Panayevlar va panainnovatsiyalar

29.06.2018, 17:39

Panayevlar va panainnovatsiyalar

Qoraqalpog‘iston Respublikasida xususiy sektor rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan “Panaev farms”,“Panamilk”, “Panastely”, “Grand castle”, “Ramzan group” singari biznes tuzilmalarini O‘zLiDePning faol va tashabbuskor a’zolari boshqaradi.

Avval panainnovatsiya atamasini eshitmagan bo‘lsangiz, lug‘atlardan axtarib o‘tirmang. Hali Vikipediyaga kiritilmagan. Lekin yaqin orada ommalashish ehtimoli kuchli. Demak, ushbu qo‘shma so‘zning kelib chiqishiga izoh berilib, tasdiqlovchi dalillar ham keltiriladi.

“Panasonic”ni bilasiz: pana – qadimgi yunon tilida hammasi, sonic – ovoz (tovush), ya’ni ovoz chiqarish bilan bog‘liq hamma narsa degani. “Panamilk” esa sut bilan bog‘liq barcha mahsulotlar ma’nosida qo‘llanilishi barobarida mazkur kompaniyaning Panayevlarga tegishli ekanini bildiradi. Amerika va Afrika qit’alarida pana asosan joy nomlari sifatida ko‘p ishlatiladi. Ispan tili dialektlarida bu so‘z “yaxshi”, “foydali”, “do‘s­tona” ma’nolarini anglatadi. Modomiki, panainnovatsiya – hammasi yangi g‘oyalar, ilg‘or texnologiyalar, ishlanmalar, ixtirolar, tesha tegmagan takliflar, foydali tavsiyalardir. Daqqiyunusdan qolgan odatlardan voz kechib, yangiliklar joriy etish maqsadida qat’iy intilish, umumiy jarayondan bir qadam oldinda yurishdir.

Masalan, Panayevlar Markaziy Osiyodagi dastlabki chorvachilik onlayn auksioni – eng so‘nggi rusumdagi kompyuterlar va televideo­texnikalar bilan jihozlangan zamonaviy bozor faoliyatini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surmoqda. Qoramollar kasalliklari oldindan tekshirilgan, yuvib-taralgan lot sifatida savdoga qo‘yiladigan mazkur auksionda sotuvchiyu oluvchiga litsenziyali brokerlar, diplomli veterinarlar xizmat ko‘rsatadi. Ishtirokchilar uchun yumshoq o‘rindiqlar, turfa ichimliklar taklif etiladi. Bu bilan o‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, ammo xirmonda hozir dallollarning noqonuniy hatti-harakatlariga, balchiqli, chang va qo‘lansa hidli mol bozorlariga barham beriladi. To‘lovlar kissaga emas, kassaga tushadi.

Innovatsion yondashuv asosida Orolbo‘yida agroturizmni rivojlantirish, “AgroTV” telekanali, cho‘lga sayohat xizmatlarini tashkil etish, chorvadorlar biznes maktabi va Yevropa standartlaridagi malaka oshirish kurslarini ochish bo‘yicha qator biznes-loyihalar tayyorlangan...

Chanqovuz, dakan xo‘roz, akvarium baliqlari

Qutlimurat Kegeylida tug‘ilgan. Uch yoshligida ota-onasi Nukusga ko‘chib o‘tgan. Sinfdosh­lari rosa ko‘p. Chunki o‘ninchini tugatguncha to‘rtta maktabda o‘qigan. Yaxshi ma’nodagi xayolparastning yaxlit namunasi. Chanqovuz chalish, dakan xo‘roz, kaptar va akvariumda baliq boqish – bolalikdagi mashg‘ulotlarining ayrimlari xolos. Kimda yoxud qayerda zotdor it bo‘lsa, uning nazaridan chetda qolmasdi. Rahmatli otasi Berdimurat akaning shapalog‘i “ta’mi”ni tatib ko‘rgani ham rost. Aslida ayb o‘zida edi. Hadeb akvarium atrofida o‘ralashmasdan, ko‘proq kitob o‘qish kerak, degan o‘gitga amal qilmagani uchun rahmatli padari buzrukvori shunday chora ko‘rgan ekan...

