Texnoparklar: Xalqaro tajriba va yaxlit huquqiy asosga ehtiyoj

25.06.2018, 11:23

Texnoparklar: Xalqaro tajriba va yaxlit huquqiy asosga ehtiyoj

Bugungi globallashuv jaryonida ishlab chiqarish, mehnat va savdo bozorlari integratsiyasi, xomashyo o‘rnini bosuvchi vositalar va tannarxga ta’sir etuvchi boshqa omillarni topish borasidagi oshkor-yashirin, ayovsiz va shiddatli raqobat zamonida ilm-fan, innovatsiya, investitsiya, texnika va texnologiya sohalari iqtisodiyotning lokomotivi hisoblanadi. Buning tasdig‘ini Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya  kabi qit’amizdagi rivojlangan davlatlarning ixtirochilik ishlanmalari, ratsionalizatorlik takliflari yo‘nalishlariga salmoqli sarmoyalar kiritish orqali yuksak natijalarga erishgani misolida yaqqol ko‘rishimiz mumkin.

Iqtisodiyot tarmoqlarini boshqarishga kreativ yondashuv tufayli ko‘pgina mamlakatlarda texnoparklar vujudga kelganiga ancha bo‘ldi. Ular faoliyatining yaxlit huquqiy asoslari ham yaratilgan. O‘zbekistonda esa “Erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni amal qilmoqda. Ayni shu qonunda texnoparklarga iqtisodiy zonaning bir vakili sifatida umumiy mazmundagi ta’rif berilgan.

Qonunning 8-moddasida erkin ilmiy-texnikaviy zonalar alohida ajratilgan hududlardan iborat bo‘lib, u yerda ilmiy-ishlab chiqarish va o‘quv markazlari jamlanadi hamda ular uchun ilmiy-ishlab chiqarish imkoniyatini rivojlantirishga qaratilgan maxsus huquqiy tartibot o‘rnatilishi hamda erkin ilmiy-texnikaviy zonalar yuksak texnologiyalar amal qiladigan zonalar, texnoparklar, mintaqaviy innovatsiya markazlari — texnopolislar shaklida tashkil etilishi belgilab qo‘yilgan.

E’tibor qiladigan bo‘lsak, ushbu normada texnoparklar uchun maxsus huquqiy tartibot, ya’ni qonun hujjati amal qiladi, deyilgan. Lekin bugunga qadar bunday qonun hujjati mavjud emas. Qonunosti hujjati tarzida Toshkent shahar hokimining 2013 yil 23 dekabrdagi qarori bilan “Yakkasaroy texnopark" kompaniyasi, Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 31 dekabrdagi qarori asosida Yunusobod, Sergeli va Yakkasaroy tumanlarida texnoparklar tashkil etilgan.

Ma’lumki, respublikamizda keyingi ikki yil mobaynida yuqori texnologiyalar, ilmiy-texnologik va innovatsion tadbirkorlik barqaror rivojlanishini ta’minlash, milliy va xorijiy bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish va yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish uchun qulay muhit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida bu borada zamonaviy yondashuv hamda tamoyillarni ishlab chiqish, amaliyotga joriy etish, erkin iqtisodiy zonalar, texnoparklar va kichik sanoat zonalarini tashkil etish, faoliyat ko‘rsatayotgan zonalarning samaradorligini oshirish vazifalari belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahrining Yashnobod va Olmazor tumanlarida innovatsion texnoparklarni yaratish, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti huzurida Koreya Respublikasi hukumatining beg‘araz ko‘magini jalb etgan holda o‘quv-amaliy to‘qimachilik texnoparkini tashkil etishga oid farmon va qarorlari texnoparklar faoliyatini yo‘lga qo‘yishda jadal amaliy qadam bo‘ldi.

Ushbu hujjatlarga ko‘ra, texnopark rezidentlarini, butun Toshkent shahri hududida ilmiy, texnologik va iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligini nazarda tutuvchi, ilmiy-hajmdor mahsulotlarni ishlab chiqarishning yaxlit innovatsiya zanjirini amalga oshirish uchun ilm-fan, o‘quv va ishlab chiqarish tashkilotlarining faoliyatini integratsiyalash, innovatsiya loyihalarini davlat, ilmiy tashkilotlar va ta’lim muassasalari, tadbirkorlik sub’ektlari, tijorat banklari, xalqaro moliyaviy institutlar va donor mamlakatlar kreditlari hamda venchur fondlarining moliya resurslari hisobidan birgalikda moliyalashtirish, xizmat ko‘rsatishning, jumladan, ilmiy laboratoriyalar, kerakli reagent va sarflash materiallari bilan ta’minlash, litsenziya va patentlar olishni tashkil qilish, ilmiy va innovatsiya ishlanmalarini tijoratlashtirishni o‘z ichiga olgan yaxlit infratuzilmani yaratish chora-tadbirlari belgilangan.

