Savob yaxshi, ammo bundan tadbirkor ziyon ko‘rmasligi kerak

26.07.2018, 16:15

Savob yaxshi, ammo bundan tadbirkor ziyon ko‘rmasligi kerak

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga daxldor bir qator dolzarb qonun loyihalari ko‘rib chiqilgan edi. Kun tartibiga kiritilgan masalalardan biri «O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 511-moddasiga o‘zgartish kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ayniqsa quyi palatadagi barcha siyosiy partiya fraksiyalari o‘rtasida qizg‘in bahs-munozaraga sabab bo‘ldi.

Oliy sud tomonidan kiritilgan mazkur qonun loyihasida nogironligi bo‘lgan shaxslarning injenerlik, transport va ijtimoiy infratuzilma ob’ektlaridan to‘sqinliksiz foydalana olishini ta’minlash bo‘yicha talablarini bajarishdan bo‘yin tovlaganlik, shuningdek ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish taklif etilmoqda. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarga yuqoridagi kabi qulayliklarni yaratish bo‘yicha talablarni bajarmaslik – mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining o‘n besh baravaridan (amalda o‘n baravar) yigirma baravarigacha (amalda o‘n besh baravarigacha) miqdorda, xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining yigirma baravaridan (amalda o‘n besh baravar) qirq baravarigacha (o‘ttiz baravar) miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishini ko‘zda tutadi.

Muhokamalar chog‘ida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari nogironligi bo‘lgan shaxslar davlatimiz, jamiyatimizning doimiy e’tiborida bo‘lib kelayotganini ta’kidlash bilan birga, masalaning boshqa jihatlariga ham e’tibor qaratdilar. Xususan, mazkur loyihani qabul qilishdan avval jamiyatimizning bunga tayyorligi hamda shart-sharoitlarni ham hisobga olish maqsadga muvofiqligini qayd etdilar. Ayni paytda bu qonun loyihasi qabul qilinsa, tadbirkorlar, ayniqsa, bugungi kunda ko‘pchilikni tashkil etadigan, kichik biznes sub’ektlari hamda yirik bo‘lmagan ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari egalari uchun qator muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Hozirda ayrim davlat idoralari hamda tadbirkorlik sub’ektlari ko‘p qavatli uylarda, baland qavatlarda joylashgan. Fraksiya a’zolarining fikricha, deylik, moslashtirilmagan, ilgaridan loyihalashtirib bo‘lingan bunday bino va inshootlarda faoliyat yuritib kelayotgan tadbirkorlik sub’ektlari uchun nogironligi bo‘lgan shaxslarga to‘sqinliksiz foydalanishda barcha imkoniyatni yaratib berishning imkoni mavjud emasligini hisobga olish lozim. Fraksiya a’zolari qonun loyihasida mamlakatimiz iqtisodiyotining tayanchlaridan hisoblangan tadbirkorlik sub’ektlarining manfaatlari ham albatta inobatga olinishi lozimligini bildirdilar. Shuningdek, qonunning amaldagi normalarini qoldirish maqsadga muvofiq ekanini ta’kidladilar.

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    487
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+