Agroinnovatsiya: qumda baliq boqish sinoati va sanoati

07.07.2018, 17:14

Agroinnovatsiya: qumda baliq boqish sinoati va sanoati

Suvning qumga singishi va zumda g‘oyib bo‘lishi bilan bog‘liq tasavvurlar qachon o‘zgaradi? Bolta sho‘ro nega Boltaboy oqsoqolga aylandi? “KHARROT VIET”nima degani? Pirnaxos qayerda joylashgan? Kimning ko‘zini boylik ko‘r qildi? Bir soniyada bir dona tayyor mahsulot chiqarish mumkinmi? O‘nqir-cho‘nqir yo‘llarda nafaqat transport vositalari, balki ularning ichidagi insonlarning ichi to‘kilganini ko‘rganmisiz?

Xiva tumanida Otaboy Allaberganov degan zamondoshimiz bor. Partiyamizning tashabbuskor a’zolaridan. “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi. Otaharrot nomi bilan tanilgan bu fermerning innovatsion baliqchilik maktabini Vetnamu Xitoyda ham yaxshi bilishadi. Endi isroilliklar hamkorlikda ishlash taklifi bilan kelib ketishyapti. Xorijiy mutaxassislar cho‘lda atigi bir yilda bunyod etilgan konserva zavodi, ko‘llar orasidagi zamonaviy sayyohlik majmuasi, o‘tovlardagi ofislarni ko‘rib chinakamiga hayratlanishmoqda.

O’zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Jumanazar Qurbonov yetkazgan shu xabar safarga otlanishga turtki bo‘ldi. Tom ma’nodagi agroinnovatsiyani o‘z ko‘zim bilan ko‘rish istagi 1100 kilometrlik masofani yoz jaziramasida bosib o‘tish mashaqqatidan ustun chiqdi. Hatto ana o‘sha yo‘lning 300 chaqirimi adog‘i ko‘rinmaydigan barxanlararo o‘tishi oldindan ma’lum bo‘lsa ham...

Qum shunchalik qiziganki, yuzasiga ko‘milgan kartoshka-yu tuxum besh daqiqada pishadi. Ta’mini ayting – bunday tanovuldan so‘ng suvda qaynatilganini yegingiz kelmay qolarkan. Qobig‘ini archiyotganda barmog‘ingiz kuyishi-da zavq bag‘ishlaydi. Anchadan buyon dangasalikni kasb qilgan sezgi organlaringiz go‘yo favqulodda vaziyatlar tartibida ishlayotgani, immun tizimi quyosh taftiga tezkorlik tarzida moslashayotganini his qilasiz.

Diqqatingizni jamlab, nigohingizni qumga qadasangiz, shisha zarralarini ko‘rasiz. In’om etilgan ne’mat – juda katta boylik bu. Hisobsiz hajmdagi oynalar, turfa shakllardagi shisha idishlarning tayyor xomashyosi qayta ishlovchi kimyogar-muhandislar, ishbilarmonlar investorlarni kutib yotibdi.

Kipriklaringizni yumib, astoydil quloq tutsangiz, innovatsion g‘oyalar negizida yaratilgan samarali texnologiyalardan oqilona foydalanish maqsadida qumda barpo etilayotgan o‘xshashi yo‘q sanoat korxonalarining yoqimli shovqinini eshita olasiz. Salohiyatli sarmoyadorlar topilajagidan darak bu. Kim bilsin, ayni lahzalarda Buxoro yo Navoiy viloyatining, Xorazm vohasi yoxud Qoraqalpog‘iston Respublikasining shaharu qishloqlarida ulg‘ayayotgan navqiron avlod vakillari sinoatlar qulfini ochib, istiqbolli sanoat yo‘nalishiga aylantirish loyihasini nihoyasiga yetkazish arafasidadir.