Kim uchundir oddiy holat bo‘lib tuyuladigan mana shu voqea Kolyaning (uni yaqindan taniganlar hozirgacha shunday chaqirarkan) hayotida burilish yasagan, desak mubolag‘a qilmaymiz. Bunda onasining hissasi beqiyos. Suliko opa o‘g‘liga tegadigan kaltak o‘ziga tegsa kamroq ozor chekardi. Shuning uchun ham otaning gapini ikki qilmaslik haqidagi xalqona hikmat mohiyatini to‘ng‘ichiga singdirishning uddasidan chiqdi. Xobbidan butunlay ayirmagan holda mutolaaga qiziqish uyg‘ota oldi.

Qutlimurat deganimiz tadbirkorligi bilan tanilgan, oilaviy korxonalar tashkil etishda o‘ziga xos muvaffaqiyat qozongan Panayevlar xonadonining kattasi – jigarlariga ota o‘rnida ota. Ukalari va o‘g‘illari ham ishbilarmon doiralarda shaxsiy dastxatiga ega. Xususan, kenja farzandi Temurbek eksportbop va import o‘rnini bosuvchi pishloq tayyorlash siru sinoatlarini Italiyaning Kremona shahrida malaka oshirganida puxta o‘rgangan.

O‘n yetti yashar yigitchaning yurtdan olisda butunlay begona insonlarning injiqliklariga chidab, oldiga qo‘ygan maqsadiga erishish uchun erinmay saboq olishi o‘tmishdagi ajdodlarimizning ilm istab dunyo kezgani, musofirlikda kun kechirgani, jadid bobolarimizning Ovro‘po taj­ribasini o‘rganishdagi g‘ayratini yodga soladi. Oqqan daryo oqmay qolmasligi xususidagi donolar falsafasi xayolingizni band qiladi. Avaz O‘tar aytmoqchi, o‘zgalar tilini bilganga olam ayonligi to‘g‘risidagi fikrlar ijobati ko‘z oldingizda namoyon bo‘ladi.

– Sifatli pishloq ishlab chiqarish uchun sifatli sut kerak, – deydi kichik Panayev. – Yaxshi sutni esa to‘yimli ozuqa bilan ta’minlangan nasldor sigirlar beradi. Oziqlantirish vaqtining o‘zgarishi, to‘yimlilik darajasining tushishi yoki oshishi sut sifatiga ta’sir ko‘rsatadi.

Qorao‘zak tumanida joylashgan “Panaev farms” fermasiga Bavariyadan olib kelingan sigirlarning mahsuldorlik ko‘rsatkichlari yuqori – kuniga 20 litr. Sutning yog‘lilik darajasi kamida 3,6 foiz. Ular mumtoz musiqa sadolari ostida, zamonaviy texnologiyalar me’yorlari asosida oziqlantiriladi. Buning boisini so‘rasangiz chorvachilikdagi kreativ usullar bilan bog‘liq bir olam ma’lumotlarga ega bo‘lasiz.

Fermada sog‘ib olingan sut maxsus transport vositalarida Nukus tumani Qizketgan qo‘rg‘onidagi “Panamilk” innovatsion sut zavodiga jo‘natiladi. Italiyaning “Inventaagri” kompaniyasidan xarid qilingan texnologik liniya konveyeridan pishlog‘u brinzadan tortib, sho‘batgacha bo‘lgan 30 xildagi yuz foizlik tabiiy mahsulot chiqadi. Sigirlarni boqishda ham, sutni qayta ishlashda ham kimyoviy qo‘shimchalardan umuman foydalanilmaydi.

“Panaev farms”da Bavariya sigirlaridan tashqari Avstriyaning nasldor echkilari, zotdor otlar boqiladi. Ispaniyalik hamkorlar bilan imzolangan 315 ming AQSh dollarilik shartnomaga asosan yaqinda kuniga 4 litr sut beradigan qo‘ylar Qorao‘zakka olib kelinadi.

