Poytaxtda kunu tun uch smenali patrul rejimi tashkil etiladi

20.06.2018, 15:44

Poytaxtda kunu tun uch smenali patrul rejimi tashkil etiladi

Davlatimiz rahbarining “Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga binoan poytaxtimizda soat 16:00 dan 8:00 ga qadar vaqt oralig‘ida ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya saf bo‘linmalari jamoat tartibini ta’minlash kuchlarining kamida 70 foizini, shuningdek, jamoatchilik vakillarini (keyingi o‘rinlarda – jamoat tartibini ta’minlash kuchlari) jalb qilish orqali kunu tun uch smenali patrul rejimi tashkil etiladigan bo‘ldi.

Maqsad Toshkent shahrida huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatining samaradorligini oshirish, sutkaning kechki va tungi vaqtida jamoat tartibini ta’minlashdan iborat.

Qarorga binoan Toshkent shahrida “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasi  eksperiment tariqasida joriy etilmoqda. Konsepsiyani amalga oshirish doirasida jamoat tartibini ta’minlash kuchlarini muvofiqlashtirish va aloqa mobil markazlarining  faoliyat yuritishi amaliyoti joriy etiladi va ular ichki ishlar bo‘limlari xizmat ko‘rsatish hududlariga biriktiriladi.

Mobil markazlarning asosiy vazifalari:

– sutkaning kechki va tungi vaqtida xizmat olib borish davomida jamoat tartibini ta’minlash kuchlari va jalb etilgan davlat organlari bo‘linmalarini nazorat qilish, boshqarish hamda ularning samarali hamkorligini tashkil etishda ichki ishlar bo‘limlariga ko‘maklashish;

– hodisa sodir bo‘lgan yoki signal berilgan joyga jamoat tartibini ta’minlash kuchlarining eng yaqin patrul guruhi darhol yetib kelishini ta’minlash orqali huquqbuzarliklar haqida kelib tushgan ariza, xabar va boshqa ma’lumotlar bo‘yicha tezkor chora ko‘rish;

– jamoat tartibini ta’minlash kuchlarini muvofiqlashtirish va harakatlantirish maqsadida, jumladan, hodisa sodir bo‘lgan joyga bevosita chiqqan holda mobil shtab funksiyalarini bajarish;

– ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda va odamlar gavjum joylarda tezkor va kriminogen vaziyatni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda bevosita kuzatish hamda vizual baholashni amalga oshirish;

– jamoat tartibini ta’minlash kuchlari tomonidan huquqbuzarlik holatlari aniqlangan va qidiruvdagi jinoyatchilar qo‘lga olingan hollarda ichki ishlar va prokuratura organlarining profilaktika, tezkor va tergov bo‘linmalari jalb etilishini tashkil qilishga ko‘maklashadi.

Qarorning yana bir muhim jihati Toshkent shahrining har bir mahallasida “Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrul guruhlari tashkil etiladi. Ular muddatli harbiy xizmatni o‘tash niyatida mudofaa ishlari bo‘yicha tuman bo‘limiga murojaat qilgan harbiy xizmatga chaqiriluvchilar, respublika oliy harbiy ta’lim muassasalariga, shuningdek, ichki ishlar organlarining ta’lim muassasalariga kirish istagini bildirgan nomzodlar, ichki ishlar organlarida xizmat qilish istagini bildirgan nomzodlar orasidan shakllantiriladi.

Umuman olganda, mazkur qaror dunyoning yirik va rivojlangan megapolislariga qatoriga munosib ravishda kirib borayotgan poytaxtimiz Toshkent shahrida sodir etilayotgan jinoyatlarni erta aniqlash va jamoatchilik xavfsizligini ta’minlashga manzilli xizmat qiladi. O‘zLiDeP ushbu vazifalarning amalga oshirilishini har bir fuqaroning, qolaversa, butun jamiyatning ishi, deb biladi.

Nuriddin Sandiboyev

Xalq deputatlari Yashnobod

tuman Kengashidagi O‘zLiDeP

deputatlik guruhi a’zosi

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1411
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Хива туман Кенгаши ижрочи котиби Я.Хожаниязова2018-06-20 17:18:20

Тошкент шаҳрининг ҳар бир маҳалласида “Фидокор ёшлар” жамоатчилик патруль гуруҳлари ташкил этилиши орқали кўпгина жиноятларнинг олдини олинишига эришиш билан бирга, фидокор ва ватанпарвар ёшлар учун ўзига хос бир мактаб вазифасини ўташига ишончим комил.


Навоий вилоят Кенгаши Қўчқоров Беҳзод Исомиддинович2018-06-20 16:33:30

O‘zLiDeP нинг асосий мақсад ва вазифалари қаторига ёшларни миллий ғояга ҳурмат, ватанга садоқат ва мухаббат руҳида тарбиялашга катта эътибор қаратилган.Пойтахтимиз Тошкент шахрида ташкил этилган ушбу тажрибанинг маҳаллаларда айнан “Фидокор ёшлар” жамоатчилик патруль гуруҳлари деб номланиб ташкил этилиши катта мазмун бор. Муддатли ҳарбий хизматни ўташ ниятида бўлган ўсмирларни, олий ҳарбий ва ички ишлар вазирлигига қарашли таълим муассасаларида ўқишни давом эттириш истагида бўлганлар, ички ишлар органлари ходимларининг хизмат фаолиятига қизиқиб ўзлари хоҳиш билдирган қолаверса ўзини ватанпарвар ва журъатли деб ҳисоблаган юзлаб ёшларни бириктиришига ҳамда юрт тинчлиги ва осойишталигини сақлашда ўзларининг муносиб хиссаларини қўшишларига ишонаман.


Fikringizni qoldiring

+