Prezidentimiz farmoni bilan tasdiqlangan “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturini amalga oshirish orqali yaratilayotgan qulay sharoitlar tufayli hozircha ismi-sharifi noma’lum o‘sha novator yigit-qizlarni kashf qilish onlari tobora yaqinlashayotgandir. Yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, kreativ g‘oya va loyihalarini o‘z vaqtida moliyalashtirishning aniq mexanizmlari belgilab berilgan mazkur dastur “pul bo‘lsa changalda sho‘rva”ni tutishini aytadiganlar uchun ajoyib imkoniyatlar maydonidir.

Yana bir gap: O’zLiDeP “Yoshlar qanoti”ning ham otni qamchilaydigan vaqti keldi. Chunki zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishga qodir, maqsadga intiluvchi va serg‘ayrat yoshlar yurtimizda juda ko‘p. Faqat partiyamiz ularning oldiga boshqa davlat va jamoat tashkilotlaridan oldin yetib borishi, rejalarini ro‘yobga chiqarishga amaliy jihatdan ko‘maklashishi zarur. Shundagina yetakchi siyosiy kuch mavqei saqlab qolinadi, kelasi yilgi saylovlardagi muvaffaqiyat zamini yanada mustahkamlanadi.

...68 yashar Otaboy ota qum bag‘rida baliq boqishning uddasidan chiqadi-yu, kompyuter texnologiyalari yordamida qilni qirq yoradigan bugungi yoshlar innovatsion rivojlanishga hissa qo‘sholmaydimi? “Iste’dodlar oramizda, lekin biz ularni ko‘rolmayapmiz”, degan gapni avvalgi zamondagilar o‘zini oqlash uchun o‘ylab topishgan. Modomiki, bugun partiyaning oldida o‘zaro bog‘liq ikkita dolzarb vazifa turibdi: birinchidan, “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturida nazarda tutilayotgan yoshlarni izlab topish va ikkinchidan, ularni moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash!

Alohida ta’kidlash joizki, bu vazifani bajarishni bir kunga kechiktirgan siyosiy institutlar istiqboldagi faoliyatida o‘n kunlik depsinishga ro‘baro‘ bo‘ladi. O‘n kun kechikish esa... Xullas, hozir vaqtning qadriga yetmagan ertaga naqdidan – yuz minglab saylovchi-yoshlarning ovozidan ayriladi.

Ichonqal’agacha yaxshi, naryog‘i juda “yaxshi”

“Xiva vaqti bilan soat yetti” nomli film-konsert bo‘lardi. TVda tez-tez namoyish etilardi. Muqaddimasi aniq esimda qolgan. Ishtirokchilar Xiva shahri atrofidagi manzillardan piyoda, ot yoki eshakda toshli-tuproqli yo‘llardan Ichonqal’aga yetib keladi. Ijodkorlar yumor yordamida real holatni ustalik bilan ko‘rsatishgan.

Urganchdan Xiva tomon ravon yo‘lda harakatlanish davomida film-konsert qahramonlari ana shunday manzaralarni orzu qilgan bo‘lsa kerak, degan fikr o‘tdi xayolimdan. Faxrlanishning o‘zi bir rohat. Atrof obodonlashtirilgan. Zamonaviy binolar tarixiy inshootlarga uyg‘unlashtirilgan. Shunday kayfiyatda ko‘hna shaharga yetib kelib, “Sobir arqonchi” mehmonxonasiga joylashdik. Biroz tanaffusdan so‘ng yana yo‘lga tushdik. Navbatdagi manzil – Pirnaxos qishlog‘i. Lekin...

Besh daqiqadan keyin baland kayfiyatdan asar ham qolmadi. Biz sizga maqtagan ravon yo‘l Ichonqal’agacha ekan, xolos. U yog‘i dabdala. Shahardan chiqiboq shunchalik “tekis” yo‘lga tushdikki, ta’riflashga til ojiz – holiga maymunlar yig‘layotgani kemtik o‘xshatish. Yigitchaning mana bu xirgoyisi balki mos tushar: “Barcha tekis va ravon yo‘llar Urganchu Xivaga bo‘lsin, hamma o‘nqir-cho‘nqirlar va changu to‘zonlar bizga”.

