Marhamatliklar O‘zLiDeP loyihalaridan mamnun

09.07.2018, 16:00

Marhamatliklar O‘zLiDeP loyihalaridan mamnun

Bepul tibbiy ko‘rik

Marhamat tumanidagi 31-qishloq oilaviy poliklinikasi Mirishkor, Ko‘tarma, O‘qchi, Uvaysiy mahallalarining 14 147 nafar aholisiga xizmat ko‘rsatadi. Biroq tibbiy xizmat ko‘rsatishdagi kamchiliklar tufayli aholi vakillari ayrim hollarda tuman markaziga yoki Andijon shahridagi shifoxonalarga borishga majbur. Chunki bu yerda barcha kasalliklar bo‘yicha davolovchi vrach va chuqurlashtirilgan tekshiruv mavjud emas.

O‘zLiDeP Andijon viloyat Kengashi Ayollarning siyosiy faolligi, jamiyatdagi o‘rni va mavqeini oshirish bo‘limi tashabbusi bilan mazkur poliklinikada amalga oshirilgan bepul tibbiy ko‘rikka tuman va viloyatdagi 20 nafarga yaqin tor mutaxassislar jalb qilindi. UTT, EKG, bioximik qon tahlillariga mo‘ljallangan tekshiruvlar aholi, ayniqsa, xotin-qizlar uchun ayni muddao bo‘ldi.

 – Chuqurlashtirilgan bugungi ko‘rikni tashkillashtirishda ko‘mak bergan  mutasaddilarga katta rahmat, – deydi poliklinika mudirasi Ibodatxon Asranova. – Ancha vaqtdan buyon mana shu rejani amalga oshirolmayotgan edik. Hudud aholisining 330 nafar vakili salomatligini chuqurlashtirilgan tekshiruvdan o‘tkazgani o‘zlari bilib bilmagan dardlarini aniqlashda yordam berdi. Bu esa o‘z vaqtida shifo topishiga turtki bo‘ladi.

Kelin bo‘lib tushganimga ko‘p bo‘lmadi, – deydi o‘qchilik 21 yoshli Shoiraxon Tillayeva. – Homiladorligim sabab ahvolim biroz yomonlashayotganini his qilayotgan edimu, lekin yangi uydan hadeb tuman markaziy shifoxonasiga qatnashga iymanayotgandim. Bugun ilk skrining tekshiruvidan ham o‘tdim, berilgan yo‘llanma bilan endi Andijon shahridagi tug‘ruq kompleksida ambulator davolanib salomatligimni tiklayman.

“O‘zLiDePning obod ko‘chasi” hamda “Sog‘lom oila – mustahkam oila” loyihalari doirasida tashkil etilgan mazkur chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tgan 330 fuqaroning 32 nafari o‘zida aniqlangan kasallik bo‘yicha ambulator davolanish uchun tuman va viloyat shifoxonalariga yo‘naltirildi.

20 nafar yoshlar endi band

– “Sen ham faol yoshlar safidasan!” shiori ostida partiyamiz tashabbusi bilan Marhamatda yangi ish boshlagan “Elektrotexnika” zavodida targ‘ibot tadbirini o‘tkazganimiz tumandagi vaqtincha ishsiz yoshlar uchun katta imkoniyat eshigini ochdi, –deydi O‘zLiDeP Andijon viloyat Kengashi Yoshlar qanoti yetakchi mutaxassisi Dilmurod Sobirov. – Dastlab bo‘lib o‘tgan yigit-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilishning innovatsion usullariga bag‘ishlangan seminar-trening mashg‘ulotlari hududdagi vaqtincha band bo‘lmagan hamda diniy oqimga adashib kirib qolgan, xorijga ish izlab chiqib ketmoqchi bo‘lgan yoshlarni qamrab oldi. Unda ishtirok etgan tijorat banklari filiallari, tuman bandlikka ko‘maklashish markazi mutasaddilari hamda xalq deputatlari tuman va viloyat kengashlari deputatlari qatnashchilarning savollariga batafsil javob berishdi. Muhimi, tadbir davomida 20 nafar yoshning bandligi ta’minlandi.

Shukurbek Bo‘tabekov tumandagi kasb-hunar kollejini o‘tgan yilda tamomlagan. Bir necha joydan ish izlagani bekor bo‘lavergach, hafsalasi pir bo‘lib, hali u yerda, hali bu yerda kichik savdo-sotiq bilan shug‘ullanib yurgandi. “Yoshlar qanoti”ning “Sen ham faol yoshlar safidasan!” loyihasi doirasidagi targ‘ibot ishlari uning ham bu boradagi muammosiga yechim bo‘lib xizmat qildi. “Elektrotexnika” zavodiga mutaxassisligi bo‘yicha muqim ishga joylashdi.

