Fermer va dehqon xo‘jaliklari uchun imtiyozlar yanada kengaydi

07.08.2018, 18:40

Fermer va dehqon xo‘jaliklari uchun imtiyozlar yanada kengaydi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan hamkorlikda  ochiq muloqot tashkil etdi.

Muloqotda O‘zbekiston Respublikasining “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonuniga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, shuningdek, Prezidentimizning joriy yil 2 iyundagi “Fermer xo‘jaliklarida hisob tizimini tubdan yaxshilash va ularga bank xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan ustuvor vazifalar haqida fikr almashildi.  

Tadbirda so‘z olgan O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Hayitov Qonunga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarining yanada erkin va samarali faoliyat yuritishlariga keng zamin yaratishini aytdi. Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari – yagona yer solig‘i to‘lovchilari ro‘yxatdan o‘tkazilgan vaqtdan boshlab besh yil muddatga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa daromadlari bo‘yicha barcha soliqlardan (aksiz solig‘i va yer qa’ridan foydalanuvchilar uchun soliqlar va maxsus to‘lovlar to‘lovchilar bundan mustasno) ozod etilganligini ta’kidladi.

Qayd etilganidek,  endilikda ko‘p tarmoqli faoliyatni amalga oshiruvchi fermer xo‘jaliklari uchun davlat mulkini ijaraga berishda ijara haqi stavkasi 2 marta kamaytirilgan holda belgilanadi. E’tiborlisi, ushbu bandga muvofiq berilayotgan imtiyozlar hisobidan soliq va to‘lovlardan ozod etilgan mablag‘lar fermer xo‘jaliklari tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash hajmlarini oshirish, chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishning ilg‘or texnologiyalarini o‘zlashtirish va shu kabi boshqa maqsadlarga yo‘naltiriladi.

Tadbirda O‘zLiDeP hamda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamkorlikda qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, fermer va dehqonlarning erkin samarali faoliyat yuritishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish borasida ham alohida vazifalar belgilab olindi. Bu esa partiyaning elektorati bo‘lgan tadbirkor, fermerlar huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasida tegishli qonunchilik normalarining qog‘ozda emas, balki amalda so‘zsiz isbotini topishiga xizmat qiladi.

Qizg‘in muhokamalarga boy tarzda o‘tgan tadbirda qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, partiya tomonidan fermerlar bilan muammoli masalalarni, biznes-g‘oyalarni hamda loyihalarni, shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan g‘ovlarni bartaraf etishga qaratilgan tadbirlar va amaliy ishlar ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha ham muhim vazifalar belgilab olindi.

Tadbirda shuningdek, Kengash va partiya tomonidan bir qator vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda “Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarining Reyestirini yuritish tartibi to‘g‘risida Nizom” bo‘yicha qaror loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilgani ta’kidlandi.

Shuningdek, Prezidentimizning shu yil 2 iyundagi tegishli qaroriga asosan tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari huzurida Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari tashkil etilayotgani qayd etildi. Mazkur qarorga muvofiq, 20 ta fermer xo‘jaligiga 1 ta buxgalter ishga olinishi va ular tomonidan fermer xo‘jaliklarining moliyaviy hujjatlari yuritilishi ta’kidlandi.

Tadbir so‘nggida ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga tashkilotchilar tomonidan atroflicha javoblar qaytarildi.

 O‘zLiDeP  matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    4592
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Шавкат 2018-10-10 12:57:08

Это всё хорошо но я думаю, для быстрого и качественного развития многопрофильных хозяйств этого мало необходимо предоставлять им кредиты сроком на 10 лет с процентной ставкой не более 3 % годовых, с льготным периодом по процентам 1 год, по основному долгу 5 лет. Вот потом посмотрите какое развитие будет, многие государства до сих пор предастовляют дотацию, это необходимо так как нас прокормят не заводы и фабрики а фермерские хозяйства


Fikringizni qoldiring

+