Yer fermerda qoldi: hokim qarori bekor qilindi

12.07.2018, 16:44

Yer fermerda qoldi: hokim qarori bekor qilindi

Yaqinda O‘zLiDeP Namangan viloyat Kengashiga Kosonsoy tumanidagi “Zafar Muhammadjon chorvasi” fermer xo‘jaligi rahbari Muhammadjon Rahimovdan murojaat  tushdi. Unda bayon qilinishicha,  xo‘jalik 2007 yili 41 gektar yer maydonida ish boshlagan. 2008 yili tuman hokimining qarori bilan unga yana lalmi yerlardan 12,8 gektar, 2013 yili 107,3 gektar ajratilgan. Biroq 2018 yil 4 aprelda mazkur fermer xo‘jaligi foydalanib kelayotgan Sharof Rashidov massividagi 51 gektar yerni tuman hokimligi zaxirasiga qaytarish to‘g‘risida xalq deputatlari tuman Kengashining 168/40-5-sonli hamda tuman hokimining 498-sonli qarorlari chiqarilgan. Qishloq mulkdori bu qarorlardan norozi.

Partiya hududiy tashkilotining jismoniy va yuridik shaxslar bilan ishlash bo‘limi mudiri Muzaffar To‘xtasinovning ma’lum qilishicha, dastlab tilga olingan qarorlar uchun asos bo‘lgan tuman komissiyasi xulosasi atroflicha o‘rganib chiqildi. Komissiya raisining o‘rinbosari S.Ashirov, kotibi H.Rahimov va a’zolari O.Qoriyev, M.Mamatqulov, M.Hoshimxo‘jayev, A.Mamadjonov imzolagan  xulosada, jumladan, shunday jumlalar bor: “Zafar Muhammadjon chorvasi” fermer xo‘jaligining Sharof Rashidov massividagi chorva ozuqasi ekilishi rejalashtirilgan 15,8 gektar yerning 8 gektariga kontraktatsiya shartnomasi tuzilmagan holda loviya, 4 gektariga piyoz, 2 gektariga kartoshka, 0,5 gektariga sarimsoqpiyoz, 1 gektariga urug‘lik piyoz, 3 gektariga urug‘lik sabzi ekilgan. Bu bilan fermer xo‘jaligi rahbari M.Rahimov O‘zbekiston Respublikasi “Yer kodeksi”ning 6-bandi (er uchastkasidan belgilanganidan boshqa maqsadda foydalanganlik)  va ijara shartnomasi talablarini buzgan”. Binobarin, fermer xo‘jaligi tasarrufidagi 51 gektar yerni tuman hokimligi zaxirasiga qaytarish to‘g‘risida xulosa berilgan. Xalq deputatlari tuman Kengashi va tuman hokimi tegishli qaror chiqarishda ana shu hujjatga tayanishgan.

Fermer xo‘jaligi boshlig‘i bu qarorlarning asossiz ekanini isbotlashga harakat qilyapti:

– Bu yer maydoni menga ijara shartnomasi asosida chorvachilik, bog‘dorchilik, sabazavotchilik va qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirish uchun berilgan. Ijara shartnomasi talablarini buzmaganman. Yerdan samarali va unumli foydalanyapman. Qarorlardagi “erdan boshqa maqsadlarda foydalanilgan, kontraktatsiya shartnomasida nazarda tutilmagan qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilgan”, degan gaplar noto‘g‘ri. Fermer xo‘jaligimiz “Kosonsoy fruits agrofirm”  MChJ bilan 2017 yil 25 avgustda 2018 yil hosili yuzasidan kontraktatsiya shartnomasi tuzgan. Ushbu hujjat tuman qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi tomonidan ham tasdiqlangan. Fermer xo‘jaligimiz chorvachilikka ixtisoslashgan. Shunday ekan, yerlardan chorva ozuqasi yetishtirish uchun foydalanishimiz tabiiy hol. Tuman hokimligi bu yerlarni qaytarib oladigan bo‘lsa, birinchidan, chorva mollari ozuqa yetishmasligidan nobud bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, go‘sht va sut mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha majburiyatlar ham bajarilmay qolishi ehtimoli yuqori. Fermer xo‘jaligi kasodga uchraydigan bo‘lsa, ko‘plab odamlar ishsiz qolishi turgan gap. Buni tushuntirishga urindik, ammo foydasi bo‘lmadi.

O‘zLiDeP viloyat Kengashi  adolat qaror topishi uchun barcha chora-tadbirlarni amalga oshirdi. Pirovardida xalq deputatlari tuman Kengashi va tuman hokimligi tomonidan qabul qilingan qarorlar asossiz ekanligi isbotlandi va bu ish tuman ma’muriy sudiga oshirildi. Sud amaldagi qonunlar talablaridan kelib chiqib, fermer xo‘jaligi foydasiga hal qiluvchi qaror chiqardi. Xalq deputatlari tuman Kengashi va tuman hokimligining tegishli qarorlari bekor qilindi va yer fermer xo‘jaligi ixtiyorida qoldirildi.

Komiljon FAYZIYEV

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1368
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+