Innovatsion ferma boshqaruvi ham zamonaviy menejment asoslariga qurilgan. Germaniyaning agrar universitetlarida fermerlarga menejmentni o‘rgatgan tajribali mutaxassis bugungi kunda Qoraqalpog‘istonda faoliyat ko‘rsatayotir. Alisher Qurbonovga bu yerda ilmiga munosib oylik maosh tayinlangan. Uning asosiy vazifasi rivojlangan davlatlarda chorvachilik tarmog‘ini samarali boshqarishda o‘zini oqlagan tartib-tamoyil­larni mahalliy sharoitda joriy etish va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifatini qat’iy nazorat qilishdan iborat. Zero, jahon tajribasidan ma’lumki, bir donagina sifatsiz mahsulot chiqargan korxona hamkorlar ishonchini yo‘qotadi, iste’molchilaridan ayriladi. Keyin sifatli mahsulotini qanchalik targ‘ib qilmasin, mijoz haqligiga asoslangan biznes olamining “qora ro‘yxati”dan chiqib ketishi mushkul bo‘ladi.

Xalqaro miqyosda nom qozongan ekspertning Orolbo‘yiga taklif etilishi esa xodimlarning “bir marta sifati sal buzilganiga shunchami” qabilidagi eskicha qarashlarning barham topishiga xizmat qiladi.

Qattiqqo‘l otadan meros daftar

Tadbirkor kishilar ko‘p. O‘zini ishbilarmon sanaydigan odamlar ham kam emas. Xo‘sh, faol tadbirkor deganda qanday insonlar nazarda tutiladi?

Bu savolga har kim har xil javob qaytarishi mumkin. Chunonchi, A nuqtadan mahsulot olib, B manzilda sotadiganlarni ham, V biznes sub’ektining moliga S bozorda xaridor topishga ko‘maklashayotganlarni ham tadbirkor emassiz, deyish mushkul.Ular – irmoqlar. Ular birlashib ulkan daryoni, daryolar dengizlarni hosil qiladi.

Faol tadbirkorlar bu – xususiy kapital evaziga ishlab chiqarish korxonasi tashkil etib, yangi ish joylari – aholi uchun barqaror daromad manbai yaratadigan, yon-atrofdagilarga nisbatan ilg‘orroq fikrlaydigan shaxslardir.

Qutlimurat Panayev ham tom ma’nodagi ishbilarmonlik faoliyatini boshlaguncha turli “ko‘cha”larda yurdi. 21-22 yoshlarida sovuq o‘lkalarga qovun olib borib sotdi. Qoraqalpog‘istonning sho‘r tuprog‘ida pishgan poliz mahsulotlari u yoqlarda juda xaridorgir edi. Qovun olib borgan “KAMAZ”iga  Nukusda tanqis narsalar – elektrodlar, yuk avtomobillari shinalari, turli rusumdagi akkumlyatorlar va ko‘plab ehtiyot qismlarni ortib qaytardi...

KYeLAJAK – TADBIRKORNIKI! Bu Berdimurat akaning o‘tgan asr 80-yillari oxiri va 90-yillari boshida farzandlariga tez-tez takrorlagan gapi. Qattiqqo‘l ota ayni payt­da o‘qimasdan biron narsaga erishib bo‘lmasligini ham qat’iy ohangda ta’kidlardi. O‘zi o‘qigan kitoblarning ibratli jihatlari haqida so‘zlardi. Gazetalarda chiqayotgan xabarlarning mag‘zini chaqishga, jamiyatdagi yangilik-voqealar qaysi yo‘nalishda rivoj topishini tahlil qilishga o‘rgatardi. Har doim xalqqa xizmat qilib obro‘ topgan sulola nomiga dog‘ tushirmaslik, Panayevlarning beshinchi avlodi nufuzini saqlash zarurligini qayta-qayta uqtirardi.

Qutlimurat Toshkent texnika universiteti Energetika fakultetida tahsil oldi. Diplom qo‘lga tekkach, respublika “Agrostroy” birlashmasining ta’minot bo‘limiga ishga kirdi. Malakali ustozlar ko‘magida ikki-uch yilda boshqaruv ko‘nikmalarini egalladi. Buni sezgan rahbarlar yosh mutaxassisni Bektemir temir-beton buyumlari zavodiga direktor etib tayinlashdi.

