Kechikayotgan tenderning “aktyor”i kimu, “rejissyori” kim?

13.07.2018, 18:08

Kechikayotgan tenderning “aktyor”i kimu, “rejissyori” kim?

Tadbirkorlik – katta tavakkalchilik, degani. Zero, shiddat bilan o‘zgarayotgan zamon ehtimoliy sinovlar taqdim etishi hech gap emas.

Mahfuza Turg‘unova ayol boshi bilan katta-kichik lavozimlarda ishladi, yetarlicha tajriba, ko‘nikmaga ega bo‘ldi. Topgan-tutganlarining cho‘g‘ini chamalab, kredit ko‘tarib, ish boshlamoqchi bo‘lib yurgandi. Ittifoqo, qo‘shni tumandagi bo‘sh turgan binoning tenderga qo‘yilishi to‘g‘risidagi xabarga ko‘zi tushdi. Ayni muddao!

Tenderga qo‘yilgan Jalaquduq tumanidagi 14-son maktabgacha ta’lim muassasasi mukammal ta’mirlansa, yaxshigina bog‘cha bo‘ladi. M. Turg‘unova darhol o‘sha hudud aholisi bilan suhbatlashdi. Haqiqatan ham aholiga zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasasi kerak ekan. Demak, ortiqcha uy-xayolga hojat yo‘q: imkoniyatdan unumli foydalanib qolish lozim!

M.Turg‘unova taqdim etilgan biznes-reja chakkimas: qarovsiz bino  o‘rnida yangi zamonaviy 100 o‘rinli bog‘cha, qo‘shimchasiga yana 2 ta issiqxona tashkil etiladi, natijada 31 ta yangi ish o‘rni yaratiladi,  buning uchun talab etiladigan 1,165 milliard so‘mlik investitsiya  naqd!

Bunday taklifni mutasaddilar mamnuniyat bilan qabul qilib, tadbirkorning peshonasini silab: “Qani, olg‘a,  yordam kerak bo‘lsa, biz tayyor!”   deyishgan bo‘lsa kerak, dersiz? Qayoqda!

Andijon viloyati hududiy tanlov komissiyasining 2018 yil 16 fevraldagi 3 va 23 fevraldagi 4 sonli yig‘ilish bayonnomalariga asosan viloyat hududiy tanlov komissiyasining a’zolari to‘liq yig‘ilmagani sabab arizalarni ko‘rib chiqish qoldirilgan. Bunday masala tezroq ijro etilmay turli sabablarga ko‘ra “qoldirilishi” qiziq!  Holbuki, mazkur ob’ekt investitsiya kiritish sharti bilan “nol” xarid qiymatida sotilishi belgilangan davlat mulki sifatida Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 31 maydagi 154-sonli qarorining 4-ilovasiga kiritilgan?! Hukumat qaroriga kiritilgan ob’ektni tezroq mulkdorlarga berib, uning ijrosi ta’minlanishini nahot mutasaddilar xohlashmaydi?!

Bunday sun’iy tushovlardan maqsad nima? Uning zamirida qanday “o‘yinlar”  o‘ynalyapti-yu “aktyor”-u “rejessyori” kim?  Yoki bu “o‘yinlardan” maqsad  “sendan ugina, mendan bugina”mi?

Har holda, mantiq shu xayollar boshlaydi.

Bundan ham ajablanarli holat bor. Mazkur binoga talabgor faqat opaxongina emas. Boshqalar ham bor.  Gap shundaki, o‘zga talabgorlar bu yerda yog‘och buyumlarga ishlov berish, yana biri trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni rejalashtirgan bo‘lsa, yana biri boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishni maqsad qilgan.

 Bunisiga nima deysiz? Yuqoridagi savollarga mutasaddilar qanday izoh berisharkin? Kutamiz.

Zilola RAHMONOVA

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    928
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Шамшод Жафаров 2018-07-16 10:05:43

Албатта ,бугунги кун талаби деб бонг ураётган тадбиркорни қўллаб-қувватлаш қишлоқларда ,туманларда халигача этиб боргани билан аниқ мақсад сари йўл олган эмас.


Холмурод Сориев, Халқ депутатлари Нуробод туман Кенгашидаги O'zLiDeP депутатлик гуруҳи раҳбари2018-07-14 23:04:51

Бу ижроия ҳокимият органлари ташкилотлари ходимлари ичида ҳали ҳам баъзи бюрократик қарашларга, ўз вазифасини суистеъмол қилиб, манфаат топишга ҳаракат қилаётган нопок шахслар борлигидан далоат беради, менимча. Акс ҳолда, улар шахсан Президентимиз ташаббуси билан бошланган, келгусида энг катта самара берадиган -ёш авлод таълим ва тарбиясига киритиладиган сармояга, ташаббусга қарши чиқишмас эди. Улар учун ўзларининг шахсий манфаати ҳар нарсадан устундир.


Fikringizni qoldiring

+