O‘zLiDeP boshlang‘ich tashkilotlari o‘z tomorqasida faoliyat boshlaganlarga ko‘makdosh

24.08.2017, 20:08

O‘zLiDeP boshlang‘ich tashkilotlari o‘z tomorqasida faoliyat boshlaganlarga ko‘makdosh

Bugun mamlakatimizda barcha sohalarda keng ko‘lamli islohotlar shiddat bilan olib borilmoqda.  Bundan ko‘zlangan pirovard maqsad bitta – xalqimizni hayotdan rozi qilish, boy qilish. Bunga odamlarni tadbirkorlikka, ishbilarmonlikka o‘rgatish, kichik biznes va tadbirkorlik sohasini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish orqali erishish mumkin, albatta. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi”.

Haqiqatan ham shunday. Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi hayotiy, isbot talab qilmaydigan so‘zlaridan toki shu kunga qadar aholini tadbirkorlikka jalb etish, ularda ishbilarmonlik ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha hukumat darajasida ko‘plab amaliy sa’y-harakatlar, qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Xususan, aholiga bankdan kredit olib, o‘z tomorqalari asosida shaxsiy biznesini boshlash uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo qilinib, ushbu ishlarning huquqiy mexanizmlari yaratildi. Buning natijasida aholi yerning har qarichidan unumli foydalanishga harakat qilayotir. Bu esa davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “...Aholining o‘z tomorqasidan foydalanib, daromad topishga ishtiyoqi kuchaysa, ularning farovonligi ortadi. ... Uyida daromad topgan, farzandlarini ham shu ruhda o‘stirgan oila farovonligiga zamin yaratadi.” Haqiqatan ham omilkor, ishbilarmon kishi uchun yerdan qadrliroq va bebaho ne’mat bo‘lmasa kerak. Tomorqadan unumli foydalanish nafaqat o‘sha xonadonga, balki mahalla-ko‘y va butun jamiyatga naf keltiradi.

Hozirda xalqimiz tijorat banklaridan kreditni hech qanday to‘siqlarsiz, ovoragarchiliklarsiz qisqa fursatlarda olayapti. Bir so‘z bilan aytganda, har bir fuqaro o‘zining kuch va imkoniyati, qobiliyati va salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun keng sharoit va imkoniyat yaratib berildi. Tanganing ham ikki tomoni bo‘lganidek, tadbirkorlikka qo‘l urish istagidagi aholi bankdan qiyinchiliksiz kreditni olayapti-yu, lekin ularning aksariyati u yog‘iga nima qilishni, ishni nimadan boshlashni bilmasdan chorasiz qolayotganini inkor etib bo‘lmaydi.

Vaholanki, tomorqa asosida o‘z muvaffaqiyatli biznesini yo‘lga qo‘yish uchun faqatgina kredit olishning o‘zi kifoya qilmaydi. Bu borada Prezidentimiz tomonidan qo‘yilayotgan talab boshqa. Ya’ni banklar aholiga faqatgina kredit berish bilan cheklanib qolmasdan, bir vaqtning o‘zida xalqimizni tadbirkorlikka, ishbilarmonlikka o‘rgatishi va shunga yetaklashi lozim. Maqsadki, aholida kreditni olgandan keyin ikkilanish, sarosima bo‘lmasligi kerak. Ular o‘z ishini boshlar ekan, zarur bo‘lganda yonida maslahatchisi, suyanchig‘i borligini bilib, sezib turishi kerak. Shu orqali kichik bo‘lsa-da, o‘zining korxonasini tashkil etib, qonuniy asosda daromad topishi va shu orqali mamlakat rivojiga munosib hissa qo‘shsinlar.

O‘zLiDeP tomonidan amalga oshirishga kirishilgan “O‘zLiDeP boshlang‘ich tashkilotlari o‘z tomorqasida faoliyat boshlaganlarga ko‘makdosh” loyihasidan ko‘zlangan maqsad ham aynan mana shu vazifalarni hal qilishga qaratilgan. Toki, har bir oila o‘z tomorqasida biror bir tadbirkorlikka qo‘l urar ekan, yonida maslahatgo‘yi, ishonchli yelkadoshi borligini his qilib tursin. Kerak paytda kimga murojaat qilishini, kimdan yordam kutishini bilsin. BPTlar esa o‘z navbatida ulardan doimo xabar olib, kerak bo‘lsa, zarur yordamni olishlariga ko‘mak bersin.

