“Agar men Prezident maslahatchisi bo‘lganimda...”

14.06.2018, 16:30

“Agar men Prezident maslahatchisi bo‘lganimda...”

Mamlakatimizda barcha sohalarda tizimli ravishda amalga oshirilayotgan islohotlar shiddat bilan davom etyapti. O‘zbekistondagi ulkan o‘zgarishlar, xususan, iqtisodiyotimizda yuz berayotgan yangilanishlar xorijlik mutaxassislar, olimlar diqqat-e’tiborini jalb qilyapti, ular ham o‘z navbatida mazkur islohotlarga xayrixoh ekanliklarini bildiryaptilar. Ana shunday ijobiy munosabat O‘zLiDeP hamda Bank-moliya akademiyasi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamkorligida o‘tkazilgan navbatdagi xalqaro anjumanda bayon etilgan fikr-mulohazalarda ham o‘z ifodasini topdi.  

Ruslan GRINBERG,

Rossiya fanlar akademiyasi muxbir a’zosi,

RFA Iqtisodiyot instituti ilmiy rahbari,

Xalqaro iqtisodchilar ittifoqi va Rossiya

erkin iqtisodiy jamiyati vitse-prezidenti:

— Islohotlarni nihoyatda jadallik bilan amalga oshirishga harakat qilinar ekan, bunda Rossiya tajribasiga ham sinchkov nigoh tashlash, ushbu davlat bosib o‘tgan yo‘l xususida teran mushohada yuritish, tahlil qilish foydadan xoli emas. Gap shundaki, 25-30 yil muqaddam iqtisodiy sohaga doir islohotlarga qo‘l urganimizda qanday harakat qilish bo‘yicha aniq-ravshan dasturimiz yo‘q edi. Binobarin, o‘sha paytlarda iqtisodiy siyosatda urf bo‘lgan tamoyillar, tartib-qoidalarni joriy etishga majbur bo‘lgan edik. O‘tgan asrning 80-yillari adog‘idagi erkinlik rossiyaliklarni biroz shoshirib qo‘ydi. Xorijga ilk bor chiqib, 100 turdagi kolbasa, 300 xildagi pishloq va boshqa turfa ne’matlar, buyumlarni ko‘rgach, g‘arbga iltijo qildik: bizga ham o‘rgatinglar, qaysi yo‘ldan boraylik, nimalarni amalga oshiraylik? Bunday xatti-harakatlar jiddiy xato edi. Chunki g‘arb o‘sha vaqtda davlat faolligining har qanday ko‘rinishiga qarshi keskin kurash olib borayotgandi. “Davlat ishtiroki — minimal darajada” doktrinasi urfga kirgandi. Davlat ta’siri qanchalik kam bo‘lsa, bu iqtisodiyot uchun shunchalik foydalidir, degan qarash hukm surardi. Ayrim tayyor andozalar, uslublardan ko‘r-ko‘rona nusxa ko‘chirishga urindik. Oqibatda, yigirmanchi asrning 90-yillarida iqtisodiyotda chalkashlik, mavhumlik ro‘y berdi.

Ulug‘ mutafakkirlar har narsada me’yor va muvozanatga chorlashgan. Yuqoridan beriladigan topshiriqlar, belgilangan rejalarga asoslangan iqtisodiyot haqida so‘z yuritar ekanmiz, bu muvozanat emas, balki shaxsiy tashabbuslarni, faollikni so‘ndirish ekanini tan olishimiz kerak. Bunga amal qilish halokatga olib keladi. Tartibga solinmaydigan, boshqarilmaydigan erkin bozor esa boshboshdoqlik, alg‘ov-dalg‘ovlarni anglatadi. Bu borada qat’iy, rejali boshqaruv ham, chek-chegarasiz erkinlik ham maqbul emas. Yomg‘irdan qochib, do‘lga tutilish kulgilidir. Ana shu ikki qutb oralig‘idagi eng maqbul nuqtani topish kerak. Agar Prezident Shavkat Mirziyoyevning maslahatchisi bo‘lganimda, ana shu nuqtai nazardan kelib chiqqan holda muayyan taklif-tavsiyalarni ilgari surgan bo‘lardim. Mamnuniyat bilan ta’kidlashni istardimki, Shavkat Mirziyoyev bosh vazir lavozimida faoliyat yuritgan paytlarda u kishi bilan uchrashib, muloqotga kirishishga musharraf bo‘lganman. O‘sha vaqtdayoq uning har jabhada muvozanat — balansni saqlashga intilishi kuchli ekaniga, shu singari murakkab masalalarni bekamu ko‘st hal qilishga qodir, uzoqni ko‘ra oladigan dono yo‘lboshchi ekaniga amin bo‘lganman.

