Tadbirkorlar safini yanada kengaytirish yo‘lida
12.07.2017, 20:44
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi o‘z nomi bilan tadbirkorlikni rivojlantirish, har bir fuqaroning o‘z mustaqil ish faoliyatini yo‘lga qo‘yishlariga ko‘maklashish, bo‘sh ish o‘rinlarini yaratish, mamlakatning eksport salohiyatini yuksaltirish borasida qator amaliy ishlarni olib bormoqda. Partiyaning Farg‘ona viloyat va Qo‘qon shahar Kengashlari tomonidan o‘tkazilgan “Tadbirkorlik faoliyati asoslari” mavzusidagi amaliy seminar ham bu boradagi ana shunday tashabbuslardan biridir.
Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish Farg‘ona viloyat xududiy boshqarmasi va qator tashkilotlar hamkorligida Qo‘qon shahridagi 34 “Marg‘ilon darvozasi” mahalla fuqarolar yig‘ini boshlang‘ich partiya tashkilotida tashkil etilgan tadbir mamlakatimizda tadbirkorlik rivoji yo‘lida yaratilayotgan mustahkam qonunchilik bazasi haqidagi eng so‘nggi yangiliklar, ishtirokchilarning qizg‘in baxs-munozarasi, o‘z sohasining yetuk mutaxassislari tomonidan qilingan ma’ruzalar bilan ayniqsa esda qolarli o‘tdi.
Ta’kidlash o‘rinli, ushbu tadbirda endigina tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga bank, davlat soliq idorasi va bojxona qo‘mitasi mutasaddilari hamda Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti viloyat hududiy bo‘limi mutaxassislaridan batafsil javob olishdi.
Tadbirda bugungi kunda tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan eng dolzarb masalalar: naqd pullar bilan bog‘liq muammolar, plastik kartochkalar bilan ishlash mexanizmini yanada takomillashtirish, kredit olish jarayonlarini soddalashtirish va avto kreditlarni yanada ko‘proq amaliyotga joriy etish kabi masalalar qizg‘in muhokama qilindi.
–Men trikotaj matolardan bolalar kiyimlari ishlab chiqaraman. Mazkur tadbir orqali chiqarayotgan mahsulotlarimni chetga eksport qilish va xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etish tartibi borasida mutaxassislar bilan fikr almashdim. Keyingi faoliyatimni mazkur tadbirda olgan bilimlarim va maslahatlarim asosida yanada takomillashtirib boraman, – deydi yakka tartibdagi tadbirkor, O`zLiDeP a’zosi Mashrabxon Valiboyeva.
Tadbirda ishtirok etgan vaqtincha ishsiz Saidaxon Yusupova, Feruzaxon Ismailovalar Mehnat bandligi va aholini ijtimoiy himoya qilish markazi Qo‘qon shahar bo‘limi mutasaddilari tomonidan o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ishga joylashtirishda amaliy yordam ko‘rsatadigan bo‘lishdi.
Qatnashchilar nafaqat turli bilimlarni olishdi, shu qatorida Qo‘qon shahrida faoliyatini samarali yo‘lga qo‘ya olgan va sifatli mahsuloti, ko‘rsatayotgan xizmati bilan tanilgan tadbirkorlik sub’ektlari bilan ham yaqindan tanishishdi. Ana shunday tashriflardan biri qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Bonjur” xususiy korxonasiga bo‘ldi.
Partiya faoli, “Bonjur” ishlab chiqarish xususiy korxonasi rahbari Ravshanjon Abdullayev ishtirokchilarga bosib o‘tilgan 10 yildan ko‘proq ish faoliyati, ishchilar soninning 2 nafardan 60 nafarga yetishi va ishlab chiqarish hajmini 10 barobarga oshirish sir-asrorlari bilan o‘rtoqlashdi.
Tadbir ishtirokchilarining navbatdagi manzili yosh yigit-qizlarni 30 xildan ortiq kasbu-hunarlarga, tadbirkorlik sirlariga o‘rgatib kelayotgan “Intellekt magistr” mas’uliyati cheklangan jamiyati bo‘ldi. Mazkur nodavlat ta’lim muassasasida yo‘lga qo‘yilgan o‘qitish metodikasi, qo‘lga kiritilgan yutuqlar, bu yerda tashkil etilgan boshlang‘ich partiya tashkilotining bir yillik faoliyati, partiya va tadbirkorlik sub’ekti o‘rtasidagi mustahkam aloqalar haqida ma’lumot berildi.
Ishtirokchilar mazkur tadbirga an’anaviylik tusini berish, ishtirokchilar sonini ko‘paytirish va ular o‘rtasida o‘zaro fikr almashishni joriy etish, ma’ruzachilar qatoriga nutq madaniyati, marketing, dunyo iqtisoiy hayotida sodir bo‘layotgan so‘nggi tendensiyalarni tushintirib bera oladigan tahlilchilarni qo‘shish kabi tashabbuslar ilgari surildi.
Muxsinjon Yusupov,
O’zLiDeP Qo‘qon shahar Kengashi xodimi
O‘zLiDePning Facebook’dagi rasmiy sahifasi va Telegram’dagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!
O'xshash yangiliklar
-
Ta’lim sohasi vakillari partiya targ‘ibotida faol
09.04.2024, 20:15
-
“Bunyodkor tekstilda” quyi bo‘g‘in faoliyati jonlanmoqda
08.04.2024, 17:01
-
217 nafar partiya a’zosi bo‘lgan korxonadagi quyi bo‘g‘inning faoliyatiga baho berildi
05.04.2024, 12:57
-
Viloyat hokimi o‘rinbosarining hisoboti eshitildi
04.04.2024, 11:09
-
Buxorolik maslakdoshlarimiz safi tobora kengayib bormoqda
02.04.2024, 16:56
Fikringizni qoldiring