Tanqiddan so‘ng...

04.06.2018, 17:28

Tanqiddan so‘ng...
Qilingan ishlar oz bo‘lsa-da taskin beradi. Ammo, bolalar uchun o‘yingoh qurish yoki oshxonaga gazplita o‘rnatib berish bilan bu insonlarning hayoti yaxshilanib qoladi, degani emas.
 
Shu yil 20 mayda www.uza.uz saytida “Jamiyat e’tiboridan chetda qolayotgan odamlar” sarlavhali maqola e’lon qilingan edi. Mavzu ko‘pgina bahs-munozaralarga, turfa fikrlarga sabab bo‘ldi. Shu mavzuda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Yoshlar” kanalida lavha efirga uzatildi. “O‘zbekiston” kanalining “Munosabat” ko‘rsatuvida bir yarim soat davomida muhokama qilindi. Bu ko‘rsatuvlarda surdo tarjimondan foydalanildi. 
 
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida bu insonlarning jamiyatdan chetda qolishida hokimiyatni, mahallani, diniy idoralarni e’tiborsizlikda ayblaganlar ham bo‘ldi. 
 
Yaqinda Xalq deputatlari Olmazor tuman kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi Baxtiyor Sagatov tahririyatga qo‘ng‘iroq qilib, bir qator o‘zgarishlar qilingani, 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan bolalar maydonchasi foydalanishga topshirilgani haqida aytdi. 
 
“Qilovini topsang, qor ham yonadi”
 
Kuni kecha mazkur hududga borganimizda yotoqxona atrofida yig‘ilib turgan odamlarni ko‘rib, avvaliga hayron bo‘ldik. Bu yerda nima bo‘layotgani bilan qiziqdik. 
 
– Tibbiy ko‘rik tashkil qildik, – deydi deputat B.Sagatov. – Ancha vaqtlardan buyon tibbiy ko‘rikdan o‘tmaganlar juda ko‘p. Toshkent shahar tibbiyot birlashmasidan rengent apparati olib kelindi. Diagnostik tekshiruvdan o‘tkazish jarayonida shifokor tomonidan tavsiya qilingan kerakli dorilar homiylar tomonidan tekinga tarqatilmoqda. Shuningdek, tuman prokurorining sa’y-harakati bilan yotoqxonada shifokorning doimiy faoliyat yuritishi uchun bitta xona ajratilib, surdo tarjimon ham jalb etildi.
 
Yotoqxonaga kirdik. Dastlab oshxona bilan tanishdik. 
 
– Homiylar o‘zimizda ishlab chiqarilgan yangi gaz pilitalarini o‘rnatib berishdi, – deydi shu yerda yashovchi Go‘zal ismli fuqaro. – Yotoqxona atrofiga chiroqlar o‘rnatildi. Ilgari ishdan kech qolganda qorong‘ulikdan qo‘rqib, bir amallab uyga kirib olardik. Hammom va kir yuvish xonasida ham ta’mir boshlandi. Ayniqsa, 2019 yilda yotoqxonamiz rekonstruksiya dasturiga tushgani bizni juda quvontirdi. 
 
Yotoqxona atrofi obodonlashtirilib, daraxtlarga shakl berilgan, yon-atrof tartibga keltirilgan. Bir necha kun oldin birinchi qavat foyesida to‘p o‘ynab yurgan bolalar, endi sport maydonchasida yayrab to‘p tepishmoqda. Bolalarga homiylar tomonidan sport liboslari berilgani, ularni o‘zlarini sportchilardek his qilishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, ne ajab. 
 
Bizga tanish bola – yetti yoshli Anvar bilan suhbatlashdik. 
 
Uning biz bilan gaplashishga vaqti yo‘qday. O‘yindan qolib ketman, degan xavotirda ikki ko‘zi do‘stlarida bo‘lib, qisqa so‘zladi: “Oldin foyeda o‘ynardik. Bizga futbol maydonchasi qurib berishdi. Endi mazza qilib to‘p suramiz. Zo‘r bo‘ldi”. 
 
Eshitish va gapirishida nuqsoni bor insonlar uchun yaratilgan bu kabi qulayliklardan, albatta, biz ham quvondik.
 
To‘g‘ri, qilingan ishlar oz bo‘lsa-da taskin beradi. Ammo, bolalar uchun o‘yingoh qurish yoki oshxonaga gazplita o‘rnatib berish bilan bu insonlarning hayoti yaxshilanib qoladi, degani emas. Axir, ish topish, ro‘zg‘orni ta’minlash, uy-joy barpo etish, yashayotgan joyida doimiy ro‘yxatdan o‘tish kabi jiddiy muammolar ham borki, ularning yechimi topilmas ekan, xotirjam bo‘lishga haqimiz yo‘q. 
 