To‘g‘ri, bir qarashda bunday ishlar partiya boshlang‘ich tashkiloti vakolatiga kirmaydigandek. Lekin, bugun joylarda shunday amaliy ishlarga qo‘l urilayotgan bir davrda, tadbirkorlar qatlami nomidan ish ko‘rayotgan siyosiy partiyaning aholi bilan bevosita muloqotda bo‘lgan boshlang‘ich tuzilmalari bu ishlardan chetda turishi mumkin emas. Qolaversa, bunday amaliy ishlar ularga aholining ichiga kirib, dardu-tashvishlariga yanada yaqinroq bo‘lish imkonini beradi. 

Loyiha samarasini quyidagi tahliliy hisob-kitoblardan ham bilib olish qiyin emas. Xususan, ayni paytda partiya huzurida 11 mingga yaqin BPT faoliyat yuritmoqda. Endi ularning har biri o‘rtacha 5 ta oila bilan bevosita ishlasa, natijada 55 mingdan ortiq oila qamrab olinadi. Bu – agar ish tizimli yo‘lga qo‘yilib, sidqidildan amalga oshirilsa, yiliga shuncha oila tadbirkor bo‘ladi, deganidir. Masalaning eng muhim jihatlaridan yana biri, partiya shu amaliy tashabbusi bilan Saylovoldi dasturida qayd etilgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, shaxsiy tashabbuslarni amalga oshirish uchun eng qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish kabi vazifalarni ozmi-ko‘pmi bajarishga erishadi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, partiya tomonidan mazkur ishlar to‘xtab qolmaydi, albatta. Hozircha, birinchi bosqichda har bir boshlang‘ich tashkilot 5 ta oilani qamrab olayotgan bo‘lsa, keyinchalik bu raqamni 10-15 taga chiqarish ko‘zda tutilayapti.

QASHQADARYO

– Quyi bo‘g‘inlar a’zolari mahalliy kengashlar deputatlari bilan hamkorlikda xonadonlarga borib, suhbat o‘tkazishyapti, muammolar o‘rganilyapti, – deydi partiya hududiy tashkilotining boshlang‘ich tashkilotlar bilan ishlash guruhi rahbari Alibek Rahmatov. – Ayniqsa,  uyushmagan yoshlar bilan ishlashga alohida e’tibor qaratilayotir. Qayd etish joizki, safdoshlarimiz ko‘magida avgust oyi davomida yigirmaga yaqin yigit-qizning bandligi ta’minlandi.

Qarshi shahridagi “Sanam” mas’uliyati cheklangan jamiyatida tashkil etilgan BPT  tomonidan Nargiz Qodirovaga tadbirkorlikni boshlash uchun zarur bo‘lgan biznes loyiha tayyorlashda yordam berildi. Mazkur quyi tuzilma raisi Halima Yoqubovaning ma’lum qilishicha, yigirma kun mobaynida shahardagi bir qancha xonadonlarga kirib chiqildi va muhtoj oilalarning 2 nafar a’zosi korxonaga ishga joylashtirildi.

Shahrisabz tumanidagi “Pahlavon” tibbiy tashxis markazidagi tayanch bo‘g‘in faollari bir necha xonadonga borib,  ota-onalar va bolalar salomatligini tekshiruvdan o‘tkazib, ba’zilarga davolanish uchun  shifoxonalarga yo‘llanma berdilar.

Kasbi tumanidagi “Yurt rizqi” MChJda ish yuritayotgan boshlang‘ich tashkilot tomonidan Xo‘jahayron qishlog‘ida yashovchi muhtoj oilalarga moddiy yordam berildi, shuningdek, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishlari uchun ko‘mak ko‘rsatildi. Safdoshlarimiz sa’y-harakati bilan ikki  yosh oila tadbirkorlik maqsadlari uchun bankdan sarmoya olishga muvaffaq bo‘ldilar. 

Hozirda BPT faollari deputatlar bilan birgalikda uyushmagan yoshlarni fermer xo‘jaliklari va sanoat korxonalariga ishga joylashtirish,  mahalla ko‘chalarini hashar yo‘li bilan obodonlashtirish  ishlari bilan mashg‘ul.

Z. RAHMONOVA, S. IKROMOV,

“XXI asr” muxbirlari

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

Teglar
BPT
  • Ko'rildi
    1649
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+