Ochig‘i, 27 yashar yigit dastlab katta korxona va yuzlab odamlarni qanday boshqaraman, deya biroz cho‘chidi. Lekin otasining qimmatli maslahatlari unga “yo‘l xaritasi” bo‘lib xizmat qildi. Qisqa muddatda zavod ko‘rsatkichlari sezilarli ravishda yaxshilandi. Bekobod metallurgiya kombinati kabi gigant korxonalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. 2000 yilda “Shuhrat” medali, keyin “O‘zbekiston Respub­likasi mustaqilligiga 10 yil” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishi uning mehnatiga berilgan baho edi. Biroq, quvonch va qayg‘u birga yuradi, deganlaridek aynan shu yili har tomonlama tirgak bo‘lib turgan suyanchig‘i, davlati, mehribon otasi olamdan o‘tib qoldi...

O‘gitu nasihatlar vasiyatga aylandi. Buni to‘g‘ri tushungan Qutlimurat O‘zbekiston Respub­likasi Prezidenti huzuridagi davlat bosh­qaruvi akademiyasida o‘z bilimlarini yanada mustahkamladi. Besh-olti yil davlat idoralarida mas’ul lavozimlarda ishladi. Ammo uni Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlikni rivoj­lantirish istagi, iqtisodiyot tarmoqlarini xususiylashtirish orqali yangicha mexanizmda boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadi tinch qo‘ymasdi.

Qizig‘i shundaki, g‘amxo‘r ota bu borada ham farzandlarga “yo‘l xaritasi” yaratib ketgan ekan. Berdimurat akaning o‘limidan so‘ng uning ish stolidan topilgan qimmatli daftar hozirgacha ana shu vazifani o‘tamoqda. Unda Qoraqalpog‘iston sharoitida xususiy sektorning qaysi yo‘nalishlari qanday foyda keltirishi bayon etilgan edi. Qayerga qanday zavod qurish zarurligi ham ko‘rsatilgan edi...

Aka-uka Panayevlar dastlab bor mol-mulkini garovga qo‘yib kredit olishdi. “Uy-joy qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etishdi. Dastlab uch kishi bilan faoliyat bosh­lagan kompaniyada hozir minglab odamlarning bandligi ta’minlangan. Ayni paytda esa Qoratov hududida barpo etilayotgan “Titansement” qo‘shma korxonasini mustaqilligimizning 27 yilligiga to‘yona sifatida topshirish maqsadida qizg‘in ish olib borilmoqda.

Ishchi guruhining amaliy yordami

Bolalikdagi ilm toshga o‘yilgan naqshday bo‘ladi, deganlari rost ekan. Qutlimuratning hayvonot olamiga qiziqishi oxir-oqibat uning biznes yo‘nalishlarida ham o‘z so‘zini aytdi.

Ko‘p tarmoqli zamonaviy fermalarni tashkil etish – Orolbo‘yida istiqbolli soha, faqatgina odamlarning mentalitetini o‘zgartirish, ularni yangilikka intilishga o‘rgatish kerak, degan qarorga kelgach, avvalo, o‘zi bu boradagi bilimini yanada oshirdi. Ikki yil davomida Isroilda chorvachilik menejmenti bo‘yicha magistraturada o‘qidi.

...Qutlimurat Panayevning cho‘l hududlariga moslashgan avtomobilida Nukusdan Qorao‘zak tomon yurdik. Xalqobod va Chimboyni ortda qoldirib, qariyb bir soatdan so‘ng belgilangan manzilga yetib keldik.

