Toza hudud muammosi: sustkashlik ham evi bilan-da!

12.07.2018, 17:18

Toza hudud muammosi:  sustkashlik ham evi bilan-da!

Havo haroratining kundan kun ko‘tarilayotgani aholi salomatligiga ham salbiy ta’sir etishi sir emas. Bunga bir qator omillar qatori chiqindi masalasi ham sabab bo‘lishi ko‘pchilikka ayon. Hech o‘ylab ko‘rganmisiz: bir kunda, aytaylik, bir haftada uyimizda qancha chiqindi to‘planadi (agar chiqindixonaga olib borib tashlamasak)?  Ko‘chalar, ayniqsa, ko‘p qavatli uylar atrofida maxsus chiqindixonalar qurilgan. Biroq aynan yashash manzillarga yaqin joylarda turli sintetik  idishlar, yelim xaltalardagi axlat uyumiga ko‘zimiz tushadi, achinarlisi, bu holatga ko‘zimiz ham, o‘zimiz ham ko‘nikib bo‘lganmiz! Ular yoqimsiz hid tarqatib, hasharot va kemiruvchilar makoniga aylanyapti.

To‘g‘ri, bu masalada gaplashish kimgadir yoqmaydi, ammo barchamiz ham salomatlikni da’vo qiluvchilarmiz. Demak, mazkur muammo tahlili hammaga kerak. Daxldor idoralar munosabati birinchi qadam bo‘lishi zarur. Andijon viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat boshqarmasi huzuridagi “Toza hudud” unitar korxonasining shahar va tumanlar filiallari tasarrufida 1 million 120 ming aholiga xizmat ko‘rsatadigan maxsus texnikalari mavjud. Xonadonlarda yashayotgan 426 ming 707 nafar fuqaro (yashovchilarning 40 foizi, xolos) bilan shu yilning fevral oyiga qadar shartnoma tuzilgan. Kerakli tashkilotlar hamkorligida tuzilgan ishchi guruh barcha zaruriy chora tadbirlarni ishlab chiqdi. Bekitish kerak emas: abonentlar qamrovi bo‘yicha Shahrixon, Oltinko‘l, Paxtaobod tumanlarida sustkashlik hamon davom etmoqda.

Joriy yilda Andijon viloyati “Toza hudud” davlat unitar korxonasining shahar va tuman filiallari tomonidan mavjud maxsus texnikalar quvvatidan kelib chiqib, 1 million 120 ming nafar aholi bilan shartnoma tuzish rejalashtirilgan bo‘lib, ayni kunga qadar rejani bajarish foizlari past. Eng achinarlisi, viloyat abonentlar qamrovi bo‘yicha respublika miqyosida so‘nggi o‘rinda turgani o‘rganishlar davomida yuzaga qalqib chiqdi.

Shu o‘rinda bir yangilikni aytib o‘tish maqsadga muvofiq. Prezidentimizning 2017 yil 21 apreldagi “2017-2021 yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, “Farg‘ona vodiysida chiqindilarni kompleks boshqarish klasteri tashkil etish” loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha asosida Bahraynning “Man Capita” kompaniyasi bilan hamkorlikda vodiy viloyatlarida chiqindilarni qayta ishlashga ixtisoslashgan 96 million dollar qiymatga ega korxona barpo etilishi ko‘zda tutilgan. U ishga tushsa, chiqindilarni yig‘ish tizimi avtomatlashtiriladi, muhimi, ikki ming nafarga yaqin ishsizlar bandligi ta’minlanadi. Bunda yana bir dolzarb jihat: maishiy chiqindilar to‘liq qayta ishlanadi. Masalan, shisha, qog‘oz, plastmassa, sintetik tola, qurilish materillari singari...

“Toza hudud” unitar korxonasi mas’ul xodimi Dilshodbek Xoliqulov bilan mavzu yuzasidan suhbatlashdik:

­– Aholi punktlarini avtomatlashtirilgan konteynerlar bilan ta’minlash ko‘zda tutilyapti. Xususan, GPS tarmog‘iga ulangan konteynerlar ishga tushgach, chiqindilar o‘z vaqtida tashib ketiladi. Mahalliy hokimliklar, tashkilot va idoralar rahbarlari, jamoatchilik tomonidan yangi korxona faoliyat boshlagunga qadar amalga oshiriladigan vazifalar ko‘ndalang turibdi. 

Mas’ul xodim haq. Bu borada mahalliy rahbarlar hamkorligi juda zarur. Masalan, birgina Andijon shahrini tahlil qilaylik. Shahardagi tashkilot, muassasa, idora, qo‘yingki, xiyobonlar atrofida qancha maishiy chiqindi o‘rinlari bor? Piyodalar yo‘laklari chetiga axlat qutilari yetarlicha o‘rnatilganmi? Dadil turib “albatta” deyishga ojizmiz. Aslida bekatlarda, guldor panjaralar bilan to‘silayotgan yo‘laklarga ham ixcham, qulay qutilar o‘rnatish juda zarur.

