KASSAGA emas, KISSAGA urilayotgan naqd pullar

27.07.2018, 10:02

KASSAGA emas, KISSAGA urilayotgan naqd pullar

Ishonch telefoni ishlab turgani yaxshi, muammo tug‘ilganda ayni muddao. Ammo ayrim kimsalarning nafsi hakalak otganda, ishonch telefonining borligi yoddan ko‘tarilishi yomon.

Andijon viloyat davlat soliq boshqarmasining ishonch telefoniga kelib tushayotgan murojaatlar oz emas. Bu, albatta, yaxshi: fuqarolarning huquqiy savodxonligi ortmoqda, odamlar haq-huquqini taniyapti. Biroq tanganing ikkinchi tomoni bo‘lganidek, ba’zi savdo va pullik xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida qonunbuzilishi holatlariga hanuzgacha chek qo‘yilmayapti.

Misollarga murojaat qilamiz. Andijon shahridagi Bobur shohko‘chasida joylashgan “Somfortable flight service” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli aviakassada kunlik savdodan tushgan naqd 383 AQSh dollari nazorat kassa mashinasiga kirim qilinmagan. Nima uchun? Kassirning xotirasi pand berganmi yoki bu nafsni jilovlay olmaslikmi?!

Yangi bozor tomonlarga yo‘nalamiz. “Xolis”  savdo markazida tadbirkorlar uchun barcha shart-sharoitlar ortig‘i bilan muhayyo. Biroq buni suiiste’mol qilayotganlarni kim deb atash mumkin? Ana shundaylardan biri yakka tartibdagi tadbirkor Baxtiyorjon Mamarasulov ham do‘konida  53 ming so‘m naqd savdo pulini nazorat kassa mashinasiga urmagan. Buning ustiga, shoxobchada bank to‘lov terminali ham yo‘q. Yana bir yakka tartibdagi tadbirkor Sohibjon G‘afurov ham 70 ming so‘m naqd pulni kirim qilmagan. Surishtiruvlar ularda terminal borligini aniqlashtirgan bo‘lsa-da, “keraksiz matoh”ni ko‘zdan pana joyga qo‘yganmi, “yo‘q”dan nariga o‘tishmadi.

Ishbilarmonlar orasida naqd pulni nazorat kassa mashinasi orqali olishni yoqtirmaydiganlari ham bor. Amir Temur ko‘chasida faoliyat ko‘rsatuvchi G‘ayratbek Irgashev hamda Mangulik ko‘chasidagi savdo shoxobchasi egasi G‘iyosiddin Rahimov ana shundaylardan. Birgina G‘ayratbek Irgashevning 11 million 186 ming so‘mni kirim qilmasdan bankka topshirib yuborganini nima deb izohlash mumkin?

Choyxona otaxonlarning eng yaxshi dam olish maskani, do‘stlar diydorlashishi qulay go‘sha. Bunday joylarda nazorat kassa mashinasi bo‘lishi, xizmatga chek berilishi shart. “Andijon promtexmontaj” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli “Topolino” choyxonasi hamisha gavjum. Ammo mutasaddilar bu yerda bank plastik kartochkasiga xizmat ko‘rsatishdan bosh tortishadi, pul naqd olinib, kassa cheki berilmaydi. Bunday “oldi-berdi”lar kundalik odatga aylanib ulgurgan. Qarabsizki, “tadbirkor shovvoz”lar 9 million 212 ming so‘m naqd pulni kirim qilishmagan.

Ishonch telefoniga Buloqboshidan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Qurilish mollari do‘konida tadbirkor Diyorbek Azimov nazorat kassa mashinasini xush ko‘rmasligini amalda isbotlab yurganlardan. Bu bilan nimaga erishmoqchi?!

Tadbirkor qonun himoyasida, demak, o‘zlari ham qonunga itoatkor bo‘lsalar, ayni muddao. Soliq kodeksining 119-moddasiga asosan yuqoridagi kabi qonunbuzilishi holatlari eng kam ish haqining o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab  bo‘ladi.

Shu o‘rinda haqli savol: ishonch telefonlariga bunday murojaatlar kamayishi uchun nima qilishi kerak? Albatta, naqd pulni kissaga emas, kassaga urish zarur.

Zilola RAHMONOVA,

“XXI asr” muxbiri

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1470
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Андижон туман "Андижон Парфюм"МЧЖ бпт раиси Ш.Каримоа2018-07-27 11:55:43

Мухтарам юртбошимиз томонидан тадбиркорларга жуда хам кенг имкониятлар кулайликлар яратилиб келмокда бундай имкониятларни тадбиркорларимиз сувистемол килмасликлари керак.


Fikringizni qoldiring

+