Xizmat safarimiz davomida Urganch-Gurlan, Yangibozor-Xiva yo‘llaridagi noqulayliklar sabab aholining fig‘oni falakka chiqqaniga ham guvoh bo‘ldik. Aytishlaricha, mazkur yo‘llardagi ta’mirlash ishlari boshlanganiga ancha bo‘lgan. Biroq, mana necha yildirki, uning yakuniga yetishini nazorat qiladigan fidoyi topilmayapti.

Bu tanqidiy mulohazalar mutasaddilarga ta’sir qilish-qilmasligi bizga qorong‘u. Ammo eni besh-olti metrlik “tosh-so‘qmoq”larda harakatlanayotgan transport vositalari egalari xuddi jahon tajribasida bo‘lgani singari moddiy-ma’naviy zararni qoplashni so‘rab yo‘lsozlarni sudga bersa – oqibati ayanchli bo‘lishi aniq. Yaxshiyamki, odamlarimiz bag‘rikeng. Yo‘l solig‘ini vaqtida to‘lab qo‘yganimdan keyin nima uchun sifatli yo‘lda yurmasligim kerak, deya shikoyatbozlik qilishni o‘ziga or biladi. Qiynalsa-da chidaydi. Ammo bu bag‘rikenglikni suiste’mol qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Davlat organlari xalqqa xizmat qilishi darkor, degan da’vatning hikmati ham shunda.

Olti oylik tekshir-tekshirlar asorati

Yo‘ldagi azoblar sabab agroinnovatsiyalar asoschisi, bir necha fermer xo‘jaliklari va MChJlar ta’sischisi Otaboy Allaberganov huzuriga kelishilgan vaqtdan kechikibroq bordik. Salomlashib-so‘rashganimizdayoq bu kechikish yoqmayotgani yaqqol sezildi. Ustiga ustak ikki nusxada shartnoma ko‘tarib kelib, reklamaga pul so‘raydigan, naqdi unmagan taqdirda bepul tushlik qilib ketadigan navbatdagi  sayyor “muxbir”lar, deya o‘ylaganini ham yashirib o‘tirmadi. Maqsad-muddaomizni tushungachgina ochiq muloqotga rozi bo‘ldi. Gurungimizning bir soati shiyponda, keyingi oltmish daqiqasi avtomobilda, qolgani qumlar orasidagi ko‘llar bo‘yida, konserva zavodida kechdi...

Qahramonimizning ajdodlari baliqchi o‘tgan. Shuningdek, ta’mirchi-usta sifatida el koriga yaragan. Harrot nisbatining berilishi ham bobolariga ishora. Otasini Bolta sho‘ro deb chaqirishgan. Zamona zayli-da. Vatan istiqlolidan uch yil ilgari 84 yoshida vafot etgan. Sakkiz farzandni dunyoga keltirgan Poshshajon ena tabarruk 93 yoshida. Otaboy aka farzandlarning ikkinchisi. Masharip og‘asiga ini, uka-singillariga g‘amxo‘r aka bo‘lib, urushdan keyingi og‘ir yillarda voyaga yetgan.

Harbiy xizmatga chaqiruv qog‘ozini olganda “Xorazmbaliq” kombinatida ishlardi. Yigitlik burchini o‘tagach, yana to‘g‘ri shu yoqqa keldi. Peshona teri uning chiziqlarida aks etgani shuki, avval usta-baliqchi (master), keyin uchastka boshlig‘i lavozimiga o‘tkazildi. Intiluvchan mutaxassis Toshkent davlat pedagogika institutining biologiya fakultetida sirtdan o‘qidi. Rossiyaning Dmitrov baliqchilik institutida malaka oshirdi. Muayyan fursat o‘tib, xo‘jalikka rahbar bo‘ldi.

