O‘zLiDeP sayyor qabulidan so‘ng “Beklar” MFYdan “Ko‘yi-homi” qishlog‘iga boruvchi 1 km ariq qaziladi

15.08.2018, 18:32

O‘zLiDeP sayyor qabulidan so‘ng “Beklar” MFYdan “Ko‘yi-homi” qishlog‘iga boruvchi 1 km ariq qaziladi

Odamlarning dardini eshitish, ular bilan ochiq muloqotda bo‘lish, og‘irini yengil qilish fuqarolarning davlat va jamiyatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, joylarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullar odamlarni qiynayotgan iqtisodiy, ijtimoiy muammolarga yechim topishda yaxshi samara berayapti.

O‘zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi tomonidan Kogon tumanidagi “Beklar” MFYda tashkil etilgan sayyor qabulda ham aholining turli sohalarga oid muammolari, talab va takliflari o‘rganildi.

Qabulda asosan hududda yechimini kutayotgan yo‘llarni ta’mirlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini ta’minlash kabi dolzarb vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.

Murojaatlarning aksariyatini tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi ta’minotidagi muammolar, sog‘liqni saqlash, obodonlashtirish, kommunal xo‘jalik, yo‘llarni ta’mirlash kabi masalalar tashkil etdi.

Jumladan, mahalla ahli nomidan so‘z olgan Xoliq Nabiyev kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olib, ularga iqtisodiy jihatdan ko‘maklashish zarurligini aytdi. Uning murojaatini xalq noibi, O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi O.Azimov o‘z zimmasiga olib, yaqin kunlarda muammoni hal etib berishini ma’lum qildi. 

“Ko‘yi-homi” qishlog‘ida yashovchi Yo‘ldosh Bozorov “Beklar” MFYdan o‘z qishlog‘iga boruvchi 1 kilometrga yaqin ariqni qazishga ko‘mak so‘radi. Uning murojaati mutasaddilar tomonidan joyida o‘rganilib, qulay joylarni texnika yordamida, qolgan qismini hashar yo‘li bilan qazishga kelishib olindi.

“Beklar” MFY “Kattamachit” qishlog‘ida yashovchi Eson Shodiyev yoshlar uchun ish o‘rni yaratish, yigit-qizlarni foydali mehnatga jalb qilishda amaliy yordam so‘radi. Ushbu murojaat yuzasidan O‘zLiDeP tuman Kengashi apparat rahbari Sh.Bo‘ronov “Yoshlar kelajagimiz” davlat Dasturi doirasida yoshlarga yaratilgan qulayliklar haqida ma’lumotlar berib, o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarga partiya yaqindan ko‘mak berishini aytdi.

Qabul so‘nggida aholi tomonidan ko‘tarilgan murojaatlarga partiya deputatlik guruhi orqali ijobiy yechim topiladigan bo‘ldi.

O‘zLiDeP Buxoro viloyat

Kengashi matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

Teglar
Sayyor qabul
  • Ko'rildi
    1186
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+