Yuqori texnologiyali va innovatsiyali ishlab chiqarishni tashkil etishga qiziqqan mahalliy va xorijiy investorlarni, shuningdek, ushbu maqsadlar uchun imkoniyat va resurslarga ega bo‘lgan tadbirkorlarni, ilmiy-tadqiqot va innovatsiya ishlanmalarining samaradorligini oshirish qayd etilgan. Biroq Namangan va boshqa hududlarda shakllantirilayotgan bir necha texnoparklar biznes sub’ektlarini ma’lum bir hududga joylashtirish va sanoatga yo‘naltirishni ham nazarda tutib, ilm-fan, texnologik va innovatsion ilg‘or ishlanmalarni tatbiq etishni nazarda tutmaydi. Bu holat esa, texnoparklarning tashkil etish maqsadiga to‘la muvofiq emas. 

Agar, tahlillarga tayansak, yuqorida qayd etilgan hujjatlar bilan texnoparklar faoliyati shakllantirilgan bo‘lsa-da, ular faoliyatining samaradorligini ta’minlash, ushbu sohani ilg‘or davlatlar tajribasi tomon yetaklab borishni taqazo etmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, texnoparklar sohasidagi islohotlar ilmiy-texnik revolyutsiya, informatsion, bio va nanotexnologiyalar, bilim industriyasining tezkor o‘sish va rivojlanish asriga mos sur’atlarda amalga oshirilishi darkor. Ana shu darkorlik jarayoni esa, sinovlarda toblanib, o‘z ijobiy natijasini ko‘rsatgan, maqbul tajribaga hamda mustahkam, puxta ishlangan yaxlit qonunga tayangan bo‘lishi maqsadga muvofiqdir.

Texnoparklar sohasidagi milliy qonunchilik bazasini tahlil etish quyidagi jihatlarni aniqlash imkonini berdi. Qonunchiligimizda nafaqat yuqori texnologiyalar, balki har qanday sohada texnoparklar faoliyatini tartibga soluvchi alohida qonun mavjud emas. Qonun hujjatlarini o‘rganish natijalari shuni ko‘rsatadiki, texnoparklarning  faoliyat yo‘nalishi bir-biri bilan bog‘liq emas, ularning tashkiliy-huquqiy shakli turlichadir. Qonun hujjatlarida texnopark tuzilmalarining tashkiliy-huquqiy shakli, faoliyat maqsadi belgilanmagan. Texnoparklarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash qoidalari amalda deyarli ishlamaydi.

Shunday qilib, mamlakatimizda texnoparklar konsepsiyasini muvaffaqiyatli joriy qilish uchun biz bir qator muammolarni hal etishimiz lozim. Texnoparklardagi mavjud muammolarni, eng avvalo, yaxlit tizimga ega qonun hujjatini tadbiq etish bilan bartaraf etish imkonini topish zarur.

Shu munosabat bilan O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasida “Texnoparklar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Ushbu qonun loyihasini ishlab chiqish zaruratini quyidagi jihatlar bilan ham izohlash mumkin:

Milliy qonunchilikda texnoparklar tushunchasi haqida konsepsiyalar to‘plami yo‘q.

Nafaqat yuqori texnologiyalar, balki boshqa sohalarda ham texnoparklar maqomini belgilovchi kompleks qonun hujjatlari mavjud emas.

Shuning uchun ham qonun loyihasini tuzishda texnopark tushunchasi, faoliyati, kafolati, tugatish asoslari, ular faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlariga urg‘u berilishi lozim. Albatta, texnoparkni huquqiy jihatdan tartibga solish, uning mohiyati va mavjud maqomiga qanchalik mos bo‘lishi kabi jihatlarni aniqlash masalalari  ham e’tibordan chetda qolmasligi lozim.

Sir emaski, yurtimizda sanoat, tibbiyot, axborot texnologiyalari va boshqa sohalarda texnoparklar yaratilmoqda. Shu ma’noda, ishlab chiqilayotgan qonun loyihasi faqat yuqori texnologiyalar sohasiga oid texnoparklar faoliyatini tartibga soluvchi bir yoqlama qonun loyihasiga aylanib qolmasligi kerak. Aksincha, faoliyat turidan qat’i nazar, barcha turdagi texnoparklar uchun yagona bo‘lgan normativ-huquqiy hujjat sifatida ishlanishi muhim ahamiyatga ega.

Qonun loyihasida, texnoparklarni tashkil etish va ulardan foydalanishning huquqiy tartibga solinishi (texnopark tushunchasi, tashkiliy-huquqiy shakli, texnoparkni tashkil qilish va boshqarish, rezidentlar maqomi va boshqaruv tashkiloti va b.) texnoparklar faoliyatini keng qamrab olishga yo‘naltirilishi zarur.

Yana bir muhim jihati, ilg‘or xalqaro tajribadan ma’lumki, texnoparklar faoliyatida tashqi va ichki investitsiyalar ishtiroki keng ta’minlanib, ularga moliyaviy, soliq, ma’muriy va tashqi savdo imtiyozlari keng qo‘llanilishini ko‘rsatadi. Demak, anglash mumkinki, ushbu qonun loyihasini ishlab chiqish va amalga tadbiq etish bilan birga “Kichik sanoat zonalari to‘g‘risida”, “Innovatsiyalar to‘g‘risida”, “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”, “Innovatsiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida” hamda “Venchur fondlar to‘g‘risida”gi kabi bir qator qonun loyihalari ustida ham ishlash, izlanishni hayotning o‘zi taqozo etayotir.