Biroq 80-yillar oxiri emasmi, iqtisodiy munosabatlardagi parokandalik, qotib qolgan eskicha boshqaruv tizimi, nazariy va amaliyot o‘rtasidagi jarlik baliqchilik tarmog‘ini ham kasodga uchratayotgandi. Soha olimlarining o‘nlab dissertatsiyalari arxivlardan joy olaverardi. Igna bilan quduq qazilgandek ilmiy yangiliklar hozirgi innovatsiyalarning o‘zginasi edi bo‘lmasa. G‘arbda yilt yetgan tashabbus faol qo‘llab-quvvatlanib, uni real hayotga tatbiq qilishga mablag‘lar ajratilgan bir paytda bu yoqda “ura-ura”chilik avjiga chiqqandi.

Natijada O.Allaberganov ham bir-ikki yil “arosat”da yurdi. Biroq baliqchilik ilmini o‘rganishdan to‘xtamadi. An’anaviy va zamonaviy boshqaruv tizimini qiyosiy mulohaza chig‘irig‘idan o‘tkazdi. Mulkchilik shakllarini tanqidiy nuqtai nazardan tahlil qildi. Ya’ni, yetti o‘lchab bir kesdi: baliq yetishtirishga ixtisoslashgan “Bolta sho‘ro” fermer xo‘jaligiga asos soldi.

Yigirma gektarlik ko‘lda, besh nafar ishchi-xodim bilan faoliyat boshlagan tadbirkorlik sub’ektida menejment va marketingning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani, jonivorlarni yemish bilan ta’minlash va urchitishda o‘ziga xos usulning qo‘llanilishi samaradorlik omili sifatida qayd etildi. Dastlabki mavsumdayoq ikki-uch turdagi 8 tonna baliq sotildi. Bu 1996 yildagi ko‘rsatkichlar. Lekin shuginasiyam hasadgo‘ylarga yetarli bo‘ldi. “Bolta sho‘ro” fermer xo‘jaligiga tegishli ko‘lni tortib olish jarayoniga “start” berildi...

Rosa olti oylik tekshir-tekshirlar Otaharrotning sog‘lig‘iga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa-da, irodasini buka olmadi. Baribir adolat qaror topdi. Hasadgo‘ylar karvonga qarab qolaverishdi.

Ma’lum muddatdan keyin “Boltaboy oqsoqol” nomida qayta tashkil etilgan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligining endilikdagi faoliyatiga oid raqamlarni o‘zingiz avvalgisi bilan solishtirib ko‘rishingiz mumkin: 400 gektarlik ko‘l, 20 turdagi baliqlardan 2000 tonnadan ortiq mahsulot, 200 nafardan ziyod ishchi-xodim. Daromad va sof foyda esa... Birovnikini hisoblaguncha, agroinnovatsiyalarni havas bilan o‘rganishda davom etganimiz ma’qul, nazarimda.

Otaharrotning “yo‘ltanlamas”ida qum sayri...

Ishchi-xodimlarga og‘ir-bosiqlik va o‘ziga xos salobat bilan ko‘rsatma berayotgan kishining hatti-harakati e’tiborimizni tortdi. Uning baliqchilikda tajribasi katta ekanligi shundoq bilinib turardi. Omonboy Meyliyev deya tanishtirilgan bu mutaxassis Otaharrot bilan 38 yildan buyon birga ekan.

Omonboy aka bilan qisqa suhbatimiz davomida O.Allaberganovning 2005 yilda muborak haj ziyoratiga borib kelgani, Hurmatbek va Haydarbek ismli o‘g‘illar otaga yaqin ko‘makchi, qizlari o‘qituvchi ekanini bilib oldim. Hurmatbek Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyalari institutini tugatgandan keyin Vetnamda innovatsion baliqchilik yo‘nalishida malaka oshirib kelgan. Haydarbek Qoraqalpoq davlat universitetining yuridik fakultetini tamomlagan. “Eshonravot” va “Pirnaxoszamin” fermer xo‘jaliklari rahbarlari. O.Meyliyev esa “Xorazmbaliqagrosanoat” MChJni boshqaradi.

Nihoyat shiyponda xorijda ishlab chiqarilgan “yo‘ltanlamas” harakatga keldi. Rulda Otaboy otaning o‘zi. Meni qumdagi innovatsiyalarga sayrga taklif qildi. O‘zi shu maqsadda kelmaganmanmi, darrov mashinaga chiqdim.

