“Sandal” kanali qurib qolgani sababli hosilimiz nobud bo‘ldi”, deyishmoqda yakkabog‘liklar

17.08.2018, 23:27

“Sandal” kanali qurib qolgani sababli hosilimiz nobud bo‘ldi”, deyishmoqda yakkabog‘liklar

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi, Qashqadaryo viloyat va Yakkabog‘ tuman Kengashi, O‘zbekiston Fermer va dehqon xo‘jaliklari, tomorqa yer egalari tuman Kengashi vakillaridan iborat ishchi guruh a’zolari tumandagi “Esat” va “Xo‘jailg‘or” MFY hududida yashovchi odamlar bilan muloqot qilishdi.

Uchrashuv davomida mazkur mahallalarda istiqomat qilayotgan aholi tomonidan shaxsiy tomorqada tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida muammolar borligi ma’lum bo‘ldi. Xususan, Namoz Aralov 5 sotix maydonda dehqonchilik qilishi, mana bir necha oydan beri hududdan oqib o‘tayotgan Sandal kanali qurib qolganligi tufayli yetishtirilayotgan hosil nobud bo‘layotganligini bildirdi. Agar bir paytlar qurilgan va ayni paytda ishlatilmay yotgan artezian qudug‘i ishga tushirilsa, tomorqalardan unumli foydalanish imkoni yaratilardi. Suvsiz tomorqadan foydalanishning aslo imkoni yo‘qligi bois, odamlar ekin ekmay qo‘yishdi.

Partiya faollari xonadonma-xonadon yurib “Har bir oila - tadbirkor” hamda “Yoshlar kelajagimiz” dasturlari  mazmun-mohiyati xususida tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borishganda o‘nlab yoshlar o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ymoqchi ekanligi va buni qanday amalga oshirishni bilmasliklarini bildirishdi. Partiya faollari tomonidan 13 nafar yosh yigit-qizlarga biznes loyihalar tayyorlab beriladigan bo‘ldi.   

- “Yoshlar kelajagimiz” Davlat dasturi haqida eshitib, tadbirkorlik qilishim uchun yangi imkoniyat paydo bo‘lganidan behad sevindim, - deydi Esat qishlog‘ida yashovchi kollej bitiruvchisi Yusuf Qo‘ziyev. -  Kam ta’minlangan oilalar uchun bu ayni muddao ekan. Yoshligimdan chorvaga qiziqib kelaman. Nasib bo‘lsa, bankdan kredit olib, xonadonimizda chorvachilikni rivojlantirmoqchiman. Bunday muloqotlar biz yoshlarni tadbirkorlikka yo‘naltirish va farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi xodimlari hamda  Qashqadaryo viloyat Kengashi faollaridan iborat ishchi guruh a’zolari tumandagi “Xo‘jailg‘or” mahallasida yashovchi Misqol Amirqulova xonadonida bo‘lganlarida, xonadon bekasi nohaqlikka duch kelganligi haqida shikoyat qildi. Uning aytishicha, Yakkabog‘ tuman Majburiy Ijro byurosi uni 300 ming so‘m nohaq qarzdor qilib qo‘yishgan. Bu mablag‘ 2011 yil foydalanilgan elektr energiyasi uchun bo‘lib, 2014 yil vafot etgan marhum eri Abdusattor To‘rayev nomiga kelgan ekan. Majburiy ijro byurosi xodimlari agar qarzni to‘lamasa, elektr ta’minotidan mahrum etilishini bildirishgan. Xolbuki, bu ayol elektr energiyasi uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab kelganligi haqida to‘lov kvitansiyalarini taqdim etsa-da, majburiy ijro xodimlari qarzni to‘lashni talab etishmoqda. Partiya deputatlar mazkur holatni chuqur o‘rganishib, maqbul yechimlarini topishni o‘z zimmalariga olishdi.  

O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi

matbuot xizmati

Teglar
Ishchi guruh
  • Ko'rildi
    1249
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+