Buloqboshilik dehqonlarning dardini kim eshitadi?

04.08.2018, 16:36

Buloqboshilik dehqonlarning dardini kim eshitadi?

Ayni paytda buloqboshilik dehqonlarning boshi qotgan. Sababi, kech kuzda “yig‘im-terimdan yaxshi daromad olamiz” deya ne-ne umidlar bilan yerga urug‘ ekkan dehqonlar foyda tugul, ekin parvarishi uchun sarflagan mablag‘iga kuyib qolyapti. O‘tgan yili ichki bozorlarda boshqa sabzavotlar qatorida, sarimsoqpiyoz ham ancha xaridorgir bo‘lib turgan bir paytda Buloqboshida nega vaziyat shu darajaga yetdi?

–8 gektar maydonda dehqonchilik qilamiz. Shundan 4 gektariga to‘qsonbosti usulida sarimsoqpiyoz ekkan edik, – deydi “Qozoqboy Uchtepa” sabzavotchilik fermer xo‘jaligi rahbari Alisher Qozoqov. – Hosil yig‘ishtirib olingan hozirgi paytda ulgurji xaridorlar sarimsoqpiyozning kilogrammini 800-1000 so‘mdan sotib olmoqda. Axir bu – daromad tugul sarflagan harajatni ham qoplamaydiku. Sotmaylik, desak, bu ham ziyon. Chunki ekin ekayotganimizda 10 million so‘m atrofida harajat qilganmiz. Hosilni yig‘ishtirib olgunga qadar esa 30 million so‘mdan ziyod mablag‘ sarfladik. Bu faqat xarajatlarning o‘zi xolos. Bundan tashqari, uning mehnati-chi?! Sug‘orish mayliku-ya, ammo begona o‘tdan tozalash azob. To‘g‘risi, sarimsoqpiyoz ekishdan ko‘nglimiz sovib ketdi. Birgina meni emas, boshqa fermerlarning ham hafsalasi pir bo‘ldi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Xo‘sh, bugun u tashkilotdan, bu tashkilotga mahsulotini sotish uchun ko‘mak so‘rab yurgan fermerlarning muammosiga nega hamma befarq? Yoki tuman mutasaddilari va eksport bo‘yicha mas’ul bo‘lgan “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi hamda “O‘zagroeksport” aksiyadorlik jamiyati bundan bexabarmi? Qolaversa, Prezidentimizning tegishli qarori bilan ushbu masalada bir qator tashkilotlarga fermer va dehqonlarga bu masalada yordam ko‘rsatish borasida aniq vazifa yuklatilgan edi. Qani ular? Nimaga fermer va dehqonlarni o‘z muammosi bilan yakkama-yakka tashlab qo‘yishdi? Davlatimiz rahbari tomonidan tomorqaning har qarichidan unumli foydalanish, mahsulot yetishtirishdan tortib, uni saqlash, eksport qilish bo‘yicha qulay tizim yaratish, dehqonlarga har tomonlama ko‘mak berish bo‘yicha mutasaddilar oldiga qo‘ygan talab Buloqboshi tumaniga taalluqli emasmi? Xullas, savollar juda ko‘p. Ammo unga aniq javob olish mushkul. 

Darvoqe, bugun bu muammo faqat Alisher akani qiynayotgani yo‘q. Aksincha hududdagi Uchtepa, Tinchlik va Zarg‘aldoq mahallalarida yashovchi 10 ming tonnagacha sarimsoqpiyoz yetishtirib qo‘ygan dehqonlarni ham qiynayapti. Lekin hali-hamon negadir mutasaddilar jim. Vaholanki bugun tuman aholisining ko‘pchiligi dehqonchilik ortidan kun kechiradi, ro‘zg‘or tebratadi, bolasini o‘qitadi.

–Aholimiz asosan dehqonchilik bilan tirikchilik qiladi, – deydi “Tinchlik” MFY raisi Abdumo‘min Ismatov. – Yetishtirgan hosil sotilsa fuqarolarimizning oilaviy daromadi ko‘payib, turmush sharoiti yanada yaxshilanadi. Biz ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida bir necha marotaba tuman hokimligiga murojaat qildik, hatto bunga mas’ullar bilan suhbatlashdik. Lekin hozirga qadar natijadan darak yo‘q.                                                

Bugun Prezidentimiz har chiqishlarida “Davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan fikrni bot-bot takrorlayapti. Bu ham bejiz emas, albatta. Chunki davlat rahbari bu bilan anchadan buyon uxlab yotgan rahbarlar uyg‘onsin, odamlarning katta-kichik muammolarni hal etsin deya ta’kidlayapti. Lekin ming afsuski, buloqboshilik fermerlarning arzi, murojaatiga hech kim quloq tutayotgani yo‘q.

