Ochiq muloqotda muammolarga yechim topildi

19.09.2017, 18:39

Ochiq muloqotda muammolarga yechim topildi

O‘zLiDeP tomonidan aholi murojaatlari bilan ishlash, ularni o‘ylantirayotgan masalalarni hal etish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, mamlakatimizning eng chekka hududlarida istiqomat qilayotgan aholining dardi va tashvishi, ularning muammolarini o‘rganish, hal etilishida yaqindan yordam ko‘rsatish, hududlarni rivojlantirish yuzasidan bildirilgan taklif, fikr va mulohazalarini o‘rganib chiqish maqsadida Senat a’zolari, Xalq deputatlari viloyat va tuman Kengashlaridagi partiya deputatlik guruhlari vakillari, partiya faollari va mas’ul hodimlar aholi bilan bevosita yuzma-yuz muloqot olib bormoqdalar.

Ana shunday ochiq muloqotning navbatdagisi Farg‘ona viloyati, Furqat tumanidagi Ayritom qishlog‘ida joylashgan Ardaxshon, Chilgijiyda, Chekchuvaldoq, Qo‘qonboy, Boltako‘l, Navbahor MFYlari aholisi bilan tashkil etildi.

Muloqotda fuqaro Normatov Jo‘raboy Chekchuvaldoq MFY aholisi hashar yo‘li bilan uydagi bir necha qoramollarini sotib o‘z hisoblaridan gaz quvurlari tortib kelishgani, o‘sha yilda gazdan muammo bo‘lmagani, ammo hech qancha vaqt o‘tmay gaz tarmog‘idan uzib qo‘yilgani yuzasidan shikoyat qildi.

“Vodiygazta’minot” UK tuman filiali rahbari Murodjon Mo‘minov tomonidan ushbu holatga izoh berilib, masalani hal etish yuzasidan hududdagi deputatlik guruhi hamkorlikda chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, ularni hal etish masalalari belgilab olindi.

Fuqaro Jo‘rayev Dilmurod Furqat tumani, Qo‘qonboy MFYdagi Ayritom qishlog‘idagi podstansiya eskiligi, aholi soni keskin ortib borayotgani hisobiga kuchlanish ortib, elektr tarmog‘ida tez-tez uzilish bo‘layotganligini qayd etdi.

Masala yuzasidan tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbari F.Jalolov tumanda 362 mln. so‘mlik rekonstruksiya va yangilash ishlari olib borilayotgani, Ayritom qishlog‘idagi podstansiya 2018 yilda yangilanishi haqida tushuntirish berdi.

Fuqaro Mamajonov Zafar esa mazkur qishloqdagi maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat yuritmayotgani, binolar achinarli holga kelib qolgani, o‘quvchilarni maktabga qatnashlari uchun piyodalar yo‘lakchasiga aholi tomonidan teraklar ekib yuborishgani, buning oqibatida bir necha avtohalokatlar kelib chiqqani haqida murojaat etdi.

Masala yuzasidan deputat Ixtiyorjon Mahkamov ushbu masalalardan xabardor ekanligini aytib, mazkur bolalar bog‘chasini rekonstruksiya qilish 2018 yil dasturiga kiritilgani haqida axborot berdi. Piyodalar yo‘lakchasi bo‘yicha MFY raisi va Tuman yo‘l qurilish bo‘limi boshlig‘i U.Parpiyevlarga tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.

—Farzandlarimiz ta’lim oladigan 17-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bir necha yildan buyon ichimlik suvi bilan bog‘liq muammo mavjud, - deydi  Xayrixon Toshmadaliyeva. —Bundan tashqari yangi qurilgan suv minorasi barcha jihozlari bilan qurib bitkazilmagan. Bu bo‘yicha tuman Suvoqava ishlab chiqarish korxonasi rahbari Umidjon Fozilovga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qildik va tez kunlarda qurilish ishlari yakuniga yetkazilishini ma’lum qildi.

Muloqot davomida fuqarolar tomonidan aytilgan va ularni qiynab kelayotgan ayrim masalalar tegishli tartibda o‘rganilib, xalq deputatlari Furqat tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zolaridan iborat ishchi guruh tuzildi. Mutasaddi tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari yuborish va ularning natijasi yuzasidan nazorat tahlil funksiyalarini amalga oshirish va tegishli mansabdor shaxslarning axborotini eshitish vazifalari belgilandi.

 

O‘zLiDeP Farg‘ona viloyat kengashi

Matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

Teglar
BPT
  • Ko'rildi
    1641
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+