Yangilanishlar hech kimni befarq qoldirmayapti

14.06.2018, 16:22

Yangilanishlar hech kimni befarq qoldirmayapti

Mamlakatimizda barcha sohalarda tizimli ravishda amalga oshirilayotgan islohotlar shiddat bilan davom etyapti. O‘zbekistondagi ulkan o‘zgarishlar, xususan, iqtisodiyotimizda yuz berayotgan yangilanishlar xorijlik mutaxassislar, olimlar diqqat-e’tiborini jalb qilyapti, ular ham o‘z navbatida mazkur islohotlarga xayrixoh ekanliklarini bildiryaptilar. Ana shunday ijobiy munosabat O‘zLiDeP hamda Bank-moliya akademiyasi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamkorligida o‘tkazilgan navbatdagi xalqaro anjumanda bayon etilgan fikr-mulohazalarda ham o‘z ifodasini topdi.  

Aleksandr NEKIPELOV,

Rossiya fanlar akademiyasi akademigi, Moskva davlat universiteti qoshidagi iqtisodiyot maktabi direktori:

— Mamlakatingizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida jadal sur’atlarda amalga oshirilayotgan islohotlar butun dunyo jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otyapti. O‘zbekistonda bor-yo‘g‘i ikki kun bo‘lib, shunga qat’iy ishonch hosil qildimki, fuqarolar yuz berayotgan o‘zgarishlarni mamnuniyat va ishtiyoq bilan qabul qilishyapti, yangilanishlar hech kimni befarq qoldirmayapti. Zero, odamlar yurt ravnaqi, turmush farovonligi ana shu islohotlarning qanchalik samarali amalga oshirilishi bilan chambarchas bog‘liqligini teran anglayapti. Hayotga tatbiq qilinayotgan Harakatlar strategiyasi iqtisodiy va ijtimoiy hayotning barcha jabhalarini qamrab olgani, yechimini kutayotgan qator masalalarga komleks tarzda yondashilayotganini alohida qayd etishni istardim.

Yaqqol ko‘zga tashlanyaptiki, liberalizm g‘oyasi O‘zbekiston iqtisodiy faoliyatining o‘zak-negizini, asosiy yo‘nalishini tashkil qiladi. Nazarimda, bu juda oqilona va tabiiy yo‘l. Rossiya tajribasidan kelib chiqqan holda aytish joiz: maqsadning mazmun-mohiyati aniq, endilikda hamma gap tafsilotlarda qolgan. Ya’ni, tegishli chora-tadbirlar qay yo‘sinda, qanday sur’atlarda amalga oshiriladi, shuningdek, bu jarayonlarda iqtisodiy tizimning aynan qaysi sohalariga urg‘u beriladi? Masala ana shundan iborat. Umuman, ko‘pgina iqtisodchilar tomonidan “postsotsialistik transformatsiya” deb atalayotgan jarayonlarda mulkiy munosabatlarni butunlay qayta ko‘rib chiqish bilan bog‘liq masalalar alohida o‘rin tutadi. Chunki bozor iqtisodiyoti xususiy mulk yetakchi, asosiy o‘rinda bo‘lishini taqozo etadi. Shu bilan birga, bozor mexanizmlari to‘laqonli ishlashi uchun zarur barcha shart-sharoit yaratilishi lozim.

Bir vaqtning o‘zida har ikki yo‘ldan borib, muvaffaqiyatga erishgan mamlakatlar ham bor. Bunga yorqin misol sifatida Xitoyni keltirish o‘rinlidir. Ammo bu juda murakkab yo‘l. U davlat oldiga ijtimoiy, siyosiy va boshqa jabhalarda ulkan talablar qo‘yadi. Ikki xil yondashuvni omuxtalashtirish, uyg‘unlashtirishning ijobiy va salbiy tomonlari borligini, ba’zan salbiy jihatlar salmog‘i ortib ketishini ham nazardan soqit qilmaslik lozim. E’tirof etish kerakki, Xitoy Xalq Respublikasi buning uddasidan chiqa oldi, jahon tajribasida kamdan-kam uchraydigan yutuqqa erishdi.

Mulkiy huquqlar transformatsiyasi bo‘yi­cha Rossiya tajribasiga murojaat etadigan bo‘lsak, g‘oyat ziddiyatli ekani ko‘zga tashlanadi. Aytaylik, bir vaqtlar o‘tkazilgan vaucher vositasida xususiylashtirishga mutaxassislar ham, aholi ham noxush bir anglashilmovchilik, qo‘pol adashish deb qaraydi. O‘shanda tegishli mexanizmlar atayin buzilgan, talay qonun-qoidalarga rioya etilmagandi. Xullas, xususiylashtirishning mazkur shakli iqtisodiyotda davlat ulushini, ta’sirini kamaytira olmadi. Binobarin, hozirda Rossiyada aktivlarning asosiy qismi davlat tasarrufida. Mamlakatingizda ham taxminan shunday holat vujudga kelgan. Davlat kapitali aksiyadorlik mulki shaklida namoyon bo‘lgan, shuningdek, fond bozori tez rivojlanib boryapti.