Masalaning yana bir jihatiga e’tibor qaratish joiz. Andijonda sanitar tozalash sohasida amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda muammolar ham yetarlicha topiladi. Jumladan, bugungi kunda “Toza hudud” davlat unitar korxonasi va uning 15 ta shahar va tuman filiallari faoliyat yuritayotgan bo‘lib, shundan faqat 11 ta filialgagina bino va yer maydoni ajratilgan. Qolgan 4 ta tuman filiallari uchun bino ajratish masalasi ochiq qolmoqda.

“Toza hudud” davlat unitar korxonasining ishlab topgan daromadlari hisobidan 2018 yil rejasiga viloyat bo‘yicha 26 ta 80 kv. metrli chiqindi yig‘ish maydonchalari (loyiha qiymati 57 million so‘mdan) qurish, 104 ta konteyner sotib olish (har biri 1 million so‘mdan) ishlari asta-sekinlik bilan amalga oshirilmoqda. Tuman hokimliklarining takliflari asosida jami 26 ta namunaviy 80 metr kvadratlik chiqindi yig‘ish maydonchasi qurish joylari uchun ayni kungacha Qo‘rg‘ontepa, Oltinko‘l, Paxtaobod tumanlarida yer maydonlari ajratish qarorlari chiqarilgan. Qolgan tumanlarda esa bu borada hanuzgacha loqaydlik hukmron. Bundan qolgan tumanlar chiqindi balosidan yiroqmi yoki inson salomatligi mutasaddilarni qiziqtirmaydimi, degan savol kelib chiqishi tabiiy.

Mulohazalar muammolar eshigi uchun kalit. Qars aslida ikki qo‘ldan chiqadi. Bu yerda aholida ham, sohaga daxldor mansabdorlarda ham mas’uliyat yetishmaydi. Aholining ekologik madaniyati viloyatda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar barobarida ham shakllanishini unutmasligimiz kerak. To‘g‘ri-da, muzqaymoq, konfet, shirinlik qog‘ozi, pista po‘chog‘i uchun atrofda chiqindi qutisi bo‘lmagach, yo‘lak chetiga yoki yaqinroqdagi ariqqa osonlik bilan uloqtiriladi.

Keling, mavzu doirasida jahonga nigoh tashlaylik. Germaniyada chiqindilarni aralashtirib, tartibsiz tashlash mumkin emas, bunday fuqaro jarimaga tortiladi. Gollandiyada chiqindilarni alohida yig‘uvchi odamlarga kommunal to‘lovlarda imtiyozlar belgilangan. Singapurda atrof muhitni ifloslantirganlar qamoq jazosigacha tortiladi. Shveysariyaliklar  mashina oynasidan sigaret qoldig‘ini uloqtirib ko‘rsin-chi, o‘sha zahoti “chiqindi politsiyasi” tomonidan sudga tortiladi. Mana, sizga dunyo mamlakatlarida tozalikka munosabat! Biz hali bunday darajaga yetishimiz uchun, avvalo, mahalliy hokimiyatlarning yondashuvini o‘zgartirishimiz, aholiga talabni qo‘yishdan oldin shart-sharoitni ham yaratib berishimiz lozim.

Zilola RAHMONOVA,

“XXI asr” muxbiri

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    4345
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Нилуфар2021-10-01 12:52:33

Хаттоки дукда ишлаган ходим,кракашлик килиб иш вактида уз ишини килиб юрибди Алимент тулагиси келмай,шу ишга номини ёзиб юрганлар хам бор. 6 ойдан бери алимент ололмасдан биз хам юрибмиз


Sanjar2020-08-14 21:46:23

Qarshi tuman toza hudud ishchilariga vaqtida oylik berilmaydi utkan safar ham shu muammoda murojat qilgandim lekin inobatga olinmadi


Sanjar2020-07-24 22:40:56

Nazoratchilarni oyligi nima uchun vaqtida berilmaydi


E'zozaxon2020-05-21 12:03:58

Bizning ham yashash xududimizda shunga o'xshash holatlar yo'q emas. Ayanchli va achinarlisi Covid-19 pandemiyasi va havo haroratining isishi natijasida turli xildagi infeksiya tashuvchi hasharotlar va pashshalar uya qurmoqda.


Абдуллаев Дониёр2018-07-12 19:14:05

Ҳақиқатда долзарб мавзуни ёритиб бердингиз. Бу каби муаммолар нафақат Андижон вилоятида балки, бутун Республикада мавжуд. Ушбу муаммоларни мухтарам президентимиз айтганларидек хусусий тадбиркорларга ўтказиш зарур сабаби тадбиркор керак бўлса кредит олиб қилиши, қарз олиб қилиши, мол-мулкини сотиб бўлса ҳам ишни бажаради, лекин жойлардаги мутассади рахбарларнинг сусткашлиги оқибатида тадбиркорлар ҳам сарсон. Масалан ўзим тадбиркорман қўлимда 15 миллион АҚШ доллори қийматидаги лойиха бор. Ҳокимятга, экологияга топширдим бирон натижа йўқ кутиб кутиб интернет тармоғига жойлаштирдим. Беллоруссия республикасининг Сифания Эко-Техника компаниясидан хат келди мен билан ҳамкорлик қилишга тайёр эканликларини билдиришган. Ҳокимятдан халигача жавоб кутяпмиз Белларуссиялик инвестерга жавоб қила олмаяпмиз. Бунисига нима дейсиз


Fikringizni qoldiring

+