Xorazmlik deputatlarimiz viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari hisobotini eshitdi

17.07.2018, 18:36

Xorazmlik deputatlarimiz  viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari hisobotini eshitdi

Xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi  hamda Xalq deputatlari viloyat Kengashi Mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda viloyat hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha  birinchi o‘rinbosari U.Matkarimovning hisoboti  tinglandi.

Hisobotda ta’kidlanganidek, viloyatning sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2018 yil 1-yarmida qariyb 2,5 trln.so‘mni tashkil qildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 14,2 foizga o‘sgan. Aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi esa 1,2 mln.so‘mdan 1,4 mln.so‘mgacha oshgan.

– Bugun sanoat sohasini rivojlantirish bo‘yicha bir qator imtiyoz va preferensiyalar, zarur shart-sharoitlar yaratilayotganiga qaramay, mavjud salohiyatdan yetarli darajada foydalana olmayapmiz, – deydi U.Matarimov. –Viloyatda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining asosiy qismi Urganch shahri, Xazorasp, Bog‘ot va Xonqa tumanlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu bois, Gurlan va Qo‘shko‘pir tumanlari, Xiva, Yangiariq, Urganch va Yangibozor tumanlarida sanoatni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha investitsiya loyihalarini amalga oshirish zarur.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar viloyatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlik sub’ektlari bilan uchrashib, ularning muammolarini o‘rganish va belgilangan tartibda hal etish, faoliyat ko‘rsatmayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘maklashish, ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish zarurligini ta’kidladilar.

– Ip-kalavani qayta ishlash sanoatini yanada kengaytirishga doir loyihalarni amalga oshirish iqtisodiy o‘sishning muhim omili hisoblanib, yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini beradi, – deydi doimiy komissiya raisi Sh.Safarbayev. – Hisob-kitoblarga ko‘ra, bugungi kunda 1 kg paxta tolasining o‘rtacha narxi 1,9 AQSh dollarni tashkil qilsa, uni qayta ishlash hisobiga ishlab chiqarilgan tayyor mahsulot 16 AQSh dollarni tashkil etadi. Shu boisdan bugun uch bosqichli ip-kalava-gazlama-tayyor mahsulot ishlab chiqarish jarayonini yo‘lga qo‘yishni eng to‘g‘ri yo‘l deb, hisoblayman. Chunki faqat shu orqali yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 3-4 barobar, eksport hajmini esa 5-6 barobarga oshirish mumkin.

Yig‘ilishda mazkur takliflar komissiya tomonidan qabul qilindi va U.Matkarimovga galdagi vazifalar belgilandi. Deputatlarga esa olib boriladigan ishlar ustidan ta’sirchan deputatlik nazoratini o‘rnatish vazifasi yuklatildi.

Quvondiq ShEROV,

Xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashidagi

O‘zLiDeP deputatlik guruhi ijrochi kotibi

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    491
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+