Davlat aktivlarining boshqarilishi muhim masalalardan biridir. Ma’lumki, butun dunyoda davlat nomidan mulkka egalik qilishni ijro hokimiyati amalga oshiradi. Bunday holatda davlat-mulkdor bilan iqtisodiy siyosatni amalga oshiruvchi — davlat-regulyator manfaatlari o‘rtasida ixtilof vujudga keladi. Davlat o‘z aktivlari bo‘lgan sub’ektlarga har jihatdan ko‘maklashadi, imtiyoz va preferensiyalar beradi, kredit olishiga, valyuta rezervlaridan foydalanishiga imkon yaratadi va hokazo. Ayni chog‘da ijro hokimiyati ko‘pincha bozor iqtisodiyoti sharoitida faoliyat ko‘rsatayotgan firmalar, kompaniyalar zimmasiga ularga xos bo‘lmagan turli ijtimoiy vazifalarni ham yuklaydi. Rossiyada bunday korxonalar, misol uchun, futbol jamoasiga homiylik qiladi, maktablar quradi, qisqasi, turli ijtimoiy ishlar bilan shug‘ullanadi. Bir tomondan korxonalarga imtiyozlar berish, ikkinchi tomondan ulardan ijtimoiy buyurtmalar bajarilishini talab qilish bozor tizimida deformatsiya xavfini keltirib chiqaradi. Davlat mulklarini to‘la xususiylashtirish mazkur muammoni bartaraf etish imkonini yaratadi.

Davlat xususiylashtirishdan olingan foydani qanday maqsadlarga sarflashni mo‘ljallayotgani ham alohida diqqatga molik masala. Ayonki, xususiylashtirishni davlatning doimiy majburiyatlarini moliyalashtirish manbai sifatida qabul qilib bo‘lmaydi. Negaki, bunday manba bir kun kelib tugaydi, majburiyatlar esa tugamaydi. Majburiyatlardan voz kechish esa maqsadga muvofiq emas.

O‘tgan yili O‘zbekistonda iqtisodiy sohada ham muhim o‘zgarishlar hayotga tatbiq qilindi. Jumladan, valyuta islohotlari amalga oshirildi, “qora bozor”ga barham berish borasida dadil qadamlar tashlandi. Lekin iqtisodiyotning institutsional takomillashuvi jarayonida, xususan, fond bozori va bank tizimining tadrijiy taraqqiy qilishi davomida kapital hisoblar bo‘yicha qaytariluvchanlik muammosi yuzaga kelishi ehtimoli bor. Shu bois bu masalaga jiddiy yondashish, muammoning oldini olish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish darkor.

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1096
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Бобожонова Р. Шовот туман Кенгаши ижрочи котиби2018-06-18 09:34:48

Юртимизда юз бераётган ўзгаришлар негизида Мамлакатимиз Президенти Шавкат Мирзиёевнинг олиб бораётган оқилона сиёсатлари ётади. Ҳеч бир фуқаро бугунги ўзгаришларга бефарқ бўлмаслиги, замон шиддатини чуқур англаган холда илдам қадам ташламоғи лозим


Халқ депутатлари Жиззах вилояти Янгиобод туман Кенгаши депутати Ш.Рахимов2018-06-16 12:40:53

Мамлакатимизда амалга оширилаётган кенг кўламли ислоҳотлар, туб янгиланишлар бутун жаҳон оммасининг эътибор марказида эканлиги бизни кувонтирди. O‘zLiDeP ҳамда Банк-молия академияси, Тошкент давлат иқтисодиёт университети ҳамкорлигида ўтказилган халқаро анжуман катнашчилар тамонидан ижобий бахоланди.


Рахманова Гульнара УзЛиДеП Тахтакупир туман Кенгаши ижрочи котиби2018-06-16 11:08:05

Юртимизга куз тегмасин! Анжуман катнашувчилари тамонидан билдирилган фикрлар бизни кувонтиради. O‘zLiDeP ҳамда Банк-молия академияси, Тошкент давлат иқтисодиёт университети ҳамкорлигида ўтказилган навбатдаги халқаро анжуманда Ўзбекистонимиздаги иқтисодий соҳада ҳам муҳим ўзгаришлар катнашчилар тамонидан ижобий бахоланди


Қашқадарё вилояти Ёшлар билан ишлаш бўлими ходими - Маъмуржон Абдуллаев2018-06-14 17:09:21

Юртимизда амалга оширилаётган кенг кўламли ислоҳотлар, туб янгиланишлар бугунги кунда жаҳон оммасининг эътибор марказида эканлиги қувонарли ҳол! O‘zLiDeP ҳамда Банк-молия академияси, Тошкент давлат иқтисодиёт университети ҳамкорлигида ўтказилган халқаро анжуманда баён этилган фикр-мулоҳазалар фикримиз далили.


Fikringizni qoldiring

+