Nuriddin MURODOV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya

qo‘mitasi kotibiyat mudiri,

ekspertlar guruhi rahbari

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    2324
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Холмурод Сориев, Халқ депутатлари Нуробод туман Кенгашидаги O'zLiDeP депутатлик гуруҳи раҳбари2018-06-25 20:28:29

Жуда муҳим ва долзарб масала бўйича қонун ишлаб чиқиш ва қабул қилиш таклифи кўтарилган. Агар қонун ишлаб чиқилиб, қабул қилинса, бу ҳолат мамлакатимиз иқтисодиётига катта ижобий таъсир кўрсатиши шубҳасиздир. Яна бир томони, бу соҳа бўйича аҳоли ўртасида ҳали кенг тушунча йўқлигини ҳисобга олиб, депутатлар ва партия фаолари томонидан тарғибот ва тушунтириш ишларини олиб боришимиз зарур.


O‘zLiDeP Яшнобод туман Раиси Саидолим Насретдинов2018-06-25 17:08:00

Тошкент шаҳрининг Яшнобод ва Олмазор туманларида инновацион технопаркларнинг яратилиши, тадбиркорлик субъектларининг ишбилармонлик муҳитини яхшилаш, имконият ва ресурсларга эга бўлган тадбиркорларни, илмий-тадқиқот ва инновация ишланмаларининг самарадорлигини ошириш, уларга амалий кўмаклашиш учун маҳаллий ҳамда хорижий инвесторларни жалб этишда амалий қадам бўлади деб хисоблайман.


O’zLiDeP Хива туман Кенгаши раисининг биринчи ўринбосари - аппарат раҳбари Ш.Атажанов2018-06-25 16:52:47

“Кичик саноат зоналари тўғрисида”, “Инновациялар тўғрисида”, “Инновацион фаолият тўғрисида”, “Инновацияларни молиялаштириш тўғрисида” ҳамда “Венчур фондлар тўғрисида”ги каби бир қатор қонун лойиҳалари ҳозирги кун талабларидан келиб чиқади. Шунинг учун ҳам ушбу қонунларга таклиф киритиш ҳар бир партия фаолининг бурчи ва вазифасидир.


Исомов Акрам Жиззах вилояти Жиззах шахри2018-06-25 16:43:47

"Технопарклар тўғрисида"ги Ўзбекистон Республикаси Қонуни юқори технологияли ва инновацияли ишлаб чиқаришни ташкил этишга қизиққан маҳаллий ва хорижий инвесторларни, ушбу мақсадлар учун имконият ва ресурсларга эга бўлган тадбиркорларни, илмий-тадқиқот ва инновация ишланмаларининг самарадорлигини оширишга хизмат қилади.


Гулмира Амирова Сурхондарё СТМ2018-06-25 16:23:20

Юқори технологияли ва инновацияли ишлаб чиқаришни ташкил этишга қизиққан маҳаллий ва хорижий инвесторларни, шунингдек, ушбу мақсадлар учун имконият ва ресурсларга эга бўлган тадбиркорларни, илмий-тадқиқот ва инновация ишланмаларининг самарадорлигини ошириш учун хам қонуний асослар керак


Гулмира Амирова Сурхондарё СТМ2018-06-25 16:21:54

Юқори технологияли ва инновацияли ишлаб чиқаришни ташкил этишга қизиққан маҳаллий ва хорижий инвесторларни, шунингдек, ушбу мақсадлар учун имконият ва ресурсларга эга бўлган тадбиркорларни, илмий-тадқиқот ва инновация ишланмаларининг самарадорлигини ошириш учун хам қонуний асослар керак.


Жиззах шаҳар Кенгаши ижрочи котиби Маъмура Мелибоева2018-06-25 15:39:05

Технопарклар фаолиятидаги ташқи ва ички инвестициялар иштироки кенг таъминланганлиги, уларга молиявий, солиқ, маъмурий ва ташқи савдо имтиёзларнинг кенг қўлланилишини хар қандай тадбиркорни тадбиркорлик салохиятларни янада рухлантиришига ишонаман


O`zLiDeP Сурхондарё вилоят Кенгаши Ёшлар билан ишлаш бўлими мудири Зебинисо Сапарова Давлат қизи2018-06-25 12:11:26

Мақолада таклиф этилган “Кичик саноат зоналари тўғрисида”, “Инновациялар тўғрисида”, “Инновацион фаолият тўғрисида”, “Инновацияларни молиялаштириш тўғрисида” ҳамда “Венчур фондлар тўғрисида”ги каби бир қатор қонун лойиҳаларини ишлаб чиқишни бугунги кун талабидир.


Fikringizni qoldiring

+