Tosh yo‘llar ortda qolib, qumga yetib keldik. Nariroqda katta-kichik ko‘llar, undan ham olisda esa zamonaviy inshootlar ko‘zga tashlanib turardi.

– Tasavvur qilolmaysiz, – dedi ota avtomobilni to‘xtatib. – Hozir konserva zavodiga olib boraman. Bir yil oldin o‘sha joy ham biyday cho‘l edi.

Jipning “start” tugmasi bosildi. Qum yo‘lda qancha masofa yurdik bilmadimu, lekin chindan ham zamonaviy sanoat korxonasining yonidan chiqdik.  3 million dollarlik investitsiya shartnomasi asosida qisqa muddatda bunyod etilgan zavod. Xitoydan keltirilgan ikkita texnologik liniya o‘rnatilgan. Biri, tabiiyki, baliq go‘shtini konserva qiladigan va uni qadoqlaydigan liniya. Ikkinchisi esa ana o‘sha qadoqni – tunukadan konserva bankalarini ishlab chiqaradigan uskunalar jamlanmasi. Otaning aytishicha, bunaqa avtomatik stanoklar yaqin atrofda yo‘q. Har soniya bitta banka tayyorlanadi.

 50 ta yangi ishni o‘rni yaratilgan “KHARROT VIET” qo‘shma korxonasining afzalliklari bilan tanishib, tashqariga chiqqanimizda otaning 5-sinfda o‘qiydigan Suhrob ismli nevarasi yugurib kelib salomlashdi. Bo‘lajak tadbirkorning “qiziqish”lari bilan qiziqqanimda arifmetik amallar ustasi ekanini aytishdi. Sinab ko‘rdik va amin bo‘ldik. Haqiqatan ham har qanday uch xonali sonlarni zudlik bilan yoddan ko‘paytirish va bo‘lish ilmini egallabdi. Endi to‘rt xonali sonlarni o‘rganayotgan ekan...

Nigohim hamon qum ichidagi ko‘llar va ular orasidagi binolarda edi. Yaqinlashgan sayin havasim ortardi. Nihoyat, mana o‘sha cho‘ldagi zamonaviy sayyohlik majmuasi. Turistlar uchun mo‘ljallangan 24 o‘rinli ikki qavatli uch yulduzli mehmonxona, atrofdagi o‘tovlardan birining ichida zamonaviy ofis, ikkinchisida konferens-zal. Uchinchi-to‘rtinchisi milliy ana’nalarga mos hordik maskanlari. Ajoyibotlar shu bilan tugamaydi. Besh metr balandlikdagi, 50 kishi bemalol joylashadigan usti yopiq ayvonga ko‘tarilsangiz qumdagi ko‘llarning butun jozibasi ko‘z oldingizda namoyon bo‘ladi. Ayvonning orqa tomonidagi yam-yashil sun’iy qoplamali futbol maydoni, oqqushu yovvoyi g‘ozlar parvarishiga mo‘ljallangan mikrohuddudlar taassurotlaringizni yanada oshiradi.

Nigohlar javobi: biznes siri

Bolalikda suvning bir zumda qumga singib, g‘oyib bo‘lishini ko‘rib katta bo‘lganmiz. Xo‘sh, bu yerdagi qumda suv ko‘l bo‘lib turganining sinoati nimada ekan, atrofi betonlanmagan bo‘lsa? O‘zi, umuman, barxanlar orasiga shuncha suv qayerdan keldi? Ayni shu savollar bilan Otaharrotga yuzlandim. U esa menga yarim jilmayib qarab qo‘ydi. Bu qarashda birinchi savolning javobi mujasssam edi: biznes siri...

– Yana 8 kilometr qum ichiga kirishga rozi bo‘lsangiz, ikkinchi savolingizning javobini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rishingiz mumkin, – dedi mashinaga chiqishga ishora qilarkan. – Yuqoridagi elektr toki simlarini 8 kilometr uzoqlikdagi katta kanaldan elektronasoslar yordamida suv olish uchun tortib borganmiz.