Ushbu muammoli masalalarga tegishli mutasaddi tashkilotlar xususan, “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi hamda “O‘zagroeksport” aksiyadorlik jamiyatlaridan javob kutamiz!

Aniqrog‘i sizga ishonib bugun shu ahvolga tushgan dehqonlar javob kutib qoladi.

Bu kabi muammolar respublikamizning boshqa hududlarida ham mavjud. Bu haqda sizlarni xabardor qilib boramiz.

 O‘zLiDeP Buloqboshi tuman Kengashi

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1088
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Абдусоқиев Аҳмад2018-08-07 18:32:54

Ушбу муаммоли масалаларнинг ижобий ечимларидан бири юртимизда қишлоқ - хўжалик маҳсулотларини қайта ишлаш корхоналарини кўпайтириш чораларини кўриш лозим деб ўйлайман. Ҳаммамизга маълумки, қишлоқ - хўжалик маҳсулотларини қайта ишлаб экспорт қилиш бир неча баробар даромад келтиради.


ЎзЛиДеП Термиз шаҳар кенгаши аппарат раҳбари Ойтуганов Абдуҳамид раҳбари2018-08-07 12:07:05

Кўпгина ҳақ гаплар айтилган лекин,деҳқонларнинг харажати ҳақида ҳам ўйлаш керак. Хозирги вақтдаги ёқилги ,минерал ўғитлар нархи жуда қиммат, маҳсулотдан олинадиган даромад ушбу нарсаларга ҳам боғлиқ. Иқтисодий Прогноз вазирлигини тузиш вақти келганлигини ҳаётнинг ўзи кўрсатиб турибди.


Акбар Якубов, Жиззах вилояти2018-08-07 11:13:31

Ушбу муаммоли масалаларга тегишли мутасадди ташкилотлар эътибор қаратган ҳолда масалани ижобий ҳал этиш лозим бўлади


Hayrullo2018-08-07 00:09:50

Bu yilgi dehqonchilik bo'yicha poliz ekinlarida foyda yahshi bo'ladi shekilli. Aziz vatandoshlar shuning uchun ham xamisha duo qilaylik barcha fermer dexqonlarimizning erlariga olloxdan barakot so'raylik! Aytishadiku ulug'larimiz. Duo bilan el ko'karar, yomg'ir bilan er.


Шоира Хасанова Жиззах вилояти Аёллар қаноти2018-08-06 19:07:15

Жуда долзарб мавзу кўтарилибди. Меҳнаткаш ва заҳматкаш фермерларимизнинг айни пайтдаги оғриқли масалаларига мутасаддилардан жавоб кутиб қоламиз.


Жиззах вилояти Х.Асатов2018-08-06 16:50:07

Биринчи ўринда дехқонларга амалий ёрдам кўрсатиш керак деб ўйлайман. Негаки, хар бир дехқон қилган мехнатига яраша хақ олиши керак.


Саидахон2018-08-06 16:11:02

Ҳосил йиғиштириб олинган ҳозирги пайтда улгуржи харидорлар саримсоқпиёзнинг килограммини 800-1000 сўмдан сотиб олмоқда дейилябди. 5000-10000 дан ким сотиб олади? бир икки йил олдин нархи 12000 сўмга хам чиқган эди. арзон бўлса халққа яхшику.


УзЛиДеП тахтакупир туман Кенгаши 2018-08-06 08:00:18

Тадбиркорга эътибор элга эътибор эмасми. Хурматли Президентимиз хар дойм халкимизга тадбиркорларни хурмат килишимиз хар дамда уларга кумакдош булишимиз лозим дея такрор ва такрор айтиб келмокда. Биз уйлаймиз шу маколадан сунг тез кунда махалла рахбарлари хулоса чикаради


Yangiboy2018-08-05 22:23:09

Хамма дехкон дехкон дейди. Оддий халкчи уларни ким уйлайди. Кечирасизлар-у, бизада дехкон дегани бу бойлик орттириб куша куша иморат килиш дегани эмасдур. Шу килган харажатига озгина фойда колса халкни дуосини олиб дехконлар бой булса ажабмас


Shohruh2018-08-05 13:13:41

Yuqoridagi holat kichkina bir misolki, dengizdan tomchi. Dehqonchilik mahsulotlari anchayin arzon. Bu yil ayniqsa. Birgina tarvuzning narxi ozgina oshganiga qancha gap soʻz?! Axir fermer ham uy-joy qursam, mashina olsam, farzandimni oʻqitsam deydi koʻp qatori...Menimcha eng maqbul yechim eksport tizimini yoʻlga qoʻyish Axir serquyosh yurtimizda pishgan har bir ne'mat butun dunyoda mashhur...(Fikrim kimgadir yoqmasa uzur).


Fikringizni qoldiring

+