O‘zLiDeP xususiy tibbiy muassasalar faoliyatini rivojlantirishni muhokama qildi

13.11.2017, 21:24

O‘zLiDeP xususiy tibbiy muassasalar faoliyatini rivojlantirishni muhokama qildi

Joriy yilning 8 noyabrida O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi tashabbusi bilan “Mamlakatimiz tibbiyoti rivojida xususiy sektorning roli” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda nodavlat shifo maskanlarining zamonaviy holati va istiqboliga oid turli masalalar ko‘rib chiqilib, Prezidentimizning “Xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama qilindi. Tadbirda O‘zLiDeP Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi xodimlari, deputatlar, tibbiyot sohasi xodimlari, ekspertlar va partiya faollari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, o‘tgan yillar davomida tibbiy yordam sifatini yaxshilash, tibbiy xodimlar malakasini oshirish, ularning mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish uchun tashkiliy va amaliy shart-sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan qator tadbirlar amalga oshirildi.

So‘nggi yillarda tibbiyot sohasida xususiy sektor ahamiyatini oshirish bo‘yicha ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Natijada xususiy klinikalar va tibbiy markazlarda aholiga malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimizning 2017 yil 1 aprelidagi “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sog‘liqni saqlash tizimida xususiy sektorlarini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalish hamda vazifalari belgilangan. 

Mazkur qaror joylarda xususiy tibbiyot muassasalari tarmoqlarini kengaytirish, moliyaviy ko‘mak ko‘lami va hajmini ko‘paytirish, pulli xizmat bozorini jadal rivojlantirish, xususiy meditsina sohasida xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning sifatli va samarador tizimini shakllantirmoqda. Provardida joriy yilning 6 oyi mobaynida xususiy tibbiy tashkilotlar soni 515 taga ko‘paydi, mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari tashkil etildi. 

Davra suhbati davomida xususiy tuzilmalarning tibbiy faoliyat yuritishi uchun ruxsat olish tartibi murakkabligi, moliyaviy yordam berish mexanizmining yaxshi rivojlanmagani shuningdek, davlat tibbiyot muassasalarining muayyan funksiyalarini xususiy sektorga berish zarurati tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Muhokamalar natijasida xususiy tibbiy sektorga davlat moliya resurslarini ajratish samaradorligini oshirish, xususiy tibbiy muassasalarni qurish uchun yer maydoni ajratish, nodavlat tibbiy muassasalarni zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash, tibbiy turizmni rivojlantirish, ayrim tibbiy ixtisosliklarni autsorsing shartnomasi asosida xususiy tibbiyot muassalariga berish kabi qator tavsiyalar ishlab chiqildi.

Xulosa qilib aytganda, davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi qarorini qabul qilish xususiy tibbiy muassasalar faoliyatining rivojlanishi, sarmoyaviy loyihalar uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, xorij sarmoyadorlarini xususiy tibbiyot sohasiga jalb etish, shuningdek, xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish shart-sharoitlarini takomillashtirishga rag‘batlantirishi alohida ta’kidlandi.

O‘zLiDeP matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1391
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+