Jipda qum-ko‘llararo yurishda davom etdik. Ketayapmizu cho‘lda sarguzasht-film suratga olishga tayyorgarlik ko‘rayotgan rejissyor misoli his qildik o‘zimizni. Zero, dunyoga mashhur Kusto ham  shunaqa joylar haqida qanchadan-qancha lavhalar tayyorlagani yodimizga tushdi.

– Huv-anavi belgilarni ko‘rayapsizmi, – deya gurungni davom ettirdi qahramonimiz. – Qo‘shni davlat chegarasi...

Mashina barxanlar ustidagi tekislikka kelib to‘xtadi. Vertolyotlar qo‘nalg‘asiga o‘xshaydi. Bu yerga “temir qush”lar emas, ota-bola Allaberganovlar har kuni kelib ketishidan shu tabiiy maydoncha hosil bo‘lgan. O‘z ko‘zim bilan ko‘rdimki, qum bag‘ridagi 400 gektarlik sun’iy ko‘llar 8 chaqirimdan suv keltirish evaziga yaratilgan. Tasavvur qilyapsizmi, bu ko‘llar ko‘l bo‘lgunicha eh-e qancha uzoq muddatli va mashaqqatli mehnat sarflangan. Hovlisidagi bir sotixlik, tayoq suqsa ko‘karadigan tomorqani eplolmaydigan erkaklarni yig‘ib, Pirnaxosga sayohatga olib borsakmikan-a?..

“Baliq osh”iga taklif qilishdi

Havasga ne yetsin. Biroq hasad ham undan uzoq ketmasligi yomon-da. Ba’zan xuddi yonma-yon yurishadimi-ey? Baribir havasmandlar ko‘pligi ko‘ngilga chiroq yoqadi. Otaharrotga ham havas qilishadi. Chunki u bugun muvaffaqiyat qozongan tadbirkor. Hozir u taniqli ishbilarmonlar singari qimmatbaho mashinalarda yuradi. Yaxshi uylarda yashaydi. Shiyponlari ham uydan kam emas. Gilamchilik sexi, choyxonalari bor. Lekin bu yutuqlarga osonlikcha yoki qisqa fursatda erishgani yo‘q-da. Ne-ne azoblarni yengib o‘tishga, shu azoblarning asoratlari bilan kurashishga to‘g‘ri kelmadi deysiz? Yana deng, respublika kardiologiya markazida yurak qismida o‘tkazilgan murakkab jarrohlik amaliyotining o‘zi inson sabrini sinovdan o‘tkazgan og‘riqli jarayondir.

Otaboy ota og‘ir xo‘rsindi. O‘sha kunlar ko‘z oldida qayta jonlandi go‘yo. Mavzuni o‘zgartirish uchun kutilmagan-da, “Mutasaddilar ham sizning xayrli ishlaringizdan xabardor-ku” deyishim bilanoq otaning yuzlari yorishdi, nigohlari porlab ketdi. Boyagi mahzunlikdan asar ham qolmadi.

– Ha, darvoqe, Shavkat Miromonovich Bosh vazir bo‘lib ishlagan kezlarida narigi shiyponimizga kelganlar, – dedi jarangdor ovozda. – Yutuq va muammolarimizni joyida ipidan ignasigacha o‘rganib, yordamchilari bilan chuqur tahlil qilib, yanada kengaytirishimizga amaliy ko‘mak berganlar. Ketar chog‘larida luqmai haloldan ta’tib ketishlarini iltimos qildim. U kishi ochiq chehra bilan “Hali nasib qilsa, keyingi kelganimda baliqdan osh qilamiz” dedilar hazil aralash. Faqat bir piyolagina choy ichdilar. Mana, shundan beri baliq oshi orzusida mehnat qilayapmiz. O‘tgan yili menga davlat rahbari sifatida o‘z qo‘llari bilan “Mehnat shuhrati” ordenini taqqanlarida eslatgim keldiyu, yana mavridi emas, deb o‘yladim. Biroq yaqin kelajakda shu orzu amalga oshishiga qattiq ishonaman. Xorazmga navbatdagi tashriflarida albatta agroinnovatsiyalar samarasi bilan xursand qilamiz...