“Panaev farms” innovatsion fermasi bilan yaqindan tanishuv asnosidagi suhbatimiz ilgari banklar tadbirkorlarga yaxshi ko‘z bilan qaramagani, endi esa nafaqat moliya muassasalari, balki hokimiyat vakillari ham ishbilarmonlarga “Bizdan nima yordam” deb kelib turishi ta’kidlanayotgan joyida gurungimizni telefon qo‘ng‘irog‘i bo‘lib qo‘ydi. Ma’lum bo‘lishicha, respublika ishchi guruhi shu yoqqa kelayotgan ekan. Tuman hokimi mehmonlardan oldin yetib kelganidan sezdimki...

Taxminlarim to‘g‘ri chiqdi. Hukumat a’zolari va Bosh prokuratura mutasaddilaridan iborat ishchi guruhi fermaga kelib, uning faoliyati bilan obdon tanishishdi. Q.Panayevning rejalari bilan qiziqishdi. Shu yerning o‘zida yangi biznes-rejalarni amalga oshirishga qaratilgan topshiriqlar berildi, yaqin atrofda bo‘sh turgan inshoot “nol” xarid qiymatida “Panaev farms” balansiga o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Ishchi guruhi a’zolari davlat-xususiy sherikchilik tamoyili asosida Mo‘ynoq tumanida zamonaviy chorvachilik kompleksini barpo etish taklifini bildirishdi. Kutilmagan taklifdan Q.Panayevning boshi qotib turganida mehmonlar maqsadni yanada aniq-ravshan bayon etishdi:

– Bu loyihaga 15 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladi. Siz o‘zini oqlagan tajribangiz orqali uning samarali ishlashi, mahalliy aholi uchun yangi ish joylari – barqaror daromad manbai yaratilishini ta’minlasangiz bas. Xorijiy hamkorlar topish va moliya muassasalari bilan bog‘liq masalalarni ijobiy hal qilishni ishchi guruh o‘z zimmasiga oladi!

Mehmonlar ketgach, “Panaev farms”ning egasi o‘z hayajonini yashira olmadi:

– Avvallari tadbirkorlar davlat va jamiyat uchun foyda keltiradigan biror loyihani amalga oshirish uchun turli idoralarning eshigini qoqib, erta keling, indin keling, degan iddaolardan sarsonu sargardon bo‘lardi. Ayniqsa, moliya muassasalari bilan ishlash azobning o‘zginasi edi. Endi-chi? Mana, muxbir uka, o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rdingiz – barcha tashkilotlar rahbarlari tadbirkorning oldiga o‘zlari kelayapti. Buning uchun muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevdan bir umr minnatdormiz!

Anjumandagi murojaat esdan chiqmadi(mi?)

Ikki yildan beri davlatimiz rahbari tadbirkorlarni astoydil qo‘llab-quvvatlab, investitsiya kiritadigan va mahalliy aholini ish bilan ta’minlaydigan ishbilarmonlarga barcha sharoitni yaratib berishga tayyorman, deb turibdilar.

Berdimurat Panayevdan farzandlariga meros daftarda “Kelajak – tadbirkorniki” deya takror-takror yozilgan.

“Prezident g‘oyalari bilan kelajak sari” shiori ostida O‘zLiDeP tomonidan Toshkentda o‘tkazilgan “O‘zbekiston faol tadbirkorlar anjumani”da bugungi kunda zamonaviy dunyoning taraqqiyot dvigatellari, shak-shubhasiz, tadbirkor va ishbilarmonlar ekanligi qayta-qayta ta’kidlandi.

Bular shunchaki o‘xshashlik, shunchaki tasodif emas.

Buni Panayevlarning kattayu-kichigi yaxshi biladi. Shuning uchun ham ular O‘zLiDePning dasturiy maqsadlarini amalga oshirish jarayonida ham, turli loyihalar bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarida ham faol ishtirok etishadi. Ayniqsa, kenja Temurbek shijoatli yoshlardan emasmi, har jabhada XXI asr texnikalaridan foydalanishni xush ko‘radi. Yuqorida tilga olingan anjumanda qabul qilingan Murojaat haqida gap ketishi bilan telefonidan mazkur matnning elektron variantini ochdi – uzlidep.uz saytidan yuklab olgan ekan.