Kapitalizmni qanday kuch harakatga keltiradi? Xo‘jalik yuritilishini nima faollashtiradi? Bozorni rosmana bozor qiladigan unsur — raqobat. Agar biror korxona xususiylashtirilsa-yu, biroq raqobatga kirishmasa, bunday muhit ham mavjud bo‘lmasa, ahvol avvalgidan-da yomonlashadi. Zotan, davlat monopoliyasidan ko‘ra xususiy monopoliyaning zarari ko‘proq. Deylik, davlat korxonasidan mahsulot yoki xizmatlar narxini nega bunchalik oshirib yuborganini so‘rash-so‘roqlash mumkin, lekin xususiy sub’ektga nisbatan hamma vaqt ham bunday yo‘l tutib bo‘lmaydi.

Sport klubiga davlat egalik qiladimi yoki tadbirkormi, bular o‘rtasida qanday tafovut bor? Axir, asosiy vazifa o‘yinlarda yutish, zafar qozonish emasmi? Bu kimga bog‘liq? Albatta murabbiyga-da! Korxonalarda esa menejerga. Agar jamoa mag‘lubiyatga uchrayversa, uning murab­biyi, menejeri almashtiriladi. Demak, muhimi natija, mulkning qanday shaklda bo‘lishining unchalik ahamiyati yo‘q. Xulosa shuki, raqobat muhitini vujudga keltirmay, faqat xususiylashtirish bilangina murod hosil bo‘lmaydi. Umuman, bizda ham, sizlarda ham iqtisodiyot strukturalarini primitivlashtirish ro‘y beryaptiki, bu haqda jiddiy bosh qotirib ko‘rish kerak.

Hozir dunyodagi vaziyat o‘ta beqaror, oldindan bilib bo‘lmaydigan holga kelgan. Savdo-iqtisodiy urushlar, yetakchi mamlakatlar olib borayotgan siyosat, turli davlatlar manfaatlari to‘qnashuvi, qisqasi, jarayonlar chigallashib ketdi... Menimcha, har qanday holatda ham biz sanoat va boshqa sohalardagi aloqalarimizni saqlab qolishimiz, o‘zaro manfaatli aloqalarimizni yanada mustahkamlashimiz zarur.

  • Ko'rildi
    2900
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Шовот туман Кенгаши ходими2018-06-18 09:49:08

Анжуманда билдирилган фикрлар бир тамонлама тўғри , аммо бошқа тамондан қараганда четдан туриб фикр билдириш доим осон, вазият ичида эса аксинча бўлиши мумкин.


М.Холматова Қува туман Кенгаши депутати2018-06-18 09:00:45

O‘zLiDeP ҳамда Банк-молия академияси, Тошкент давлат иқтисодиёт университети ҳамкорлигида ўтказилган навбатдаги халқаро анжуманда баён этилган фикр-мулоҳазалардан ҳар бир тадбиркор фикр юритиб хулоса чиқариши керак.


З.Рахмонова Қува туман Кенгаши 2018-06-18 08:58:06

Руслан ГРИНБЕРГ тўғри фикр берган Ҳозир дунёдаги вазият ўта беқарор, олдиндан билиб бўлмайдиган ҳолга келган. Савдо-иқтисодий урушлар, етакчи мамлакатлар олиб бораётган сиёсат, турли давлатлар манфаатлари тўқнашуви, қисқаси, жараёнлар чигаллашиб кетганлигига баҳо бермоқда ҳар бир тадбиркорни ҳам хушёрликка чорламоқда, агар тадбиркорликда ақлли бўлмасанг тездагина синиб банкротга учрашинг ҳеч гап эмас.


Tahir Abdusamatov2018-06-16 14:08:02

Бунака акллилар узимизда хам жуда куп, уларни топиб мансаб бериш керак халол мехнат киладилар


Fikringizni qoldiring

+