“Toshkentga borganimda gurungni yana davom ettiramiz”, deya xayrlashdi tajribali agroinnovator meni kuzatib qo‘yar ekan. Bo‘lmasa poytaxtda ko‘rishguncha, deganimni hoji ota eshitdimi-yo‘qmi bilmadim. Ammo ko‘l bo‘yida chala qolgan suhbat davomini hozirdan qumsay boshladim...

Ozod RAJABOV,

“XXI asr” maxsus muxbiri

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    3014
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Каландар2018-07-09 23:23:32

Отабой огани куп сухбатини олганман У хаетий тажрибаси ута кучли ,Енида Омонбой ога, Хурматбек,Хайдарбек, невараси Болтабой хамда бир нечта содик ишчилар билан иссикни иссик демасдан , совукни совук демасдан юурт равнкига хисса кушиб келаетирлар...


Каландар2018-07-09 23:13:41

Отбой акани билан куп сухбат курганман у кишини хаетий тажрибаси ута кучли шунинг учун хам шунча ишчини оркасидан эргаштириб келаяпди...


Исомов Акрам Жиззах вилоят Кенгаши2018-07-09 15:43:12

Чулда балик консерва заводи очиб, янги иш уринлари яратган, агроинновациялар асосчиси, бир неча фермер хўжаликлари ва МЧЖлар таъсисчиси Отабой Аллабергановга ухшаган тадбиркорлар купайиши мамлакатимиз ривожланишига хизмат килади.


O‘zLiDeP Олтинсой туман Кенгаши аппарат рахбари Тиркашов Абдурасул 2018-07-09 15:06:57

Отабой отага ўхшаган мехнатсевар тадбиркорларимиз купайса элимиз бой бўлади. Ишларига омад тилаймиз.


Олим Норжигитов, Жиззах вилояти 2018-07-09 11:39:36

Мана шундай қум барханлари орасида балиқ етиштириш синоатини ўзлаштирган тадбиркоримизнинг ишларига ривож ва барака тилаймиз. Отабой Аллаберганов каби меҳнаткаш, олижаноб инсонлар кўпайсин


Шамшод Жафаров 2018-07-09 10:06:45

Одамларнинг нақши бу инсонлар. Улар бор юртда хамиша орзулар яралаверади,ёшларни орқасидан эргаштираверади.


Шовот туман Кенгаши 2018-07-09 10:00:27

Машаққатли мехнатларининг самараси ўлароқ рохатини кўришдек бахтга эришган тадбиркоримизнинг ишларига мувафаққият тилаймиз. мартабаси бунданда улуғ бўлсин.


Акбар Якубов, Жиззах вилояти2018-07-09 09:27:23

Отабой Аллаберганов каби ишбилармон ва тадбиркорларимиз мамлакатимизда янаям кўпайсин биз уларни доим қўллаб-қувватлаб ҳамда ишларига ривож тилаймиз


Тошкент Ёшлик т.ш. Кенгаши фаоли Рахмонов М2018-07-09 00:09:03

Дархакикат мехнат таги рохат деб бежиз айтишмаган.Отабоц аканинг хам бу килаётган мехнатларини мукофоти бор албатта.


Baxtigul Qarshiyeva O‘zLiDEP Samarqand viloyat Kengashi matbuot kotibi2018-07-07 19:30:03

Yurtimiz iqtisodiyotiga salmoqli hissa qushayotgan tadbirkorlarimizning omadini bersin!Ularning safi ko‘paysin! XXI asr gazetasi muxbiri,Ozod Rajabovga tadbirkorlarimizning hayoti tarzi aks etgan ocherklari uchun tashakkur izhor qilamiz!!!


Fikringizni qoldiring

+