– Shifokor kasalni tekshirganda oldiniga unga yaxshilab tashxis qo‘yadi, – deydi B.Sagatov. – Shu kabi biz ham masalani ildiziga yetib borishimiz kerak. Buning uchun esa, avvalo, bu yerdagilarni ish bilan ta’minlashimiz kerak. Ilgari ular ishlaydigan korxonaga imtiyozli ravishda davlatning 15-20 foiz buyurtmasi berilgan. Endi esa buyurtma birja orqali bo‘lgani tufayli yirik korxonalar ega chiqib, eshitish va gapirishda nuqsoni borlarning korxonasi ishsiz qolib ketmoqda. Agar davlat buyurtmasi ularga berilsa, ishchilar maosh olib, oilasini bemalol boqadi. Kreditga uy ham oladi. Biz shunga harakat qilyapmiz.
 
To‘g‘ri, qo‘ldan berganga qush to‘ymas deydilar. Homiylar bir kun, ikki kun yordam beradi. Keyinchi... 
 
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yilning dekabrida qabul qilingan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida nogironligi bo‘lgan shaxslarning turmush darajasi va sifatini yanada yaxshilash, ularga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, bunday shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga, jamiyatdagi faol pozitsiyasini shakllantirish borasida vazifalar belgilab berilgan.
 
Mazkur farmonga ko‘ra, barcha darajadagi davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar rahbarlariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilish, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatlari korxonalari bilan tovarlar, ishlar va xizmatlar yetkazib berishga oid shartnomalar tuzish amaliyotini kengaytirishi kerak edi.
 
Biz avvalgi maqolada va bugun tilga olgan yechimi topilmayotgan har bir masalaning yechimi ushbu farmonda ochiq-oydin keltirilgan. Afsuski, bu yotoqxona va uni o‘quv ishlab chiqarish korxonasi misolida biz bu vazifalar ijrosini guvohi bo‘lmadik. Farmon qabul qilinganiga olti oy o‘tgan bo‘lsa-da hech qanday o‘zgarish yo‘q. Prezidentning bu farmonini bajarish, ijrosini ta’minlash kerakligidan nahotki, tegishli tashkilotlarning xabari bo‘lmasa?
 
Shu o‘rinda yana bir gap. Bizga mazkur yotoqxonada qariyb o‘ttiz yildan buyon yashab kelayotgan Saparov va Xudoyberdiyev oilasiga Sergelida qurilayotgan arzon uylarni 25 foiz badalsiz berishga ruxsat berilgani haqida ma’lum qilishdi. Lekin, bu va’da qachon bajarilishi haqida ularda ham bizda ham ma’lumot yo‘q. 
 
Manba: O'zA
 

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1073
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Яккасарой туман Кенгаши Юнусов Л.2018-06-08 14:38:06

Республикамиз ривожига жамиятимиз фаровонлига ўзининг хассасини қушаётган депутатларимизга рахмат айтаман


Яккасарой туман Кенгаши Рахматов Ж.2018-06-08 14:36:18

Депутатларнинг хайрли ишларига омадлар тилаймиз


Яккасарой туман Кенгаши Ахмедов Р.2018-06-08 14:27:45

Бизнинг депутатларга ишларига омад тилаб қоламан


Яккасарой туман Кенгаши Анваров Д.2018-06-08 14:26:50

Депутатларимизга омад тилаб қоламан


Яккасарой туман Кенгаши Жураев Л.2018-06-08 14:24:56

Депутатларимиз халқ фаровонлиги йўлидаги ишларига муфаққият тилаб қоламиз


М.Қурбонов Шовот туман Кенгаши депутати2018-06-05 09:00:09

Жойларда эътиборга, Ёрдамга муҳтож аҳоли кўп, биз ўз депутатлик гуруҳимиз билан биргаликда шундай фуқароларга қўлимиздан келганча ёрдам бериб келмоқдамиз. Бундан уларнинг қувончлари чексиз албатта. насиб қилса бундай инсонларнинг сони камаяди.


Содиков Алишер Халк депутатлари Маргилон шахар Кегаши депутати2018-06-05 03:20:27

Бугунги кунда депутатлар томонидан амалга оширилаетган ишлар жуда куп лекин унг кулин берганини чап кулинг билмасин деган гапга амал киладиган депутатларимиз купрок


Улуғбек Ишанходжаев - O'zLiDeP Тошкент шаҳар Кенгаши аппарати бўлим мудири2018-06-04 18:02:08

Депутатларимиз томнидан амалга оширилаётган эзгу ишлар инсонларни депутатга бўлган ишончини оширади. Халқ депутатлари Олмазор туман Кенгашидаги O‘zLiDeP депутатлик гуруҳи аъзоси Бахтиёр Сагатовга эзгу ишларида омад, сиҳат-саломатлик, катта муваффақият тилаб қоламан. Омон бўлинг ҳурматли депутат.


М.Умаров O`zLiDeP Навоий вилояти Кармана туман аппарат раҳбари2018-06-04 17:54:56

Инсон манфаатлари учун қиланаётган ишларда ҳаммамиз елкадош бўлсак яхши бўларди зеро кўпдан қуён қочиб қутулмас дейди доно халқимиз


O’zLiDeP Хива туман Кенгаши депутатлик гуруҳи раҳбари М.Бекчанов2018-06-04 17:50:48

Депутатларимиз ҳаракатда экан, бу муаммолар ҳам аста-секин ўз ечимини топишига ишонамиз.


Fikringizni qoldiring

+