Nafaqat Qoraqalpog‘iston, balki O‘zbekis­tonning eng yosh va istiqbolli faol tadbirkorlaridan biri Qorao‘zak tomonlarda turib asta o‘qiy boshladi:

“Davlatimiz rahbarining hayotda hech narsa o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, degan purma’no o‘gitiga tayanib, faoliyatimizni innovatsion, ya’ni zamonaviy yondashuvlar, ilg‘or texnologiya va boshqaruv usullari asosida tashkil etadigan, biznes faoliyati, aql-idroki va kuch-g‘ayratini O‘zbekiston taraqqiyotiga bag‘ishlaydigan, farzandlarining taqdirini shu jannatmakon zamin taqdiridan ayri tasavvur qilolmaydigan, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarib, yangi ish o‘rinlari yaratib butun jamiyatga naf keltiradigan faol tadbirkor bo‘laylik”.

Anjuman bo‘lib o‘tganiga to‘rt oydan oshdi. Faol tadbirkorlarimiz unda berilgan va’dalarni o‘z vaqtida bajarish ishtiyoqida faoliyat ko‘rsatishyapti. Mamlakatimiz shimolida oilaviy tadbirkorlikka  ilg‘or innovatsiyalarni olib kirayotgan Panayevlar xonadoni bir misol, xolos.

...Biz kuzatishda va yuzma-yuz uchrashishda davom etamiz. Keyingi manzil Xiva tumanining Turkmanistonga tutash qumlari bo‘ladi. Shoirlar biyday cho‘l, deb ataydigan barxanlar bag‘rida qanday innovatsiyalar joriy etilgani qiziqtirayotgan bo‘lsa, siz ham bizni kuzatishdan to‘xtamang. Keyingi haftadagi diydor onlari ayni shu mavzuga bag‘ishlanadi.

Darvoqe, o‘nqir-cho‘nqir yo‘llarning tadbirkorlikka ta’siri xususidagi mulohazalarimiz bilan ham yetti kundan so‘ng tanishasiz. Zotan, Xorazm vohasida bu muammo allaqachon pishib yetilibdi. Ayrim yo‘llarda harakatlanish azobga aylanibdi...

Ozod RAJABOV,

“XXI asr” maxsus muxbiri

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    698
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Аймуратова Жулдыз Айтмуратовна Фаргона вилоят Кенгаши Кадрлар бўйича инспектори2018-07-02 17:08:36

Ёш булишига карамасдан замон билан тенг кадам куйган илгор тадбиркорлар каторидан оз вакт ичида уз жойини эгаллаган бу каби табдиркор ешларимизга изланишдан чарчаманг диб коламиз.


Асем Сиримбетова ҚР кенгаши ходими 2018-06-30 17:48:40

Давлатимиз томонидан тадбиркорлик соҳасини ривожлантиришга катта эътибор қаратилиб келинмоқда. Бундай имкониятлардан ёшларимиз ҳам самарали фойдаланиб келишмоқда. Тадбиркорлар оиласи Панаевларнинг панаинновацияси ривож топишига ўз ўстида янада изланишга ҳаракат қилишига ишонамиз Ишларида ривож.


Навоий вилоят Кенгаши Қўчқоров Беҳзод Исомиддинович2018-06-30 12:52:41

Келажак ёшларники, келажак тадбиркор ёшларники, Доим ўқишни,изланишни,меҳнат қилишни ортидан қувган ёшлар, Сизларга куч қувват ҳамма вақт ҳамроҳ бўлсин. Лойиҳанинг ўзини оқлашига умид қилиб қоламиз.


Рахманова Гульнара КР Тахтакупир 2018-06-30 10:56:50

Маколанинг номини хам тугри танглаган. Панаевлар ва панаинновациялар. Хакикатдан хам еш булишига карамасдан замон билан тенг кадам куйган илгор тадбиркорлар каторидан оз вакт ичида уз жойини эгаллаган бу каби табдиркор ешларимизга факат олга . Янада изланишдан чарчаманг дегимиз келади.


Холмат Тўраев Жиззах вилояти2018-06-29 17:47:59

Панаинновация ривож топишига ишонамиз


Fikringizni qoldiring

+