Bir kaft yer hikmati

 Marhamatliklar azaldan yer bilan tillashib kelganlardan. Har bitta xonadonning o‘zgacha fayzi tomorqasida aks etadi. Ayniqsa, Paxtakor mahallasi bu borada yetakchilikni qo‘lga olgan. Obod, Gulzor ko‘chalaridagi xonadonlardagi tomorqalar ko‘zni quvnatadi. To‘g‘ri, ayrim hovlilardagi bo‘sh turgan yer ko‘ngilni xira qiladi. Ammo ularning sohiblari ham partiyaning boshlang‘ich tashkilotlari mas’ullari ko‘magi va maslahati asosida allaqachon tomorqaga ishlov berish va undan unumli foydalanishni yo‘lga qo‘yishdi. Obod ko‘chasi 60-uyda istiqomat qiluvchi M. Ashurovga ham partiyaning ko‘magi tegdi.  Ochiq aytish joiz, fuqaro dastlab bo‘sh turgan 1 sotix tomorqasi o‘z mulki, unga istasa ishlov berishi, istamasa foydalanmasligini aytib qaysarlik ham qildi. Biroq yaxshi gapga ilonning inidan chiqishi bor gap. Axir notiqlik, inson ko‘ngliga so‘z bilan kirish, va’daning ustidan chiqish safdoshlarimizning dil mash’alasiga aylangan. Bugun partiya Andijon viloyat Kengashi boshlang‘ich partiya tashkilotlari bilan ishlash guruhi mutasaddilari sa’y-harakati, amaliy ko‘magi bilan fuqarolarga zaruriy tavsiya bilan birga tomorqaga ishlov berish va urug‘ qadashda ham amaliy yordam berildi.

Qishu yoz tomorqasidan mo‘l daromad oladigan Paxtakor mahallasi ahli bilan suhbatlashgan sari yer hikmatini chuqur his qila boshlaysiz.

Bir yilda shu tomorqadan 5-6 million foyda topamiz, – deydi Gulzor ko‘chasi 85-uyda yashovchi Halimjon Shoyimqulov. – Endilikda issiqxona ham qurmoqchiman. Bu borada kredit olish ishlariga yaqindan beminnat yordam bergan O‘zLiDeP Andijon viloyat Kengashi mas’ullaridan minnatdorman.

Har bir oila tadbirkor

Iqboloy Isroilova kashtado‘zlik, popurchilik, zardo‘zlik, tikuvchilik yo‘nalishlarida bir necha yillardan buyon samarali faoliyat olib boradi. Shogirdlari bilan birga tayyorlagan mahsulotlari nafaqat ichki bozorda, balki xorijda ham xaridorlariga ega. O‘zLiDeP Andijon viloyat Kengashi Biznes tuzilmalari va fermerlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan tashkil etilgan amaliy seminarda u kabi hunarmand va tadbirkorlar, shuningdek, ishbilarmonlikda o‘z o‘rniga ega bo‘lishni istagan bir guruh yosh ishtirok etdi. Ayni tadbirda Iqboloy anchadan buyon mutasaddilarga aytishni maqsad qilib yurgan taklifini bildirishga muvaffaq bo‘ldi. Uning tumanda milliy hunarmandchilik maktabini joriy etish va unga tajribali ustozlarni jalb qilish va hunarmand yoshlar safini kengaytirish taklifi mutasaddilar tomonidan ma’qullandi.  

Ma’lumki, “Har bir oila tadbirkor” dasturi ijrosi Andijonda namunali tarzda amalga oshirilishi belgilangan, – deydi partiya viloyat Kengashi mas’ul xodimi Muyassarxon Umurzoqova. – Seminarda ayni dastur ijrosiga alohida e’tibor qaratilgani ham ana shu mas’uliyat ifodasi bo‘ldi. Masalan, shu kunga qadar Milliy bank Marhamat tumani bo‘limiga dastur bo‘yicha 2 654 fuqarodan murojaat kelib tushgan. Ularga o‘z navbatida 102 million 500 ming so‘mlik kredit ajratilgan. Bu kabi xayrli ishlar viloyatimizda tadbirkorlik taraqqiy topishi, aholi bandligi ta’minlanishi va turmush farovonligi yanada yuksalishida katta ahamiyat kasb etmoqda.

Obod ko‘chalar ko‘paymoqda

Marhamat tumanidagi Mustaqillik ko‘chasining ichki yo‘llari anchagina “charchab” qolgan edi. Fuqarolarning bir necha bor mahalla, tuman mutasaddilaridan so‘ragan yordami javobsiz qolavergani ham haqiqat. Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Husanboy Sheraliyev tashabbusi va moddiy ko‘magi asosida mazkur ko‘chaga 40 mashina shag‘al olib kelib yotqizilgani “O‘zLiDePning obod ko‘chasiloyihasi doirasidagi muhim tadbir bo‘ldi.

Barcha islohotlar inson manfaatiga xizmat qilishi ayni vaqtda amalga oshirilayotgan yuqoridagi loyiha dasturida o‘z aksini topmoqda. Xalqning, ayniqsa, chekka hududlardagi aholining ijtimoiy-iqtisodiy turmush darajasini yaxshilash borasidagi ishlar partiya viloyat kengashining maqsadiga aylangani har qadamda mana shunday namoyon bo‘lmoqda.

 Zilola RAHMONOVA,

“XXI asr”   muxbiri

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1497
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Абдуллаев Дилшодбек - Бизнес тузилмалари ва фермерлар билан ишлаш бўлими мудири2018-07-12 16:50:03

Обод қишлоқ дастури доирасида қилинаётган бундай хайрли ишлар замирида халқни рози қилиш,яшаб турган худудларни обод қилиш,турмуш тарзини яхшилаш мақсадлари ётади. Бундай лойихалар сони ортиши тарафдориман.


Fikringizni qoldiring

+