiDeP аьзоси Аллаяров Фазлиддин2018-05-31 16:48:06

Депутатларнинг ижтимоий тармоқларда, оммавий ахборот воситаларида муайян муаммони дадил кўтараётгани, унинг келиб чиқиш сабабларини чуқур ўрганаётгани қувонарли хол.


Д.Рахманова-УзЛиДеП Сурхондарё вилояти Кенгаши 2018-05-31 15:04:37

барча поғонадаги депутатларимиз фаоллик билан ҳудудидаги муаммоларини, ҳолатини ўрганилсагига халк депутат кимлигини, кандай ваколатларга эга эканлигини билиб олади ва албатта мурожаатини факат халк ноибига қаратади. Шундагина тизим ишлайди


O‘zlidep Surxondaryo viloyat Qumqo‘rg‘on tuman Kengashiga qarashli " Maishiy hizmat" x/k BPT raisi Xudoyorova Uldona2018-05-30 20:39:40

Xalq bekorga saylamagan deputatlarimizni xalq ishonib muammolarimizni yechim topishiga umid qilib saylashgan shunday ekan hurmatli deputatlar yelkasida ana shunday og‘ir hamda masulyatli vazifa turibdi muammolarni hal qilinishida yelib yugurgan mana bunaqangi deputatlarga mingdan ming tashakkurlar aytamiz.


Жиззах вилоят Зафаробод туман Агробанк БПТ аъзоси Орзукулов Даврон2018-05-30 17:00:52

Олий Мажлис Қонунчилик палатаси депутатларининг жойларда бўлиб, аҳолини қийнаб келаётган муаммоларни ўрганиб, мақбул ечимларини топаётганликлари яхши. Ўтган даврда вилоятимизда юзга яқин шундай муаммолар бартараф этилди. Шу каби фаоллик ва амалий ишларни маҳаллий кенгаш депутатлари ҳам амалга оширса яхши иш буларди.


Yangibozor tuman Kelajak deputatlari guruhi a'zosi M.Bozorboev 2018-05-30 16:39:15

Deputatlarimizning faollidi kundan kunga oshib bormoqda. Xalq deputat kimligini anglab yetmoqda.


Полванов Мўминбек Хоразм вилояти Урганч тумани Бахшилар МФЙ БПТ аъзоси2018-05-30 16:38:17

Халқ депутатлари Урганч туман Кенгаши депутатлари, ҳам фикр - ҳам жихат бўлиб биргаликда иш қилсалар, халқимизни яқиндан қалбига қулоқ тутсалар халқимизни қийнаётган масалалар ўз-ўзидан ечилиб мақсадларига эриша оладилар декан фикрдаман.


Матлуба Жўраева Сурхондарё вилоят Кенгаши "Аёллар қаноти" бўлим мудири 2018-05-30 16:37:13

Депутатларимиз томонидан ахолини қийнаб келаётган муаммоларни ўрганиб, уларнинг ечими бўйича иш олиб бораётганлиги депутатнинг ўз вазифасини маъсулият билан бажараётганлигидандир. Бундай жонкуяр депутатларимиз бошқаларга ўрнак бўлса арзийди.


Акбар Якубов, Жиззах вилояти2018-05-30 16:14:11

Депутатларимиз шу каби муаммоларни ҳал этиб фуқароларимиз ишончларини оқлашса мақсадга мувофиқ бўлади ва халқимиз биздан рози бўлади


Fikringizni qoldiring

+